AQSH O‘zbekistonni ogohlantirdi. Rossiya agressiyasi Markaziy Osiyoda takrorlanadimi?
Tahlil
−
03 mart 2023
31072O‘zbekiston va AQSH. Bu doim o‘zbekistonliklarning diqqatini tortuvchi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik 2016 yilgacha vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan ahamiyatga ega bo‘lgan. Islom Karimov davrida Markaziy Osiyo va AQSH hamkorligi inikosi bo‘lgan S5+1 formatidagi ilk yig‘ilish 2015 yilning 1 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Ushbu format navbatdagi sammitga esa jori yilning 28 fevral kuni Qozog‘istonning Ostona shahri mezbonlik qildi. Unda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Sultonov, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ishtirok etdi.
Shu kunning o‘zida sammit yakunlariga bag‘ishlangan Matbuot anjmunida qatnashgan AQSH Davlat departamenti rahbari Toshkentga yo‘lga chiqdi, uni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida Baxtiyor Saidov kutib oldi. Muhimi shundaki, O‘zbekistonda AQSH davlat dapartamenti rahbari 2021 yildan buyon birinchi marta tashrif buyurmoqda. So‘nggi bor O‘zbekistonga Maykl Pompeo 2021 yilning fevral oyida kelgan edi.
1 mart kuni Blinkenning tashrifi rasmiy tadbirlari boshlandi. U Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga borib, Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Avvaliga delegatsiyalar ommaviy axborot vositalari guvohligida salom-alik qildi, undan so‘ng suhbatni yopiq eshiklar ortida davom ettirdi.
Shundan so‘ng Amerika diplomatiyasi rahbari Hazrati Imom majmuasiga borib, u yerdagi maqbaralar, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi.
U Jahon tillari universitetida bo‘lib, til o‘rganayotgan o‘quvchi va talabalar bilan suhbatlashdi.
Tashrifning asosiy tadbiri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot esa kunning ikkinchi yarmida o‘tkazildi.
Barcha uchrashuv va muzokaralardan keyin Blinken ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashib, O‘zbekistonga tashrifi maqsadi, rasmiylar bilan muloqot mavzulari va Prezident Mirziyoyev bilan suhbatda ko‘tarilgan masalalarni ochiqladi.
U so‘zi avvalida O‘zbekistonga kiritilayotgan sarmoyalarga to‘xtaldi.
So‘nggi besh yil ichida Qo‘shma Shtatlar ingliz tilidagi ta’limga 25 million dollar sarmoya kiritdi. Xususan, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda 15 ming ingliz tili o‘qituvchisining malakasini oshirish va 10 mingga yaqin maktabni ingliz tilidagi darsliklar bilan ta’minlashga kirishganmiz.
Bugun men ingliz tilida ta’lim olayotganiga bor-yo‘g‘i uch-to‘rt oy bo‘lgan va hozir juda ravon so‘zlashadigan ba’zi yoshlar bilan darsda o‘tirib, bugungi kunda amalga oshirayotgan ishlarimizga guvoh bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim.
Bu shunchaki ingliz tilini o‘rganish emas, balki o‘zbekistonliklarning yosh avlodini ish o‘rinlari bilan raqobatga tayyorlash, mintaqa bo‘ylab ingliz tilida so‘zlashuvchilar bilan aloqa o‘rnatish, Qo‘shma Shtatlarda akademik liderlik almashinuv dasturlari eshiklarini ochishdir.
AQSH Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohot dasturlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Buning markazida esa mehnat huquqlari ham bor.
O‘zbekistonning mehnat huquqlari sohasida erishgan yutuqlari ushbu islohotlar naqadar samarali ekanligini ko‘rsatdi. 11 yil davomida 300 dan ortiq xalqaro kompaniyalar bolalar mehnati va majburiy mehnat tufayli o‘z mahsulotlarida O‘zbekiston paxtasidan foydalanishdan voz kechgandi. O‘zbekiston huqumati mahalliy va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan nafaqat yangi mehnat kodeksini qabul qilish, balki uni amalda tadbiq qilishni ta’minlash orqali ham bu qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun ish olib bordi.
Bu tarixiy yutuq va boshqa mamlakatlarga namunadir. Bu o‘zbekistonlik mehnatkashlar, korxonalar, fermerlar, oilalar hayotini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda. Ish haqi oshdi, suiste’mollik kamaydi, investitsiyalar ortib bormoqda. Har xil yoshdagi odamlar, jumladan, bolalar ham og‘ir sharoitda paxta terimiga majburlanmayapti.
Blinken Prezident bilan din erkinligi hamda inson huquqlari sohasida islohotlarni to‘liq amalga oshirishni muhokama qilgan. 2022 yilning iyul oyida ro‘y bergan Nukusdagi tartibsizliklar chog‘ida kuch ishlatar idoralar xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar O‘zbekiston tomonidan to‘liq va shaffof tergov qilinishi tarafdori ekanini bildirgan.
Albatta, Blinkenning uchrashuvida Rossiya-Ukraina urushi masalasi ham ko‘tarilmay qolmadi. Bu borada Amerika rasmiysi Toshkentdagilarga yetarlicha mesejlar bergan. Ularning aksari urush va uni boshlaganlar, aloqador kompaniyalarni qo‘llamaslik, sanksiyalardan qochishlariga yo‘l ochmaslik haqida.
Nihoyat, mintaqaga bu tashrif Putinning Ukrainaga qarshi agressiyasining bir yilligi fonida amalga oshirilmoqda. Bu butun dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda ham odamlar uchun qiyinchiliklarga sabab bo‘lib qolmoqda. Bu tajovuzning ikkinchi va uchinchi darajali oqibatlari hali ham sezilmoqda. Darhaqiqat, urush Markaziy Osiyodagi mintaqalar, jumladan, oziq-ovqat va energiya narxlarining oshishi davom etayotgan O‘zbekistonga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. Har doimgidek, bu eng zaiflarga eng og‘ir ta’sir qiladi. Shuning uchun AQSH bu mintaqaga 16 million dollardan ortiq shoshilinch oziq-ovqat yordami jo‘natdi.
Bu mashaqqatlarga qaramay O‘zbekistonning ham saxovatpesha ekani yanada e’tiborga sazovor. Hukumat, O‘zbekiston xalqi Ukrainaga oziq-ovqat va tibbiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirdi. Mamlakat Prezident Putin urush boshlaganidan keyin Rossiyani tark etgan o‘n minglab Rossiya fuqarolarini ham qabul qildi.
Rossiya bosqini bu mintaqada keng tarqalgan ishonchsizlik hissini yanada kuchaytirmoqda. Axir, agar qudratli davlat suveren qo‘shnisining chegaralarini kuch bilan yo‘q qilishga urinishga tayyor bo‘lsa, uni boshqalarga ham shunday qilishiga nima to‘sqinlik qiladi? Buni Markaziy Osiyo mamlakatlari ham, Qo‘shma Shtatlar ham, butun dunyodagi sheriklar va ittifoqchilar ham tushunadi. Aynan shuning uchun biz nafaqat Ukraina, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining suvereniteti, hududiy yaxlitligini va butun dunyo davlatlari uchun mustaqillik tarafdori bo‘lganmiz va shunday bo‘lib qolamiz.
Blinkenning fikricha, urush yo bugun, yo ertaga tugaydi, agar Putin xohlasa. Lekin gap urushning qachon tugashida emas, balki qanday tugashida. Amerika tomoni urush Putin qo‘yayotgan va xalqaro normalar zid shartlar asosida emas, balki BMT prinsiplariga ko‘ra yakun topishi tarafdori.
Hech kim tinchlikni Ukraina xalqidan ko‘ra ko‘proq xohlamaydi. Ular har kuni Rossiya agressiyasining qurboni bo‘lishadi. Biz hammamiz oddiy haqiqatni bilamiz: agar Prezident Putin shunday qaror qilsa, urush ertaga yo bugun tugashi mumkin. Urushni Putin boshladi, u buni to‘xtata oladi. Bu, bir qaraganda, shunchalik oddiy. Va biz bu haqiqatni hech qachon yo‘qotmasligimiz kerak. Bizning tajovuzkorimiz va qurbonimiz borligini hech kim e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak va bu ikkisi o‘rtasida har qanday tenglik, jumladan, tinchlikka kim ko‘proq sodiq ekanini taklif qilish, menimcha, juda noto‘g‘ri.
Ikkinchidan, agar Rossiya, Prezident Putin tajovuzni to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan mazmunli diplomatiya bilan shug‘ullanishga chin dildan tayyor bo‘lsa, albatta, biz birinchi bo‘lib bu ish bilan shug‘ullanar edik. Ammo bunga hech qanday dalil yo‘q. Aksincha, dalillar boshqa yo‘nalishda. Shunchaki Prezident Putinning so‘zlarini eshiting. Bitta misol keltirsak: u yaqinda va ochiqchasiga, agar Ukraina o‘zi aytgan “yangi hududiy voqeliklar”ni tan olmas ekan, ya’ni boshqacha qilib aytganda Rossiyaning Ukraina hududlarini olib qo‘yganini “ochiqchasiga tan olmasa biz gaplashmaymiz”, deb aytdi. Bu, shubhasiz, nafaqat Ukraina yoki biz, balki butun dunyo mamlakatlari uchun Rossiyaning maqsadi haqida hech qanday savol qoldirmaydi. Bu gaplar Markaziy Osiyoda ham o‘z aks-sadosini topmoqda. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z hududiy yaxlitligi, suverenitetini juda jiddiy qabul qiladi. Chunki bular oson qo‘lga kiritilmagan va mustaqillik nima ekanini yaxshi his qiladilar.
Shunday qilib, asosiy savol – Rossiya o‘zining tajovuzkorligini to‘xtatishga va buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga va aynan shu tamoyillarga mos keladigan tarzda amalga oshirishga chin dildan tayyormi yo yo‘q? Shu bois, menimcha, siz – butun dunyo bo‘ylab eshitgan va BMT Bosh Assambleyasida 141 davlat tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada o‘z aksini topgan asosiy narsa – bu tinchlikka, lekin adolatli va mustahkam tinchlikka intilishdir. BMT Nizomining hududiy yaxlitlik, suverenitet va mustaqillik tamoyillariga mos kelishi va yuqorida aytib o‘tganimdek, Rossiya bu operatsiyani qayta takrorlashi mumkin emasligiga ishonch bormi? Bir, ikki yoki uch yil o‘tgach, u dam oladi, qayta qurollanadi va yana hujum qiladi. Shunday ekan, o‘ylaymanki, diqqatimizni aynan shu narsaga qaratishimiz kerak.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 23 fevral kuni Ukraina bo‘yicha maxsus sessiyasi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Ovoz berish jarayonida Xitoy beteraf qoldi, biroq oradan bir kun ham o‘tmay o‘zining 12 banddan iborat urushni to‘xtatish takliflarini o‘rtaga tashladi. Bu esa urushni qoralash davrida uni boshlagan Rossiyaga nisbatan betaraf qolgan Xitoyning haqiqatan ham Ukraina va uning qurbon bo‘layotgan xalqiga nisbatan jafokashligini shubha ostiga qo‘ydi. Qolaversa, Xitoy bildirgan takliflarning aksariyati urushni Rossiyaning qo‘li baland kelishi orqali tugatishni tasdiqlaydi. Jumladan, Blinken ham shunday fikrda:
Xitoy ilgari surgan taklifga kelsak, men aytganimdek va hukumatdagi boshqalar aytganidek, u yerda ba’zi ijobiy jihatlar bor, jumladan Xitoyning o‘zi ham o‘tmishda bir necha bor aytganidek, bu taklifni Prezident Zelenskiy bir muddat oldin ilgari surgan. Ammo agar Xitoy bu masalada chin dildan jiddiy bo‘lsa, u ilgari surgan birinchi tamoyil – suverenitet bo‘lib, u o‘tgan yilni to‘liq Ukrainaning suverenitetini tiklashni qo‘llab-quvvatlashga sarflagan bo‘lar edi. Lekin u buning teskarisini qilmoqda. U Rossiyaning urush haqidagi dezinformatsiyasini xaspo‘shlayapti, xalqaro tashkilotlarning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bloklamoqda, yaqinda Rossiyaga halokatli qurollar taqdim etish rejalari ma’lum bo‘ldi.
Xitoyning ikkita yo‘li bor: birinchisi tinchlik tarafdori bo‘lish, ikkinchisi olov ustiga yog‘ sepish.
Blinken tashrif bahonasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga 25 million dollar ajratilayotganini aytdi. Xo‘sh, nima evaziga? Qarzdor bo‘lib qolmaymizmi? AQSH O‘zbekistondan qanday javob, qanday sheriklikni kutyapti? Blinkenning aytganlaridan tushuniladiki, AQSH yordam orqali Markaziy Osiyoni kamroq Putinning qo‘liga, ayniqsa, uning energetika sirtmog‘iga qaram qilmoqchi.
Biz bilamizki, MO dunyoning murakkab bir hududida joylashgan. Uzoq yillar davomida turli mamlakatlar bilan tarixiy va geografik munosabatlar o‘rnatgan. Shu bilan birga, bu yerdagi har bir mamlakat o‘z munosabatlarini boshqa davlatlar bilan, jumladan, AQSH bilan mustahkamlashni istaydi. O‘z navbatida AQSH ham izchil sherik bo‘lishni va bu yo‘lda yangi imkoniyatlar yaratishni xohlaydi.
Yuqorida Rossiya agressiyasining Markaziy Osiyoda ham takrorlanmasligiga qanday kafolat bor, deb aytdik. Bu birinchi o‘rinda energiya va oziq-ovqat narxlarining oshishiga, inflyatsiyaga olib keladi. Mana, Ukrainada ham shunday oqibatlarga olib keldi. Bundagi oddiy ishora shuki, Putin energiya taqchilligini qurol sifatida ishlatmoqchi va oziq-ovqat mahsulotlarining esport qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda. Biz esa dunyo bozorida yetarli energiya rusurslari bo‘lishiga harakat qilyapmiz. Putin energiyani qurol sifatida ishlatayotgan mamlakatlarga yordam berishga urinyapmiz. Shuningdek, oziq-ovqatni ham Putin qurol sifatida ishlatib, asosiy ozuqa bo‘lgan bug‘doyning Ukrainadan eksport qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda. BMT va Turkiyaning vositachiligida biz Don yo‘lagini ochishga harakat qildik.
Sanksiyalar masalasiga kelsak, faqat AQSH emas, boshqa ko‘plab mamlakatlar Rossiyaga sanksiya e’lon qilgan. Aslida sanksiya e’lon qilish va eksportni nazorat qilish haqidagi qarorlar osonlikcha qabul qilinmaydi. Bu Rossiya Ukrainaga tajovuz qilgani sababli Ukrainani himoyalash, Rossiyaga o‘zining xulq-atvorini o‘zgartirish, urushni davom ettirishga qiyinchilik tug‘dirish uchun qo‘yilgan. Shuning uchun biz sanksiyalar ishlashiga yordam berayotgan davlatlarga minnatdorlik bildiramiz. Biz mintaqa bo‘ylab hukumatlar bilan ish olib boryapmiz va ushbu sanksiyalarni tushuntirib beryapmiz. Shuningdek, ularga bo‘layotgan salbiy oqibatlarni bartaraf etishga yordam bermoqchimiz. Buning uchun eksport litsenziyalarini berishga yordam beramiz.
So‘zim yakunida shuni aytmoqchimanki, bu mintaqani o‘z savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilishdan iborat va boshqa mamlakatlardan, jumladan AQSHdan ham savdo ko‘lamini oshirishlari tarafdorimiz. Bunda mamlakatlar hech bir mamlakatga qaram bo‘lmaslikni ta’minlashi lozim. Ayni paytda MO davlatlarining o‘zaro savdo aloqalarini ham rivojlantirishga yordam beryapmiz. Bunda ko‘plab hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishining tarafdorimiz. Qancha ko‘p hamkorlik bo‘lsa, tashqaridan ham shuncha ko‘p sarmoya kiraveradi.
Blinken Prezident Mirziyoyev bilan suhbatlashgan mavzular orasida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasi ham bor. Xo‘sh, tomonlar bu borada qanday xulosalar qildi?
Prezident bu yerda ilgari surgan islohotlar dasturi haqida gap ketganda, biz bugun uchrashuvimiz chog‘ida bu haqda uzoq gaplashdik. Qabul qilingan qadamlarni olqishladik. Men nafaqat kuchli istiqbolga ega bo‘lish, balki uni to‘liq amalga oshirish muhimligini ham ta’kidladim va bu, albatta, davom etayotgan muhim ish bo‘lib qolmoqda. Biz ommaviy axborot vositalari erkinligi, fuqarolik jamiyati uchun kuchli maydonga ega bo‘lish muhimligi haqida suhbatlashdik, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini qisqacha muhokama qildik.
Rossiya ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, so‘nggi bir yilda Putin propogandasini amalga oshirayotgani, “maxsus harbiy operatsiya” niqobi ostidagi urushni dezinformatsiya orqali yoqlashga urinayotgani hech kimga sir emas. Mashina o‘z ishini ortig‘i bilan uddalayotgan holatlar ham talay. Har holda ushbu propagandaning ortidan urushga borib, o‘ligi kelgan yigitlar haqidagi xabarlar qulog‘ingizga chalingandir. Albatta, urush qurbonsiz bo‘lmaydi, lekin ular majbur qilingan yoki pul evaziga qurol ko‘targanlar. Xo‘sh, Markaziy Osiyoda Rossiya propagandasiga qarshi qanday himoyalanish ma’qul?
Bu ma’lumotlar orqali odamlar nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri, nima yaxshi siyosat va nima yomon siyosat, qaysi yo‘nalish to‘g‘ri yoki yo‘qligi haqida o‘z qarorlarini qabul qilsin. Lekin, albatta, Rossiya juda kuchli va uzoq davom etadigan tashviqot va noto‘g‘ri ma’lumot tizimini yaratgan, u bu yerda va dunyoning boshqa qismlarida ham seziladi. Va bunga eng yaxshi javob, albatta, haqiqatan ham erkin, mustaqil, ochiq ommaviy axborot vositalarining odamlarga faktlarni yetkazishi va o‘z qarorlarini qabul qilishlariga imkon beradigan eng kuchli muhitdir.
LiveBarchasi