Toshkentni “qo‘lga olganlar” qo‘lga olindi

3-sahifa

Bir necha kundan buyon O‘zbekistondagi barcha Ommaviy axborot vositalari “Baxti Tashkentskiy” laqabli Baxtiyor Qudratillayev, “Saidaziz medgorodok”, “Buzruk”, “Zavxoz”, “Ziki eski shahar” kabi o‘zini "ko‘cha bolalari" sifatida namoyon qilishga uringan yigitlar qamoqqa olingani haqida Ichki ishlar organlaridagi manbalariga tayanib xabar berayotgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib rasmiy idoralar yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolar qo‘lga olinganini tasdiqladi.

Dastlab, Toshkent shahrida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, birinchi bo‘lib, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev qo‘lga olingani va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Saidaliyevga Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur ish doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan. 

“Toshkent shahrida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan 1987 yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaglamovich Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan, jismonan baquvvat bo‘lgan bir nechta shaxslarni o‘z atrofiga jalb qilib, bir nechta jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidandir" deyiladi IIBB xabarida.

Shuningdek, IIBB fuqarolardan Saidaziz Saidaliyev yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsa, huquq tartibot idoralariga murojaat qilishlari va ularning shaxsi sir saqlanishini qo‘shimcha qilgan. 

IIBB “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev qo‘lga olinganini ham rasman tasdiqlab, unga va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Baxtiyor Qudratullayevga nisbatan JKning 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qolaversa, mazkur jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoiy faoliyat olib borgan bir nechta shaxslar gumonlanib ushlangan. 

Jumladan:

1971 yilda tug‘ilgan Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev JKning (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik; 276-modda 2-qismi, ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash);

1980 yilda tug‘ilgan Dilshod Tulkinovich Sharipov (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);

1972 yilda tug‘ilgan Anvar Babarajabovich Mirzaxanov (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik).

“Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li bilan pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan. Jinoyat ishi doirasida  gumon qilinuvchi B.Z.Qudratullayev, A.B.Mirzaxanov, D.T.Sharipovlar protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda”, deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Hozirgacha bir nechta OAVda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev huquq-tartibot organlari tomonidan Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyida qo‘lga olinganini yozmoqda. Toshkent shahar IIBB buni rasman ochiqlamagan bo‘lsa ham, QALAMPIR.UZ manbasi bu ma’lumotni tasdiqladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiyada "Salimboyvachcha" nomi  bilan tanilgan Salim Abduvaliyev qo‘lga olingan. Ayni vaqtda Abduvaliyevga nisbatan tergovoldi surishtiruv jarayonlari davom etmoqda. Uning salomatligi borasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xavotirli gaplar esa o‘rinsiz.

Shaharni “ko‘cha bolalari”dan tozalash nafaqat Toshkentda balki, Farg‘onada ham boshlangan. 

Farg‘ona viloyatida ham kriminogen vaziyat ustidan katta tozalash ishlari olib borilmoqda. Oxirgi 10 kunda jinoyat sodir etgani uchun qidirilayotgan 37 kishi topilgan, 22 kishi bezorilik ustida ushlangan, 248 kishining uyida tintuv o‘tkazilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qo‘lga olinganlar orasida MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov ham bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, sportchi Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxslarga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Voqea ortidan sportchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangan. 

“Joriy yilning 27 noyabr kuni esa, sportning jangovar turi bilan shug‘ullangan H.To‘xtamurodov guruhbozlikka intilib, atrofiga turli xil tezkor vaziyatga salbiy ta’sir qiluvchi shaxslarni yig‘ib, Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan vaqtda, tezkor xodimlar tomonidan ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi”, deyiladi IIB xabarida.

Qayd etilishicha, viloyatda “Zarbdor 40 kunlik” doirasida Farg‘ona viloyatida tezkor vaziyat barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash borasida hamkorlikdagi tezkor-qidiruv profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Olingan tezkor ma’lumotlar asosida kriminogen muhitda mavqega ega bo‘lgan 248 nafar shaxslarning yashash va boshqa manzillarida kompleks tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. 

Shuningdek, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning huquqbuzarliklarini aniqlash bo‘yicha 106 marta faol tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, 66 ta jinoyat aniqlangan. 

Mazkur tadbirlar davomida:

 ⁃ 4 kg 749 gramm giyohvandlik vositalari;

 ⁃ 78 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar;

 ⁃ 45 dona turli xil kompyuter, telefon hamda diniy adabiyotlar topilgan.

Jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 37 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan. Bundan tashqari, o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida guruhbozlik qilgan 22 nafar shaxslar bezorilik ustida ushlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yilgan. 

Farg‘ona IIBning asoslashicha, joriy yilning 22 noyabr kuni Oltiariq tumanida guruhbozlikka intiluvchi ikki guruh vakillari A.Rustamov va T.Mirzarahimov o‘rtasida janjal kelib chiqqan. O‘tkazilgan tezkor ishlar davomida 15 nafar guruhbozlar va ularning izdoshlari qo‘lga olinib, jazo muqarrarligi ta’minlangan. 

Shuningdek, Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida uyushgan guruhga rahbarlik qilib, fuqarolarni tovlamachilik va mulklarni boshqa yo‘llar bilan talon-toroj qilgan A.Mamirov jinoyat ustida qo‘lga olinib, tergov organlariga topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing