O‘zbek san’ati og‘ir judolikka uchradi
Madaniyat-san’at
−
19 iyul 2023
26683O‘zbek Milliy akademik drama teatrining zabardast aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov bugun, 19 iyul kuni 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek Milliy akademik drama teatri xabar berdi.
Tolib Karimov 1940 yilda Toshkentda tug‘ilgan.
U 1961 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining (hozigi Madaniyat va san’at instituti – tahr.) aktyorlik fakultetini tugatgach,1961-63 yillarda institut yo‘llanmasi bilan Ko‘qondagi Hamza nomli teatrda aktyor sifatida ijodiy faoliyatini boshlaygan. Bu teatrda u Said Ahmadning "Hasan-Husan" komediyasida militsioner, Odil Yokubovning "Olma gullaganda" asarida Aziz, Lazutinning "Serjant militsiyasi" asarida serjant va boshqa bir necha rollarni ijro etgan.
Tolib Karimov 1963 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga o‘tib, shu kungacha ushbu teatrda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Shu davrda u g‘arb dramaturglari, rus va boshqa qardosh xalqlar, shuningdek o‘zbek dramaturglarining asarlari asosida sahnalashtirilgan qirqdan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynagan. U yaratgan Yo‘lchi (Oybek,"Qug‘lug‘ qon"), G‘ofur (Hamza,"Boy ila xizmatchi"), general Kolotov (L.Sheynin, "Mudhish aybnoma"), Aziz (S.Azimov, "Zamon dramasi"), Cho‘pon (Sofokl, "Shoh Edip"), Ulug‘bek (Shayxzoda, "Mirzo Ulug‘bek"), Darvesh (M.Karim, "Oy tutilgan tunda"), shoh Ma’mun (Uyg‘un, "Abu Rayhon Beruniy"), Pinochet (Bichkov, "Men Chiliga ishonaman"), Abreskov (L.Tolstoy, "Tirik murda"), Azizboy (Izzat Sulton, "Istehkom"), Hojidarg‘a (T.To‘la, "Nodirabegim"), professor Ivanov (A.Safronov, "Yurak operatsiyasi"), Ahmad Tanbal (P.Qodirov, "Yulduzli tunlar"), Mirzakarim Qutidor (I.Sulton, "Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari"), Husayn Boyqaro (Uyg‘un, I.Sulton "Alisher Navoiy"), Amir Temur (A.Samad, "Sohibqiron Temur") va boshqa obrazlar aktyor ijodida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Shuningdek, u "Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi" teleko‘rsatuvlarida ham ko‘plab asosiy rollarni ijro etgan. Telepostanovka, telespektakl, videofilm va respublika radiosida berilgan radiospektakllarda faol qatnashish Tolib Karimovning keng san’at muxlislariga yaqindan tanilishida yetakchi omil bo‘lgan. U 1987 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan. "Qutlug‘ qon" spektaklida Tantiboyvachcha rolini ijro etgani uchun u 1989 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Aktyor 1997 yilda "Mehnat shuhrati"ordeni bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi