08.08.08. Besh kunlik jang yoxud Gruziya-Rossiya urushiga nima sabab bo‘lgan?
Tahlil
−
08 avgust 2021
27410“Urush – bu qo‘pol xatolar jamlanmasi”.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill
Qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida hududiy kelishmovchiliklar juda ko‘p uchraydi. Ba’zan bu mojarolar hatto, ikki qo‘shni davlatning qurolli to‘qnashuviga ham sabab bo‘lgan. Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda bundan roppa-rosa 13 yil oldin sodir bo‘lgan Gruziya-Rossiya urushi haqida so‘z yuritamiz.
Atirgul inqilobi
2003 yilning oktyabr oyida Gruziyada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda Gruziya Prezidenti Eduard Shevardnadze va uning ittifoqchilari g‘alaba qozondi. Ammo, e’lon qilingan natijalar, xalqaro kuzatuvchilar va muxolifat tomonidan tan olinmadi. Saylovning soxtalashtirilganidan norozi bo‘lgan “Yagona milliy harakat” partiyasi rahbari Mixail Saakashvili va Nino Burjanadze boshchiligida mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi. Tarixda bu ko‘tarilish “Atirgul inqilobi”, deb nomlandi.
Noyabr oyining o‘rtalariga kelib, Gruziya poytaxti Tbilisida ommaviy namoyishlar boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu namoyishlar mamlakatning boshqa shaharlariga tarqaldi. 2003 yilning 22 noyabrida oppozitsiya kuchlari parlament binosini egallab olib, Shevardnadzening iste’foga chiqishini talab etadilar.
23 noyabr kuni Gruziya Prezident Shevardnadze bilan muxolifat liderlari o‘rtasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Igor Ivanov vositachiligida muzokara bo‘lib o‘tadi. Muzokaralardan so‘ng, Shevardnadze o‘zining iste’foga chiqqanligini e’lon qiladi. Prezidentlik vazifasini vaqtincha Nino Burjanadze o‘z qo‘liga oladi. Shunday qilib, “Atirgul inqilobi” natijasida Gruziyada qon to‘kmasdan hokimiyat almashinuvi amalga oshdi. 2004 yilning yanvar oyida prezidentlik saylovida Mixail Saakashvili g‘alaba qozonib, hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi.
Saakashvilining olib borgan siyosati
Davlat boshqaruviga Mixail Saakashvili kelgach, Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashib ketdi. Gruziya asosan AQSH va Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga harakat qildi. Mamlakatga xorijiy investitsiyalar jadal suratda kirib kela boshladi. Gruziya o‘z xavfsizligini mustahkamlash maqsadida NATOga qo‘shilish uchun Referendum o‘tkazadi. Referendumda qatnashganlarning 77 foizi NATOga qo‘shilish uchun ovoz beradi.
2004 yilning fevral oyida Saakashvili maktub orqali NATOning o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Xoop Sxefferga Gruziya alyansga qo‘shilmoqchi ekanini ma’lum qiladi. Bu esa “Katta og‘a” Rossiyaga yoqmaydi. Agar, Gruziya NATOga a’zo bo‘lsa, AQSH o‘z harbiy bazalarini Gruziyaga joylashtirishi tabiiy hol edi. Rossiyaning shundoqqina biqinida qarama-qarshi kuchlarning armiyasi turishi “Katta og‘a” uchun jiddiy xavf edi va Kreml bunga toqat qilolmasdi. Shundoq ham SSSR tarqalib ketgach, AQSH va NATO o‘z harbiy kuchlarini Boltiqbo‘yi respublikalari – Litva, Latviya, Estoniyaga hamda Polsha hududlariga joylashtirgan edi. Rossiya nazdida Gruziyaning NATOga qo‘shilishi oshiqcha bo‘lgan.
Gruziyaning bu harakatiga javoban Rossiya 2008 yil 6 mart kuni MDH doirasida 1996 yilning 19 yanvarida qabul qilingan “Gruziya-Abxaziya mojarolarini tartibga solish” haqidagi kelishuvdan chiqqanligini ma’lum qiladi.
Gruziya NATOga qo‘shilish uchun qancha harakat qilmasin alyansga a’zo bo‘la olmadi. Chunki, NATO safiga qo‘shilish uchun nomzod davlatning nafaqat qo‘shnilari bilan balki, mamlakat ichida ham hududiy mojarolar bo‘lmasligi kerak edi. Saakashvili hududiy mojarolar sababli NATOga qo‘shila olmasligini bilgach, Ajariya, Abxaziya va Janubiy Osetiya muammosini hal qilish yo‘llarini izlay boshladi.
Hududiy nizolarning tarixi
Gruziyada SSSR davrida uchta avtonom hudud bor edi. Bular – Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ajariya viloyatlari. SSSR tarqalib ketgach Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruziya tarkibidan chiqib ketadi. 1992 yilda Abxaziyani mustaqil suveren davlat deb e’lon qilindi. Lekin dunyo davlatlari uni tan olmadi. Gruziya Prezidenti Shevardnadze u yerga qo‘shinlarini kiritadi. Ammo, Checheniston va Rossiya harbiylarining maxfiy aralashuvi oqibatida gruzin qo‘shinlari Abxaziyadan siqib chiqariladi.
Janubiy Osetiya bilan bo‘lgan mojarolar ham shu ssenariy ostida kechdi. Rossiya qo‘llab turgan bu respublikani ham ortga qaytarishning iloji bo‘lmadi. Keyinchalik, Saakashviligacha Gruziyani boshqargan Eduard Shevardnadze taqdirga tan beradi va Abxaziya hamda Janubiy Osetiyani ortga qaytarishdan umidini uzadi. Shu-shu Gruziya bilan bu ikki respublika o‘rtasida jiddiy qurolli mojarolar sodir bo‘lib turgan.
Uchinchi avtonom hudud Ajariya 2004 yilda Gruziyadan ajralib chiqish uchun harakatlarni boshladi. O‘sha vaqtda, endigina mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Saakashvili, Ajariyani 1991 yildan beri boshqarib kelayotgan Aslan Abashidzeni keskin tanqid qilib chiqadi. Bunga javoban, Ajariya rahbari Gruziyadan ajralib chiqishini bildiradi va ikki o‘rtada qurolli mojaro boshlanadi. Rossiya Aslan Abashidzeni zimdan qo‘llab, unga har tomonlama yordam bergan bo‘lsa ham voqealar ajariyalik ayirmachilarning mag‘lubiyati bilan tugadi. Abashidze Moskvaga, “valine’mat”larining panohiga qochib ketadi. Shu tariqa, Saakashvili Ajariya muammosini hal qiladi va uning oldida Abxaziya hamda Janubiy Osetiya muammosi qoladi.
Gruziya va Rossiya munosabatlarining keskinlashuvi
1992 yildan keyin Janubiy Osetiya amalda mustaqil davlat bo‘lib, o‘z Konstitutsiyasiga (1993 yilda qabul qilingan) va davlat ramzlariga ega edi. Gruziya hukumati hali ham Janubiy Osetiyani o‘zining Sxinval viloyati deb hisoblagan.
2002 yil 1 iyul kuni Rossiya fuqarolik to‘g‘risida yangi qonun e’lon qiladi. Unga ko‘ra, sobiq SSSR fuqarolari Rossiya fuqaroligiga o‘tishi o‘ta soddalashtirildi. 2002 yilning iyun oyidan boshlab Abxaziya va Janubiy Osetiya aholisi ommaviy ravishda Rossiyaning fuqaroligini qabul qila boshladi. Bir oyda sakkiz ming abxaziyalik Rossiya fuqaroligini oldi. 2002 yilning oxiriga kelib, Janubiy Osetiyaning 60 foiz aholisi Rossiya fuqaroligini qabul qildi. 2006 yilning 20 iyulida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Ivanov Gruziya tajovuz qilgan taqdirda Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yordam berishga va’da berdi. 2008 yilga kelib, Abxaziya va Janubiy Osetiya aholisining 80 foizi Rossiya fuqarolari edi.
2008 yilning yozida Gruziya va Janubiy Osetiya o‘rtasidagi chegarada tez-tez qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘la boshladi. Berilayotgan bayonotlarda har ikki taraf ham bir-birini aybladi.
Mojaroning boshlanishi
2004 yilda gruzin-osetin to‘qnashuvidan so‘ng, Gruziya rahbariyati o‘z armiyasining salohiyatini bilib oldi. Saakashvili mamlakatda keng ko‘lamli harbiy islohotlar boshladi. Gruziya harbiylari NATO standartlariga muvofiq o‘qitildi. Saakashvili Prezidentlik davrida Gruziya harbiy byudjetining o‘sishi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.
2008 yilning 10 iyunidan boshlab, Rossiya harbiy samolyotlari xalqaro qonunga zid ravishda Janubiy Osetiya osmonida parvoz qila boshladi. Bundan norozi bo‘lgan Saakashvili 11 iyul kuni Gruziyaning Moskvadagi elchisini chaqirib oladi.
Iyulning ikkinchi yarmida Gruziya AQSH harbiylari bilan qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazadi. Bunga javoban, Rossiya ham “Kavkaz-2008” harbiy o‘quv mashqini o‘tkazdi.
7 avgust kuni Gruziya va tan olinmagan Janubiy Osetiya chegarachilari o‘rtasida yana otishma sodir bo‘ladi. Tushdan keyin ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Biroq bu paytda Gruziya harbiylari Sxinval tomon harakatlanayotgan edi.
2008 yil 7 avgust kuni tan olinmagan Janubiy Osetiya Xavfsizlik kengashi kotibi Anatoliy Barankevich shunday dedi:
“Gruziya qo‘shinlari Janubiy Osetiya chegaralarida faollashdi. Bularning barchasi Gruziya respublikamizga qarshi keng ko‘lamli tajovuzni boshlaganidan dalolat beradi”.
Gruziya-Rossiya urushning boshlanishi
8 avgust tushga yaqin Gruziya artilleriyasi Sxinval tomon o‘t ocha boshladi. Gruziya Janubiy Osetiyaga hujum boshlagan vaqtda, Xitoy poytaxti Pekindagi yozgi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi. Xitoy rahbarining taklifiga binoan dunyoning 80 ta davlat rahbarlari yoki hukumat raislari ushbu tadbirda qatnashayotgan edi. Shu jumladan, o‘sha paytdagi Rossiya Bosh vaziri bo‘lgan Vladimir Putin ham Pekinda edi. Gruziyaning Janubiy Osetiyaga hujum boshlaganidan xabar topgan Putin “Gruziya Janubiy Osetiyaga nisbatan juda agressiv yo‘ldan borgani, bu odamlar halok bo‘lishiga olib kelgani, shaharlar vayron bo‘lgani hamda Rossiya Gruziyaning bu bosqinchilik harakatini javobsiz qoldirmasligi”ni aytadi.
9 avgust kuni erta tongda butun dunyo Gruziyaning Janubiy Osetiyaga bostirib kirganidan xabar topdi. Zudlik bilan BMT Xavfsizlik Kengashi tomonlardan o‘t ochishni to‘xtatilishini talab etdi.
Xalqaro tashkilotlar hodisaga yumshoqlik bilan munosabat bildirganidan so‘ng, Janubiy Osetiya xavfsizlik kengashi raisi Anatoliy Barankevich Rossiyadan harbiy yordam so‘raydi. Barankevich allaqachon Rossiyadan harbiy yordam so‘rab bo‘lgandi, keyingi ochiq murojaat rasmiyatchilik bo‘ldi, xolos. Rossiyaning Shimoliy Kavkazdagi 58-armiyasiga tegishli harbiy qismlar allaqachon Sxinvalga yaqinlashib qolgan edi.
9 avgust kuni Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga chiqib shunday deydi;
“Rossiya har doim Kavkaz xalqlari uchun tinchlikni ta’minlash kafolati bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Rossiya Konstitutsiyasi va federal qonunlariga muvofiq, Rossiya Prezidenti sifatida men mamlakat fuqarolarini va o‘z vatandoshlarimni, ular qayerda, qanday holatda bo‘lsa ham, munosib himoya qila olaman”.
Medvedev “mamlakat fuqarolarini va o‘z vatandoshlarimni”, deganda Rossiya pasportini olgan janubiy osetiyaliklarni nazarda tutgan edi. Bu esa Rossiyaning urushga aralashuviga bahona bo‘ldi.
Qonli to‘qnashuvlar
Rossiyaning 58-armiya bo‘linmasi 8 avgustdayoq Shimoliy Kavkazdagi harbiy bazalaridan Sxinval tomon harakatlana boshlagan edi. Bu armiyaning tarkibida 1500 nafar harbiy, 14 ta T-72 tanki, 16 ta “Akatsiya” tipidagi o‘zi yuradigan artilleriya, 9 ta “Grad” artilleriya qurilmasi bo‘lgan.
9 avgust kuni erta tongda Rossiya harbiy samolyotlari Gruziyaning muhim ob’ektlariga havodan zarba bera boshladi. 58-armiya bo‘linmasi esa, Sxinvalni gruzinlardan ozod qilish uchun janglarni boshlaydi. O‘sha kuni soat 11:30 da Gruziya Prezidenti Saakashvili mamlakat bo‘ylab jangovar shaylik holatini e’lon qildi. Tushdan so‘ng, Rossiya Gruziyaning bir qancha muhim hududlariga desant tashladi. Gori, Vaziani va Marneulida joylashgan harbiy aerodromlarga havodan zarbalar berildi.
10-12 avgust kunlari Rossiya va Gruziya harbiylari o‘rtasida janglar davom etdi. 12 avgust kuni Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozi ikki mamlakat o‘rtasidagi bu urushni to‘xtatish masalasida vositachilik qilish uchun Moskvaga tashrif buyuradi. U Moskvadagi muzokaralarni tugatib, 12 avgustda Tbilisiga boradi va Saakashvili bilan muzokara o‘tkazadi.
12 avgust kuni Gruziya urushda yengilganini tan olib, harbiy harakatlarni to‘xtatdi. Urush tugadi. Ammo Rossiya harbiylari o‘zi egallagan pozitsiyada 16 avgustgacha qoladi. Rossiya harbiylari Gruziya poytaxti Tbilisiga juda yaqin kelib qolgan edi. Agar, Saakashvili Gruziyaning yengilganini tan olmaganida, rossiyalik harbiylar Gruziya poytaxtini ham bosib olishi mumkin edi.
Yo‘qotishlar
Bu urushda Rossiya armiyasi minimal yo‘qotishlarga uchradi. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya armiyasidan 64 nafar harbiy halok bo‘lgan, 283 nafar harbiy jarohatlangan, 3 harbiy bedarak yo‘qolgan, 6 ta harbiy samolyot urib tushirilgan.
Gruziyaning yo‘qotishlari: 179 nafar harbiy halok bo‘lgan, 1 964 nafar harbiy va politsiyachi yaralangan. Gruziya bu urushda o‘zining ko‘plab harbiy texnikalaridan, aviatsiyasidan va harbiy kemalaridan ayrildi. Bundan tashqari, mamlakatning bir qismi vayronaga aylandi.
Mag‘rur Gruziya
2008 yil 26 avgust kuni Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligini tan oldi, 28 avgustda esa, Gruziya-Rossiya bilan barcha diplomatik aloqalarni uzdi. Gruziya va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy aloqalar uzilgach, rossiyalik ayrim siyosatchilar “Rossiyada ishlab yurgan gruziyaliklarni quvdik, Gruziya mahsulotlari Rossiyaga endi kirmaydi, ochlikdan o‘lmaslik uchun hali Saakashvili oldimizga yalinib keladi”, deb o‘ylashgan edi.
Aksincha qiyinchiliklar gruzin xalqining irodasini tobladi. Saakashvili urushdan keyin ham o‘z islohotlarini davom ettirdi. Buning natijasida, mamlakatda korrupsiya holati keskin kamaydi. Gruziyaga Yevropadan ulkan investitsiyalar kirib keldi. Bu mamlakat iqtisodiyoti qisqa vaqt ichida gurkirab rivojlandi. Bir so‘z bilan aytganda, Gruziya “Katta og‘a”siz ham yashay olishini butun dunyo ko‘z o‘ngida isbotladi.
Sardor Ali Nurmatov
LiveBarchasi