Sport orqali siyosat Turkiya – Isroil o‘rtasida yana janjal
Sport
−
15 yanvar 2024
6800Turkiyada to‘p tepadigan isroillik futbolchilarga nisbatan tekshiruv va tergovlar boshlandi va mazkur holat Turkiya va Isroil munosabatlarining yanada yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda.
Futbolchilarni hibsga olish
“Antaliyaspor” futbol klubining isroillik yarim himoyachisi Sagiv Yexezkel “ommaviy adovat va nafrat uyg‘otish”da ayblanib hibsga olindi. Bu haqda Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 28 yoshli futbolchi “Isroil tomonidan G‘azo sektorida amalga oshirilgan qirg‘inni qo‘llab-quvvatlashdagi mas’uliyatsiz harakatlari tufayli” qo‘lga olingan.
14 yanvar kuni Sagiv Yexezkel “Antaliyaspor” - “Trabzonspor” uchrashuvida gol urdi, shundan so‘ng qo‘lidagi “100 kun. 7.10” yozuvi bor bandajni ko‘rsatdi.
Bu orqali Yexezkel urushga qarshi bo‘lgani uchun ishora qilganini aytdi.
O‘yindan so‘ng “Antaliyaspor” klubi rahbariyati Yexezkelni jamoadan chetlatganini ma’lum qildi va u bilan shartnomasini bekor qildi.
Qayd etilishicha, klub sportchini Turkiyaning “milliy qadriyatlariga qarshi gapirganlikda” ayblagan.
Holatga Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet Turkiyaning harakatlarini ochiqchasiga qoralab, holatga munosabat bildirdi.
“Bu Turkiya – 2024. Uyat, Turkiya hukumati”, deydi Bennet.
Hozirda Isroil hukumati Yexezkelning ozod etish choralarini ko‘rayotgani aytilmoqda.
15 yanvar kuni Antaliya prokuraturasi Yexezkelni hibsdan ozod qildi. Bu haqda “TRT Haber” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, futbolchini olib ketish uchun Isroildan maxsus samolyot yuborilgan.
Shuningdek, “Istanbul Bashakshexir” futbol klubi jamoasining isroillik yarim himoyachisi Eden Karsevga Isroil-Falastin mojarosi boshlanganiga 100 kun to‘lishi munosabati bilan o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida postlar e’lon qilgani uchun tergov boshlandi.
Futbolchi o‘z Instagramʼiga Avstraliya sionistik federatsiyasining postini joylagan. Postda sariq lentalar tasviri va “Ularni hozir uyga olib keling” xeshtegini ko‘rish mumkin.
“Klubimiz ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy akkauntiga mamlakatimiz milliy qadriyatlariga zid bo‘lgan postlarni joylab, klub intizomiy qoidalarini buzgan Eden Karsevga nisbatan intizomiy ish ochdi”, deyiladi “Istanbul Bashakshexir” matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, Karsev 23 yoshda va 2023 yildan buyon Istanbul jamoasida o‘ynamoqda. Futbolchi Isroil terma jamoasi safida 5 ta o‘yin o‘tkazgan.
28 yoshli futbolchi Isroil tomonidan G‘azo sektorida amalga oshirilgan qirg‘inni qo‘llab-quvvatlashdagi mas’uliyatsiz harakatlari tufayli qo‘lga olingan.
Tabiiyki, vaziyatga ikki mamlakatning ko‘zga ko‘ringan shaxslari befarq qarab turmayapti.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats, isroillik futbolchi Sagiv Yexezkelning Turkiyada “ommaviy adovat va nafrat uyg‘otganlik”da ayblanib hibsga olinishi ortidan mamlakat hukumatini tanqid qildi. Katsning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyadagi bu ishlar sport an’analariga zid va respublikaning “qorong‘i diktatura”ga aylanayotganidan dalolat beradi.
“Turkiya insonparvarlik qadriyatlari va sport qadriyatlariga zid ishlaydigan “qorong‘i diktatura”ga aylandi. Futbolchini 100 kundan ortiq vaqt davomida garovga olingan 136 kishini qo‘llab-quvvatlashi terrorchi va qotil tashkilotga bo‘lgan nafratini ifodalaydi. Dunyo hamjamiyati va xalqaro sport tashkilotlarini Turkiyaga qarshi chora ko‘rishga chaqiraman”, deydi Isroil vaziri.
Kats, sportchilarga nisbatan siyosiy maqsadlarda tahdid qilish noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi.
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi “Osma yexudit” (“Yahudiy kuchi”) partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir isroillik futbolchi Sagiv Yexezkel Turkiyada hibsga olinganidan keyin mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni “haqiqiy natsist” deb atadi va isroilliklarni Turkiyani boykot qilishga chaqirdi.
"Turkiya isroillik o‘yinchilarga va umuman, isroillik ma’nosiga ega bo‘lgan hamma narsaga natsizm asosida munosabatda bo‘ladi. Erdo‘g‘an haqiqiy natsist", deb yozgan Ben-Gvir.
U isroilliklarni Turkiyaga uchmaslikka, turk tovarlarini xarid qilmaslikka yoki “ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlamaslikka” chaqirgan.
“Isroil davlati va fuqarolari Turkiyaga nisbatan iltifot ko‘rsatmasligi kerak. Biz o‘zimizni oyoq osti qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Isroil va Turkiya munosabatlarining yomonlashuvi
2023 yil 7 oktyabrda G‘azo sektoridan HAMAS harakatining Isroil hududiga kirib borishi, chegaradagi aholi punktlarida aholining o‘ldirilishi va 240 dan ortiq garovga olingan, jumladan, bolalar, ayollar va fuqarolarning qo‘lga olinishi bilan birga Yaqin Sharqdagi vaziyat keskin yomonlashdi. Radikallar bu hujumni Isroil rasmiylarining Quddusdagi Al-Aqso masjidiga qarshi harakatlariga javob deb atadi. Isroil G‘azoni to‘liq o‘z qo‘liga olganini e’lon qildi hamda Livan va Suriyaning ayrim hududlariga zarba berishni boshladi.
Bu keskinlashuv o‘tgan yillarda yaxshilangan Turkiya-Isroil munosabatlarining tez fursatda yomonlashishiga olib keldi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilning G‘azodagi xatti-harakatini bir necha bor keskin tanqid qildi, Erdo‘g‘an Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni “harbiy jinoyatchi” deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berib, Isroilni “terrorchi davlat”ga chiqardi. Netanyaxu bunga javoban Erdo‘g‘an kurdlarga qarshi genotsid qilayotganini aytdi.
2023 yil oktyabr oyi oxirida, Anqara tomonidan yomonlashgan ritorika fonida, Isroil Tashqi ishlar vazirligi “Isroil-Turkiya munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish uchun” diplomatlarni chaqirib olishini e’lon qildi. Turkiya ham Tel-Avivdagi elchisini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.
Siyosiy ishlar fonida sportchilarning javobgarlikka tortilishi qay darajada to‘g‘ri. Fikrlaringizni izohlar bo‘limida yozib qoldiring.
LiveBarchasi