Uysiz, kiyimsiz va och... Zilziladan omon qolganlar qanday jon saqlamoqda? (fotoreportaj)

Olam

image

Turkiya janubini larzaga solgan zilzila 20 mingdan ortiq insonlar o‘limiga sabab bo‘ldi. Tirik qolganlarning bugungi ahvoli ham havas qilarli holatda emas. Vayronalar ostida qolayotgan odamlarni tirik qutqarish umidi kun sayin so‘nib bormoqda.

Hatayning qadimiy Antakya shahrida binolar, masjid, eski bozor va protestant cherkovi, turar-joy binolari zilzila natijasida vayron bo‘ldi. Mahalliy aholi qutqaruvchilarning sekin ishlashi halok bo‘lganlar sonining ortishiga sabab bo‘layotganidan g‘azablandi.

“Yaxshiyamki, askarlar bir necha soat oldin yetib kelishdi, lekin qo‘llarida hech qanday jihoz yo‘q. Qo‘llari bilan odamlarni qazib olishdi”, deydi ko‘ngilli sifatida qutqaruv ishlarida qatnashayotgan 42 yoshli Qubilay Seyitalilog‘lu.

Turli davlatlardan yordam yuborilishiga qaramay, aholini zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash dolzarbligicha qolmoqda. Qishki kiyim yoki o‘tinni qayerdan olish, uylarga qaytish xavfsiz yoki yo‘qligini tekshirish, yonilg‘i tugashi bilan isitish uchun foydalanilayotgan avtomobillar baklarini qanday to‘ldirish, odamlarning qarindoshlarini diniy qoidalarga asoslanib, dafn etish kabi muammolar oldinda qilinadigan ishlar hali talaygina ekanini ko‘rsatmoqda. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar sababli hatto sham yetishmovchiligi ham kuzatilmoqda.

Turkiya hukumati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) zilzila qurbonlarining yaqinlari topilmasa, 24 soat ichida ularni dafn etishga qaror qilgan edi.

“Shaxsi aniqlanmagan yoki qarindoshlari topilmagan odamlarga nisbatan 24 soat kutgandan so‘ng DNK testi, barmoq izlari va fotosuratlarni olish, shundan keyin dafn marosimi o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu jarayon diniy urf-odatlarga ko‘ra o‘tkaziladi”, deyiladi rahbariyat saytidagi xabarda.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, qabrning joylashgan joyi, shuningdek, unda kim dafn etilgani ko‘rsatilishi kerak edi. Shu bilan birga hukumat tomonidan zilziladan jabr ko‘rgan oilalarga nafaqa sifatida 530 dollar to‘lanishi va’da qilingan.

Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja, Hataydagi AFAD markazida o‘tkazgan yig‘ilishida xalq misli ko‘rilmagan falokat bilan kurashayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u umuminsoniy sa’y-harakatlar uchun barcha xalqlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

“Dunyoda juda kam uchraydigan birlik va kurashni namoyish qilmoqdamiz. Bu og‘ir vaziyatni birga yengamiz. Qardoshlik ruhimizning eng insoniy jihati bo‘lgan hamkorlik bugungi kunlardagi qiyinchiliklarni bartaraf etishning kalitidir”, deya qo‘shimcha qildi Koja.

Ma’lumot berilishicha, vayronalarda qolgan fuqarolarga favqulodda yordam ko‘rsatish ortidan jami 20 ming tez yordam mashinasi va dengiz transporti safarbar etilgan. Xarobalarda 760 nafar qidiruv-qutqaruv xodimlari ishlamoqda. Dunyoning 41 nuqtasidan jami 3040 nafar xorijlik xodim K-9 itlari bilan qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

AFAD koordinatsiyasining 7 ta joyida shaharchalar qurilgan. Ularda jami 9120 ta chodir o‘rnatilgan. Hozirda 10 ta tumandagi 73 punktda issiq ovqat tarqatilmoqda. Shunga qaramay, mamlakatda boshpana yetishmovchiligi, odamlarning sovuq havoda ko‘chada tunab qolayotgani kuzatilmoqda. Misol uchun, Hatay shahridagi vayronalar oldida odamlar o‘z mashinalarida tunamoqda.

Qutqaruv jarayonlarida shaxsi noma’lum kishilarning juda ko‘p qismini 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Ulardan ba’zilarining fotosuratlarini maxsus dasturlarga yuklash orqali indentifikatsiya ma’lumotlariga erishildi.

Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) Turkiya va Suriyadagi halokatli zilziladan jabr ko‘rgan zaif oilalarga yordam ko‘rsatishni boshlagan. BMT matbuot kotibining ma’lum qilishicha, keyingi uch-to‘rt oy ichida yarim million jabrlanuvchining shoshilinch gumanitar ehtiyojlarini qondirish uchun 46 million dollar kerak bo‘ladi.

Tabiiy ofatdan oldin yuqori inflyatsiya va past ish haqi bilan ajralib turgan Turkiyaning ichki iqtisodiy ahvoli ham zilzila ta’sirida yanada yomonlashdi. Mamlakatning asosiy fond birjasi indeksi 7 foizga tushib ketishi bilan savdolar to‘xtatildi. Tahlillarga ko‘ra, asosiy fond indeksi yanvar oyining boshidagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 20 foizga pastlagan. Birja savdolari qachon tiklanishi noma’lum.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing