Konstitutsiyaning tirikchilik bilan bog‘liq moddasi ishlamayapti – Rahmatov

Jamiyat

image

Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Sattor Rahmatov mamlakatning Konstitutsiyaning 39-moddasi umuman ishlamayotganini aytib chiqdi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida “pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas”ligi qayd etilgan. Biroq ushbu Konstitutsiyaviy norma amalda ishlamaydi. Sabab nima?

“Avvalo, hozirgi kungacha “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni belgilash mezonlari aniqlanmagan. Bu borada milliy qonunchiligimiz ham, huquqni qo‘llash amaliyoti ham xalqaro tavsiyalar va ilg‘or amaliyotdan juda orqada qolmoqda.

Vaholanki, dunyoning ko‘plab davlatlarida uzoq vaqtdan beri bu masalada aniq amaliyot qo‘llanilib kelinadi. Tan olish kerak, mazkur yo‘nalishda partiyamiz, deputatlik birlashmalarimiz sustkashlikka yo‘l qo‘yib, tashabbuslarni ilgari surishda qat’iyat ko‘rsatmagan”, deydi Sattor Rahmatov. 

Partiya vakili masalaga yanada chuqurroq kirishga harakat qilarkan, O‘zbekistonda iste’mol savatchasi to‘g‘risidagi qaror hamon qabul qilinmagani, yashash minimumi e’tiborga olinmayotganini qayd etgan:

“Insonning fiziologik ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan sog‘lom ovqatlanish standartlari bo‘yicha tavsiyalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan. Aholining kam ta’minlanganlik darajasini baholashda iste’mol savatchasi va yashash minimumidan foydalanish metodologiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan chiqarilgan Qashshoqlikni o‘lchash qo‘llanmasida keltirilgan. Ya’ni, xalqaro huquqiy va amaliy asos allaqachon yaratib qo‘yilgan.

Yashash minimumi va iste’mol savatchasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Respublikalarida amal qiladi.

Shuningdek, Bolgariya, Chexiya va boshqa bir qator Yevropa mamlakatlarida yashash minimumini aniqlashning huquqiy mexanizmlari qabul qilingan.

Mamlakatimizda bu masalada aniq mezonlarning yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, shu vaqtgacha belgilanmagani o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarga haqiqatda muhtoj oilalarni aniqlab olishga imkon bermay kelayapti. Joylardagi uchrashuvlarda aholi vakillari Qonunchilik palatasi deputatlariga mahallalarda ijtimoiy nafaqalarni taqsimlash jarayonlarida ijtimoiy adolat tamoyillari buzilayotgani haqida ko‘p murojaat qilyapti, keskin e’tirozlarini ham bildiryapti”.

Rahmatov so‘zida davom etib, XDP “Yashash minimumi to‘g‘risida“ va “Iste’mol savatchasi to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalarni ishlab chiqishni boshlaganini aytdi. 

“Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi orqali “Yashash minimumi to‘g‘risida“ va “Iste’mol savatchasi to‘g‘risida” qonunlar loyihalarini ishlab chiqishga kirishdi. Bu partiyamiz g‘oyalari amalga oshishida, jamiyatimizda ijtimoiy adolat tamoyili ta’minlanishida dolzarb va prinsipial ahamiyatga ega masaladir.

Ushbu qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda xalqaro amaliyotni chuqur o‘rganishga, Konstitutsiyamizda qayd etilgan, ammo yillar davomida e’tiborga olinmagan “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni aniqlash mezonlarini hamma uchun tushunarli tarzda belgilashga jiddiy e’tibor qaratiladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing