Dunyoni yig‘latgan Turkiya fojiasi yoxud alamli hafta

Tahlil

O‘tgan hafta xizmat safari bilan Istanbulda edim. Turkiyada dahshatli zilzila sodir bo‘liishidan bir kun avval Toshkentga qaytdim. Qaytdim-u bir tomondan sog‘-omon Vatanga kelib olganimdan xursand bo‘lsam, boshqa tomondan qardosh xalqning boshiga tushgan kulfatlar yurakni ezdi. Yana Turkiyaga, zilzila sodir bo‘lgan hududlarda borib, voqea joyining o‘zidan reportaj tayyorlash uchun yo‘lga otlanmoqchi bo‘ldimu o‘ylab qoldim: vaziyat og‘ir, zilzilalar davom etmoqda, hatto OAV ham vayronalar atrofida qutqaruvchilarga halal beryapti, qolaversa, viloyatlarga eltadigan yo‘llar avtomobillar bilan to‘lgan, parvozlar bekor qilingan, aeroportlar yopiq, mehmonxonalarda esa qaysidir jabrlanuvchining o‘rnini band qilamiz. Shu bois Toshkentda qoldik. Shu o‘ylar bilan faoliyatimiz davomidagi eng og‘ir va qayg‘uli xabarlar dayjestini taqdim etamiz. 

Dunyoni larzaga keltirgan Turkiya fojiasi

Dunyoni larzaga keltirgan voqealar talay: Ikkinchi jahon urushi, 2001 yildagi AQSHda sodir etilgan terrorchilik akti va 2020 yilda boshlangan pandemiya. Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila ham ular qatoriga qo‘shildi. 

Shu kuni Turkiyaning Janubi-Sharqiy Anadolu mintaqasida mahalliy vaqt bilan soat 04:17 va 13:24 ta 2 yirik zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, epimarkazi Qahramonmarash viloyati bo‘lgan zilzilalarning birinchisi 7,7 ball, ikkinchisi 7,6 ballni tashkil etdi. Oqibatda G‘oziantep va Qahramonmarash viloyatlari, Hatay, Adiyaman, G‘oziantep, Diyorbakir, Malatya, Usmoniya, Elazig‘, Kilis, Shonliurfa, Adana shahalarida halokatli hodisalar ro‘y berdi. Qurbonlar 20 mingdan oshib ketdi, 90 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Qariyb 6,5 ming bino vayron bo‘ldi. 

Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, (tan olinmagan) Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezilgan. Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 3 mingdan ortiq kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan.

Turkiyada zilzila sodir bo‘lgan birinchi kunning o‘zidayoq mingdan ortiq qurbonlar berilgani ortidan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda 7 kunlik motam e’lon qildi va 12 fevralga qadar mamlakat ichi va tashqarisidagi barcha idorlar hamda diplomatik korpuslarda turk bayrog‘i yarmiga tushirilishi bo‘yicha qarorni imzoladi. Erdo‘g‘anning qarori Bryusselda ham aks-sado berdi. NATOning Bryusseldagi qarorgohi oldidagi 30 ittifoqchi davlat bayroqlari Turkiya va turk xalqi bilan birdamlik uchun 8 fevral oqshomiga qadar yarmiiga tushirildi. 

Bu orada zilzilaga oid boshqa faktlar pydo bo‘la boshladi. Gap shundaki, Niderland seysmolog olimi Frank Hogerbits Turkiyaning janubi-sharqi, unga qo‘shni Suriya, Iordaniya va Livan bilan chegaradosh hududlarida yaqin kunlarda 7,5 magnitudalik kuchli zilzila bo‘lishini voqeadan ikki kun oldin prognoz qilgan. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida yozib qoldirgan.

Ko‘plab turkiyaliklar, siyosatchilar mutaxassislarning Turkiya hukumatiga ogohlantirishlariga befarq munosabatda bo‘lib, erta tayyorgarlik ko‘rmaganidan e’tiroz bildirdi. Xo‘sh, bu bashoratlarga Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi O‘lgan Bekar nima deydi? QALAMPIR.UZ unga mikrofon tutdi. 

“Bunaqa spekulyatsiyalarga javob berishni o‘rinli deb hisoblamayman, chunki hech bir mutaxassis zilzila ushbu hududda bo‘ladi deb ayta olmaydi, bu imkonsiz. Turkiyaning barcha idoralari hozir zilzila talafotlarini bartaraf qilish bilan shug‘ullanyapti”, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘lgan Bekar.

Turkiya sodir bo‘lgan zilzila ortidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirdi.

Prezident topshirig‘i bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 7 fevral kuni O‘zbekistondan Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhi jo‘natildi. Dastlabki guruhdan 100 nafar qutqaruvchi o‘rin oldi. 

Oradan ikki kun o‘tib, 9 fevral kuni O‘zbekiston 71 kishidan iborat harbiy-tibbiy va qidiruv-qutqaruv guruhini Turkiyaga yo‘lladi. Shu kuni maxsus bort 11 nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarolarini zilzila sodir bo‘lgan hududlardan olib qaytdi. 

9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi elchixonasiga borib, qardosh xalqqa yana bir bor hamdardlik bildirdi. O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini aytdi. Elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.

Shuningdek, bunday an’ana dunyoning boshqa mamlakatlarida ham kuzatildi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham o‘z mamlakatlaridagi Turkiya elchixonasiga borib, hamdardlik kitobiga qayd qoldirdilar. Tojikistonda esa bu ishni bajarish Bosh vazir Qoxir Rasulzoda chekiga tushdi. 

Turkiyaning boshiga tushgan kulfatga o‘zbekistonliklar jim qarab turgani yo‘q. Poytaxt Toshkent va viloyatlarda yordam markazlari tashkil etilib, bu yerda 10 ortiq turdagi mahsulotlar, kiyim-kechaklar yig‘ila boshladi. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova esa 10 ming AQSH dollari xayriya qildi. 

Turkiyada esa zilzila siyosiy vaziyatni yumshatib, siyosatchilarni birlashtira olgani yo‘q. Mamlakatning 10 viloyatida vayron bo‘lgan bir paytda muxolifat va ayrim fuqarolar Prezident Erdo‘g‘anni va Hukumatni so‘roqqa tutishni boshladi. 1999 yilda joriy qilingan zilzila solig‘i nimalarga sarflagani hisobi so‘raldi. Ijtimoiy tarmoq haqorat va tuhmatga to‘la postlar bilan boyidi. Buning ortidan mamlakatda Twitter va TikTok bloklandi. 

Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning epimarkazi Qahramonmarashda bo‘lgan ikki vayronali zilziladan jabr ko‘rgan o‘nta viloyati – Qahramonmarash, Adana, Adiyaman, Diyorbakir, G‘oziantep, Hatay, Kilis, Malatya, Usmoniya va Shonliurfadja favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni loyihasini ma’qulladi.

Erdo‘g‘an zilzila sodir bo‘lgan hududlarga birma-bir bordi, aholi bilan suhbatlashdi, chodirlarga kirdi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat barcha vositalar va imkoniyatlarni ishga solganiga ishontirdi. Zilziladan jabr ko‘rgan oilalarning har biriga davlatdan 10 ming liradan yordam berilishini aytdi. Hozirgi dollar kursi bilan hisoblasa bu taqriban 530 AQSH dollarini tashkil etadi. 

Shuningdek, tabiiy ofat zonasi aholisi, agar chodirlarda kun kechirishni xohlamasa, Antaliya, Alaniya va Mersindagi mehmonxonalarda qolishi mumkin. Erdo‘g‘an 10 viloyatda vayron bo‘lgan uylar o‘rniga bir yil ichida yangilari qurilishini bildirdi. Bu davr ichida aholining biror uyda yashab turishi uchun bir yillik ijara puli davlat tomonidan to‘lab beriladi. 

Novosibirskdagi “dom” portladi

Odamlar o‘limiga sabab olib kelgan fojiaviy voqealar faqat Turkiya bilan cheklangani yo‘q. 9 fevral kuni ertalab Novosibirskning Zayelsovsk tumanidagi Lineynaya ko‘chasidagi besh qavatli panelli binoda gaz portlashi sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida uyga kiruvchi ikkita pod’ezd qulab tushgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan. Portlashdan keyin yong‘in boshlangan binodan 50 kishi evakuatsiya qilingan. Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun 358 kishi va 68 texnika jalb qilingan. 

Tergov qo‘mitasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi ("Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish") bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ish bo‘yicha tergovni nazoratga oldi. Xavfsizlik xizmati xodimlari o‘zlarini “Mejregiongaz-servis” MCHJ xodimlarimiz deb tanishtirgan ikki shaxsni qo‘lga oldi. Ular bir nechta xonadonlardagi gaz plitalariga texnik xizmat ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Turkiyadagi zilziladan qanday dars chiqarishi kerak? 

Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan deyarli barcha hududlarida o‘zim bo‘lganman. Qahramonmarash, Shonliurfa, G‘oziantep, Usmoniya, Diyorbakir shaharlariga borib, bu yerdagi binolarning haybati, tarixiy obidalarning viqoridan hayratda qaytgandim. Ammo hamma narsa ko‘ringanidek bo‘lmas ekan. Bugun O‘zbekiston, uning yuragi poytaxt Toshkent ham mahobatli binolarga to‘lib boryapti. Ko‘plarining quruvchilari ham aynan turk shirkatlari. Xo‘sh, bugun Turkiyaning boshiga tushgan kulfatlar kun kelib O‘zbekistonga ham soya solmaydimi? Turkiyadagi zilzila fonida O‘zbekistondagi binolarning sifati, zilzilabardoshligi hafta o‘yloviga aylandi. Hatto, bu masalada Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi alohida yig‘in ham tashkil qildi. 

Agar shunday kuchli zilzila O‘zbekistonda kuzatilsa, talafotlarning oldi olinganmi? Bunga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov shunday javob qildi:

“Turkiyadagi zilzila oqibatlarini o‘rganish natijasida, turkiyalik mutaxassislar, Turkiya qurilish vazirligi mutasaddilari bilan gaplashdim. Hozir zarar ko‘rgan binolar kategoriyalarga ajratilmoqda. Biz uchun ham bu hodisadan juda katta saboq, dars chiqadi. Ya’ni biz bugungacha zilzilalarga bardoshli qurilish materiallarini tadbiq etish, yangi standartlarni kiritishga ilmiy-tekshirish metodologiyasi orqali yondashar edik. Lekin so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan voqealardan katta dars olish kerakligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.

Turkiyaning unchalik mustahkam bo‘lmagan binolari va qurilish sohasidagi amalda o‘zini oqlamagan tajribasi bugun O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan bo‘lishi mumkinmi? Xo‘sh, bunga mas’ullar nima deydi:

“O‘zbekistonda bino loyihasini turk loyihachisi qiladimi yoki yapon loyihachisimi, ular loyihani tugatgandan keyin birinchi navbatda mahalliy loyiha instituti tarafidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi va O‘zbekiston sharoitiga moslashtiriladi. Shundan so‘ng, Qurilish vazirligi ekspertizasidan o‘tkaziladi. Shuning uchun chet elda binolar yiqildi, endi bizdagi binolar ham yiqiladimi, degan xavotirlaringiz o‘rinsiz. U binolar bilan O‘zbekistondagi binolar o‘rtasida ot bilan tuyachalik farq bor”, deydi Odilov. 

Namoyishlardan boshi chiqmagan Parij

Tugayotgan haftada Fransiyaning boshi namoyishlardan chiqmadi. Hafta boshidan buyon poytaxt Parijda va boshqa hududlarda yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 

7 fevral kuni Fransiya kasaba uyushmalari pensiya yoshini uzaytirish rejasiga qarshi umummilliy ish tashlashning uchinchi to‘lqinini boshladi.

Qayd etilishicha, pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonun parlament muhokamasiga qo‘yilgan. Namoyishlar shundan so‘ng avj olgan. Temir yo‘l xizmatlari bekor qilingan, maktablar to‘xtatilgan va kasaba uyushmalari jamoatchilikni yana ko‘chaga chiqishga chaqirgan.

Seni-Deni xiyobonida bir guruh yoshlar do‘kon va qahvaxona oynalarini sindirib tashladi, axlat qutilariga o‘t qo‘ydi. Vaziyatni bartaraf etish uchun yetib kelgan politsiyachilar guruhiga tartibbuzarlar tomonidan qarshiliklar ham ko‘rsatilgan. Bunga javoban huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz purkagan. 

“Umumiy mehnat konfederatsiyasi” kasaba uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Parijdagi namoyishda 400 mingdan ortiq kishi qatnashmoqda.

8 fevral kuni esa fransuz fermerlari Yevropa Ittifoqining eng yirik qishloq xo‘jaligida fermer xo‘jaliklari ishlab chiqarishiga tahdid solayotgan pestitsid (zarakunandalarga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy dorilar) cheklovlari va boshqa ekologik qoidalarga qarshi norozilik bildirish uchun Parijga yuzlab traktorlarni haydab kirdi. 

Qayd etilishicha, fermerlarning mazkur harakatiga Yevropa Ittifoqi sudining o‘tgan oydagi qarori sabab bo‘lgan. Chunki ushbu qaror ortidan qand lavlagi yetishtiruvchilariga Yevropa Ittifoqi tomonidan taqiqlangan insektitsid (zararkunanda hasharotlarni yo‘qotish uchun ishlatiladigan kimyoviy modda)dan foydalanishga ruxsat beruvchi Fransiya siyosati bekor qilingan. Bu esa lavlagi ekishning yanada qisqarishi va shakar zavodlarining yopilishidan xavotir uyg‘otgan.

“Makron qishloq xo‘jaligini yo‘q qilmoqda”, “Fermeringni asra” degan bannerlar osilgan traktorlar Parij markaziy ko‘chalari bo‘ylab harakatlangan. 

Shamshetovning o‘limi ortida qiynoq bormi? 

2022 yil 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov joriy yilning 4 fevral kuni hibsda vafot etdi. 

U Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan edi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Polat Shamshetov to‘satdan vafot etgan.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish jarayonlarida esa Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlari ham ishtirok etgan. 

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Shamshetov yurak xurujidan vafot etgan. Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Polat Shamshetov Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi. U 2 iyul kuni "odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilganlik va o‘zi ularning faol ishtirokchisi bo‘lganlik"da ayblangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiyaning ma’lum qilishicha,  marhum bilan bitta kamerada bo‘lgan shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o‘tkazilgan. Shamshetov bilan bir kamerada saqlangan ikki mahbusga ko‘ra, o‘limidan bir kun avval Shamshetov ko‘p tamaki chekkani tufayli nafas olishi og‘irroq bo‘lib qolgan. O‘sha kuni marhum ko‘p bezovtalangan, to‘satdan ularning ko‘z o‘ngida xushini yo‘qotgan.

Shuningdek, komissiyaning qayd etishicha, marhumga nisbatan ruhiy yoki jismoniy qiynoq qo‘llanilmagan. 

Shu o‘rinda Nukus voqealariga oid yana bir xabar: tugayotgan haftaning 6 fevral kuni Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Ularning aksariyati ommaviy tartibsizliklar tashkil etish, ularda faoil qatnashish, huquq-tartibot organlari xodimlarining talabiga bo‘ysunmaslik, ularga jarohat yetkazish va separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomateriallarni tarqatish, D. Tajimuratovni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan himoya qilib, ularga tan jarohatlari yetkazganlikda ayblanmoqda.

Yana bir bloger hibsga olindi

Tugayotgan haftada bloger Abduqodir Mo‘minov hibsga olindi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 165-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBBga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov 2021 yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaroning ukasi nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali ishonchga kirib, o‘zining xizmatlari uchun jami 10 000 AQSH dollarini so‘rab, shundan 3 800 AQSH dollarini oldindan olgan. Lekin u bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. 

Bundan tashqari, 2021 yilning oktyabr oyida Abduqodir Mo‘minov Jizzax viloyatida yana bir fuqaro bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o‘zining “Ko‘zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytib, uni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70 000 AQSH dollari so‘ragan. 

Qayd etilishicha, fuqaro o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida Abduqodir Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Abduqodir Mo‘minovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.Muminov protsessual tartibda ushlangan. 

Tergov harakatlari davom etmoqda.

“Dok-1 Maks” mashmashasi davom etmoqda

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari,  tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan uning bir nechta jinoiy sheriklari qamoqqa olindi. Bu haqda huquq-tartibot idoralari emas, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari,  tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda o‘tkazilgan o‘rganish yakunlariga ko‘ra, aniqlangan juda ko‘p miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda byudjet mablag‘larining sarf qilinishida belgilangan talablarning qo‘pol ravishda buzilganlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  

Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, 

Ma’lum qilinishicha, Kariyev va boshqalar “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropining nojo‘ya ta’siri sababli “o‘tkir buyrak etishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida qamoqqa olingan. 

Dastlabki tergov davomida sifatsiz dori vositalarini O‘zbekistonga import qilib, iste’molga chiqarilishiga ruxsat bergan mas’ullar doirasini aniqlab, harakatlariga huquqiy baho berishga qaratilgan kompleks tergov-tezkor harakatlari va tegishli ekspertizalar o‘tkazilmoqda.

Inoyatov aytgan kalamushlar kim? 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligidan uzoqlashmaymiz. Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu agentlik “Dori vositalari,  tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKga borib, hali sud tomonidan tasdiqlanmagan ayblov xulosalarini o‘qib eshittirdi. U o‘tkazgan yig‘ilishda agentlikning ko‘plab xodimlari qatnashishdan bosh tortgan bo‘lsa ham QALAMPIR.UZ muxbiri hoziru nozir bo‘ldi. 

Vazir Inoyatov ham “Dok-1 Maks” voqeasida asosiy javobgar organ Dori vositatalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish markazi ekanini ta’kidladi. 

U markazning xato-kamchiliklarini sanab o‘tar ekan, uning shtat birligi nihoyatda katta ekani, hatto bu borada butun boshli Sog‘liqni saqlash vazirligini ham ortda qoldirishini aytdi.

Amrullo Inoyatovning aytishicha, standartlashtirish markazi mutasaddilari muntazam ravishda Hindiston dorilariga qalbakilashtirilgan sertifikatlar berib kelgan, “Dok-1 Maks” bo‘yicha hujjatlarni esa yo‘q qilib yuborgan.

Majlisda Inoyatov ushbu markazning xodimlari tomonidan yillar davomida yo‘l qo‘yib kelingan xato va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Ular orasida dorilarga beriladigan sertifikatlarni soxtalashtiradigan, pora evaziga ishga kiritib qo‘yadigan, tajriba uchun olib kelinadigan kemiruvchilarni ham hujjatda ko‘p ko‘rsatib, aslida kam olib keladigan xodimlar bor. Biroq mazkur xodimlarning aybi hali to‘liq tasdiqlanmagan. 

Inoyatov yig‘ilishda qatnashmaganlarni kalamushga o‘xshatdi. 

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan o‘tkazilgan majlisning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sergelini yangi metroda kezgan Prezident

Ma’lumki, ayni paytda poytaxt Toshkentda Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Hozir uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada Senat raisi Tanzila Norboyeva, uning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Rahmonov bilan metroni borib ko‘rdi. 

Ma’lum qilinishicha, Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Shu kunning o‘zida Prezident poytaxt va Sergeli faollari bilan muloqot qilib, Toshkentda bosh reja bo‘lmaguncha, yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini aytdi. U qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi.

Shuningdek, Mirziyoyev joriy yilning 1 apreliga qadar poytaxt Toshkentga qo‘shimcha mingta avtobus olib kelinishini aytdi. 25 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi, yil yakunigacha 233 ta chorrahadagi svetoforlarni yo‘lovchi oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy qilinadi, 20 ta oqim yuqori ko‘chalarda xususiy sheriklik asosida jami 10 ming o‘rinli parkomatlar tashkil etiladi, Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar ochilib, tayyor biznes sifatida auksionga chiqariladi.

Yig‘ilishda Prezident Toshkentda chiqindilarni qayta ishlash tizimidan umuman qoniqmayotganini bildirdi. Shuningdek, tugayotgan haftada Prezident Jizzax viloyatiga ham bordi. 

Rossiyaning gaz ittifoqi taklifi yo changali...

O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari hamda “Gazprom” gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish niyatida. 

9 fevral kuni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bolat Aqchulakov muzokaralar o‘tkazgan. Unda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining dastlabki texnik baholari muhokama qilingan. 

Uchrashuv yakunida uch tomonlama tadqiqotlarning navbatdagi bosqichini jadallashtirish va ularning natijalariga ko‘ra qisqa muddatda uch tomonlama uchrashuvni qayta tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

“Gazprom”ning xabar berishicha, uchrashuv ishtirokchilari gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan. 

Avvalroq, Prezident Vladimir Putin Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. Joriy yilning yanvar oyida “Gazprom” O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari bilan gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama “yo‘l xaritalari”ni imzolagan. 

O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, yo‘l xaritasida texnik shartlarni o‘rganish, so‘ngra Rossiya gazining Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tuvchi “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali tranziti ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, u gaz yetkazib berishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartlari haligacha kelishilmaganini ta’kidladi.

O‘zbekiston OAV erkinligi yomon davlatlar qatoridan o‘rin oldi

“Chegara bilmas muxbirlar” nodavlat tashkilotining Ommaviy axborot vositalari erkinligi indeksida 2022 yilgi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston 133-o‘rinni egalladi.

Qayd etilishicha, ushbu reytingda 179 mamlakatning ro‘yxati keltirilgan. Mazkur reytingda O‘zbekistonning matbuot erkinligi ko‘rsatkichi 45,74 ballni tashkil etib, mamlakat so‘z erkinligi darajasi past bo‘lgan davlatlar sirasiga kirgan. Bu ko‘rsatkich tashkilot tomonidan yomon deya baholangan va O‘zbekistonning matbuot erkinligiga izoh berilgan.

“Mamlakatning sobiq Prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin OAV uchun sharoitlar deyarli yaxshilanmadi va davlat hokimiyatini tanqid qilish murakkabligicha qolmoqda”, deyiladi izohda.

Shuningdek, OAV erkinligi ko‘rsatkichi past bo‘lgan davlatlar qatoriga Xitoy, Myanma, Turkmaniston, Eron, Eriteriya kirgan bo‘lsa, Norvegiya, Daniya, Shvetsiya matbuot erkinlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar sifatida qayd etilgan.

Qo‘shni davlatlardan Qirg‘iziston ushbu reytingda 64,25 ball bilan 72-o‘rinda, Qozog‘iston esa 48,28 ball bilan 122-o‘rinda turibdi.

So‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat juda yomon bo‘lgan Belarus 39,62 ball bilan 153-o‘rin, Rossiya esa 38,82 ball bilan 155-o‘rinni egallagan.

Zelenskiyning Yevropaga ketganda Rossiya qaqshatqich zarba berdi 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganiga 1 yil to‘lishi oldidan Ukraina Prezidenti dunyo kezdi. U birdaniga 4 davlatda mehmon bo‘ldi. Zelenskiyning birinchi manzili Buyuk Britaniya. U Bosh vaziri Rishi Sunak bilan uchrashdi va muzokaralar o‘tkazdi. 

Sunak Britaniya parlamentining Jamoatchilik palatasida so‘zlagan nutqida Britaniya Ukraina 2023 yilda Rossiya kuchlari ustidan hal qiluvchi g‘alabani qo‘lga kiritishini kutayotganini yashirmadi. 

U Buyuk Britaniya Ukraina Qurolli Kuchlari uchuvchilarini NATOga tegishli qiruvchi samolyotlarni boshqarishga o‘rgatish niyatida ekanini ma’lum qildi. O‘sha kuni Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini 15 bandga kengaytirdi. Bundan 8 nafari jismoniy shaxslar bo‘lsa, qolgan yettitasi kompaniyalar va ana shu 7 taning oltitasi mudofaa kompaniyalari.

Zelenskiyning keyingi manzili Fransiya bo‘ldi. U Makron bilan uchrashdi. Fransiya rahbari Vladimir Zelenskiyni Fransiyaning oliy mukofoti – “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirladi.

Zelenskiy qo‘yni-qo‘njini to‘ldirib, 9 fevral kuni Bryusselga yetib keldi. Zelenskiy va unga hamrohlik qilgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni aeroportda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel kutib oldi. 

Zelenskiyning Bryusselga kelishi – Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilganidan keyin tashkilot markaziga qilingan birinchi tashrif bo‘ldi.

Belgiya Buyuk Britaniya va Fransiya safaridan so‘ng Zelenskiy borgan G‘arbiy Yevropadagi uchinchi davlat bo‘ldi. Ukraina rahbari bu yerda Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari sammitida ishtirok etdi hamda Yevroparlamentda chiqish qildi va urush davomida doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevroparlamentga minnatdorlik bildirdi. U Yevropa turmush tarziga xos bo‘lgan plyuralizm, fikrlar xilma-xilligi, tenglik, erkin namoyish o‘tkazish huquqi va buzilmaydigan hududiy chegaralar kabi qadriyatlarni sanab o‘tgan. Bularning hammasi birlashib, odamlarda ertangi kunga ishonch hosil qilishini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush orqali Yevropa turmush tarzini yo‘q qilishga urinmoqda. Vladimir Zelenskiy Rossiyani Eron kabi diktatura tuzumlari yordamida Yevropa qadriyatlariga qarshi to‘liq urush olib borayotganlikda ayblagan.

Sammit ishtirokchilari Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni kengaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning mojaro boshlanganidan beri Kiyevga ko‘rsatgan umumiy yordami 67 milliard yevroni tashkil etishi, shundan qurol-yarog‘ yetkazib berish 12 milliard yevroga baholanishi aytilgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi rahbarlari yarador ukrainalik askarlarni keyinchalik fuqarolik hayotiga qayta integratsiyalashuvi uchun davolash va reabilitatsiya qilish dasturini ishga tushirishga va’da bergan.

Zelenskiyning tashrifi davomida Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarining o‘ninchi paketini tayyorlayotganini ham ma’lum qilgan. Mazkur sanksiyalar paketi rossiyalik harbiylar va jurnalistlarga nisbatan cheklov choralar hamda 10 milliard yevrolik eksport taqiqlarini o‘z ichiga olishi aytilgan.

Zelenskiy Bryusseldan ketgach, Polshaga bordi va Prezident Anjey Duda bilan uchrashdi. Ular Yevropa Ittifoqi sammiti natijalari va bo‘lajak NATO sammitini muhokama qilgan.

Prezidentlar hozirgi xavfsizlik holatini, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan zarur sa’y-harakatlarni muhokama qilgan. Suhbatda sanksiyalar mavzusi ham ko‘rib chiqilgan. Zelenskiy Prezident Dudaga Polshaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami, jumladan, millionlab ukrainalik qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Zelenskiy Yevropa bo‘ylab safar qilib, Yevroittifoq yetakchilari bilan Ukrainaga qo‘shimcha qurol-yarog‘, jumladan, qiruvchi samolyotlar yetkazish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotgan bir paytda Rossiya mamlakatdagi muhim infratuzilmalarga raketa zarbalarining yangi to‘lqinini boshlab yubordi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon eng kuchli hujumga uchragan Zaporoje shahriga bir soat ichida kamida 17 ta raketa urilgan.

“Ukrenergo”ning ma’lum qilishicha, Ukrainaning sharqiy, janubiy va g‘arbiy qismidagi bir nechta energetika ob’ektlariga uchuvchisiz samolyotlar va raketalarning bir kecha-kunduzda qilingan zarbalaridan so‘ng elektr ta’minoti to‘xtab qolgan. Masalan, Ukraina sharqidagi Xarkov shahrida, g‘arbidagi Xmelnitskiy va mamlakat markazidagi Dnepr viloyatida ham infratuzilma jiddiy zarar ko‘rgan. 

Shuningdek, Kiyev va uning atrofidagi hududlarda kamida uchta portlash sodir bo‘lgan. Raketa qoldiqlari poytaxtdagi uy, ikkita avtomobil va elektr tarmoqlariga zarar yetkazgan. 

Harbiy havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ihnat esa havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari Ukrainaga uchirilgan yettita uchuvchisiz samolyotdan beshtasini va oltita Kaliber raketasidan beshtasini urib tushirganini aytgan. Shuningdek, harbiy havo kuchlari Xarkov va Zaporoje viloyatlarida Ukraina havo mudofaasi urib tushira olmaydigan 35 ta S-300 raketalari uchirilganini tasdiqlagan.

Xitoyning “josus shar”ini urib tushirgan AQSH

O‘tgan haftada AQSH havo hududida Xitoyga tegishli bo‘lgan havo shari aniqlangan edi. Joriy haftada esa AQSH harbiylari sharni urib tushirishga qaror qildi.

Qayd etilishicha, “josus shar” Virjiniyadagi Lengli harbiy havo bazasi samolyotlari tomonidan otib tushirilgan. AQSH rasmiylari sharni razvedka maqsadlarida foydalanilgan deb gumon qilgan. Xitoy esa havo sharining urib tushirilishiga nisbatan noroziligini bildirib, AQSHni haddan tashqari reaksiya bildirganlik va xalqaro amaliyotni jiddiy buzganlikda ayblagan. 

Shuningdek, Xitoy rasmiylari AQSHni Xitoy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi boshqa harakatlar qilmaslikka, keskinlikni kuchaytirmaslikka chaqirgan.

“AQSHning qilgan ishi har ikki tomonning sa’y-harakatlari va ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish yo‘lidagi Bali uchrashuvidan [Jo Bayden va Si Szinpin o‘rtasida –  tahr.] keyin erishilgan muvaffaqiyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi va zarar keltirdi”, deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

Bayonotga ko‘ra, AQSH havo sharining fors-major holatlari tufayli Qo‘shma Shtatlar hududiga adashib kirib ketganiga ishonmagani va AQSH havo hududidan ketish arafasida turgan sharga nisbatan kuch ishlatgani uchun javob beradi. Pekin zarur bo‘lgan barcha qarshi choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Ushbu voqeadan keyin AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, so‘nggi bir necha yil ichida Xitoyning kuzatuv sharlari kamida beshta qit’ada ko‘rilganini va Vashington bu operatsiyalar haqida ma’lumot almashish uchun ittifoqchilari bilan aloqada ekanini ma’lum qildi.

Amerika diplomatiyasi rahbarining aytishicha, Vashingtonda “josus shar” loyihasi haqidagi ma’lumotlari soat sayin oshib bormoqda. U yaqin kunlarda yanada batafsil ma’lumot bera olishini ma’lum qilgan.

Blinkenga ko‘ra, AQSH besh qit’adagi davlatlar suverenitetini buzgan ushbu dasturning yagona nishoni emas edi.

Shuningdek, NATO Bosh kotibi Stoltenberg bu masala mintaqaviy bo‘lib qolmay, global xavfsizliklikka ta’sir qilishini, shuning uchun ham Xitoy razvedkasining doimiy xavfidan xabardor bo‘lish va keyingi himoya shakllarini kuchaytirish kerakligini aytgan.

O‘zbekistonlik terrorchi Moldovada qo‘lga olindi

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari boshchiligida diniy-ekstremistik faoliyatga aloqadorligi uchun qidirilayotgan jinoyatchi Kishinyov shahridan Toshkentga yetkazildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hibsga olingan shaxs O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlaridan yashirinib, xalqaro ekstremistik tashkilotga qo‘shilgan va u yerda terrorchilik harakatlarini sodir etish va tayyorlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etgan. Shuningdek, tashkilot yetakchilaridan biriga aylangan. 

Qayd etilishicha, jinoyatchini qo‘lga olish Toshkent va Kishinyov Interpol Milliy Markaziy byurolarining birgalikdagi harakatlari va tezkor axborot almashinuvi tufayli amalga oshirilgan. 

Moldovaning vakolatli organlari tomonidan ekstraditsiya masalasi ijobiy hal etilganidan so‘ng, qidirilayotgan shaxs sud oldida javob berish uchun O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Shifokorlarni xalqning o‘zi boqib oladi. Inoyatovni-chi? 

Sal avval Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov  Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga borib, tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgani, u yerdagi ayrim xodimlarni kalamushga o‘xshatganini aytgandik. Tugayotgan haftada uning o‘zi ham tanqidlarda bebaxra qolmadi. Ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan vazirning Farg‘onada o‘tkazgan yig‘ilishi va shifokorlarni xalqning o‘zi rozi qilishi haqidagi gaplari katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan audioga ko‘ra, vazir Inoyatov shifokordan maoshi qanchaligini so‘ragan va shifokorning “5,5 mln”, degan javobini eshitgach, unga “bemorni davolasangiz, o‘zi chin dildan pul beradi. Yetmaydimi?” deya yuzlangan. Bundan tashqari, vazir o‘zi ham operatsiya qilishini qistirib o‘tgan va shifokor o‘zining brendini yaratsa, uni xalqning o‘zi boqib olishini aytgan.

Vazirning gaplari shunchaki qolib ketmadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirib, shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish bu noqonuniy ekanini bildirdi. 

Munosabatda aytilishicha, shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning  e’tirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakatdir.

Hafta davomida sodir bo‘lgan muhim voqealar juda ko‘p. Ammo bularning hech biri hozirgacha 20 mingdan ortiq odamning yostig‘i quritgan Turkiya fojiasichalik muhim bo‘lolmaydi. Turkiyadagi dahshatli zilzila va uning talafotlari nafaqat haftaning, balki asrimiz voqeasiga aylandi. Bu musibat chegara tanlamadi. Dunyoning har bir mamlakati uni o‘zinikidek qabul qilyapti. Chunki hech kim bunday ofatlardan sug‘urtalanmagan. Bugungacha dunyodagi urush va bo‘hronlarni tinchitishda vositachi bo‘lishga harakat qilgan, millionlab qachoqlarga eshigini ochgan Turkiyaning o‘zi bugun yordamga muhtoj. Tili, dini, millatidan qat’i nazar dardi ham dunyoni birlashtirdi, Turkiyaning. Xitoy, AQSH, Rossiya, Qatar, Isroil, Saudiya Arabistoni, boring ana, Turkiya bilan jiqqa musht bo‘lgan Gretsiya ham yordam jo‘natdi shu kunlarda. Jim turmadi. Dunyo Turkiya uchun oh uryapti. Yaratgan har bir mamlakatga, dunyoga, jumladan Turkiya ham tinchlik va ofiyatni bersin. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing