Vazirlar ketishi uchun go‘daklar o‘lishi kerakmi? So‘nggi hafta dayjesti

Tahlil

Bundan 10 yillar ilgari dadamning dorixonalari bo‘lgan. Maktabda o‘qib yurgan paytlarim ta’tilda ko‘pincha yonlariga borardim. O‘shanda dadam dorixonaning sotuv bo‘limiga qadam qo‘yganimni ko‘rsalar qattiq jahllari chiqardi. Xodimlar ham oq xalat va bosh kiyimini kanda qilmasdi. Dadam uyga kelgach, jarning og‘zida ishlab kelaman, tekshiruv ko‘p, desalar, hayron bo‘lardim, dorixonaning nimasini tekshiradi deb. Hozir-chi, dorixonalarda tekshiruvlar bormi? Oq xalatni talab qilishni qo‘yinga, ko‘pgina dorixonalarda hali voyaga yetmagan bolalar dori sotyapti. Aksariyat sotuvchilarning farmatsevtikaga umuman aloqasi yo‘q. Ayniqsa, tungi soatlarda ishlayotgan ko‘pgina dorixona xodimlarida savod anqoning urug‘i. Qo‘lda yozilgan retseptni o‘qiy olmaydi, shifokorning yozuvini tanisa xo‘p-xo‘p, tanimasa qo‘liga tushgan dorini berib yuboradi. Tunov kuni o‘zimda ham shunday bo‘ldi. Dorixonaga kirdim, sotuvchi 14 yashar bola. So‘ragan dorim bor-yo‘qligini aytmay turib, menga boshqa dorini tavsiya qila ketdi. Mana, bizning bugungi farmatsevtikaning ahvoli, mana, bizning sog‘liqqni saqlash tizimining asl va ko‘pchiligimiz uchun odatiy bo‘lib ketgan yuzi. 

Tibbiyot abgor davlatlarda dorifurushning oshig‘i olchi bo‘ladi

Germaniyaga borganimda aksariyat dorilar shifokor retseptisiz sotilmasligi va dorixonalar kechki 6 dan keyin va dam olish kunlari ishlamasligiga guvoh bo‘lgandim. Qanaqa davlat o‘zi bu? Axir kechasi kimdir to‘satdan betob bo‘lib qolishi mumkin yoki falonchixon opaning qarindoshi qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shnisining ammasi ichgan dorini tavsiya qilib qolishi mumkin, degan o‘y-xayol bormi o‘zi bularda, degandim. Rosa kulgandim nemislarning ustidan. Bugun esa kuyib o‘tiribman, kuyib o‘tiribmiz. Tibbiyot abgor davlatlarda dorifurushning oshig‘i olchi bo‘ladi, deganlari rost ekan. 

“Dok-1 Maks” dorisi bilan bog‘liq vaziyatdan ko‘pchiligingizning xabaringiz bor. Avvaliga Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar o‘limi sodir bo‘lgani haqida axborot bermadi, yashirdi. So‘ng Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova Samarqandga borib, “Dok-1 Maks” dorisidan 18 nafar bola o‘lganini ma’lum qildi. Odamlar sergak tortdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi yana dorida zaharli modda borligi, sotuvchilar tavsiyasi bilan qo‘llanilgani, shifokor ruxsatisiz ichirilgani, xullas shunga o‘xshash kurakda turmaydigan eski uslubdagi bayonot bilan chiqdi. Ortidan vazir Behzod Musayev uzr so‘radi. Mana u nima degan. 

Nima? Me’yordan ortiq ichish oqibatida? Nima bolalar dorini litrlab ichganmi? Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu dorini ichib vafot etgan bolalardan birining vazir Musayevga yozgan ochiq xati tarqaldi. Unda onaizor sho‘rlik "Agar dori shifokor retsepti bilan sotilishi kerak bo‘lsa, nega uni ochiq savdoga qo‘ygansizlar?" degan haqli savolni o‘rtaga tashlagan. Shuningdek, u vazirni dori shifokor retseptisiz iste’mol qilingan degan vajlar ortiga yashirinmaslikka chaqirgan. 

Eng kulgili tarafi shundaki, vazir Musayev o‘z videomurojaatida Samarqanddagi tibbiyot xodimlari o‘z vaqtida xabar bermaganini aytib, ularni ayblagan. 

Xo‘sh, endi shu dorini ishlab chiqargan, uni mamlakatga olib kirganlar qolib, shifokorlar aybdormi? Qani dori ortidan jaraq-jaraq pul qilganlar. Sir emas, bu katta biznes va bu ayniqsa pandemiya vaqtida fosh bo‘ldi. 

Xullas, vaziyat ancha chigal. Bu orada Sog‘liqni saqlash vazirligi kerakli choralarni ko‘rmagani uchun 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgani va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilganini ma’lum qildi. U ushbu ishga aloqador bo‘lganlar javobgarlikka tortilishini va’da qildiyu oradan 3 kun o‘tar-o‘tmas, o‘zi vazirlikdan ketib qoldi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.

Bu orada DXX Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda ham “Dok-1 Maks”ning yana bir qurboni aniqlandi. 27 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashagan 2021 yilda tug‘ilgan bola 5 kun davomida ushbu siropni iste’mol qilib, sog‘ligi yomonlashgan va uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib borilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bola vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

29 dekabr kuni “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga Hindiston hukumati ish ochdi. Dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti xodimlari tekshiruvlarni natijalariga ko‘ra, ushbu kompaniyadan dori vositalari ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishni talab qilgan. Unga ko‘ra, “Marion Biotech” kompaniyasining Noida shahridagi barcha ishlab chiqarish faoliyati 30 dekabr kuni tunda to‘xtatildi. 

Avvaliga dorilarning me’yordan ko‘p ichilishi va shifokorlarni ayblayotgan sog‘liqni saqlash vazirligi ham shoshib qoldi. Endi “Marion Biotech”ga tegishli 16 turdagi dorilari savdosiga zapret qo‘ydi. 

Albatta, bunday inqirozli vaziyatdan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham xabar topdi. Davlat rahbari 30 dekabr kuni yig‘ilish o‘tkazib, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevni ishdan oldi. 

Yangi vazirliklarni egallagan eski vazirlar

Tugayotgan hafta tayinlovlar bilan ham yodda qoldi. Prokurorga nisbatan bosim o‘tkazayotgani aks etgan ovozi tarqalganidan keyin ko‘pchilikning nazdida allaqachon hokimlikdan ketishi kerak bo‘lgan To‘ra Bobolov shu hafta boshida Surxondaryo hokimligidan iste’foga chiqarildi. Buni uning boshqa ishga o‘tayotgani bilan izohlashdi. Uning o‘rniga esa Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlayotgan Ulug‘bek Qosimov tayinlandi. 

Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Vladimir Norov ham boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan iste’foga chiqarildi, uning o‘rnini esa Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov egalladi. Ochig‘i, biz ham siz kabi hayratdamiz? Maktablar bilan shug‘ullanib yurgan Saidovning Tashqi siyosatga qanday aloqasi bor? Kamiga u Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan va faoliyatini buxgalterlikdan boshlagan. Faoliyatining so‘nggi yillarida, 2017 yildan 2021 yilgacha Xitoyda elchi bo‘lgan.

Moliya vaziri Timur Ishmetov esa Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Nodirjon Xolbo‘tayev egallab turgan lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri bo‘lib ishlab kelayotgan va 12 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh vazirdan hayfsan olgan Abduqodir Toshqulov tayinlandi. Ol-a! Faqat O‘zbekistonda hayfsan ana shunday buyuk manzillarga eltishi mumkin. 

Shuningdek, tugayotgan haftada Hukumatda yirik tebranishlar bo‘lib, yangi tashkil etilgan vazirliklarga rahbarlar tayinlandi. Ammo ularning aksariyati eskilar. Masalan Ochilboy Ramatov, Jamshid Qo‘chqorov, Jamshid Xo‘jayev, Zulayho Mahkamova yana Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ldi. Boya gapimiz chala qolgandi. Vazirlik faoliyati davomida 19 bolaning doridan vafoti bilan tarixda qolayotgan Musayev "Dok-1 Maks" ishi hal bo‘lmay turib, boshqa lavozimga o‘tdi. Asli iqtisodchi bo‘lgan Musayev ana endi o‘z o‘rnini topdi, u kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini boshqaradi. Musayevning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan tibbiyot fanlari doktori, professor Amrillo Inoyatov Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘ldi. Unga Musayevdan Dok-1 Maks masalasi meros bo‘lib qoldi. 

Albatta, tayinlovlar shu bilan tugagani yo‘q. Bu uzundan uzun ro‘yxatini o‘qib bermay-da, yaxshisi saytimiz orqali o‘zingiz tanishib chiqishingiz mumkin, albatta, sizga qiziq bo‘lsa. 

Alvido, Pele

Braziliyalik afsonaviy futbolchi, futbol qiroli Pele 82 yoshida San-Pauludagi xususiy klinikada vafot etdi. U anchadan buyon saraton kasalligi bilan kurashib kelayotgandi. Pele bir oydan ko‘proq vaqt mobaynida shifoxonada bo‘ldi. 

Braziliyada uch karra jahon chempioni Pelening vafoti munosabati bilan uch kunlik motam e’lon qilindi.  

Futbolchini xotirlash marosimi 2 yanvar bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Pelening tobuti Santos ko‘chalari bo‘ylab politsiya korteji hamrohligida, jumladan, uning yuz yoshli onasi Selest Arantis yashaydigan uy yonidan olib o‘tilishi kutilmoqda. 3 yanvar kuni futbolchi dafn etiladi. Marosimning bu qismi mehmonlar va rasmiylar uchun yopiq bo‘ladi. 

Oson unutilgan Kusherboyev, sukutdagi parlament

Rasul Kusherboyevning parlamentdan ketishi va bunga na Hukumat va na parlamentning pinagini buzmasligi nafaqat hafta yoki oy, balki yil voqeasi sifatida tarixda qoldi. U bir necha yillik faoliyati davomida shu qadar ko‘p tarafdorlarga ega bo‘libdiyu ammo parlamentda o‘ziga hamfikr orttirolmabdi. Albatta, biz bunda parlamentdagilar uning ortidan ish tashlashi kerak edi, degan fikrni ilgari surishdan yiroqmiz. Gap na uni saylovga olib chiqqan partiya va na fraksiyaning miq etmaganida. Yo ular ham Kusherboyevdan qutulolmay yurganmidi? Parlament-ku chuqur sukutda. Na spiker Nurdinjon Ismoilov va na uning o‘rinbosarlari, ayniqsa, Ulug‘bek Inoyatov munosabat bildirgani yo‘q. Odob komissiyasi ham to‘planib, Kusherboyevga majlisda so‘z berilmagani muhokama qilinmadi. Uning parlament va xalq oldidagi mehnatlari oson unutildi, qo‘l siltandi. 

Kusherboyev 26 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligidan ketmoqchiligi bo‘yicha ariza yozdi. Majlisda komissiya a’zolari uning arizasini bir ovozdan qabul qildi, Kusherboyev erkin qushga aylandi. 

Kusherboyev qarshi chiqqan qonun Senatda ham qabul qilindi

Kusherboyev “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga fikr bildirmoqchi bo‘lganida unga so‘z berilmagani va balki biz bilmagan qator holatlar sabab ishdan ketdi. Ammo qonun quyi palatada ham, Senatda ham ma’qullandi. Gap shundaki, joriy haftaning 27-28 dekabr kulari Oliy Majlis Senatining 36-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qonun bilan 2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSH dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, Senat yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ham qabul qilindi. Unga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotayotgan shaxs 21 yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etish shartligi belgilandi.  

Endi alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilib, ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. 

Qonunga muvofiq, endilikda tamaki mahsulotlari qatoriga chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamaki qopchasi, hidlanadigan tamaki), tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlar, elektron sigaretalar hamda tarkibida tamaki va nikotin bo‘lmagan, lekin shularni iste’mol qiluvchi vositalar bilan foydalanish uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ham kiradi.

Haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasini litsenziyalash IIVga o‘tkazilmoqda. Bu norma senatorlar qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda aks etgan.

Qonunga ko‘ra avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyatni, shuningdek avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish yuzasidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun to‘lanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanmoqda.

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Yalpi majlisda senatorlar “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunni shoshmashosharlik bilan tayyorlangani uchun rad etdi. Buning sabablari bisyor. Senat raisi Tanzila Norboyevaning aytishicha, qonunda birgina “profilaktika suhbati” normasi tushunarsiz, ko‘plab muammoli savollarni keltirib chiqaradigan darada belgilangan. Masalan ushbu suhbat qanday, qachon, qancha vaqt o‘tkazilishi aniq ko‘rsatilmagan. Bu esa odamlarni besamar ushlab turishga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni ma’qullandi. 

Qayd etilishicha, mazkur xalqaro bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun O‘zbekiston va Turkiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tash uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Ushbu Bitim 2022 yil 30 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.

Putinning 2023 yildagi rejalari

O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu yil hisobidan so‘nggi xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Qayerga deysizmi? Rossiyaga. Federatsiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yil boshlagan an’anasiga muvofiq Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari rahbarlarini Sankt-Peterburgga, norasmiy sammitga yig‘di. 

Unda qatnashish uchun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Piterga bordi. 

Sammit Putinning Prezidentlarga kosa tagida nimkosali chaqiruvi bilan boshlandi.

“Shunday do‘stona davraga yana bir bor to‘planganimiz, menimcha, MDH makonida hamkorlikni chinakam strategik sheriklik, o‘zaro manfaatdorlik va barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish ruhida yanada birgalikda qurish istagimizdan yorqin dalolat beradi”, degan Putin. Qiziq, Putin o‘ziga savol berdimikin, haqiqatan ham u istayotgan narsalarni boshqalar ham xohlaydimi? 

Bu ham yetmagandek, u MDH doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish ushbu mamlakatlar xalqlarining tub manfaatlariga javob berishini qistirib o‘tdi. Rossiya rahbari Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlarini umumiy tarix, mushtarak ma’naviy ildizlar, chuqur chambarchas bog‘langan madaniyat va urf-odatlar, qadriyatlar, an’analar, ayniqsa, qudratli birlashtiruvchi kuch – rus tili bog‘lashini aytdi va 2023 yilda MDH davlatlarida rus tili yili nishonlanishiga qaror qabul qilinganini eslatdi.

Putinning mehmonnavozligi Qozog‘iston Prezidenti To‘qayevni to‘lqinlantirib yubordi chog‘i, birdan so‘z olib, MDHda rus tilining o‘rni mustahkam ekanini aytdi. U Sankt-Peterburgga 2023 yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti rasmiy maqomining berilishi MDH davlatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini urg‘uladi. 

Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan muloqotda sammitga kelgan Prezidentlar bir-birlariga Yangi yil sovg‘asi berishi rejalashtirilmaganini aytgandi. Biroq, Putin ularni quruq yo‘l bilan qaytarmadi. Davlat rahbarlariga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari rahbarlari sovg‘a sifatida Yangi yil tabriklari yozilgan va tashkilot ramzi tushirilgan uzuklarni sovg‘a qilgan. Shoshqaloq Lukashenko uzukni darrov taqib olgan va bu kameralar ob’ektiviga muhrlangan. 

Umraga borgan o‘zbekistonliklar YTHga uchradi

Tugayotgan haftada Umra safariga borgan o‘zbekistonliklar o‘tirgan avtobus Saudiya Arabistonida Madina shahridan Makkaga yo‘l olgan vaqtida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Avtobusda 50 nafar o‘zbekistonliklar bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, 10 nafar yo‘lovchi jarohatlangan. 

Yo‘l-transport hodisasiga avtobus haydovchisining uxlab qolishi sabab bo‘lgan. 

Jarohatlanganlarga Madina shahri yaqinidagi “Vadi Al-Far’” va “Al-Himna” shifoxonalarida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Avtobusdagi 40 nafar ziyoratchi Madina shahridagi mehmonxonaga joylashtirilgan. 

Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingani va ushbu mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilganini ma’lum qildi. 

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi

Doim mamlakatda korrrupsiyaga, davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurash ketayotib, unda faqat mayda baliqlar qo‘lga olinib, nahanglar yallo qilayotganidan nolirdik. Ish hatto tuman hokimlari darajasiga ham yetib bormay, o‘rinbosari bilan hal bo‘lardi odatda. Biroq bu gal nahang emas, nahanglar guruhining jinoyatlari fosh qilindi. 

Shu hafta s obiq Andijon shahar hokimi Bahrom Xaydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

26 dekabr kuni Farg‘ona viloyat sudi binosida sobiq Andijon shahar hokimi Bahrom Xaydarov, Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatida bosh hisobchi lavozimida ishlagan S.Yulchiyeva, sobiq Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi K.Asqarov, sobiq Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Mullajanov, sobiq Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasining mahalliy byudjet daromadlarini rejalashtirish va byudjetlarini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Sh.Xoshimov va jami 45 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi. 

Unga ko‘ra:

Bahrom Xaydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Xaydarovga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi hamda 61-moddasi tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudining 2022 yil 13 dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazo to‘liq qo‘shilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlangaan.

Yana to‘rt kishiga – Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatida bosh hisobchi lavozimida ishlagan Yo‘lchiyevaga 7 yil 11 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish, Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi Asqarovga 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mullajanovga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasining mahalliy byudjet daromadlarini rejalashtirish va byudjetlarini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Xoshimovga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qolgan 40 nafar sudlanuvchi sodir qilgan jinoiy harakatlari doirasida tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167, 168, 205, 207, 208, 209, 211, 28,211, 228 va 243 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish jazolari tayinlandi.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 mlrd so‘mdan ziyod miqdoridagi moddiy zararning 16 mlrd so‘mdan ortig‘i qoplangan bo‘lib, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.

Prezidentning yil so‘ngidagi so‘nggi uchrashuvi

Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar bilan norasmiy muloqot o‘tkazdi, yangi, zamonaviy darsliklar taqdimotida qatnashdi. Uchrashuvda 10 mingdan ortiq maktabdan 842 tasining birorta bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kira olmagani afsus bilan tilga olindi. Prezident ayrim fanlarni qisqartirish, zamonaviy fanlarni ko‘paytirishni taklif qildi. Shuningdek, u “Bolalar yomon bo‘lib ketdi” degan fikrdan voz kechishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev Xalq ta’limi vazirligining quyi boshqaruv organlari – tuman xalq ta’limi bo‘limi (“Rayono”) va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi (“oblono”)ni yo‘q qilishni o‘ylayotganini qistirib o‘tdi. 

Uchrashuvda davlat rahbari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari maktabda o‘tilgan fanlar bo‘yicha o‘tkazilishi bo‘yicha berilgan taklifni ma’qulladi.

1 yanvardan boshlab 14 ta hududda yangi darsliklarni tajriba asosida o‘qitilishini aytdi. Ammo bu darsliklarning mualliflari, qaysi mablag‘lar evaziga ishlab chiqarilayotgani bizga ma’lum emas.

Dorixonalardagi vaziyat tibbiyotning yuziga tutilgan oyna

Respublikadagi tug‘ruqxonalarning deyarli barchasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun Trimetabol sirop dorisini ichirish kerakligini bir enlik qog‘ozga yozib berishadi. Ushbu dori Ispaniya mahsuloti bo‘lib, ammo poytaxtdagi dorixonalardan uni topolmaysiz. Dori qidiruv xizmatlarida ham Ispaniyaniki deb yozib qo‘yilgani bilan, dorixonlarga borsangiz, Pokiston mahsuloti sotilyapti. Kamiga quti ichida qo‘llanma yo‘q. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, dorilarni qo‘llanmasiz sotish mumkin emas. Buni tekshiradigan odam bo‘lmaganidan keyin savdolar avjida. Dorixonalardagi sotuvchilarning esa qutilarda qo‘llanma mavjud emasligidan xabari ham yo‘q. Quti ustiga esa qo‘llanma urdu tilida yozilgan. Nima endu men shu siropni bolamga ichirmoqchi bo‘lsam urdu tilini o‘rganishim kerakmi? Kamiga shu dorini tavsiya qilgan shifokor ham balodek xabardor uning Ispaniyaniki dorixonalarda yo‘qligi va Pokiston mahsuloti sotilayotganidan. Pinagini buzmay, hech narsa qilmaydi, hamma shuni ichiryapti deydi qo‘llanmasi yo‘q-ku deganimga qaramay. Dorixonlarda ushbu dori qanday sotilayotganini yashirin kameramizga muhrladik. Mana, o‘zingiz ko‘ring. 

Aslida bu bitta dori bilan bog‘liq vaziyat. Dok-1 Maks mojarosi va men aytgan dori savdosi bilan bog‘liq ahvol farmatsevtikamizning ahvolini ko‘rsatib turibdi. Nazorat qiladigan odam yo‘q, bo‘lsa ham o‘z holiga tashlab qo‘ygan yoki nimalar uchundir ko‘z yumadi. Afsuski, oqibatda odamlar o‘lyapti. 

Bu 2022 yilning so‘nggi hafta dayjesti edi. Ko‘pgina amaldorlar, davlatning mas’ullari tanqidlardan, dod-voylardan, ommaviy axborot vositalaridagi munosabatlardan o‘ziga qo‘rg‘on yasab olib, umuman parvo qilmay qo‘ygan yana bir yilni ortda qoldirdik. Ba’zan oommaviy axborot vositalarining natijasiz, so‘zi va tanqidlari kun sayin ta’sirsiz bo‘lib borayotgani qiynaydi. Ammo ishlashda davom etamiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing