“Tolibon” ayollari uchun yangi taqiqlar

Olam

Erkak shifokorga bormaslik, o‘qish va ishlash bilan bog‘liq cheklovlar bilan cheklanmagan Tolibon harakati endi ayollarga ochiq havodagi restoranlarga bormaslik va hayitda ko‘chaga chiqishni ham cheklamoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi Muvaqqat hukumat – “Tolibon” Hirot viloyatida oilalar va ayollarga bog‘lari yoki yashil maydonlari bo‘lgan restoranlarga kirishni taqiqladi.

Taqiq diniy ulamolar va jamoatchilik vakillarining bunday joylarda jinslar aralashib ketgani haqidagi shikoyatlaridan so‘ng joriy etilgan. Ochiq havoda ovqatlanishni taqiqlash faqat Hirotdagi erkaklar uchun ochiq bo‘lgan muassasalarga tegishli.

Hirotdagi Yomonlik va fazilat departamenti direktori o‘rinbosari Baz Muhammad Nazir OAVda barcha restoranlar oilalar va ayollar uchun yopilgani haqidagi xabarlarni rad etib, ularni tashviqot ekanini aytgan.

“Bu faqat yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga tegishli, masalan, erkaklar va ayollar uchrashadigan park. Olimlar va oddiy odamlarning takroriy shikoyatlaridan so‘ng biz cheklovlar qo‘ydik va bu restoranlarni yopdik", deydi Muhammad Nazir.

Shuningdek, Nazir viloyatda xorijiy filmlar, teleko‘rsatuvlar va musiqalarning DVD-disklari sotilishini taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etib, biznes egalariga islomiy qadriyatlarga zid bo‘lgan materiallarni sotmaslik tavsiya qilinganini aytgan.

Bundan tashqari, u mahalliy OAVning Hirotdagi internet-kafe yopilgani haqidagi xabarlari yolg‘onligini, biroq nomaqbul kontent tufayli o‘yin avtomatlari endi bolalar uchun taqiqlanganini ma’lum qilgan.

"Talabalar o‘qiydigan va o‘qish uchun foydalanadigan internet-kafelar juda muhim va biz ularga ruxsat berdik", deydi Nazir.

Shuningdek, “Tolibon” muvvaqat hukumati mamlakatning Tahor va Bag‘lon viloyatlarida Ramazon hayiti vaqtida ayollarni ko‘chaga chiqishini taqiqladi. “Tolibon”ning mazkur viloyatlardagi Himoya, Haj va Vaqf rahbariyati imom-xatib va voizlarga maktub yo‘llab, hayitda va’z qilishda harakat yetakchisi Haybatulloh Ohundzoda nomidan foydalanishni buyurgan.

Maktubda “Tolibon” yetakchisining tabriknomasi ham hayit namozi xutbasiga qo‘shimcha sifatida o‘qilishi lozimligi qayd etilgan. Shuningdek, odamlarga Ramazon hayiti kunlarida qayg‘uga sabab bo‘ladigan motam uchun marhumlarning uylariga borishdan ham tiyilishi kerakligini aytgan.

“Odamlarga tuxum urish, tovuq urish kabi noqonuniy o‘yinlardan voz kechish tavsiya qilinsin”, deya yozilgan maktubda.

Aprel oyi boshida “Tolibon” afg‘on ayollarini BMT idoralarida ishlashini taqiqladi.

Ayollarning faoliyatiga doir ma’lumotlarga munosabat bildirgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibini so‘zlariga ko‘ra, ushbu taqiq tushunarsiz va uni qabul qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, taqiq gumanitar tashkilotlarning yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘mak berish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin.

Turli cheklovlarni kuzatgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) agar hokimiyatdagi “Tolibon” vakillarini mahalliy ayollarga tashkilotning mahalliy idoralarida ishlashga ruxsat berishga ko‘ndira olmasa, joriy yilning may oyida Afg‘onistondagi barcha loyihalarini qisqartirishga va chet ellik xodimlarni Afg‘onistondan olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Hozir tashkilot vakillari afg‘on hukumati bilan qabul qilingan ushbu farmonni bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Tolibon” ayollarga sog‘liqni saqlash, ta’lim va kichik biznesda muayyan sharoitlarda ishlashga ruxsat bergani uchun Afg‘oniston hukumati oxir-oqibat taslim bo‘lishiga umid qilmoqda.

BMTda ishlayotgan 3300 nafar afg‘on – 2700 erkak va 600 ayol 12 aprel kuni uyda qolib, o‘z ishlarini bajarishda va maoshlarini olishda davom etgan. BMTning 600 nafar xorijlik xodimi, jumladan, 200 nafar ayol “Tolibon” taqiqiga kirmaydi. Tashkilot Afg‘onistondagi barcha vazifalarni mahalliy ayollar ishtirokisiz uddalay olmaydi, deb taxmin qilinadi.

“Menimcha, bu holatni yurakni ezuvchi deyishdan boshqa iloj yo‘q. Bugun BMT oilasi Afg‘onistonda yo‘qligini tasavvur qilsam, ko‘z oldimda yosh qizlar, o‘g‘il bolalar, otalar, yeydigan hech narsasi yo‘q onalarning suratlari paydo bo‘ladi”, deydi Shtayner.

2022 yil sentyabr oyidan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasini Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Roza Otunbayeva boshqarib kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin va undan keyingi iqtisodiy inqirozdan beri Afg‘oniston fuqarolariga oziq-ovqat, ta’lim va dori-darmon bilan yordam berib keladi. Hech bir davlat “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmagan va mamlakatning BMTdagi o‘rnini sobiq prezident Ashraf G‘ani hukumati egallagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing