1 iyundan tibbiyot xodimlarining maoshi oshiriladi
Jamiyat
−
24 mart 2022 18575 3 daqiqa
Bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Yo‘l xaritasi 7 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, unda, jumladan quyidagilar belgilangan:
• 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
• 2023 yildan joylardagi poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish;
• Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lashni yo‘lga qo‘yish.
2022 yil 1 iyundan:
• sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining oylik maoshini malaka toifasiga qarab qo‘shimcha 15 foizgacha oshirish;
• yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga qo‘shimcha 25 foiz miqdorida ustama to‘lashni joriy etish.
2022 yil 1 maydan:
• barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bolalar bo‘limini tashkil etish;
• tibbiyot brigadalariga 2022–2023 yillarda qo‘shimcha 8 500 ta hamshira va doya shtat birliklarini berish;
• 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi eng zarur mutaxassislar tomonidan manzilli ko‘rikdan o‘tkazish tizimini joriy qilish belgilandi.
Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”da:
• tajribali shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat berish;
• 3-15 yoshdagi bolalarni 2022 yil 1 iyuldan yod preparati bilan bepul ta’minlash;
• yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilab qo‘yildi.
2022 yil 1 maydan:
• barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy-tibbiy ko‘rikni bepul o‘tkazish;
• qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash.
2022/2023 o‘quv yilidan:
• hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot OTMda davlat grantlari asosida qabul kvotalari maqsadli oshirib borish;
• ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlarini 4 baravarga oshirish belgilandi.
Shu bilan birga “Yo‘l xaritasi”:
• olis va chekka hududlar oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining shifokorlari oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 mln so‘m har oylik ustama belgilashni
• “Qishloq shifokori” dasturi doirasida jalb qilingan shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha qismini mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan qoplab berishni
• olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlarni klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilishni
• o‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan, shaxsiy namuna ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillariuchun “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishonini ta’sis etishni o‘z ichiga olgan.
Live
Barchasi