Zo‘rlangan qizlar, o‘zini o‘ldirayotgan ayollar yoxud qayerga qarab ketyapmiz? – Hafta tahlili
Tahlil
−
08 aprel 2023
15241Bizdagi odamlar hech yerda topilmaydi. O‘z dardi, tashvishi qolib, boshqalar muammosi bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘radi. O‘z bolasiga tarbiya kerak bo‘la turib, boshqalarning bolasi tarbiyasidan norozi bo‘ladi. O‘z hayoti ostin-ustun bo‘lsa ham qo‘ni-qo‘shnisi va atrofidagilar hayotini elakdan o‘tkazishdan tap tortmaydi. Ayniqsa, biror oila ajrashib, biror kor-xol bo‘lsa bormi? Ko‘ring, tomoshani. Qozilar ham, advokatlar ham tayyor. Oldinlari bir oilaga darz ketganini eshitganimizda tug‘ishgan opam "hammaning har deganiga ishonavermanglar, kuyov norkaman ekan yoki kelin yurarkan, deb gap chiqarish odat bo‘lib qolgan, boshidan nima o‘tganini to‘rt devori biladi", deb aytardi. Bugun to‘rt devorni unutdik. Oilaning siri qolmadi. Hamma gap ko‘chada, hamma intriga o‘sha to‘rt devor ichida. Birovning oilasiga aralashishni, g‘iybat, dedi-dedilarni shunchalik yaxshi ko‘ramizki, ba’zan bor ishimizni ham yig‘ishtirib qo‘yib, shular bilan ovoramiz. Albatta, nasihat qilishimga hali ancha bor, lekin bugun bir piyozni boshini olmaganlar, hali oila ko‘rmaganlar yoki turmushga chiqib, oila nimaligini bilmay, er-xotin munosabatlari haqida gapirayotgan psixologlarimizdan ko‘ra o‘zimni ancha haqli deb bilaman bu mavzuda gapirishga. Oila va oilalardan tashkil topgan jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, hafta davomida sodir bo‘lgan voqea hodisalar birga tahlil qilamiz.
Sergeli fojiasi va g‘iybat
Xabaringiz bor, tugayotgan hafta avvalida Sergeli tumanida 27 yoshli ayol 3 farzandi bilan o‘zini ko‘p qavatli uyning 9-qavatidan tashladi. Ayol avval ikki bolasini pastiga uloqtirgan, keyin kenja farzandi, qizi bilan o‘zi ham sakragan. Hodisaning barcha ishtirokchilari voqea joyida vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ushbu holatdan larza keldi. Aytganimdek, qozi ham, advokatlar ham shu yerdan chiqdi. Kim ayol yillar davomida ezilib kelganini, oilaviy munosabatlarda muammolarga duch kelganini aytsa, yana kim darrov erning Umraga ketganini, ketganda ham yana boshqa xotini bilan ketgani haqidagi gaplarni sizdirdi. Ana undan keyin ko‘ring tomoshani. Erning qaysi puliga Umraga borganini so‘roqqa olganlar ham topildi. Ey, odamlar, qachon do‘ppini bir chetga qo‘yib tin olamiz, qachon boshqalarning oilasini, yana jinoiy ish ochilganlar holatlarni fakt va boshqalarsiz, tergovga halal bergan holatda elakdan o‘tkazamiz? Biz qachon bunday jamiyatga aylanib qoldik? Va bu bilan nimani targ‘ib qilyapmiz? Ayollar huquqlarini so‘zsiz qabul etamiz, lekin bu huquq har qaysi ayol o‘zi va bolalarini o‘ldirganda yo‘qqa chiqadi. Shaxsan men uchun shunday. Boya aytganimdek bu oila, er-xotin o‘rtasida nimalar o‘tganini to‘rt devor biladi. Eskilar bilib aytgan: er-xotin o‘rtasiga esini yegan tushadi.
Bosh prokuratura ham shu fikrda. Prokuratura ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollariga ushbu holat ortidan tasdiqlanmagan ma’lumotlar, shuningdek, marhuma va uning yaqinlariga oid shaxsiy axborotlarni e’lon qilmaslik bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi. Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o‘rtog‘i bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022 yil oktyabr oyida yong‘in sodir bo‘lgan. Shu sababli ayol 3 nafar farzandi bilan onasining Sergeli 8-mavzesidagi uyiga kelib, shu yerda istiqomat qilgan hamda ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-(qasddan odam o‘ldirish) va 103-(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xorazmlik pedofillar ishi sudda qayta ko‘riladi
O‘tgan hafta oxirida nomi ham, dong‘i ham chiqqan Xorazmdagi pedofil amaldorlarning qishmishlari joriy hafta diqqat markazida turdi. Bilsangiz ham bir og‘iz eslatib o‘taman. Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yulduz Xudoyberganova 10 oy davomida vasiyligidagi qizlarning uch nafarini turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Mijozlar orasida esa viloyat Adliya boshqarmasi boshligi Oybek Masharipov va Yangiariq tumanida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov ham bo‘lgan. Ularning ishi jamoatchilikning ko‘zidan yiroq, yashirin va yopiq tarzda ko‘rilib, mudira 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinsiy zo‘ravonlarga esa 1,5 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Bu holat jamoatchilik orasida shov-shuvlarga sabab bo‘lgach, ko‘plab tashkilotlar rahbarlari tilga kirib, bayonotlar berishni boshladi. Boshqa tarafdan esa aslida bundan ularning xabari bo‘lgan degan aniqligi yuqori taxminlar ham yo‘q emas.
Shu hafta Masharipov va Quryazov ishi appelyatsiya instansiya sudida yangitdan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. 6 aprel kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimining Masharipov va Quryazovga oid qismini bekor qildi. Ushbu ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborish to‘g‘risidagi Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti qanoatlantirilib, ushbu jinoyat ishini yangitdan appellyatsiya instansiya sudida ko‘rish uchun yuborilishi belgilangan.
Xo‘sh, eng avvalida sud nega Masharipov va Quryazovga bunday yengil jazo tayinlandi? Oliy suddagilar bunga nima deydi? QALAMPIR.UZ Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovga mikrofon tutdi.
Prezidentning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyining jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilarining xavfsizligi ta’minlangan.
Xorazmdan 16 yashar qizni 11 kishi zo‘rladi
Xorazmdan uzoqlashmaymiz. Viloyatning Yangiariq tumanida 2006 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qiz 11 erkak tomonidan zo‘rlandi. Garchi holat o‘tgan yilning avgust oyida ro‘y bergan bo‘lsada, shu haftaga kelib isi chiqdi. Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha tergov davomida 8 nafar shaxs gumonlanuvchi, 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ushbu holat bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan avvaldan tergov harakatlari olib borilmoqda.
3 nafar ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, jinoyat ishi doirasida bir qator murakkab ekspertizalar o‘tkazish jarayoni ketmoqda va holatga aloqador shaxslar batafsil so‘roq qilinmoqda.
Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi. Tergov jarayoni Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Aytilishicha, zo‘ravonlarning uch nafari hibsga olinishida Bolalar ombudsmani Aliya Yunusovaning xizmati katta. Ushbu holat bo‘yicha avgust oyidan beri bong urilayotgani, zo‘rlangan qizning xolasi tashkilotlarga murojaat qilganiga qaramay, masala yopdi-yopdi qilib kelingan. Yunusova ushbu voqeadan xabar topgani zamon Xorazmga yo‘l olgan va uch ayblanuvchining hibsga olinishiga erishgan.
O‘gay ota 13 yashar qizini zo‘rladi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 13 yoshli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi uni asrab olgan 51 yashar erkak tomonidan zo‘rlandi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, qiz homilador bo‘lib qolgan va uning bolasini majburan tushirtirishgan.
Hozirda erkak Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi va 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Keltirilishicha, uning bu jinoyat ishini ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida 7 aprel kuni boshlandi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha berilishi aytildi.
19 yashar kelin o‘zini osdi
Joriy yilning 3 mart kuni Samarqandda 2004 yilda tug‘ilgan ayol o‘zini osib qo‘ydi. Martdagi voqea haqida og‘iz ochmay o‘tirishni aprelgacha uddasidan chiqishdi va joriy haftada bu holatning ham sirligi qolmadi.
Urgut tumani “Tersak” mahallasida yashovchi 19 yoshli kelin shu mahallada joylashgan ota-onasining xonadonida noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z joniga qasd qilib, arqon yordamida o‘zini osgan. Oqibatda u voqea joyida vafot etgan.
Marhumaning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida shu kuni sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza xulosasida uning o‘limi osilishda bo‘yin a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi oqibatidagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani ko‘rsatilgan.
Kelinning o‘limi ortidan uning fotosurati Telegram tarmog‘idagi behayo kanalga chiqarib yuborilgani sababli, u o‘zini o‘zi osib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish hakida qaror qabul qilingan.
Qaror Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, bekor qilindi va qo‘shimcha tekshirish harakatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazish xakida ko‘rsatma berildi.
Farhod Mannopovning o‘ligi chiqqan klinikada xatolar aniqlandi
Shu yilning 5 mart kuni vafot etgan “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan 27 yoshli bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan Sog‘likni saqlash vazirining 2023 yil 7 martdagi 43-sonli buyrug‘i asosida “Star Med Center” klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum bo‘ldi.
Tekshirish jarayonida bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizomning 27-ilovasida belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.
Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan “Star Med Center” klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokorda va plastik jarrohda malakaviy toifa bo‘lmagan. Klinika esa bunday sharoitda uning bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ygan.
Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorining o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.
Shu bilan birga, laborant shifokorning belgilangan tartibda olingan malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikati tekshiruvga taqdim etilmagan. Shu bois ularga malakaviy toifa bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgani litsenziya talablarini buzish hisoblanadi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida “Star Med Center” klinikasida 2013 yilda yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etgani haqida ko‘rsatma olingan.
Biroq tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmagan va shu sababli sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan.
Shuningdek, tergov ishlari davomida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan. Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan.
Hozirda esa jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketayotgani aytildi.
Ayiq vahshiylarcha yo‘q qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan birida ayiq yurgani aks etgan video tarqaldi. Unda qashqadaryoliklar ayiqni Nexia rusumli mashinada quvlagani aks etgan.
Shu kuni ayiq aholi yashash joyida paydo bo‘ldi va maktablardan biriga borib, derazalarga urildi. Deraza sinishi oqibatida qon izlari paydo bo‘lgan. Ayiq maktabga kelishi oqibatida biror-bir o‘quvchi yoki pedagog xodimlarga tajovuz qilmagan. Hech qanday jarohat ko‘rish holati mavjud emas.
Inson shu qadar vahshiyki, nafaqat odamlarga, hayvonlarga ham kun bermaydi. Qizil kitobga kiritilgan ushbu qo‘ng‘ir ayiq Chiroqchida otib o‘ldirildi. Yana bunga Ichki ishlar xodimi boshchilik qildi.
5 aprel kuni soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmagan.
Ayiq jarlikdan tepaga chiqishga uringan paytda Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i Beshimqulov ovchiga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. Oqibatda ayiqning joni uzilgan.
Toshkent hayvonot bog‘i vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud bo‘lgan edi.
Aytilishicha, mazkur holat o‘rganilishi davom etmoqda. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan va buning oqibatida qo‘ng‘ir ayiqning o‘limiga sabab bo‘lgan mas’ullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari ko‘riladi.
Ekolog uz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, otib o‘ldirilgan ayiqning jasadi Qarshi shahrida pechda kuydirilgan. Asosiy dalil yo‘q qilingan. Daliliy ashyo yo‘q.
Fuqaro bo‘g‘ziga piska tortdi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida fuqaro Majburiy ijro byurosida o‘z joniga qasd qildi. Bu voqea ham 24 mart kuni sodir bo‘lgan, ammo aprelga kelib xabar qilindi.
Tumanning Cho‘mich mahallasi Majnuntol ko‘chasida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro Majburiy ijro byurosi binosiga kelib, piska bo‘lagi bilan bo‘yin qismini kesib, o‘ziga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda olgan tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.
MIBning tuman davlat ijrochisi Mo‘minovga ko‘ra, qarzdor fuqaroga nisbatan aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati mavjud bo‘lgan. Uning aliment to‘lovlari 18 million so‘mdan oshiqroq edi. Qarzdor fuqaro MIB xizmat xonasiga chaqirilib, undan qarzdorligini to‘lashi talab qilinganida u norozilik bildirib, to‘lamasligini aytgan. Shundan so‘ng u o‘zi bilan olib kelgan piska bilan bo‘yin qismiga jarohat yetkazgan va xonadan chiqib, koridorga yotib olgan.
Mazkur holat yuzasidan davlat ijrochisi J.Mo‘minovning harakatlari bo‘yicha MIB viloyat boshqarmasida xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Poraxo‘rlarga og‘irroq jazo tayinlanyapti
Endi poraxo‘rlarga 20 yilga qamalishi mumkin. Oliy Majlis Senati joriy hafta o‘tkazilgan 39-yalpi majlisida Jinoyat kodeksidagi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, pora olganlik (210-modda), pora berganlik (211-modda) va pora olish-berishda vositachilik qilganlik (212-modda) uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda) hamda Hokimiyat harakatsizligi (208-modda) jinoyatlari g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi Korrupsiyaga oid jinoyatlar atamasi bilan to‘ldirilmoqda. 16 ta moddada nazarda tutilgan, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar korrupsiyaviy jinoyatlar sifatida qaraladi.
Shuningdek, poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi, korrupsiyaga oid og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Qonun Prezident tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi.
Buyruqni bergan rektor, haydalgan prorektor
Qo‘qon Davlat pedagogika instituti yotoqxonasining talaba qizlar yashaydigan xonaga yashirin videokamera o‘rnatildi. Aprel oyi boshida o‘rnatilgan kamerani yotoqxonada yashaydigan qizlar payqab qoldi va shu zahoti Ichki ishlarga xabar berdi.
Kamera o‘rnatilgani fosh bo‘lishi ortidan pedagogika instituti rektorati mujmal munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, kamera o‘rnatish institut rektorining buyrug‘i bo‘lgan.
“Bundan ko‘zlangan maqsad talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash, ularning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish hamda o‘qish jarayonidagi stress holatlarini oldini olish bo‘yicha maxsus xona tashkil etish bo‘lgan”, deyiladi rektorat munosabatida.
Kamera qo‘yishni rektor buyurgan bo‘lsada rektor qolib, prorektor va 3 xodim lavozimidan ozod etildi. Yana bir kishiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Ayni vaqtda, huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Fermerlarning ro‘zasini ochirmoqchi bo‘lgan hokimbuva
Tugayotgan haftada Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev ro‘zador fermerlarning og‘zini majburan ochtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Joriy yilning 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev qishloq xo‘jaligidagi muammolar haqida g‘azab bilan nutq so‘zlagan.
“Senlar ro‘za tutvolib, sipo bo‘lib yurasanlar. Ishni kim qiladi?”, deya ro‘zadorlarni suv ichishga majbur qilgan hokim.
Hokimning ushbu xatti-harakatlari internet foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Buning ortidan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
Unda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 31-moddasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi eslatib o‘tilgan.
“Mamlakatimizda Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan siyosiy jarayonlar paytida Koson tumani hokimining yuqoridagi xatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarning keng e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi murojaat xatida.
Shuningdek, yuqoridagilarni inobatga olib hokimning xatti-harakatlari yuzasidan prokuror nazorati hujjatini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berish so‘ralgan.
Al-Aqsoda musulmonlarga hujum qilindi
Joriy haftada Quddusdagi Al-Aqso masjidida Isroil xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvda o‘nlab falastinliklar yaralandi..
4 aprel kuni kechqurun Isroil kuchlari masjidning namozxonasiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa qurollar bilan hujum qilgan. Masjidga bostirib kirgan Isroil xavfsizlik kuchlari dubinka va miltiq dastalaridan ham foydalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Al-Aqsoda uyushtirgan reyd natijasida 200 dan ortiq falastinlikni qo‘lga olgan. Ular Isroilning Quddusdagi Anatadagi harbiy bazasiga o‘tkazilgan.
Falastin matbuotining qayd etishicha, reyddan so‘ng G‘arbiy Sohilning bir qator shaharlarida namoyishlar boshlangan. Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtaye aytganidek, Al-Aqso masjidida sodir bo‘layotgan voqealar namozxonlarga qarshi katta jinoyatdir.
BMT Xavfsizlik Kengashi 6 aprel kuni Quddusdagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda aytilishicha, musulmonlar muqaddas Ramazon oyini nishonlayotgan, yahudiylar esa Fisih bayramini boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Al-Aqso masjidida yuz bergan hunrezlik butun dunyoda ziddiyatli vaziyatning yanada keskinlashib ketishidan xavotir uyg‘otdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiya, AQSH, Kanada va boshqa bir qancha davlat va idoralar Isroil kuchlarining Al-Aqso masjidiga bostirib kirgani, shovqinli granatalar otgani va falastinlik namozxonlarga hujum qilganidan hayrat va xavotir bildirgan.
Tugayotgan haftada G‘azodagi falastinlik jangchilar Isroil hujumiga raketa bilan javob qaytargan, Isroil samolyotlari esa qamal ostidagi anklavlarga hujum qilgan. Shuningdek, Livandan ham Isroilga raketa uchirilgan, Tel-Aviv bunga ham javob qaytargan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish yuqoridagi voqealardan larzaga kelganini, Isroil xavfsizlik kuchlarining Al-Aqso masjidida odamlarni kaltaklagani tasvirlarini ko‘rib hayrat va dahshatdan dong qotganini aytgan. Guterrish yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan kunlarda zo‘ravonlikni to‘xtatib, tinchlikni saqlashga chaqirgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari ham mazkur vaziyatdan juda xavotirda ekanini bildib, isroilliklar va falastinliklarni vazminlikka chaqirgan.
“Biz zo‘ravonlik davom etayotganidan o‘ta xavotirdamiz va barcha tomonlarni uning yanada avj olishidan qochishga chaqiramiz. Isroilliklar ham, falastinliklar ham bu keskinlikni pasaytirish va xotirjamlikni tiklash uchun birgalikda harakat qilishlari zarur”, degan Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa Isroil politsiyasining reydini qoralab, masjid binosidagi bunday xatti-harakatlarni Turkiya uchun “qizil chiziq” deb atagan.
“Vatanim va xalqim nomidan musulmonlarning birinchi qiblasiga qilingan nopok harakatlarni qoralayman va hujumlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishga chaqiraman. Buning nomi repressiya siyosati, qon siyosati, provokatsiya siyosati. Turkiya bu hujumlar qarshisida hech qachon jim va harakatsiz turolmaydi. Masjid-i Aqsoga qo‘l ko‘tarish va uning muqaddasligini oyoqosti qilish biz uchun qizil chiziqdir”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham Bryusseldagi NATO yig‘ilishi chog‘ida Isroil bilan me’yorlashtirish boshlangani, ammo bu hujumlar chegaradan oshib ketganini aytgan.
Arab Ligasi esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidan Isroilning Al-Aqso masjididagi jinoyatlarini to‘xtatish uchun vaziyatga aralashishni so‘ragan. 5 aprel kuni Qohirada o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilingan bayonotda Arab Ligasi Isroil hujumlarini qoralagan.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ham Isroil hukumatining olovli ritorikasini tanqid qilgan va uni falastinliklarga munosabatini o‘zgartirishga chaqirgan.
Shuningdek, Iordaniya, Misr, Germaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy ham Isroil harakatlarini qoralab, tomonlarni vazminlikka chaqirgan.
Erdo‘g‘an Mirziyoyevga avtomobil yuboryapti
Turkiyaning ilk milliy avtomobili – TOGG elektromobili joriy haftada sotuvga chiqdi. Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Togg'ning dastlabki T10X modelini qabul qilib olar ekan, ushbu elektomobilning ishlab chiqarilishini Turkiyaning iqtisodiy va texnologik taraqqiyoti hamda global obro‘sining o‘sishi razmi ekanini aytgan. Prezident rafiqasi bilan Anqaradagi saroyida avtomobilda sayrga chiqdi va jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Avtomobil Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga yuborilgani, tez orada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham topshirilishini ma’lum qildi.
Bu gaplar aytilganining ertasigayoq Aliyevga avtomobil yetkazib berildi. 8 aprel holatiga ko‘ra, hali ushbu avtomobil Shavkat Mirziyoyevga topshirilgani haqida xabarlar e’lon qilinmadi.
LiveBarchasi