Urush Sovetnikidir, ammo xotirasi bizniki (maxsus film)
Tahlil
−
09 may 2020
18678Poytaxt Toshkentning Olmazor tumanida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” joriy yilning 9 may kuni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ochib berildi. QALAMPIR.UZ ushbu muzeyda bo‘lib, "Urush Sovetnikidir, ammo xotirasi bizniki" nomli film tayyorladi. Uni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Ushbu bog‘da Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan jangchilar va marhumlar xotiralarini abadiylashtirish, urush yillari foydalanilgan qurol-aslahalar, texnik vositalarni saqlab qolish va bugungi tinch kunlarga shukronalik ramzi sifatida “Shon-sharaf” muzeyi qad rostladi. Muzeydan 20 mingga yaqin eksponatlar joy olgan. Ularning barchasi arxiv hujjatlar va urush qatnashchilarining yaqinlaridan yig‘ilgan.
Urush qatnashchisi marhum Vahob Ibragimovning farzandlari ham otalari umrining eng dahshatli voqealari aks etgan suratlar, o‘sha davrdan qolgan hujjatlarni jovonda chang bosib yotishini istamadilar. Aksincha, u bugungi avlodlar uchun o‘rnak, tarixning bir sahifasi sifatida xizmat qilishini ixtiyor etib, muzey fondiga topshirdilar.
1922 yilda tug‘ilgan Vahob Ibragimov 19 yoshida ko‘ngillilar safida armiyaga ketadi. U qisqa muddatda serjantlar maktabini tugatib, frontga jo‘naydi. 1942 yil Xarkov uchun kechgan janglarning birida Ibragimov qattiq jarohatlanib, nemis armiyasi tomonidan asirga olinadi. Ko‘p o‘tmay u Berlinga olib ketiladi va fashizm qasamyodini qabul qilishga majburlanadi. Bundan bosh tortgan Ibragimov boshqa lagerga olib ketiladi. U lagerdan qochishga uringanida, qo‘lga tushadi. Uni qattiq do‘pposlashadi va Berlin yaqinidagi “Zaksenxauzen” konslageriga tashlashadi. U 1944 yilgacha shu yerda jon saqlaydi. Bular haqida ularning farzandlaridan eshitsak.
“Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muzeyni ko‘rib, hayratdaman. Qarang, qancha materiallar yig‘ilgan. Bular necha yillar davomida odamlarning uyida, jovonda yotgan.
Urush alamini totmagan xonadon yo‘q. Urushga ketganlarning qanchasi qaytmagan. Muzeyda urush qatnashchilari bo‘lgan yaqinlarining hujjatlarini olib kelgan odamlarning ko‘ngli to‘q bo‘ladi”, deydi urush qatnashchisi Vahob Ibragimovning qizi Muhabbat Ibragimova.
Vahob Ibragimov konslagerda do‘st orttiradi. 65633 raqamli mahbus Frederik Bergstrem unga do‘stona qo‘l uzatadi. Kun kelib Frederik kasal bo‘lib qolganda, Vahob Ibragimov unga nonni chaynab beradi.
Konslagerda uch oydan ortiq betob bo‘lgan mahbuslarni gaz kameralarida yoqish bo‘yicha buyruq bor edi. Vahob Ibragimov esa olgan jarohatlari sabab uch oy yotoqqa mixlanadi. Lagerda hujjatlarni yurituvchi bo‘lib ishlayotgan Frederik Vahob Ibragimovning hujjatlaridagi sanalarni soxtalashtirib, uning hayotini saqlab qoladi. Muhabbat Ibragimova quyidagilarni qo‘shimcha qiladi:
“Urush tugagach, 1963 yilda dadam do‘stlari Frederik Bergstrem bilan Navoiyda uchrashib qoladilar. 1971 yilda u kishi rafiqasi bilan Toshkentga keladi va uyimizda mehmon bo‘ldi. Milliy taomlarimizdan tayyorlab berdik. Onam har kuni tandirda non yopardilar. U kishi patir va sariyog‘ni yaxshi ko‘rardi.
Urush vahimasi dadamda umr bo‘yi saqlanib qoldi. 1966 yil 26 aprel kuni zilzila sodir bo‘lganda dadam urush boshlandi deb o‘ylaganlarini aytib berganlar. Ular urushni eslasalar juda katta hayajon bilan, ko‘zlariga yosh olib gapirardilar”.
Bu ertak emas. Toshkentning Yunusobod tumanida yashagan, ko‘pchilikka ma’lumu mashhur Vahob Ibragimovning hayotidan bir parcha. Bir parchaki, umrining tamomila so‘ngiga qadar unga ergashgan qismat. Bu bir oila albomining muhim sahifasi, tarixi. Xo‘sh, uni shunchaki unutish, o‘chirib yuborish mumkinmi? Vahob Ibragimov bundan 24 yil avval vafot etdi, ammo ezgu amallari bugun el ardog‘ida.
“Shon-sharaf” muzeyini so‘nggi yillarda O‘zbekistonda asos solingan zamonaviy va innovatsion muzeylardan biri deyish mumkin. Muzey ikki qavatdan iborat.
Muzeyga kirish qismida O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov tomonidan chizilgan 22 metrlik panno joylashtirilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik yigitlarning frontga jo‘natilayotgani, oila a’zolari bilan vidolashuv onlari aks etgan.
Muzeydan urushga daxdor buyumlar, liboslar, o‘sha vaqtdagi harbiy qismlar jangovar bayroqlari, haykallar, avtomobillar, urush qatnashchilariga oid qurollar, medal va hujjatlar o‘rin olgan. Ikkinchi qavatdagi eksponatlar esa respublik hududlari kesimida ajratib chiqilgan.
Qobil Hasanov Toshkentning “Oqlon” mahallasida istiqomat qiladi. U muzey tashkil etilayotganini eshitgani zahoti, urush qatnashchisi bo‘lgan otasi Adham Hasanovga oid hujjatlarni muzey fondiga topshirdi.
“Dadamning barcha suratlari, gazetadagi maqolalar va medallarini muzeyga olib kelib topshirdim. U kishi bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida men va farzandlarim, nabiralarim yaxshi biladi. Ammo keyingi avlodga ham bus-butun yetib borishi kerak.
Dadam 6 iyun kuni tug‘ilgan bo‘lishlariga qaramay, bu kunni 9 mayda nishonlar edilar. Hozir bu an’anani ular vafot etganlaridan keyin ham davom ettiryapmiz”, deydi urush qatnashchisi Adham Hasanovning o‘g‘li Qobil Hasanov.
1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi.
O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1,5 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 250 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.
“Muzeyimizning bosh g‘oyasi – o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini kelajak avlodga yetkazish. Bu yerda janglardagi qahramonlik, mardlik, jasorat, front ortidagi mashaqqatli mehnat, xalqimizning bag‘rikengligi va balojonligini ochib berishga e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda jahonda bo‘layotgan vaziyatni kuzatar ekansiz, tinchlikka rahna solishga qaratilgan urinishlarni ham ko‘ramiz. Muzeyga kelgan har biri kishi esa bugungi tinchlikning qadriga yetyapmizmi degan savolni o‘ziga beradi”, deydi Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti dotsenti Habibullo Xolmatov.
Bu bir tarix. Yaxshimi yo yomon, tinch yoki suronli, uni hayotimizdan o‘chirib tashlay olmaymiz. Yo‘qotganlarimiz topganlarimizdan ko‘p. Ammo, ushbu urushda erishilgan g‘alaba haqida so‘z ketganda, e’tiborimizni o‘zbek xalqining kuchli irodasi, matonati, mardligiga qaratsak, bu g‘alabaning muhim omili bo‘lganini ko‘rish, tarixning ushbu qismi xalqimiz uchun naqadar muhim ekanini his qilishimiz mumkin.
“Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba, xalqimizning jasorati siyosiy tortishuvlarga sabab bo‘ladigan mavzu emas. Balki, g‘ururlanib yashashga sabab bo‘ladigan mavzu. Bunda e’tibor ajdodlarning ko‘rsatgan jasorati bilan g‘ururlanish, ularga munosib bo‘lishga qaratilgan. Bilamizki, bugun ijtimoiy tarmoqlarda Ikkinchi jahon urushi haqida har-xil tortishuvlar bo‘lmoqda. Bir narsani unutmaslik kerakki, Ikkinchi jahon urushining yuzaga kelishi ham – bu insoniyatga qaratilgan jinoyat. Qandaydir yuqori darajadagi irq, o‘zidan past bo‘lgan millat va irq vakillarini qirib tashlashga bo‘lgan harakat edi. Qanday qilib bu siyosiy tortishuvga sabab bo‘lishi mumkin?”, deydi Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti dotsenti Habibullo Xolmatov.
Xotira muqaddas, qadr abadiy. Ikkinchi jahon urushida oilasi, ayoli, farzandlari tinchligi uchun jangga otlangan, ostonada turgan dushmanga ko‘ksini tutgan, birovning, kerak bo‘lsa dushmanning bolasini boshini silab, o‘zbekchilikni dunyoga tanitgan tanti, mehnatkash, halol va vijdonli odamlar, erini urushga yo‘llab, qora xat olganda ham uni chiqmagan mard ayollar, front ortida javlon urib mehnat qilganlar xotirasi mudom yashaydi. O‘zbeklar kim uchun, nega jangga kirdi degan bahslarga javob bitta: ular oilasi, ota-onasi, ayoli, farzandlari, ularning ertasi uchun qon kechdi. Ular o‘sha vaqt gardaniga tushgan vazifani sidqidildan bajardi. Muhimi shu. Bugun hayotlar esa doim e’zozda. Ularning ko‘zlarida o‘sha alamli xotiralar yashaydi. Eslaganda xotiralar jonlanadi. Bu xotiralarni unutishga, unuttirishga haqlimizmi?
QALAMPIR.UZ tomonidan tayyorlangan "Urush Sovetnikidir, ammo xotirasi bizniki" nomli filmni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi