Dunyo aza tut: oxirgi 10 oyda 7 million kishi ochlikdan vafot etgan

Tahlil

image_2020-10-30_18-43-33

Asrimizning ikkinchi o‘n yilligi insoniyat boshiga og‘ir sinovlar bilan kirib keldi. Siyosiy o‘yinlar, tabiiy ofatlar va albatta, COVID-19. Pandemiya tufayli odamlarning turmush tarzi o‘zgardi. Yangicha yashashga, yangicha ishlashga o‘rgandi. Ammo, joriy etilgan karantin davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama cheklab qo‘ydi. Aviqatnovlar to‘xtadi, savdo aylanmasi rekord darajada tushib ketdi. Bugun dunyo iqtisodiyoti og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Afsuski, hali vaziyat o‘nglanmadi. 

Ana shunday tahlikali kunlarda ochlik atalmish global muammo yana kun mavzusiga aylanib bormoqda. Koronavirusning yangi turi tufayli dunyo bo‘ylab 130 milliondan ortiq kishi surunkali ochlikka duchor bo‘lishi mumkin. Negaki, Yer yuzidagi millionlab zavod va fabrikalarning noma’lum muddatga yopilishi 2 milliard 700 million ishchiga ta’sir ko‘rsatdi. 

Bugungi kunda dunyo aholisining 10 foizi yoki 821,6 million nafari to‘yib ovqatlana olmaydi. Ularning asosiy qismi qonli mojarolar, ichki tartibsizliklar, iqtisodiy inqiroz va albatta tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishi yuqori bo‘lgan mintaqalarda istiqomat qilmoqda.

Ochlikdan qiynalayotganlar orasida bolalar sonining ko‘pligi yanayam achinarli. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ochlik bilan kurashayotganlarning 462 million nafari voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlardir. 

Mintaqalar kesimida oladigan bo‘lsak, Osiyo qit’asida qariyb 500 million kishi ochlikka qarshi kurashmoqda. Yoshiga nisbatan vazni kam bo‘lgan har 10 boladan 9 nafari Osiyo va Afrikada yashaydi. Bu hududlarda nafaqat ochlik, balki to‘g‘ri ovqatlanmaslik, zararli mahsulotlar iste’moli tufayli semizlik kasalligi ham ortib bormoqda. 

So‘zimizni raqamlar ham isbotlaydi: dunyoda deyarli har 10 boladan 3 nafari 2,5 kilodan kam vaznda tug‘ilar ekan. Afrikada dunyoga kelgan bolalarning 51,7 foizi dunyo yuzini ko‘rganda normal vaznga ega bo‘lmaydi. Bu raqam Osiyoda 23,1, Lotin Amerika va Karib dengiziga yaqin mamlakatlar esa 7,7 foizni tashkil etadi.

Sayyoramizda oziq-ovqat tanqisligi pandemiya davrida yanayam kuchaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilning o‘tgan 9 oyi davomida  7 000 000 kishi ochlik qurboni bo‘ldi. Biz koronavirus qurbonlari 1 milliondan oshdi deb aza tutayotgan bir paytda, qayerdadir ochlikdan bolalar, keksalar, ayollar qurbon bo‘lmoqda. Ba’zi davlatlarda ocharchilik pandemiyadan oldinroq boshlangan edi. Misol uchun, Sharqiy va Janubiy Afrika mamlakatlari qurg‘oqchilik va chigirtkalar “hujumidan” aziyat chekadi. 

Yaman, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Venesuela, Efiopiya kabi bir qancha davlat fuqarolari qo‘rqinchli ocharchilik tahdidi ostida yashamoqda. 2020 yil birgina Yamanning janubida to‘yib ovqatlanmaydigan besh yoshdan kichik bolalar 10 foizga, o‘tkir ocharchilikni boshdan kechirayotganlar esa 15 foizga ortdi. Umumiy hisobda olib qarasak, 28 million aholiga ega Yamanda 24 million inson yordamga muhtoj.  Bulardan 12,2 millioni bolalardir. 

Yamandagi vaziyatning bu qadar jiddiy tus olishida pandemiya bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar ham bor. Mamlakatdagi inqirozga Husiy isyonchilari bilan bog‘liq va’ziyat ham ta’sir qiladi. Donor mamalakatlari bosqinchilar sabab Yamanga yuborilayotgan yordam yuklarini to‘xtatishga majbur bo‘lib qolmoqda. BMT har oyda 12 million yamanlikning ozuqasi uchun yetarli mahsulot bilan ta’minlayotgan edi. Bu husiylar nazoratidagi aholining 80 foizi deganidir. 

Ko‘rinib turibdiki, koronavirus tobora keng tarqalayotgan bir vaqtda davlatlar oldida turgan asosiy muammolar qatoriga oziq-ovqat xavfsizligi kelib qo‘shildi. O‘zbekiston ham bu boradagi islohotlarni allaqachon boshlab yuborgan.  Keling, avval Respublikaning xalqaro maydondagi o‘rni bilan tanishsak. 

Irlandiyaning “Concern Worldwide” gumanitar tashkiloti hamda Germaniyaning “Welthungerhilfe” nodavlat tashkiloti 2019 yil aholining ochlik ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo mamlakatlarining Global indeksini e’lon qilgan edi. 

O‘zbekiston ushbu reytingda 10,7 ball bilan 49-o‘rinda qayd etilgan. 2000 yildagi natija bilan taqqoslaganda 23,6 balldan 10,7ga tushib, indeksda ijobiy natija qayd etilgan. Qozog‘iston reytingda 20, Qirg‘iziston 35 hamda Turkmaniston 54-pog‘onani egallagan.

COVID-19 ning O‘zbekistonga ta’siri haqida…

Karantin vaqtida mamlakatdagi 196 mingta korxonaning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi keskin kamaydi. Joriy yilning aprel oyidagi soliq tushumlariga nazar tashlasak, ishsizlik soni ham sezilarli oshganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40, ayrim tuman va shaharlarda esa soliq tushumida 50 foizdan ham past ko‘rsatgich qayt etilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yana-da ta’minlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish kabi masalalar ifodasini topgan edi. 

O‘zbekistonda “kambag‘allik” tushunchasi ishlatila boshlagandan buyon ko‘p narsalar oydinlashdi. Mamlakat aholisining 12-15 foizi yoki 4-5 millionn nafari, balki undan ko‘pi bugungi kunda kambag‘allik darajasida yashamoqda. Bu esa, ularning kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmasligini anglatadi. Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kambag‘allik darajasi nisbatan yuqoriligi aytilmoqda.

Karim ZARIPOV


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Concern Worldwide

Baholaganlar

184

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar