1 apreldan nimalar o‘zgardi?

Foydali

image

Bugun, 1 aprel kunidan O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Turli sohalarda qanday talablar bekor bo‘ldi-yu, qanday yangi tartiblar o‘rnatildi? “Norma” 1 aprel kunidan mamlakatda kuchga kirgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Quyida ruxsat berish tartib-taomillari, tekshirishlar, litsenziyalashtirish va eksport bilan bog‘liq biznes yangiliklari, shuningdek, tibbiyot, turizm, to‘qimachilik sanoati va boshqa sohalar haqida so‘z yuritamiz.

Biznes sohasidagi ruxsatnomalar soni kamaydi

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi yana oltita ruxsat berish tartib-taomili bekor qilindi:

  • eksport kontrakti ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
  • mol so‘yishni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasi;
  • yer qa’ri uchastkasidan foydalanishda buzilgan yerlar qayta tiklanganligi haqida xulosa;
  • voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma;
  • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining savdo ob’ektlari joylashuvi;
  • yerlarning barcha toifalarida geologik-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa turdagi qidiruv ishlarini olib borishga ruxsatnoma.

Tekshiruvlar – biznes-ombudsman orqali

Bosh prokuratura endi tekshiruvlarni muvofiqlashtirmaydi. Ushbu vakolatlar biznes-ombudsmanga o‘tdi. Uning qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Savdo-sanoat palatasi tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Yer qa’ri uchastkasini o‘rganish uchun litsenziya ikki baravar tez rasmiylashtiriladi

Noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkasidan geologik o‘rganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan (ilgari – 20 kundan) oshmagan muddatda beriladi. Ushbu sohadagi litsenziyalarning qolgan – qazib olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanish huquqini beruvchi turlari – ilgarigidek 20 kunlik muddatda rasmiylashtiriladi.

QQS tezroq qaytariladi

Soliq to‘lovchiga nol darajali stavkani qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan QQS summasi tezroq qaytariladi. Endi hujjatlarning to‘liq paketi taqdim etilgan kundan boshlab buning uchun 7 ish kuni ajratiladi (ilgari – 15 ish kuni). Bundan buyon soliq organlarida mavjud ma’lumotlarni, shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha taqqoslash dalolatnomasi, QQS hisob-kitobini taqdim etish kerak emas. Batafsil – buxgalter.uz saytida.

Jo‘jalar erkin eksport qilinadi

Bir kunlik jo‘jalarni (TIF TN kodlari 0105 11 110 0, 0105 11 190 0, 0105 11 990 0) eksport qilishga ruxsat berildi. Bungacha ular Prezident yoki Hukumat qarorlari asosida eksport qilingan (15.12.2017 yildagi PF–5286-son Farmonga 1-ilovaga qarang).

To‘qimachilik sanoati: moliyaviy yordam va qog‘ozbozlikning kamayishi

Davlat to‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlaydi:

birinchidan, 2019–2021 yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80%ini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya hajmi:

aylanma mablag‘larni to‘ldirish (tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha – foiz stavkasining 25%i miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan holda;

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida xorijiy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha – foiz stavkasining 50%i miqdorida;

ikkinchidan, birja savdolari orqali paxta tolasini sotishda qat’iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi. Bunda taraflar o‘rtasida majburiyatlar bajarilishini ta’minlash tartibi shartnoma asosida belgilanadi.

Ijara shartnomasini tasdiqlaganlik uchun boj kamaytirildi

Ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlaganlik uchun davlat boji stavkalari ikki baravar kamaytirildi va quyidagi miqdorni tashkil qilmoqda:

jismoniy shaxslar uchun – EKIHning 50 foizi;
yuridik shaxslar uchun – EKIHning 1 baravari.

Hukumatda lavozimga tayinlashning yangi qoidalari

Endi Bosh vazirning o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanadi. Nomzodlar istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini ham taqdim etishlari shart.

Hukumat hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarni o‘tkaza boshlaydi. Bosh vazir esa Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Parlamentga Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat faoliyati aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholanadi.

Konstitutsiya va bir qator qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritildi.

Tibbiyot: moliyalashtirishning yangi tartibi va ish haqi o‘sishi

Tibbiyot muassasalarini «har bir davolangan holat» uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimi eksperiment tartibida joriy etiladi. Eksperiment poytaxtning Mirobod tumanida va qolgan hududlarning ayrim tumanlarida o‘tkaziladi (ro‘yxatga qarang). Bir yildan keyin tizimni butun mamlakat bo‘yicha joriy etish rejalashtirilmoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ish haqi indeksatsiyalandi. Maoshlar 15%ga oshirildi, yangi tarif koeffitsiyentlari – bu yerda.

Turistlar xavfsizligi – nazorat ostida

Mamlakatimizda turistlar xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar amal qila boshlaydi:

birinchidan, turistlar va turistik guruhlarni, shu jumladan avtotransportda harakatlanish vaqtida kuzatib borish – xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha yangi bo‘linmalar bilan shartnoma asosida pulli xizmatlar ko‘rsatish;

ikkinchidan, transportda, birinchi navbatda turizm yo‘nalishidagi poyezdlarda turistlar xavfsizligi – transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalarining vazifasi, ular:

  • transportda sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabar va arizalarni hisobga oladilar va qayd etadilar;
  • bevosita poyezdlarning o‘zida ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqadilar va qaror qabul qiladilar, buning uchun kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi; 

uchinchidan, hududiy IIO bilan birgalikda transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan temir yo‘l vokzallari va aeroportlar atrofida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishining oldini olish va chek qo‘yish.

IIV huzurida Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Mobil qurilmalar IMEI bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazila boshlaydi

Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018 yildagi 847-son qarori bilan aniq mexanizmni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi. Vazifa bajarildi: ro‘yxatdan o‘tkazish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, buning uchun mobil qurilmalarning egalaridan hech qanday harakatlar talab etilmaydi. Ro‘yxatdan o‘tkazish bepul. 


Maqola muallifi

Teglar

1 aprel'

Baholaganlar

268

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing