O‘rayimjon Abdug‘aniyev o‘marilgan oltin-kumushlar, amaldorlarning qilmishlari va “Uragan” haqida

Intervyu

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining ilk raisi, iste’fodagi general-mayor O‘rayimjon Abdug‘aniyev faoliyati davomida qattiqqo‘lligi bilan tanilgan. U eng og‘ir yillarda bojxonalarga rahbarlik qilgan. O‘rayimjon Abdug‘aniyev jurnalist Komiljon Shamsiddinov bilan suhbatda o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Suhbat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi. Quyida matn to‘liq holda keltiriladi.

- O‘rayimjon aka! Siz mustaqil O‘zbekistonning bojxona tizimiga asos solgan odamlardan biri, Davlat bojxona qo‘mitasining ilk rahbarisiz. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi jarayonlar oson kechmagani aniq. Bugun o‘sha yillar xotiralarini yodga olganingizda nimalar esga keladi?

- Mustaqillik e’lon qilinganiga endigina 26 kun bo‘lgan edi. O‘sha kezlarda bizda bor-yo‘g‘i ikkita, ya’ni Termizdagi va Toshkent aeroportidagi bojxona posti ishlardi. 1991 yil 26 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Unga asosan Ichki ishlar vazirligi tizimida – tovar-moddiy boyliklar olib chiqib ketilishi ustidan nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tuzildi. Boshqarma maqomidagi u inspeksiyaning boshlig‘i etib men tayinlandim. Inspeksiyaga 107 ta shtat berildi. Mana – O‘zbekiston Respublikasining xaritasi. Uning hududi: g‘arbdan sharqqacha – 1425 km, shimoldan janubgacha esa – 930 km. Hududining umumiy maydoni 440,4 ming kvadrat kilometr. Menga Ichki ishlar vazirligidan bitta xona ajratishgan. Kelib o‘tirganim hamono qo‘limga O‘zbekistonning xaritasini oldim. Ochig‘i, unga qarab o‘tiribman-u, ko‘nglimda qo‘rquv. Boisi – ana shu ulkan hududning hamma yog‘idan olib chiqilayotgan tovarlarni nazorat qilish oson emas. Xo‘sh, nima qilish kerak? Qarorda “asossiz va noqonuniy olib chiqilishini nazorat qilish kerak”, deyilgan, xolos. Boshqa konkret bir ko‘rsatma yo‘q. 106 ta shtat – vakant, faqat boshliq o‘rnida o‘zimman....

U paytda O‘zbekistonda chegara qo‘shinlari yo‘q edi. Vaholanki, mamlakat hududining uchdan bir qismi – cho‘l, xiyobon va tog‘li joylar, ularniyam bekitish kerak, mamlakatning besh tomonida beshta mustaqil davlat turgan bo‘lsa... Xullas, o‘sha kezlarda Respublika bo‘ylab 100 dan ortiq postlar tashkil qildik. Undan tashqari har bir viloyatda 2-3 tadan, avtomashinada harakatlanadigan ko‘chma postlar ochganmiz. Chunki statsionar postlar hamma narsani hal qilolmasdi. Ko‘chma postlar aylanib yurib, chegaralarni nazorat qilib turgan. Natija, menimcha yomon bo‘lmadi. To‘g‘ri, hamma masala hal bo‘ldi, deb aytolmayman. Lekin O‘zbekiston mustaqilligi mustahkamlandi, deyishim mumkin.

1991 yil 25 oktyabrda esa alohida bojxona qo‘mitasi tashkil qilingan. Uning vakillari asosan shahar markazlarida joylashib, tashqi iqtisodiy masalalar, eksport-import operatsiyalari bilan shug‘ullanishdi. Lekin 99 foiz hududda bunaqa operatsiyalar amalga oshgani yo‘q, ularning nazorati bilan esa – davlat inspeksiyasi shug‘ullanar edi.

- Bojxona masalasida ham qo‘sh hokimiyatchilik bo‘lgan ekan-da?..

- Davlat inspeksiyasining tashqi iqtisodiy aloqalar, eksport-import bilan shug‘ullanish vakolati bo‘lmagan. Faqat tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy o‘tishini nazorat qilgan. Agar tovar qonuniy olib chiqilsa, xuddi bojxona xodimlaridek – deklaratsiya qilishga haqqi bo‘lgan. Lekin baribir 1992 yil 10 avgustga borib, inspeksiya va bojxona qo‘mitasi negizida – davlat bojxona qo‘mitasi tashkil etildi. 12 avgust kuni esa Birinchi Prezident farmoni bilan men uning raisi bo‘ldim. Shundan keyin biz mavjud 39 ta aeroport, 140 magistral yo‘llar va boshqa joylarda 150 dan ortiq bojxona punktlari ochdik. Chegaralar bekitilishi to‘liq ta’minlandi.

- Siz – matbuotga begona odam emassiz. Yaxshi eslayman, televideniye orqali namoyish etilgan “Shahar bedarvoza emas” degan ko‘rsatuvga o‘zingiz, bojxona qo‘mitasi raisi o‘laroq, boshlovchilik ham qilgansiz. O‘sha yillar ziddiyatlari, qarama-qarshiliklari ham esingizda bordir. Jamoatchilik nazaridan panada qolgan shov-shuvli, katta voqealar ham bo‘lganmi? Misollar keltira olasizmi?

- Nafaqat misol... To‘g‘risi, men uchun savolingizga javob berish anchagina mushkul. Chunki bilasizmi, o‘sha shov-shuvga sabab bo‘lgan holatlar – davlatning u yoki bu lavozimlarida ishlagan shaxslarning yaqin ko‘maklari vositasida sodir qilingan. Million-million dollar turadigan tovar-moddiy boyliklarni chetga chiqarib yuborish holatlari deysizmi, ularga homiylik qilishmi, shularning hammasida bizdagi ayrim rahbarlarning qo‘li bor edi. O‘zlari bosh-qosh bo‘lib turgan. Misollarni, raqamlarni keltirishim mumkin. Lekin ularning familiyasi, ismini aytgim yo‘q. Sabab – ularning ko‘pi hozir ham umrguzaronlik qilmoqda. Bola-chaqalari, nevara-evaralari bor, zurriyotlari oldida ularni sharmanda qilgim yo‘q.

Lekin bitta narsani aytamanki, o‘sha yillari – u yoki bu davlat idorasiga kirib, “Shu ishni noto‘g‘ri qildingiz, tovarni yoki paxtani noto‘g‘ri ravishda chetga chiqarib yubordingiz, hukumat qarorini buzdingiz”, desangiz, ko‘kragiga urib, uni “tosh” qilib tashlagan. Shuning uchun ham, falsafiy nuqtai nazardan gapirganda, ularning qalbiyam toshga aylanib ketgan bo‘lsa kerak.

Nazarimda, O‘zbekiston davlatining boy yoki kambag‘al bo‘lishi – ularni zig‘ircha ham qiziqtirmagan. Aksincha, shaxsiy boylik qiziqtirgan, xolos. Aslida “Hamma gapingiz to‘g‘ri”, deb turadi. Amalda o‘sha ishlarga ruxsat berib yuboraverardi. Bu yog‘da esa “vatanparvarlikdan” falsafa so‘qadi... Hozir yashab turgan dang‘illama uylarini ham – o‘sha yillari qurgan. Nima, davlat bergan oylik hisobidan qurganmi ularni?..

Menga yoqmagan bitta misolni keltiraman. “O‘zbekiston havo yo‘llari” negizida “Progress” degan O‘zbekiston-AQSH qo‘shma korxonasi tuzilgan edi. Nizom jamg‘armasi atigi 128 rubl edi. Lekin o‘sha korxona bir yarim-ikki yil ichida 44 tonnadan ko‘proq dizel yoqilg‘isi hamda benzinni O‘zbekistondan “reeksport” qilib, Vengriyaga, Afg‘onistonga sotib yuborgan. O‘zi benzinni biz import qilib, chetdan olib kelamiz. Bu firmaga tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi litsenziyani – uglevodorod xomashyosi olib kirib, qayta ishlash va O‘zbekistonda sotish uchun bergan.

“UMI” degan yana bir qo‘shma korxona bor edi. Uyam tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning (O‘zbekistondan eksport qilayotgan) kabellari tarkibida (tonnasiga) 5 grammgacha tilla, 80 grammga qadar kumush aniqlandi. Aslida kabel tarkibida bir gramm ham tilla bo‘lmasligi, adashmasam, 25-30 gr kumush bo‘lishi mumkin, xolos. Biz buni aniqlab, ekspertiza qilganimizda, o‘ta ko‘p miqdorda (noqonuniy) tilla va kumush chiqqan. Aynan mana shu korxona 8 ta kontrakt bo‘yicha davlatga uch-uch yarim million dollar miqdorida zarar keltirgan. Bu haliyam bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra...

- Ya’ni mening tushunishim bo‘yicha, ular chetga – mis kabel o‘rniga tilla va kumushni qorishtirib, o‘tkazib yuborishgan, shundaymi?

- Shunday. Tasavvur qiling-da, simni eritsangiz, baribir (tilla bo‘ladi). Ularga kabel emas, tilla va kumushlar kerak bo‘lgan, xolos.

O‘shanda bir-ikkita odamlarni himoya qilish yo bo‘lmasam, chetga tovar olib o‘tishda “o‘rtakashlik” qilish, mansabdor shaxslar bilan “kelishish” uchun “ko‘cha”da bir emas, bir necha “obro‘manda”lar (ya’ni “avtoritetlar”) paydo bo‘lgan. Maqsadi – bojxona xodimlariga ta’sir o‘tkazish, qo‘rqitish bo‘lgan.

- Bu ishlarga “tepa”dan, ya’ni rahbariyatdan ham aralashishlar bo‘lganmi?

- Bilasizmi, bu – alohida mavzu. Keyinchalik qaytarmiz...

- Nega endi, shuncha tillani O‘zbekistondan olib chiqishayapti-yu, uni rahbariyatdan hech kim bilmasligi – aqlga sig‘maydi-ku?..

- Menimcha, keyinchalik bilishgan. 1994 yildan keyin qandaydir choralar ham ko‘rishgan. Bu – judayam uzun mavzu...

Mana, paxta bo‘yicha ham misollar keltiraman: 771 million rubllik paxta ushlab qolinib, musodara qilingan. (O‘zaro) til biriktirish bo‘lgan-da – O‘rta Osiyo temir yo‘li rahbarlari bilan, boshqasi bilan. Bizning bojxona xodimlari O‘rtaovul temir yo‘l stansiyasida 1534 tonna paxtaning vagonda turgani haqidagi faktni aniqlashgan. Yuk ko‘p turganidan shu ahvolgacha yetganki, o‘tlar o‘sib, hatto vagon ichiga ham kirib ketgan. Nimaga turib qolgan, degan savol tug‘iladi. Chunki paxtani chet elga olib chiqib sotish rejasi amalga oshmay qolgan. O‘sha yillari temir yo‘l bojxonasida juda insofli, vijdonli yigitlar ishlardi. Bu – “Liventul” degan birlashmaning nayranglari edi. Shu voqeadan so‘ng qiziqib qolib, yana surishtiruv olib borsak, Sergeli stansiyasida ham 33 ta vagonda 1650 tonna paxta oylab ushlab turilgan. Unisi “VITA” degan qo‘shma korxonaniki ekan...

Bilasizmi, faqat o‘g‘rincha paxtalar emas, undan dahshatliroq voqealar ham bor edi. Deylik, barter (ya’ni mahsulot ayirboshlash – tahr.) operatsiyalari bo‘yicha. 1992 yil holati bo‘yicha o‘rganganimizda, O‘zbekistondagi tashkilotlar 1 milliard 900 million rubl zarar ko‘rgan. Ya’ni shuncha pullik mahsulot bizdan chiqarib yuborilgan, lekin o‘rniga hech narsa olib kirilmagan.

Asosan juda katta pulimiz Rossiyada qolib ketgan. Paxtaning o‘rniga – aroq, sigaret kirib kelgan. Tasavvur qilyapsizmi, O‘zbekistonning strategik xomashyosi o‘rniga bu. Rangli metallar olib chiqilgan...

- Qarshiliklar bo‘lmaganmi? Siz o‘shanda qat’iy choralar ko‘rmaganmisiz?

- “Qarshilik” degani – oddiy bir so‘z. Shunday qarshiliklar bo‘lganki... U narsa menga kechasi-yu kunduzi bo‘lardi. Hattoki bojxona xodimlari halok bo‘lgan holatlar ham bor.

Men “Hayot haqiqatlari” degan kitob yozib tugatyapman. Menga bo‘lgan katta-katta qarshiliklar haqida, Siz aytgan masalalar to‘g‘risida – o‘sha kitobda batafsil to‘xtalganman.

- Jilla qursa, bir uchini chiqarmaysizmi?

- Yo‘q, oldindan “nog‘ora chalish”ni istamayman. Sababi – bu yerda men ishga qabul qilgan 2 mingdan ortiq bojxona xodimlarining taqdiri yotibdi. Eng yuqori lavozimlarda ishlagan ayrim rahbarlar ustida ham qattiq gaplar bor u kitobda.

O‘shanda Respublika miqyosida men egallagan mavqe, lavozim – ular egallagan lavozimdan pastroq bo‘lgan. Ayrim masalalar bo‘yicha u noinsof, azaldan boylik neligini ko‘rmagan “manqurt”larga kuchim yetmagan...

- Ko‘nglingizga olmang-u, ishlagan yillaringizda sizni orqavarotdan “Uragan” deb atashardi. “To‘fon”, “bo‘ron” ma’nolarini beradigan so‘z aslida u. Bu – tabiatingizdagi keskinlik, qat’iyat namoyon bo‘lganidanmi va yoxud ichki ishlar tizimida, konflikt ko‘p bo‘lgan joylarda ishlaganingiz bois majbur bo‘lganmisiz “Uragan” atalishga?

- (Kuladi) Bu nomni o‘zimga o‘zim qo‘yganim yo‘q. Hozir ham viloyatlarning qaysi chegarasiga borsam, eski ishlagan odamlar kelib, ismim qolib, “Ana, “Uragan” kepti” deyishadi. Bunday qaraganda, shu nom menga yoqadi. Balki o‘ta qattiqqo‘lligim, talabchanligim, davlat manfaati taqozo qilsa, yo‘lda uchragan har qanday noqonuniy, asossiz holatlarni o‘z paytida tozalaganim bois shu “nom”ga sazovor bo‘lgandirman. 1991-93 yillarda 400 dan ortiq jinoiy ishlar qo‘zg‘atganmiz: juda ko‘p odamlar jinoiy, 25-30 mingga yaqin shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ular baribir alamzada-ku...

- Samarqand viloyatida ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ham ishlagansiz. Siz – bojxona qo‘mitasi raisi, vazir darajasidagi odamni nega keyinchalik viloyat darajasidagi rahbar qilib yuborishgan?

- Chunki 1994 yil Davlat bojxona qo‘mitasini yo‘q qilishib, Davlat soliq qo‘mitasi tarkibiga – bojxona boshqarmasi sifatida qo‘shib yuborishdi. O‘shanda Respublika rahbariyati meni chaqirib, Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qilib tayinladi...

- U yerda eshitganim bor ediki, Siz oddiy kiyim-bosh bilan, xalq orasida o‘zingizni tanitmay yurgansiz. Ichki ishlar xodimlari esa, “qilg‘ilikni qilib qo‘yib”, innaykeyin o‘z boshlig‘i, ya’ni generalni tanib qolishgan ekan. Shu gaplar rostmi?

- Bu bor gap. Mamlakat Birinchi Prezidentining – o‘sha paytlardagi “Davlat avtomobil inspeksiyasi” deya atalgan bo‘linma (ya’ni GAI) hamda Siyob bozori bo‘yicha o‘ta qattiq topshirig‘i bo‘lgan. Shu ikkita yo‘nalishda ishlash og‘ir kechgandi.

Samarqand shahridagi GAI ishini haqiqatan o‘rganish uchun o‘zim rulda yurib, xodimlar bilan “muomala qilib”, o‘sha qilmishlariga amin bo‘lib, keyin ularni tarbiyalash bilan shug‘ullanganman. Siyob dehqon bozoridagi militsiya xodimlari bilan “tanishuv”da ham oddiy kiyimda, “kartoshka-piyoz sotuvchisi” rolida bo‘lganman.

Chunki holatni yaqindan bilish kerak edi. Asl haqiqatni ich-ichidan bilmasang, noto‘g‘ri qaror qabul qilib qo‘yish hech gapmas. Bu esa – xalqning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin. “Men ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iman”, deya hamma yerni ag‘dar-to‘ntar qilsam, keyin nima bo‘lardi. Men nimaiki ish qilmayin, oldin uning ildizigacha yetib, shundan keyingina biror chora ko‘rganman...


Maqola muallifi

Teglar

O'rayimjon Abdug'aniev

Baholaganlar

88

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar