Kaltakni o‘qituvchi yeydi, holvani hokimmi?
Jamiyat
−
17 mart 2023
16078Navro‘z kunlarida o‘qituvchilar bayram qilib bolasini aylantirishga haqqi yo‘qmi? Nega ular ko‘rgazmalarni mashinaga ortib, hokimiyat belgilab bergan joyda narsalarini yoyib, issiqda jim o‘tirishga mahkum? Bu qat’iy savolni Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari Isroiljon Tillaboyev o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. U Navro‘z bayramida o‘qituvchilar ko‘rgazmalar bilan sarson qilinishiga qarshi ekanini bildirgan. Tillaboyev postini “Boshqalarga bayram, maktablarga esa ortiqcha tashvish(mi?!)” deb boshlagan.
“Har Navro‘z va Mustaqillik bayramida tuman hokimiyatlari talabi bilan tumandagi jamiki maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari yoyma bozordek o‘z maktab yoki bog‘chalari ko‘rgazmalarini yoyib, “namoyish” qilish an’anasi bor.
Ensam qotadi, nega kerak bu narsalar, savdo ko‘rgazmasi bo‘layotgani yo‘q-ku, bayram bo‘lyapti-ku, o‘zbek xalqining eng katta bayrami Mustaqillik va Navro‘z!
Bu kunda o‘qituvchilar bayram qilib, bolasini aylantirishga haqqi yo‘qmi? Nega ular bir dunyo ko‘ch-ko‘roni bilan mashinaga ortib, hokimiyat belgilab bergan joyga narsalarini olib kelib, yoyib, kechgacha issiqda jim o‘tirishga mahkum?!” degan Isroiljon Tillaboyev.
Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari 6 mart kuni Senat o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonunni ma’qullaganini eslab, bayramlarda o‘qituvchilarni ko‘rgazmada o‘tirishi ham majburiy mehnat ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Bu majburiy mehnatni butunlay to‘xtatish vaqti allaqachon kelgan! O‘qituvchi bayramda barcha qatori bayram qilsin, aylansin, yayrasin, bolalari bilan saylga chiqsin! Ko‘rgazma tashi, yoyib kechgacha o‘tir, davomatidan o‘t, bayram tugagach, yana yukla, obor maktabga, hammasiga bir dunyo chiqim qil... Yetar?!
Vazirlik mas’ullaridan har ehtimol so‘radim, “bunga vazirlik topshiriq beradimi, bayramda bunday qatnashishi majburmi”, deb, yo‘q, hech qachon vazirlik tomonidan bunday buyruq berilmas ekan. Demak, bular yana odatdagidek tuman hokimligining majburiy mehnati!”, deydi Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari.
Shuningdek, u o‘qituvchilarga yuzlanarkan shunday deydi:
“Hurmatli ustozlar, balki hozir ham qaysidir tumanda bu postni “bayram”da ko‘rgazma yoyvolib o‘qib o‘tirgandirsiz: o‘qigan zahotingiz yuklab qaytvoring!
Balki erta-indin ko‘rgazma olib chiqish majburiyatini olgandirsiz: hech qayoqqa hech nima olib chiqmayman, deng!
Balki allaqachon bayram o‘tib bo‘lgandir, ko‘rgazma tashkil qilib bo‘lgandirsiz: kelasi bayramlarda olib chiqmang!
Ustozlar ham bayram qilishga haqqi bor, ular bunday keraksiz dabdababozlikda qiynalishiga majbur emas, ular ortida shaxsan Prezident turibdi!
Bu postni maksimal tarqatinglar, ayniqsa, tuman hokimlari o‘qishsa yaxshi bo‘lar edi!”
Post Telegram’dagi o‘qituvchilar guruhlarida muhokama bo‘lar ekan, Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosarining fikriga qo‘shiladiganlar ko‘p ekanini ko‘rish qiyin emas. Kimdir bu ko‘rgazmaga o‘z pulidan xarajat qilganini aytsa, yana kimdir O‘zbekistonda Qonunlar ishlamasligini yozadi.
“1 haftadan beri adirda tashlandiq joyni o‘zlashtirib yuribdi ustozlar”.
O‘qituvchilarning biri postga javob yozarkan, hashar uchun bir kunlik ish haqilarini o‘tkazib berganlarini aytadi.
“Direktor majlis kilib ertaga bo‘ladigan shanbalikka xam, bir og‘iz “bir kunlik pulimizni o‘tkazaylik, chunki boshqalar hasharni tushunmaydi, o‘zimiz o‘tkazsak savob bo‘ladi”, deb aytsa, 90 foiz o‘qituvchi bir kunlik ish haqini o‘tkazadi!”
Bir o‘qituvchi “Ertaga parkka kelinglar, yoyma bilan chiqyapmiz”, desa boshqa biri “Qani edi shuni [postni] mas’ullardan kimdir o‘qisa”, deb yozadi.
Guruhda o‘qituvchilarga yuklamalar masalasi qizg‘in muhokama bo‘larkan ulardan biri shunday deydi:
“Gaplarning hammasi haqiqat. Biz 70 km uzoqqa borib, 70 km ortga qaytishimiz kerak. Bularning bari iqtisod bilan bog‘liq. Bayramga deb 200 000 so‘mdan avans tashlab berishdi”.
Muhokamaga qo‘shilgan kutubxonachilar kitoblarni tashishi va maosh masalasiga ham to‘xtalmay qolishmadi.
“Kutubxonachilar haqidayam gapirilar. Maktab darsliklarini tashiydi. Kamini maktablarda yurib izlaydi. Rag‘batlantirish yo‘q. Institutda kontrakt to‘lab o‘qib, bir yarim million maoshga ishlash achinarli”.
O‘qituvchilardan biri O‘zbekistonda qonunlar, qarorlar ishlamasligini aytib, majburiy mehnatga jalb etilgani uchun “mansabdorlar jarimaga tortiladi” degan gaplar faqat qog‘ozlarda ekanini aytadi.
“O‘zbekistonda qonun ham, qaror ham, balo ham, battar ham ishlamaydi. Faqat ko‘zbo‘yamachilik. Majburiy mehnatga jarima faqat qog‘ozda”.
Ulardan biri o‘qituvchilarning andishasini qo‘rqoqlik deb baholashlarini xam qo‘shimcha qildi.
“O‘qituvchi xalqi, oliy ma’lumotli andishali xalq, shuning uchun xar doim “xo‘p bo‘ladi”, deb ishni qiladi, lekin yuqoridagilar andishani nomini qo‘rqoq qo‘yib haligacha o‘qituvchiga buyrug‘ini o‘tkazadi”.
LiveBarchasi