Poytaxtda tartib qolmadi yoxud quruvchilarni tiyadigan odam yo‘qmi?
Tahlil
−
12 iyul 2023
10587Ko‘pchilik poytaxtdan ayniqsa markaziy ko‘chalardan uy olishni orzu qiladi. Ko‘chalar doim toza, yo‘l chiziqlari chizilgan, ha deganda bezovta qilishmaydi, Xullas tinch joylar. Malumotlarga ko‘ra, o‘tgan 6 yilda O‘zbekistonda 300 mingta uy-joy qurildi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p. O‘zbekistonning turli nuqtalari baland binolar bilan to‘layotgani sir emas. Ammo ularni sifatli, barcha xat-hujjati joyida deb baralla aytolmaymiz. Tahririyatga keladigan murojaatchilarning ko‘plari uy olish uchun oldindan to‘lov qilgan va kadastr hujjatini ololmay sarson bo‘layotgan fuqarolar. Bekorga bu mavzu haqida gap boshlamadik. Gap shundaki, Toshkent shahrining Mirobod tumani Kichik-Mirobod ko‘chasi 74/76 uyda “Diplomat” nomli turar-joy majmuasi qurilgan. Odamlardan oldindan pul olindi, uy qurildi, chala ta’mirlangan uyga odamlar ko‘chib ham kirdi. Lekin mulkka egalik huquqi, kadastr hujjatlari hamon uy egalariga berilganicha yo‘q.
“2021 yil 29 aprel kuni kichik Mirobodda joylashgan “Diplomat” turar joy majmuasidan uy xarid qilganman. “Dom”ni “LUXURY CAR WASH” MCHJ qurgan. Bizga 2021 yilda barcha tekshiruvlardan o‘tib, uy egalariga topshirilishi aytilgan va xaridorlardan 100% pul olingan.
2021 yil aprel oyidan hozirgi kunga qadar birorta xonadonga kadastr hujjatlari berilgani yo‘q. Qo‘shnilar bilan uyning suv, gaz,“svet” va boshqa kamchiliklarini to‘g‘riladik. Hozir 85% odam uyga ko‘chib kelgan. Afsuski, birortamizda kadastr hujjati, shaxsiy pulimizga sotib olgan uyimizga egalik huquqimiz berilmagan”, Oyimxol Shabekova.
Sotib olayotgan uyi o‘z vaqtida bitishiga umid qilgan Sherzod Rahimovning aytishicha, u uyni o‘z vaqtida olish va hujjatlarda muammo bo‘lmasligi uchun oldindan 10 ming dollar to‘lagan.
“2021 yil may oyida 166 kv metr bo‘sh uy xarid qilganman. Men to‘lov qilgan vaqtimda bir oy ichida ko‘chib kirish mumkinligi aytilib, qo‘shimcha 10 ming dollar pul olishgan. Uyni sotib olgan vaqtimda “dom”ni tomi yopilgan, derazalar qo‘yilgan edi. Qimmat bo‘lsa ham tez ko‘chib kirish maqsadida sotib olgandim. Bizga erta-indin deb va’da berishdi. “Svet”, gaz bilan bog‘liq muammolar bo‘lganidan keyin qo‘shnilar bilan pul yig‘ib, chala qolgan ishlarni ham qildik. Gaz deysizmi, uni hisoblagichlarining hammasini o‘z cho‘ntagimizdan o‘rnatdik. Bollarimiz yosh, uyga ro‘yxatga ham qo‘yilmagan.
MCHJ rahbari yo‘q demaydi. “Ho‘p, aka, qilib beramiz”, deb qutiladi. U ham shu qurilish orqasidan non yegan. Hozirgacha aniq gap aytilmayapti. Biz prokuraturaga yozishimiz ortidan ochilgan ish bo‘yicha kamida to‘rt marotaba tergovchi almashdi. Hech bir tashkilot oldindan aniq javob aytayotgani yo‘q”, deydi Sherzod Rahimov.
Murojaatchilarning aytishicha, ko‘p qavatli binoning ustki qismi, yo‘laklar, avtoturargoh va uyga kirish yo‘laklari tayyor, ta’mirlangan holda topshirilishi kerak edi. Afsuski, kadastr muammosi kamlik qilgandek, ta’mirlash ishlari ham oxiriga yetkazilmagan va odamlar uyga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishgan.
“Bu yerga kelganimizda bo‘yimizdan baland chiqindi bor edi. Qurilish ishlari bitganidan keyin tozalanmagan. Avtoturargoh umuman ta’mirlanmagan edi. Hammasini o‘zimiz qildik. Qo‘shnilar bilan birga pul yig‘ib ta’mirlattirdik, chiqindilarni tozaladik. Hammamizga issiq, sovuq suv, gaz, “svet”ni “litsevoy schet”lari berilgan. Hammamiz pul to‘lab kelyapmiz. Demak, biz hisobdamiz. Lekin kadastrga kelganda hammasi jimlik”, deydi Oyimxol Shabekova.
Kadastr hujjatlarini ololmagan fuqarolar bir necha tashkilotlarning eshigini qoqqan. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman). Ularning orasida faqatgina Bosh prokuratura holatga tezkor reaksiya bildirib ishni ko‘rib chiqish uchun IIVga yuborgan.
QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2022 yil 21 oktyabr kuni “LUXURY CAR WASH” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari hali-hamon olib borilmoqda.
“2 oy avval Toshkent shahar soliq qo‘mitasi xodimlari keldi. Soliqchilarning aytishicha, “LUXURY CAR WASH” MCHJ mansabdorlarining katta miqdorda soliqdan qarzi borligi sababli biz yashayotgan uy “arest”ga tushirilgan. Uy “arest”ga tushganidan keyin o‘z-o‘zidan kadastr olish imkoniyati bo‘lmaydi. Biz bu haqda Ichki ishlar vazirligiga xabar berdik va ular soliq organi xodimlari va MCHJ rahbarii Farrux Shoahmedovni chaqirdi. Yana o‘sha va’dalar berildi, ammo birortasi bajarilmadi”, deydi Oyimxol Shabekova.
Toshkent shahar Soliq qo‘mitasining QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, “LUXURY CAR WASH” MCHJ 2012 yil 29 iyun kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Qolaversa, bu MCHJning 2023 yil may oyi holatiga ko‘ra jami soliq qarzi 1 mlrddan ortiq.
“Soliq qarzdorligi jamiyatda 2022 yil o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi, 2023 yil jinoyat ishi bo‘yicha tekshiruv hamda jamiyat tomonidan topshirilgan soliq hisobotlari natijasida kelib chiqqan.
Kameral soliq tekshiruvi natijasida – 469,8 mln so‘m, jinoyat ishi tekshiruvi natijasida – 32,5 mln so‘m, korxona tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlari natijasida – 597,7 mln so‘mligi aniqlangan.
Jamiyat shaxsiy kabinetiga soliq organlari tomonidan hosil bo‘lgan soliq qarzdorligini belgilangan muddatlarda undirish yuzasidan 2020-2023 yillar davomida jami 40 ta talabnoma yuborilgan.
MCHJning soliqdan qarzi bo‘lgani sababli 2023-yilda kichik Mirobod ko‘chasi 74-uyda joylashgan bino inshootiga Soliq boshqarmasi tomonidan taqiq qo‘yilgan.
Hozirgi kunda Toshkent shahar soliq boshqarmasining Toshkent shahar Mirobod tumani majburiy ijro bo‘limida soliq qarzini jamiyatning mol-mulki hisobidan undirish bo‘yicha ijro qarorlari mavjud. 2023 yil 16 may holatiga MCHJning jami soliq qarzi 1,1 mlrd (12.07.2023 holatiga ko‘ra 754 665 223) so‘mni tashkil etadi”, deyiladi Toshkent shahar Soliq qo‘mitasi bergan ma’lumotda.
Uy egalariga kadastr hujjatlari nima uchun berilmayotganini bilish maqsadida Toshkent shahar qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bilan bog‘landik. Inspektor Istam Meyliyevning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Mirobod tumani Kichik Mirobod ko‘chasida qurilgan “Diplomat” turar joy majmuasi buyurtmachisi “LUXURY CAR WASH” MCHJ tegishli tashkilotlarga taqiqlar qo‘yilgan. Bu taqiqlar sabab MCHJ “Diplomat” turar joy majmuasiga kadastr hujjatlari olish va foydalanishga topshirish uchun mygov.uz sayti orqali ariza bermagan. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, inspeksiya tomonidan binoni qabul qilish bo‘yicha hech qanday to‘siqlar mavjud emas.
Tahririyatga keladigan barcha murojaatlarni o‘rganishda har tomonni tinglashga, surishtiruvni xolis olib borishga harakat qilamiz. Sotib olgan uyining kadastr hujjatlarini ololmayotgan fuqarolarni tingladik va “LUXURY CAR WASH” MCHJ rahbari bilan bog‘lanishga urindik. Holatga munosabat berishini aytgan MCHJ rahbari qayta aloqaga chiqmadi. Oxir-oqibat ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Bugungi kunda qurilish kompaniyalari soni ortib bormoqda. Sotib oladigan uyingizga qarab takliflar beriladi, pulingizga qarab sharoitlar. Afsuski, raqobat kuchayib borayotganiga qaramay, tahririyatga kadastr muammosini aytib murojaat qilayotganlar kamaymayapti. Bu muammoning yechimi hokimiyat, vazirlik yoki boshqa tashkilotlar bilan emas, tadbirkor va xaridor bilan bog‘liq.
Tadbirkorga nohaqlik bo‘lgandan uni himoya qiladigan tashkilotlar oyoqqa turgani kabi, iste’molchining huquqi buzilayotgan bir vaqtda ham qonunlar ishlashi va iste’molchilar huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar uyg‘onishi zarur. Shuningdek, fuqarolarga ham kim bilan qanday shartnoma imzolagan taqdir ham shartnoma shartlarini o‘qish va, albatta, yurist bilan maslahat qilishlari zarur.
LiveBarchasi