“Katta o‘zbek”ning katta to‘yi va katta to‘yanalar – Sport dayjesti
Tahlil
−
24 dekabr 2023 15040 6 daqiqa
Katta o‘zbekning katta to‘yi va katta to‘yanalar, pul mukofotlarini qabul qilib olgan Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari, Rossiya maydonlarini “yondirayotgan” Abbosbek Fayzullayev va Fransiya klubida tobora o‘z o‘rnini topib borayotgan Abduqodir Husanov bugun diqqat markazida. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti
O‘zbekistonlik shaxmatchi qiz Osiyo chempioni bo‘ldi
17 dekabr kuni BAAning Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari boshlandi.
Musobaqaning dastlabki kunidayoq O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Umida Omonova blits yo‘nalishida Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Davron Sharipov 2-o‘rinni, Malikaxon Jumayeva va Husnoraxon Husniddinovalar 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joiz, Umida Omonova Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida kumush medalga ega chiqqandi.
Ma’lumot uchun, musobaqada 41 ta davlatdan 650 nafar shaxmatchilar ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonlik velosportchi qiz xalqaro turnirda chempion bo‘ldi
Portugaliyada velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha “Trofeu Internacional de Pista” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Margarita Misyurina oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Misyurina g‘oliblikka skretch dasturida erishdi. Shohsupaning qolgan o‘rinlarini Portugaliya va Ispaniya vakillari band etdi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nafosat Koziyeva hamda Sofiya Karimovalar ham qatnashmoqda.
Ma’lumot uchun, 20 yoshli Misyurina bungacha Polsha davlati mezbonlik qilgan “Grand Prix Poland USI ” turnirda kumush medalga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, velosportchi shu yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ham ishtirok etdi.
Fayzullayev ketma-ket uchinchi marta SSKAning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev noyabr-dekabr oyiga ko‘ra, SSKA klubining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda Moskva klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Klub ijtimoiy tarmoqlarida o‘tkazilgan so‘rovnomada 80 foiz bilan jamoadoshlarini ortda qoldirdi. Umumiy hisobda 34 mingdan ortiq muxlis Fayzullayevga ovoz bergan. Abbosbekdan tashqari, Villian Rosha, Ivan Oblyakov, Kellven, Fedor Chalov va Anton Zabolotniy oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da’vogarlik qilgandi.
Ma’lumot uchun, hozirda Fayzullayev BAAda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatar mezbonlik qiladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ta’kidlash joiz, 20 yoshli Fayzullayev sentyabr va oktyabr oylarida ham o‘z klubining eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilgandi.
Fransiya klubi safidagi o‘zbekistonlik futbolchining qiymati oshdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer narxi ko‘tarildi. Bu haqda “Transfermarkt” xabar berdi.
Futbolchining yangi qiymati 800 ming yevrodan 1,5 million yevroga ko‘tarildi. Shunday qilib, Husanov Osiyoda 20 yoshgacha bo‘lgan eng qimmat futbolchilar reytingida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Futbolchi bu borada faqatgina avstraliyalik Chirsati va hamyurti Abbosbek Fayzullayevdan ortda qolmoqda.
Ta’kidlash joiz, hozirda Husanov 2004 yilda tug‘ilgan Osiyoning eng qimmat futbolchisi sanaladi.
Ma’lumot uchun, 19 yoshli Husanov joriy yil “Lans” tarkibida 6 ta o‘yinda maydonga tushdi.
“Shalpangquloq kubok”ning 1/8 finaliga qur’a tashlandi
18 dekabr kuni Shveysariyaning Non shahrida futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining (YeCHL) 1/8 finaliga qur’a tashlandi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, joriy musobaqada g‘oliblik uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rilayotgan Madridning “Real” klubi bilan Germaniyaning “Leypsig” klubi to‘qnashadigan bo‘ldi. Amaldagi chempion Angliyaning “Manchester Siti“ klubi esa chorak finalga chiqish uchun Daniyaning “Kopengagen” jamoasi bilan bahs olib boradi.
Qur’a natijalari:
“Portu”-“Arsenal”;
“Napoli”-“Barselona”;
PSJ-“RealSosedad”;
“Inter”-“Atletiko”;
PSV-“Borussiya Dortmund”;
“Latsio”-“Bavariya”;
“Kopengagan”- “Man Siti”;
“Leypsig”-“Real”.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum YeCHL finaliga Angliya poytaxti London shahri mezbonlik qiladi. Hal qiluvchi o‘yin afsonaviy “Uembli” stadionida o‘tkaziladi.
Bahodir Jalolov uylandi
20 dekabr kuni Toshkent shahrida o‘zbekistonlik professional bokschi, Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolovning to‘yi munosabati urf-odatlarga ko‘ra osh dasturxoni yozildi.
Yig‘inga O‘zbekistonning ko‘plab taniqli shaxslari ishtirok etdi. Jumladan bokschiga baxt tilash uchun restoranga o‘zbek sporti hukumati vakillari Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Ochilboy Ramatov, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari keldi.
21 dekabr kuni esa nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29 yashar bokschining turmush o‘rtog‘i Aziza hozirda universitetda tahsil oladi.
Aytish mumkinki, Jalolovning xonadoniga kelinning qadami qutlug‘ keldi. To‘yning ertasi kuniyoq Xalqaro boks assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlev o‘zbekistonlik bokschiga BMW avtobrendining X5 rusumidagi avtomobilni sovg‘a qildi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur rusumdagi “toychoq”larning narxi 90 ming AQSH dollaridan boshlanadi. Jalolov to‘yanani qabul qilib olgach Umar Kremlev telefon orqali sporchini tabrikladi. Undan tashqari rossiyalik mashhur bokschi Dmitriy Bivol Jalolovga baxt tilab, unga samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Osiyo o‘yinlari sovrindorlariga pul mukofotlari berildi
21 dekabr kuni Toshkent shahridagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida shu yili Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari sovrindorlariga pul mukofotlari topshirildi.
Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Paralimpiya qo‘mitasi rahbari Muxtorxon Toshxo‘jayev va boshqa sport federatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yilda qabul qilingan tegishli qaroriga ko‘ra, Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilarga 10 ming, kumush medal sohiblariga 5 ming va 3-o‘rin egalariga 2,5 ming AQSH dollari pul mukofoti topshirildi/Shuningdek, sportchilarni musobaqalarga tayyorlagan murabbiylariga ham pul mukofotlari berildi.
Sportchilarini tayyorlagan trenerlarga:
• oltin medal uchun – 5 000 dollar;
• kumush medal uchun – 2 500 dollar;
• bronza medal uchun – 1 250 dollar.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida 71 ta, Para Osiyo o‘yinlarida esa 79 ta medal jamg‘argandi.
Neymar Amerika kubogini o‘tkazib yuboradi
Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi a’zosi va Braziliya terma jamoasi yetakchisi Neymar 2024 yilgi Amerika kubogida vatani termasiga yordam bera olmaydi. Bu haqda terma jamoa shifokori Lasmar ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 2024/2025 yilgi mavsum boshida to‘liq safga qaytishi rejalashtirilgan Neymarni keyingi yozgacha tiklanishga majburlashdan ma’no yo‘q.
Amerika Kubogi 2024 kelasi yilning 20 iyundan 14 iyuliga qadar AQSHda bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Neymar 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi doirasidagi Braziliya va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda jarohat olgan edi. Keyinchalik futbolchiga chap tizzasidagi xochsimon payning uzilishi tashxisi qo‘yildi
Live
Barchasi