Qirg‘iziston Prezidentlariga qarg‘ish tekkan...mi?

Tahlil

image

Bugun dunyoda sodir bo‘layotgan turli urushlaru nizolar, ocharchiliklaru qirg‘inbarotlar haqida qancha gapirsak, shuncha oz. Guyo bu kabi yirik muammolardan jahon hamjamiyati charchagandek edi. Biroq shu kunlarda dunyoning nigohi Qirg‘izistonga qaratildi. Har 2-3 yilda butun jahonning e’tiborini o‘ziga jalb etishga odatlangan mamlakatda “spektakllar” “anshlag”lardan so‘ng davom etyapti. Ya’ni Qirg‘izistonda sobiq Prezidentlar bilan xayrlashuvning “o‘ziga xos” ko‘rinishlari, siyosiy “o‘yinlar” davom etyapti va bu birinchisi emas. Shunday qilib, qo‘shni respublikada an’ana darajasiga chiqqan sobiq Prezidentlar bilan “xayrlashuv spektallari” tarixiga nazar solamiz. 

Markaziy Osiyoda joylashgan maydoni 199,951 kvadrat kilometrni tashkil etadigan Qirg‘izistonda bugunga kelib, 6 million 300 ming kishidan ziyod aholi istiqomat qiladi. Asosan tog‘ va tog‘ hududlaridan tashkil topgan respublika 1991 yilning 31 avgustida o‘z mustaqilligini e’lon qilgan.

1990 yilning 27 oktyabrida respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan davrda Moskva tomonidan tayinlangan asli kasbi injener-mexanik bo‘lgan Asqar Akayev oradan bir yil o‘tib, mustaqil Qirg‘izistonning birinchi Prezidentiga aylandi. 

“Qыrgыzstandыn tunguch Prezidenti” 1991 yil oktyabrda (saylovda) va 1994 yil yanvarida o‘tkazilgan referendumda Akayevning Prezidentlik vakolatlari tasdiqlandi. 1995 yil 24 dekabrda u ikkinchi muddatga qayta saylandi. Askar Akayevni saylovchilarning 70 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatladi. 

2000 yilning 29 oktyabrida uchinchi muddatga qayta saylanganida uni saylovchilarning 70 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatladi. 2003 yil fevral oyidagi referendumda Prezident vakolatlari tasdiqlandi. 

Biroq mamlakat mustaqilligining o‘n to‘rtinchi yili Akayevning Prezidentlikdagi so‘nggi yili bo‘ldi. 

Birinchi ssenariy: “Lola inqilobi” va Moskvaga yo‘l 

2005 yil fevral-mart oylarida Qirg‘izistonda navbatdagi Parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovlarni bevosita kuzatgan xalqaro kuzatuvchilar uni nomaqbul deb tan oldi. Bu esa, turmush darajasi og‘irligidan joni hiqildog‘iga kelgan qirg‘iz xalqining noroziligi kuchayishishiga sabab bo‘ldi. Mamlakatda vaziyat keskinlashdi. Poytaxt Bishkekda va respublikaning boshqa hududlarida norozilik namoyishlari avj oldi. Minglab odamlar ko‘chalarda hukumatga qarshi isyon ko‘tardi. Militsiya va boshqa kuch ishlatar tuzilmalarning olomonni tinchlantirishga qurbi yetmadi. Axir aytishadiku, xalq qo‘zg‘alsa kuch yo‘q deb. 

Mustaqil Qirg‘iziston tarixiga “Lola inqilobi” deb kiritilgan davlat to‘ntarishi oqibatida amaldagi Prezident Asqar Akayev hokimiyati ag‘darilishi va mamlakat turli xil muxolif guruhlar qo‘liga o‘tishi bilan yakun topdi. 

Ilojsiz qolgan Akayev Rossiyadan siyosiy boshpana so‘radi va ko‘p o‘tmay Moskvaga jo‘nab ketdi. U 2006 yilda Rossiya Fanlar Akademiyasining xorijiy a’zosi etib saylanishi barobarida Moskva davlat univeritetining professori sifatida faoliyat yuritdi. 

2014 yildan beri Moskva Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot oliy maktabining ijtimoiy-siyosiy beqarorlashishi xavfini monitoring qilish bo‘yicha ilmiy va o‘quv laboratoriyasining boshlig‘i lavozimida ishlab keladi. 

Ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi rangli inqilob “Lola inqilobi”ning “ssenariy mualliflari” va “ijrochi prodyusserlari” keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Bular Qirg‘iziston Parlamenti deputati, Qorasu bozorining egasi va mamlakat janubidagi eng yirik jinoiy guruh rahbari Bayaman Yerkinbayev, poytaxtdagi bozorlar egasi va parlament deputati Jirgalbek Surabaldiyev hamda Tinchich Akmatbayevlar ekani oydinlashdi. Bakiyev tarafdori bo‘lgan bu uchala “shovvoz” 2005 yilning o‘zidayoq turli vaqtlar oralig‘ida o‘ldirildi. 

Ikkinchi ssenariy: Parvoz uzoq davom etmadi

Bosh vazir Qurmanbek Bakiyev muddatidan oldin o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlariga qadar davlat rahbari sifatida ishladi. Prezidentlikka asosiy nomzodlar Bakiyevning o‘zi va muxolifat lideri Feliks Qulov hisoblanar edi. Ammo Qulov g‘alaba qozongan taqdirda ham o‘zini Bosh vazir etib tayinlanishi va’dasi evaziga Bakiyev foydasiga nomzodini rad etdi. Saylovda Bakiyev g‘alaba qozondi.

2009 yil 23 iyulda Qirg‘izistonda navbatdagi Prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Amaldagi Prezident Qurmanbek Bakiyev 90 foizga yaqin ovoz oldi. Biroq kuzatuvchilar ushbu saylovlarning adolatliligini shubha ostiga oldi. O‘sha yilning 2 avgustida qayta saylangan Bakiyevning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Qurmanbek Bakiyev o‘z Prezidentligi davrida ko‘p viktorli siyosat yurgizishga harakat qildi. Ammo, mamlakat iqtisodiyoti barqarorlashuvi o‘rniga orqaga qarab ketishda davom etdi. Bakiyev boshqaruvidagi eng katta xatolardan biri esa uning mamlakatda bir-biriga qarshi bo‘lgan AQSH va Rossiya harbiy bazalarining faoliyat yuritishini ta’minlashi bo‘ldi. 

Oqibatda so‘nggi 5 yillikda qo‘zg‘almagan xalq “uchinchi” tomon yordamida g‘alayon ko‘tardi. 2010 yilning bahorida Qurmanbek Bakiyevning iste’fosini talab qilib, muxolifat namoyishlari bo‘lib o‘tdi. O‘sha yilning 7 aprelida muxolifat bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qurolli inqilobga aylandi, muxolifat tarafdorlari poytaxt Bishkek va asosiy ma’muriy binolarni egallab oldi. Bakiyev poytaxtdan Jalolobod viloyatiga qochib ketdi. 8 aprel kuni Bakiyev qirg‘iz xalqiga murojaat qildi. U mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmasligini tan olganiga qaramay, iste’foga chiqishni rad etdi. Qurmanbek Bakiyev tashqi kuchlarning Qirg‘izistondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdorligini e’lon qildi, lekin u qaysi mamlakatni nazarda tutganini aniq ko‘rsatmadi. BMTni Qirg‘izistonga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga chaqirdi. 

2010 yilning 15 aprel kuni Jalolobodda muxolifat yetakchilari va Bakiyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muxolifat bosimi ostida Qurmanbek Bakiyev xavfsizlik kafolati evaziga iste’foga chiqish to‘g‘risidagi xatni imzolashga rozi bo‘ldi. O‘sha kuni u Qirg‘izistonni tark etib, Qozog‘istonning Taraz shahriga uchib ketdi va 16 aprel kuni Qozog‘istonda Qirg‘iziston Prezidentligidan iste’foga chiqish xatini imzolashim bilan Muvaqqat Hukumat to‘qnashuv tugaganini e’lon qildi.

Uch kun o‘tib. Qurmanbek Bakiyev Belarusga uchdi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Bakiyev va uning oilasiga siyosiy boshpana berdi.

Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonning yon qo‘shnisi O‘zbekiston birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimov ushbu mamlakatdagi rahbariyat o‘zgarishiga olib kelgan voqealarga “Qirg‘izistonning ichki ishi”, deb munosabat bildirgan va qarama-qarshilikni tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgan.

Birinchi ayol Prezident va o‘tish davri

2010 yil 19 mayda Qirg‘iziston Prezidenti muvaqqat Hukumatning maxsus qarorini o‘tish davrida e’lon qildi. Ushbu farmonga muvofiq, o‘tish davri Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati 2011 yil 31 dekabrgacha belgilandi. Roza Otunboyeva Qirg‘izistonning birinchi ayol Prezidenti va shu paytgacha MDH davlatlarida Prezident sifatida ishlagan yagona ayol bo‘lib tarixga kirdi. Yaqin tarixda musulmonlar soni ko‘p bo‘lgan mamlakatda ikkinchi ayol Prezident (birinchisi - Megavati Sukarnoputri, 2001-2004 yillarda Indoneziya Prezidenti). 

U ushbu lavozimda 2011 yil 1 dekabrda Almazbek Atamboyev lavozimiga kirishgunga qadar ishlagan. Roza Otunboyeva Akayev hukumatida 1997 yildan Qirg‘izistonning Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi elchisi, 2002 yil may oyidan Abxaziya, Gruziyadagi BMT Bosh kotibining maxsus vakilining o‘rinbosari lavozimida ishladi. 2004-2005 yillarda Otunboyeva BMT Bosh kotibining gruzin-abxaz mojarosini hal qilish bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan.

Lekin, Roza Otunboyeva iqtidorga kelganidan ko‘p o‘tmay mamlakatda xungrezliklar boshlandi. 2010 yil iyunida Qirg‘izistonlik o‘zbeklar hujumga tutildi. Aytish lozimki, etnik o‘zbeklar Qirg‘izistonda son jihatdan ikkinchi millat hisoblanadi. “Iyun voqealari” sifatida tarixga kirgan o‘sha mash’um kunlarda uylar yondirildi, insonlar o‘ldirildi va tahqirlandi. 100 minglab o‘zbek O‘zbekistonga qochib o‘tdi. O‘zbekiston qochqinlarni bir necha kun ichida ortga qaytardi. Mamlakatning o‘sha vaqtdagi rahbari, marhum Islom Karimov O‘sh qirg‘ini aybdorlarini jazolashni BMT rahbariga masala sifatida ko‘tarib chiqdi. Biroq qirg‘iz tomoni hujumlarda eng ko‘p jabrlangan o‘zbeklarni jazolashda davom etdi. “Iyun voqealari” bostirilgach, Qirg‘iziston xalqi bir oz muddat tin oldi. 

Mamlakatda o‘tish davri nihoyasiga yetgach, Prezidentlik saylovlarida g‘alab qozongan muvaqqat Hukumat Bosh vaziri Almazbek Atamboyev innaguratsiya marosimidan so‘ng Qirg‘iziston Prezidentligiga kirishdi. 

Yangi era “Atamboyev davri”

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, Atamboyev davrida mamlakatda bir qator o‘zgarishlar yuz berdiki, bu davlatning yangi imidjini shakllanishiga sabab bo‘ldi. Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo bo‘lib kirdi. Ammo, respublikaning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgandan so‘ng, birdaniga “ishlari yurishib” ketgani yo‘q. Atamboyev MDH, KXSHT, SHHT kabi yirik tashkilotlarning teng huquqli a’zosi sifatida o‘z mamlakati nomidan gapirganda, balandparvoz ohangi bilan ikki qo‘shni respublika O‘zbekiston hamda Qozog‘istonga qirg‘izlarning aslida kim ekanini xas-po‘shtlash bilan ovora edi. Uning Prezidentlik davri so‘nggi yillari uzoq yillik tortishuv va qarama-qarshiliklardan so‘ng O‘zbekiston bilan davlat chegaralari delimitatsiya qilinishiga, ikki o‘rtada o‘zaro aloqalar rivojalanishiga zamin hozirladi. Biroq, Atamboyev vakolati nihoyasiga yetar ekan, o‘z o‘rniga munosib nomzod sifatida Sooronboy Jeenbekovni ma’qul ko‘rdi. Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Qirg‘izistondagi saylovlarga aralashishda ayblab, unga Prezidentlik saylovi Qirg‘izistonning ichki ishi ekanini ta’kidlab, aralashmaslikka chaqirdi. Bu esa o‘z navbatida jiddiy  kelishmovchiliklarni keltirib chiqardi. Mazkur murakkab jarayon yangi Prezident Jeenbekov davrida qozoq tomoni bilan munosabatlarni tiklanishidan so‘ng unutildi. Ma’lumot o‘rnida: Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev to‘liq Prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimini tark etgan birinchi Prezident bo‘lgan.

O‘zingniki o‘zaging kesar

Almazbek Atamboyevning ko‘magi bilan qudratga kelgan amaldagi Prezident Sooronboy Jeenbekov 1958 yilda O‘sh viloyatida tavallud topgan. Uning biografiyasiga nazar tashlar ekansiz, 2012-2015 yillarda Jeenbekov Qirg‘iziston hukumatining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili, 2016 -2017 yillarda mamlkat Bosh vaziri lavozimlarida ishlaganini hamda uning ukasi Asilbek Jeenbekov — V chaqiriq Jogorku Keneshning raisi bo‘lgani qayd etilgan. Aynan akasining iqtidorga kelishi sabab Asilbek Jeenbekov o‘z lavozimidan ketishga majbur bo‘lgan. 

Sooronboy Jeenbekov Prezidentlik lavozimiga kirishar ekan, mamlakatda jiddiy islohotlarni olib borishga kirishdi. Lekin, bu islohotlarning hammasi ham uning o‘zidan oldingi Prezident tomonidan iliq kutib olinmadi. Almazbek Atamboyev turli davralarda Jeenbekovning hokimiyatga olib kelganini o‘z xatosi ekanini aytishdan charchamadi. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi sobiq Prezident Almazbek Atamboyev ustidan jinoiy ish ochdi. Biroq, Atamboyev tergovlarga borishdan bosh tortib keldi va o‘zining xavf ostida ekanini anglab, mamlakatdagi rus harbiy bazasidan Rossiya tomon uchdi. Ammo, ko‘p o‘tmay Qirg‘izistonga qaytib keldi. Sobiq Prezidentga Rossiya safaridan qaytgach, millat xoini degan tamg‘a yopishtirildi. Qirg‘izistonda sobiq Prezidentni hibsga olish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliyot boshlandi. Chuy viloyatining Qo‘y-tosh qishlog‘idagi Atamboyev qarorgohida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda 200ga yaqin militsiya xodimlari va 400ga yaqin Atamboyev tarafdorlari ishtirok etdi. Militsiya xodimlariga Molotov kokteyllari va toshlar uloqtirildi. Huquqni muhofaza qilish xodimlari yorug‘lik-shovqin granatalaridan foydalana boshlashganidan so‘ng Atamboyevning tarafdorlari ortga chekindi. 9 avgust kuni mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 319-moddasiga binoan hibsga olindi. U 26 avgustga qadar tergov izolyatorda ushlab turiladi. 


Qo‘shni mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar ortidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kunining oxirida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinish barobarida Qirg‘izistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani alohida qayd etildi. Qirg‘izistonda vaziyat amaldagi qonunchilik doirasida tez orada yaxshilanishiga umid bildirildi. 

Ayni paytda Bishkekda o‘tayotgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishida bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Hukumat rahbari Dmitriy Medvedev Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning yaqinda hibsga olinishini izohladi va buni davlatning "ichki ishi" biroq, Moskva bo‘layotgan voqealarga "befarq" bo‘la olmasligini ta’kidlab, “nima bo‘layotganini diqqat bilan kuzatmoqdamiz", dedi. 


Shu o‘rinda aytish joizki, mamlakatda bu kabi ssenariylashgan voqealar yillar davomida takrorlanar ekan, iqtisodiy va siyosiy tanglik nafaqat rahbarlarga balki, xalqqa ham yaxshilik olib kelmasligi, butun boshli avlodlarning o‘z davlatiga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishiga buning ortidan millat ongida nafrat urug‘ining palak yozishiga sabab bo‘ladi. 

Ayrim gegemon davlatlarning dunyoni bo‘lib olish maqsadida amalga oshirayotgan fitnalari rangli inqiloblaru “demokratiyani o‘rnataylik” degan soxta niqoblarga burkanganini qardoshlarimiz tushunmasmikan? Balki, bu kabi voqealar yaxshilikkadur desang, bu birinchisi emas. Nimagadir o‘ylab qolasan kishi Qirg‘izistonda Prezidentlarga qarg‘ish tekkanmi? 

Akbarjon Abduraimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

381

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing