1 iyuldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
26 iyun 2021
24026Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda bir qancha qarorlarda belgilangan tartiblar kuchga kiradi. QALAMPIR.UZ iyul oyidan milliy qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini ma’lum qiladi.
1 iyuldan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarni ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021 yil 1 iyuldan boshlab davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi. Bunda “ I tip — “DAV” seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsan biriktirilgan va navbatchi xizmat avtomobillariga beriladi (mudofaa, ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar organlarining avtomobillari hamda II tipdagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami beriladigan avtomobillar bundan mustasno).
1 iyuldan pensiya va nafaqalar oshirildi
Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi.
Farmon bilan 1 iyuldan boshlab:
• belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi;
• Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi;
• belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga yetkazildi;
• zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkazildi;
Boquvchisini yo‘qotganlik:
• pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etildi;
• pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshirilsin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
• nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilandi;
• bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshirildi.
1 iyuldan onkologik va gematologik bemorlarning viloyatdan respublika ixtisoslashtirilgan markazlarga kelish xarajatlari qoplab beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra:
• gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq qoplab beriladi;
• bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi;
• onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
1 iyuldan mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilib boriladi
Quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga (data.gov.uz) va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
• amalga oshirilgan davlat xaridlari;
• mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
• Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
• o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
1 iyuldan olis va chekka hududlarda joylashgan bog‘chalarga subsidiyalar to‘lanadi
Belgilangan tumanlarda 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tegishli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga:
• har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi;
• “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi;
• davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida oylik kompensatsiyalar to‘lanadi;
• 2018–2019 yillarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval berilgan kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddati 2022 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.
1 iyuldan 24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
• investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar;
• Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:
• milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
• chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
• sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.
Shuningdek, ushbu Farmonga ko‘ra:
• 24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda “kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi;
• “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilinadi.
Bundan tashqari yana bir qator o‘zgarishlar bo‘lib, joriy yilning 1 iyulidan davlat organlarida ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 1 iyuldan respublika hududlarida xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingi joriy etilib, “BUSINESS INDICATOR” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida e’lon qilinadi. Bunda har yarim yilda tegishli tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning faoliyati baholanib, natijalari bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichga ega bo‘lganlari – rag‘batlantiriladi, qoniqarsiz ko‘rsatkichga egalari – intizomiy javobgarlikka tortiladi.
LiveBarchasi