1,7 mlrd yevrolik “yashil” sarmoyada O‘zbekiston yetakchi – “Euronews”
Olam
−
21:38 382 2 daqiqa
Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston 2025 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan qariyb 1,72 milliard yevro investitsiya olgan. 120 ta loyihaga yo‘naltirilgan ushbu mablag‘lar mintaqada so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik moliyaviy qo‘llab-quvvatlashlardan biri bo‘lgan. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Investitsiyalarning yarmidan ko‘pi – 53 foizi qayta tiklanuvchi energetikaga yo‘naltirilgan. Qarz portfelining 68 foizi xususiy tadbirkorlik tashabbuslariga to‘g‘ri kelgan. Qariyb uchdan biri esa barqaror infratuzilmani rivojlantirishga sarflangan.
2025 yilda ham eng katta, ya’ni 880 mln yevrodan ortiq moliyaviy ko‘makni O‘zbekiston olgan. Bu mamlakatning ketma-ket oltinchi yil yetakchi o‘rinni egallashi ekani qayd etilgan. Bundan tashqari eng yirik “yashil” loyihalar aynan shu yerda amalga oshirilgan
1 GVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyasi va 1 336 MVt/soatli batareya energiya saqlash tizimi – Markaziy Osiyodagi eng katta majmua hisoblanadi. Tojikistonda Qayroqqum GES modernizatsiyasi yakuniga yetkazilib, quvvat 126 MVtdan 174 MVtgacha oshirilgan. Bu yarim million aholini barqaror elektr bilan ta’minlaydi. Qozog‘istonda Oqtau porti yuk qabul qilish quvvati kengaytirilmoqda – bu Transkaspiy yo‘lagi uchun strategik ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda 110 ta irrigatsiya nasos stansiyasi yangilanadi. Yangi energiya tejamkor uskunalar yiliga 251 ming MVt/soat elektr tejash va 117 ming tonnadan ortiq SO₂ chiqindisini kamaytirish imkonini beradi.
Mintaqada 4 600 dan ortiq kichik va o‘rta biznes sub’ekti maslahat, o‘quv va moliyaviy yordam olgan. Qarzlar mahalliy banklar orqali real iqtisodiyotga yo‘naltirilgan.
Mo‘g‘ulistonda mablag‘larning 73 foizi ayollar va yoshlar boshqarayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Qozog‘istonda ushbu toifa rahbarligidagi biznes uchun 60 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Xulosa qilib aytganda, mintaqa uchun 2025 yil “yashil iqtisodiyot” va xususiy sektorni rag‘batlantirish yili bo‘lgan. Investitsiyalar nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlamoqda, balki infratuzilmani modernizatsiya qilish va tadbirkorlik muhitini jonlantirish orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishga zamin yaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari joriy yil 1 yanvardagi 66,3 mlrd dollardan 1 fevral holatiga qariyb 75 mlrd dollarga yetgani aytilgan edi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, zaxiralarning qariyb 85 foizi oltindan iborat. Bu ko‘rsatkich mamlakatni oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda 17-o‘ringa olib chiqqan. Hozirda rasmiy zaxiralarda 380,4 tonna oltin mavjud.
Live
Barchasi