Ostonada "yumshoq kuch”larsiz yig‘ilgan kuchlar
Tahlil
−
06 noyabr 2023
41713 noyabr. Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev nomi bilan nomlangan sobiq Nur-Sulton, hozirda Ostona nomiga qaytgan poytaxti bir vaqtlar Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan tashkil topgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-yubiley sammitiga mezbonlik qildi.
Unda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi mamlakatlar – Vengriyadan Bosh vazir Viktor Orban, Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari esa sammitga kelmadi. Xo‘sh, nega aynan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga alohida to‘xtalyapmiz? Buni birozdan keyin bilib olasiz.
Ostonada o‘tgan sammitga an’anaga ko‘ra Soft power, ya’ni yumshoq kuchlar, mamlakatlarning birinchi xonimlari kelmadi. Bu ham bo‘lsa mezbon Qosim-Jomart To‘qayevning talabi bo‘lsa, ajabmas. Ha, aynan talabi. Chunki bugungacha To‘qayev hech qayerda turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rinish bermagan. Boshqa mamlakatlarda bo‘ladigan tadbirlarga ham rafiqasini olib bormaydi. Ko‘pchilik uning oilasi tinch-totuvligi, xotini bilan birga yashashiga shubha bilan qaraydi.
Hatto, rafiqasini umuman ommaga ko‘rsatmagan Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham 2021 yilning 27 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Ashxobodda o‘tgan sammitiga turmush o‘rtog‘i Emina Erdo‘g‘anni yetaklab borgan Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yoniga rafiqasi Og‘ulgerek Berdimuhamedovani olib chiqqandi. O‘shanda jamoatchilik birinchi marta Turkmaniston Birinchi xonimini ko‘rgan.
Bu galgi sammitda ommaga ko‘rinishdan qochadigan Birinchi xonim yo‘q edi. Agar Qozog‘iston tomonidan taklif bo‘lsa birinchi xonimlar kelardi, xuddi o‘tgan yili Samarqand sammitiga Ziroat Mirziyoyeva boshchiligida Mehribon Aliyeva, Emina Erdo‘g‘an va Aniko Levai to‘plangani kabi. Lekin, afsuski, Samarqandda tugilgan tog‘oralar Ostonada ochilmadi.
Ha, mayli, janob To‘qayevning rafiqasi bordi-keldi qilmay qo‘yaversin. Biz esa Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-yubiley sammiti qanday o‘tganiga nazar tashlaylik.
Sammitda moderatorlik mezbon To‘qayevning chekiga tushdi va u ilk so‘zni 2023 yilda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga davriy raislik qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga berdi. O‘zbekiston Prezidenti so‘zini Bilga Xoqonning “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!” degan so‘zlari bilan boshladi.
Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni "qadrli birodarim" deb atab, uning yetakchiligida Ozarbayjon olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritayotganini urg‘uladi. Ozarbayjon Armaniston ustidan g‘alaba qilib, Qorabog‘ yerlarini qaytarib olish orqali 30 yillik adolatni va mamlakat hududiy yaxlitligini tiklagani bilan tabrikladi.
Mirziyoyevning nutqi boshqalarnikiga qaraganda ancha jonli, takliflari jo‘yali bo‘ldi. Buni tilyog‘lamalik deb qabul qilishga shoshilmang. Keyin nutqlarda boshqa rahbarlar nima deganiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Nutqning birinchi yutug‘i shundaki, Mirziyoyev birinchi bo‘lib Falastin masalasini ko‘tardi. Uning aytishicha, bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda.
“Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Falastin-Isroil muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Qurolli to‘qnashuvda tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda”, dedi Prezident.
Mirziyoyev yana dadil tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqirdi.
“Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbarining aytishicha, Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega.
Mirziyoyev Falastin masalasiga to‘xtalib, qo‘shni Afg‘onistonni ham unutgani yo‘q. Uning qayd etishicha, Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqada strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Ammo dunyo Afg‘onistonni juda tez unutdi.
“Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak. Biz ilgari surayotgan Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi”, deydi Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 6 ta taklifni ilgari surdi. Takliflardan ekologiya masalalaridan yoshlarga oid siyosatgacha, “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqishdan tortib, global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish masalasigacha o‘rin olgan.
Keyingi so‘z navbati Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga tegdi. Qorabog‘ni deb boshidan ancha og‘ir kunlar va qirg‘inlarni kechirgan Ozarbayjon so‘nggi 30 yil ichida harbiy nuqtayi nazardan mustaqil va mustahkam bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi va bunga qisman bo‘lsa-da erisha oldi. Shu bois u o‘zini ham boshqalarni ham ko‘proq mudofaa, ko‘proq xavfsizlik haqida o‘ylashga undamoqda. So‘z boshida Aliyev Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘zaro xavfsizlik, mudofaa, mudofaa sanoati kabi sohalarda hamkorlikni yanada oshirish kerakligini alohida qayd etdi.
“Afsuski, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida xalqaro huquq normalari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Urushlar, qonli to‘qnashuvlar boshlanadi. Bunda xavfsizlikning asosiy kafolati, birinchi navbatda, mamlakatlarning mudofaa salohiyatiga aylanadi”, degan Aliyev
Uning qayd etishicha, Armaniston 30 yilga yaqin Ozarbayjon yerlarini bosib olib, u yerda noqonuniy uydirma tuzum yaratdi. Armaniston tomonidan olib borilgan etnik tozalash oqibatida bir milliondan ortiq ozarbayjonliklar o‘z ota-bobolari zaminidan quvilgan. Armaniston shahar va qishloqlarni yer bilan yakson qildi, tarixiy va diniy yodgorliklarni vayron qildi, buzdi. Shu tariqa Aliyev Ozarbayjon 3 yil ichida qanday qilib Armanistonni mag‘lub qilgani va Qorabog‘ni qayta egallaganini aytib berdi.
Albatta, 30 yil davomida vayron qilingan Qorabog‘ni oddiy shahar va qishloqlar bilan tenglashtirish anchayin qiyin. Shaxsan men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman Qorabog‘ni, uning yo‘q qilingan tarixini, obidalarini, cho‘chqa xidi anqib yotgan masjidlarini. Bu shunchaki vayrona emas, balki Armanistonning buzg‘unchi siyosati oqibatlari.
Hozirda Qorabog‘ni tiklash oson kechayotgani yo‘q. Tez fursatda Bakudan Qorabog‘ga yo‘l solindi, Fuzuliyda aeroport, Shushada qo‘sha-qo‘sha mehmonxonalar qurildi. Bularning barchasiga 7 millard AQSH dollari sarflandi. Albatta, do‘st mamlakatlar ham tomoshabin bo‘lib qarab turgani yo‘q. Masalan O‘zbekiston ka-a-atta maktab qurib berdi. Qozog‘iston ham bir nimalar quryapti. Aliyev so‘zida davom etib, Fuzuliy shahrida qurilishi tugallangan maktab uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Yosh kelsa ishga degan gap bor turkiy xalqlarda. Japarov ham nutqida ko‘proq investitsion loyihalar, pullik masalalar, xususan yaqinda tashkil topgan Turkiy investitsiya fondi haqida gapirdi. To‘g‘ri-da, uning boshi boshqalarnikidan ko‘ra baloga botgan. Unga qarzga botgan Qirg‘iziston meros qoldi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, joriy sammit “inqiroz davrida” o‘tmoqda.
Japarov, shuningdek, tashkilot doirasida “sayyohlik marshrutlari”ni faolroq ishlab chiqish va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatini 2025 yilda “turk dunyosining sayyohlik markazi” deb e’lon qilishni taklif qildi.
Turkiy Davlatlar Tashkilotining 11-sammiti esa 2024 yilning noyabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkaziladi. Bu taklifni Japarovning o‘zi bildirdi.
“Qirg‘iziston Respublikasi 2024 yilda respublika hududida navbatdagi TDT sammitini o‘tkazishga tayyor. Fursatdan foydalanib, sizlarni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan 11-TDT yig‘ilishida ishtirok etishga taklif qilmoqchiman”, dedi Japarov.
So‘z navbati Turkiy Davlatlar Tashkilotining oqsoqoli, ta’bir joiz bo‘lsa eng keksa Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga. U gapni Ozarbayjonning Armaniston ustidan qozong‘an g‘alabasidan g‘ururlanishini aytishdan boshladi. Turkiya rahbariga ko‘ra, ochilgan imkoniyatlar derazasidan unumli foydalanish – Turkiya va Turkiy dunyoning eng katta orzusi. U aynan “imkoniyatlar derazasi” deb nimani nazarda tutayotgani, bizga qorong‘i. Erdo‘g‘anning o‘zi ham bunga ta’rif berib o‘tmadi, ammo Armanistonni Ozarbayjon va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.
“Armanistonning Ozarbayjon oldidagi majburiyatlarini bajarishi muhim. Naxchivanni Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari bilan bog‘laydigan transport liniyasini amalga oshirish ham katta ahamiyatga ega. Yo‘lning ochilishi mintaqadagi barcha davlatlarning farovonligiga katta hissa qo‘shadi va Turkiyani ham ota-bobolarimiz vatani Markaziy Osiyo bilan bog‘laydi. Turkiy dunyo o‘laroq bu jarayonning muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun Ozarbayjonga yordamimizni davom ettirishimiz kerak”, dedi Erdo‘g‘an.
Hali Turkiya Prezidenti Qozog‘istonga kelmay turib, turk matbuotida Erdo‘g‘an Falastin uchun u qiladi, Erdo‘g‘an Falastin uchun bu qiladi, Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida Isroilning jinoyatlarini ochib tashlaydi, degan balandparvoz gaplar tarqalgandi. Aynan shu gaplar sammit uchun yaxshigina piar vositasi bo‘ldi. Ha-ha, piar bo‘ldi, voqeaning o‘zi sodir bo‘lmadi. Erdo‘g‘an bu safar ham G‘azodagi voqealarni qoralashdan nariga o‘tmadi. Bu safar esa uning shiddati sezilmadi.
“Shifoxonalar, maktablar, masjidlar, cherkovlar va qochqinlar lagerlari bombardimon qilinmoqda. Begunoh bolalar vahshiylarcha o‘ldirilmoqda. 7 oktyabrdan buyon guvohi bo‘layotganimiz bu shafqatsizlikni tushuntirib beradigan yoki bahona qiladigan tushuncha yo‘q. Ochig‘ini aytganda, G‘azoda roppa-rosa 28 kundan beri insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Turkiya o‘laroq biz bu inqiroz boshlangan ilk davrdan prinsipial va insonparvar pozitsiyani egalladik”, dedi Turkiya Prezidenti.
Shuningdek, u, xalqaro tinchlik konferensiyasi uchun zamin yaratish bo‘yicha harakatlarni davom ettirayotganini bildirdi. Hozirgacha Turkiyadan 10 ta samolyot to‘la gumanitar yordam G‘azo sektoriga yuborilgan.
Erdo‘g‘an, sammitda, yana bir muhim fikrni o‘rtaga tashladi. Uning aytishicha, Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarda yagona alifbo bo‘lishi kerak.
“Birinchi qadam – alifbo birligini ta’minlash. Bu borada Prezidentlarning ko‘magi juda muhim. Oliy ta’lim kengashimiz tomonidan kotibiyatimizga yetkazilgan takliflar siz aziz birodarlarim tomonidan to‘g‘ri baholanishiga ishonaman”, dedi Erdo‘g‘an.
Mana endi navbat keldi Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga.
Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa qayerga borsa, o‘sha yerga Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Prezidenti Ersin Tatarni yetaklab borishga, juda bo‘lmaganda nutqida Shimoliy Kipr Turk Respublikasini eslatib ketishga urinadi. O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitidagi nutqida ham Erdo‘g‘an, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomida qabul qilinganini aytdi. Bunga hech kim e’tiroz bildirmadi, Samarqand deklaratsiyasida ham bu o‘z ifodasini topdi. Qolaversa, tashkilotning Istanbuldagi bosh shtab-kvartirasiga boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlarning bayroqlari qatori tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayrog‘i ham o‘rnatildi. Yanayam ajablanarlisi Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Prezidenti Ersin Tatar tashkilotning joriy yil 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sammitida boshqa Prezidentlar bilan bir stol atrofida o‘tirdi.
Eng qizig‘i, Turkiyadan boshqa hech bir davlat parlamenti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmagan va uni Turkiy Davlatlar Tashkiloti kuzatuvchisi sifatida e’tirof etmaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tarqatilgan so‘nggi xabarga e’tibor qaratsak. O‘zbekiston rahbarining Ostonada o‘tadigan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqlovchi rasmiy axborot so‘ngida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega ekani aytilmagan.
“Tashkilotga O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi. Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Turkiya Respublikasi a’zo, Vengriya va Turkmaniston tashkilotda kuzatuvchilardir”, deb yozilgan axborotda.
Demakki, O‘zbekiston Samarqand deklaratsiyasida aks etgani, bayrog‘i shtab-kvartiraga ilinganiga qaramay, Shimoliy Kiprni bu tashkilot ichida ko‘rmaydi. Va bu faqatgina O‘zbekistonga xos emas, boshqa davlatlarda ham shunday vaziyat. Shunga qaramay, Erdo‘g‘an har nutqida Shimoliy Kiprni dastaklashga urinadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi.
“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman”, dedi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya rahbari tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Turkmanistonni ham a’zolar qatorida ko‘rmoqchi ekanini yashirmadi. Erdo‘g‘an bu gaplarni aytayotganda esa, Gurbanguli Berdimuhamedovning ko‘zi bir aylanib tushsa deng. Va uzoq kuttirmay so‘z navbatini sochlariga oq oralagan Berdimuhamedov oldi.
Uning gaplaridan tushunish mumkinki, Turkmaniston Turkiya va Ozarbayjon bilan birgalikda o‘z tabiiy gazini Kaspiy dengizi orqali yetkazib berish bo‘yicha muammolarni tez orada hal etishga umid qilmoqda.
“Turkmaniston tabiiy gazini Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Turkiya va kelajakda jahon bozorlariga chiqarish imkoniga egamiz. Shu munosabat bilan qardosh mamlakatlarimiz bilan barcha zarur masalalarni tez orada hal etib, tegishli ishlarni amalga oshirishimizga qat’iy ishonaman”, deydi Berdimuhamedov.
Uning ta’kidlashicha, Turkmaniston qo‘shni va boshqa davlatlarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirish ustida ish olib bormoqda.
“Elektr energiyasiga kelsak, bugungi kunda Turkmaniston uni qo‘shni qardosh O‘zbekiston va Qirg‘izistonga jo‘natadi. Bu sektorda yaqin kelajakda Kaspiy dengizi orqali qardosh Ozarbayjon va Turkiyaga elektr energiyasi jo‘natishimiz mumkin”, dedi u.
Turkiy Davlatlar Tashkilotida Yevropaning ovozi bo‘lgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi yetakchilarining Ukraina bilan mojaroda Rossiyaning mag‘lubiyati va Moskvadagi rahbariyatning o‘zgarishi haqidagi hisob-kitoblari asossiz ekanini, Yevropa boshqa strategiyaga muhtojligini aytdi.
"Ular Ukraina g‘alaba qozonadi, Rossiya esa mag‘lub bo‘ladi, shundan so‘ng Rossiyada rahbariyat o‘zgaradi va yangi rahbariyat bilan muzokaralar olib boriladi, deb o‘ylaydi. Bu muvaffaqiyatsiz reja. Bu juda ambitsiyali, lekin u ishlamaydi” dedi Orban.
Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaning urush davom ettirishini istaydi. Ular Ukrainani moliyalashtirib, qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi. Shu munosabat bilan u Yevropaga Ukraina bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini ko‘zda tutuvchi "B" reja zarurligini aytgan.
"Vengriya bunday rejani qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Rossiya va Ukraina uchun maqbul bo‘lgan yangi Yevropa xavfsizlik arxitekturasini qurishga chaqiramiz” degan Orban.
Shu tariqa Prezidentlarning 1 soatu 50 daqiqa davom etgan sammiti yakunlanib, Shavkat Mirziyoyevga “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimdagi mana bu surat e’tiborni tortadi. Unda ko‘rib turganingizdek O‘zbekiston Prezidenti va Turkiya Prezidenti yonma-yon o‘tiribdi. Aliyevning yonginasidan esa Japarov o‘rin olgan. Gurbanguli Berdimuhamedovni esa o‘ng tomonidan Erdo‘g‘an bilan, chap tomonidan esa Orban bilan kichik choy stollari ajratib turibdi.
Xullas, Turkiya Davlatlar Tashkilotining navbatdagi sammiti ham yakunlanib, Prezidentlar qosh qoraymay Qozog‘istonni tark eta boshladi. Faqat rafiqasini uyga tashlab kelgan Erdo‘g‘anning ishi biroz cho‘zildi. U To‘qayev bilan delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi, keyin unga o‘zi bilan olib kelgan – Turkiyada ishlab chiqarilgan TOGG avtomobilini sovg‘a qildi. Bugungacha bu avtomobil tashkilotga a’zo davlatlardan Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlariga sovg‘a qilingandi. Endi To‘qayevda ham bor.
So‘zimiz avvalida bejiz tashkilotning qurilishida muhim hissa qo‘shgan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevni eslamadik. Erdo‘g‘an Nazarboyev lavozimdan ketib, mamlakatda unga qarshi namoyishlar o‘tkazilgan, maqomi tushirilgan bo‘lsa-da sobiq mavqedoshidan dam-badam xabar olib turardi. O‘tgan yili Antaliya tinchlik forumiga ham taklif qilgandi. Bu safar Qozog‘istonga kelib, u bilan ko‘rishmay qaytdi. Balki, ko‘rishgandir ham, har holda bu haqda rasmiy axborot berilgani yo‘q.
LiveBarchasi