1 iyundan o‘zbekistonliklar hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 iyunidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta qaror va 4 farmonida belgilangan ayrim o‘zgarishlar kuchga kiradi. QALAMPIR.UZ yangi oy boshidan O‘zbekiston qonunchiligda kuchga kiradigan o‘zgarishlarni jamladi.

1. Joriy yilning 1 iyunidan boshlab Prezidentnig PF-6191-sonli “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYO), nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirish tartibi o‘rnatiladi. 

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinishi belgilanadi.

Bundan tashqari yuqoridagi farmonga muvofiq: 

•  tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;

•  xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;

•  davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;

•  davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablag‘lar Agentlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyunidan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlarga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

•  pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;

•  uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;

•  ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;

•  pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
•  pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;

•  fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.

2. Prezidentning PQ-4887-sonli “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvoqiq aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha bir qator tartiblar qonuniy kuchga kiradi:
•  6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;

•  6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar “A” vitamini bilan;

•  2 — 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi.

Bundan tashqari, Prezidentning PQ-5087-sonli qaroriga ko‘ra 1 iyundan boshlab infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq:

•  3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash;

•  3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

3. Prezident PQ-4913-sonli “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkaziladi. Bunda:

•  mazkur talab davlat organlari va tashkilotlarining tegishli funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan tahlillari, samaradorligini o‘rganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida Moliya vazirligining salbiy xulosasi mavjud bo‘lgan holatlarda tatbiq qilinmaydi;

•  davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarni o‘zi muassis bo‘lgan davlat korxonalariga yuklash taqiqlanadi.

Oliy Majlis, Prezident, Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar tomonidan qabul qilingan va qabul qilinayotgan qonun, farmon yoki qarorlarni qabul qilishdan maqsad aholining turmush tarzini yaxshilash, ayrim sohalarda yengilliklar berish, mavjud bo‘lgan muammolarni hal qilish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularga imtiyozlar berish, ularni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Lekin ushbu qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarni joylarda ijrosini ta’minlash, unga amal qilish, ularni hududiy rahbarlar to‘g‘ri talqin qilish masalasi ko‘ndalang turibdi.

Avvalroq, joriy yilning 1 iyunidan boshlab aholi va tadbirkorlardan ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi haqida habar bergan edik.

Shoxrux Olimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

198

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing