Toshkentda “svet”ni tiklash uchun nima qilinyapti? QALAMPIR.UZ jarayonni o‘rgandi
Jamiyat
−
17 yanvar 2023
11984Poytaxtda anomal sovuq tufayli gaz bosimi pastlashi, uylardagi “otopleniye” haroratining tushib ketishi ortidan asosiy yuklama elektr ta’minotiga tushdi. Oqibatda Toshkent shahrining ko‘plab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, haligacha ta’minotda favqulodda uzilishlar sodir bo‘lmoqda. Shu kunlarda birgina poytaxtning o‘zida 584 ta mahalladan 120 tasi elektr ta’minotisiz qoldi. 15 yanvar kuni 542 ta past kuchlanishli issiqlik punkti, shuningdek, 87 ta transformator punkti yuklama ortishi natijasida ishdan chiqqan.
Yuzaga kelayotgan nosozliklarni oldini olish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali tomonidan barcha tuman elektr tarmoqlari korxonalarida 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus guruhlar tashkil etildi. Xodimlar zarur transport vositalari, qo‘shimcha elektr qurilmalari zaxiralari bilan ta’minlangan.
Xo‘sh, 24 soatlik faoliyat, zarur texnikalar va qo‘shimcha qurilmalar favqulodda uzilishlarni bartaraf etishda qanchalik o‘zini oqlayapti? QALAMPIR.UZ joylarda ishlar qanday tashkil qilinayotgani bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
O‘rganish Yunusobod tumanidagi "Bog‘ieram" mahallasidan boshlandi. Manzilga borilganda, 10 ga yaqin tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari, 1 ta texnika hamda laboratoriya uskunalari bilan mas’ullar hududdagi muammo ustida ishlayotgandi.
“5 kundirki, mahallamizda chiroq yo‘q. Orada yonib qolsa, bir soatdan ko‘p turmaydi. Odamlarning muzlatgichi, isitish pechlari kuyib qolyapti. Bizku bir amallarmiz, bolalarimizchi? Ular kasal bo‘lib qolsa, kim javob beradi?” deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Hududdagi muammo aniq, unga yechim qanday bo‘ladi? Savollarga manzilda bo‘lib turgan Yunusobod tumani elektr ta’minoti korxonasining katta ustasi Muzaffar Alimov javob berdi.
“Mahallaga mavjud muammoni bartaraf qilish uchun kelganmiz. Holat o‘rganildi. Yer ostidan o‘tgan tarmoqning 2 ta joyida uzilish bo‘lgan. Avariyalar yuklamalar ortishi sabab kelib chiqmoqda. Biz aholiga elektrdan imkon boricha tejab foydalanish kerakligini tushuntirdik. Muammo 2-3 soat atrofida bartaraf qilinadi, shundan so‘ng elektr yana qaytadi”, deydi Muzaffar Alimov.
Muammo yechimi mas’ullarga ishonib qoldirilgach, ikkinchi manzilga, ya’ni Uchtepa tumani "Diydor" mahallasi tomon borildi.
Mazkur mahallada ham ayni shu muammo, yuklamalar ortishi sabab yer ostidan o‘tgan tarmoq kuygan. Oqibatda mahallada 3 kun elektrda uzoq muddatli uzilishlar bo‘lgan.
“3 kundan beri “svet” yo‘q. Yonsa ham 2 soatdan ko‘p turmaydi. Mana bugun ham 3 soatgina yondi, xolos. Odamlar qiynalib ketdi. Bir tomondan gaz past, “otopleniye” muzlab yotibdi. Bor umidimiz shu elektrdan edi, endi shu ham yo‘q”, deydi manzilda yashovchilardan biri.
Mas’ullarning aytishicha, aholi elektr tokidan me’yorida foydalansa, bu muammo qayta bo‘lmaydi.
“Biz aholi bilan kelishib oldik. Endi har bir xonadon bittadan isitish pechlarini ishlatadi, liftdan ham vaqtincha foydalanmay turadi. Odamlar ham bunga rozi bo‘ldi. Hozirgi muammoni esa yarim soatlarda hal qilib beramiz”, deydi Uchtepa tuman elektr ta’minoti korxonasining mas’ul xodimi.
O‘rganish ishlari Olmazor tumani "Chimboy" mahallasida davom ettirildi.
Ta’kidlanishicha, manzilda 3 kun avval tarmoqlardagi qisqa tutashuv sabab transformatorda yong‘in chiqqan. Bugun u yangisiga almashtirildi.
Muammoni bartaraf qilish uchun 10 ga yaqin mas’ul xodim, 1 ta texnika, shuningdek, mahalla fuqarolari birgalikda ish olib bordi. Yerlar kovlanib, transformatordan birinchi simyog‘ochgacha 25 metrli kabel ulandi.
QALAMPIR.UZ 3 ta hududning yechimlari bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev bilan bog‘langanida, u o‘rganilgan har bir mahallada vaziyat barqarorlashgani, xonadonlar shu kunning o‘zida elektr bilan ta’minlangani haqida ma’lum qildi. Shuningdek, vaziyat nazoratda bo‘lishi haqida ham qo‘shimcha qilindi.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi