“Zug‘ulba” qarorgohida Mirziyoyev va Aliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
22 avgust 2023 14549 2 daqiqa
“Zug‘ulba” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan.

Yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashgan. Uchrashuvda parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani ta’kidlangan.
Shuningdek, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paygani, Ozarbayjonda O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ish, ipakchilik va to‘qimachilik klasterlari tashkil etilgani hamda tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes forumi natijasida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli to‘plami shakllantirilgani alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilgan.
Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etilgan.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘rta koridor orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etgan.
Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim va fan sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga va Shahidlar xiyoboniga tashrif buyurgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr