Parlamentga qo‘l siltagan Kusherboyev. Odamlar nega undan norozi?

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha 23 dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev deputatlik lavozimidan ketgani haqida ma’lum qildi.

Kusherboyev QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida deputatlikdan ketishi haqida gapirarkan ikkiyuzlamachiliklar va amaldorlarning deputatlarga munosabati amalda o‘zgarmayotgani, Parlamentga bo‘layotgan munosabatdan tashvishlanayotganini qayta-qayta tilga oldi.

Uning bu qarori jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Afsuski hozirgacha na Qonunchilik palatasi, na O‘zLiDep partiyasi rahbari holatga izoh berganicha yo‘q.

Faollar, jurnalist, blogerlar, qolaversa ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari ham Kusherboyev Oliy Majlisdagi 150 deputat orasida haqiqatni qo‘rqmay gapiradigan, adolat uchun kurashadigan yagona deputat ekanini aytib, holatga oydinlik kiritishni so‘ramoqda.

Xo‘sh, jamoatchilik faollari Rasul Kusherboyevning deputatlikdan ketishiga qanday fikr bildirmoqda?

“Rahmat senga Kusherboyev”. Deputat Doniyor G‘aniyev hamkasbi Kusherboyevni deputatlikni tark etishiga o‘z munosabatini aynan shunday boshlagan. U Kusherboyevning lavozimdan ketishi Parlament uchun katta yo‘qotish ekanini ham yashirmagan.

— Parlament uchun katta yo‘qotish, afsus. Rasulning jur’ati, “dux”iga doim tan berganman, har qanday qarshilik va bosimlarga qaramay o‘z prinsiplarida qat’iy turishiga havas qilganman. Tan olish kerak, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Garchi Rasulni hurmat qilsam-da, lekin uning bu galgi qarorini unchalik ma’qullamayman. Chunki Kusherboyev keng jamoatchilik uchun aynan davlat rahbari boshlagan siyosiy islohotlar yutug‘ining timsoliga aylangan, mamlakatda kuchli parlament va demokratik jamiyat qurishda ko‘pchilikka ilhomlantiruvchi, umid beruvchi shaxs sifatida shakllangan edi. Unga minglab saylovchilari ishonch bildirgan, undan deputat sifatida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishini kutishgan.

Shu bilan birga, Rasul bu qarorga osonlikcha kelmaganiga ham aminman. Ehtimol bizga ayon bo‘lmagan asosli sabablari yoki shaxsiy muammolari bordur.

Bilishimcha, deputatlikdan ketishga hali rasman ariza bilan murojaat qilmagan. Balki, saylovchilari fikriga quloq solib, yana o‘ylab ko‘rar va qarorini o‘zgartirar. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham bu uning shaxsiy qarori va biz buni hurmat qilishimiz kerak.

Ishonamanki, deputatlikdan ketgan taqdirda ham Rasul Kusherboyev xalq manfaatlari va adolatli jamiyat barpo etish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida xizmat qilishdan to‘xtamaydi.

Rasul Kusherboyevdan so‘ng Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining deputatlikni tark etishini ma’lum qilgan O‘zLiDep partiyasidan deputati Nuriddin Zaynitdinov deputatlarning og‘izi yopilpyotgani va oilsi, qarindoshlariga ta’qib va bosimlar borligini malum qilgan.

— Gapirma! Indama! Aralashma! Qachongacha bundan gaplarni eshitamiz?! Deputatning gapirishdan boshqa nimasi qolmoqda? Endi shungayam yo‘l berilmasa...

Do‘stimiz, deputat Rasul Kusherboyev bilan bo‘lgan holatni qoralayman. Qachongacha deputatlar og‘zini yopish, qasddan ularni pozitsiyasini bildirishiga qarshiliklar bo‘ladi? Rasul Kusherboyevni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Deputat bo‘lib, emin-erkin deputatlik qilolmaydigan sharoitda ishlab bo‘lmaydi. 2022 yilni o‘zida 2-3 marotaba menga bo‘lgan bosimlar va noqonuniy ishlarni aybdorlariga shu kungacha chora ham ko‘rilmadi.

Oilamgacha, qarindoshlarimgacha ta’qib va bosim qilishga borishdi. Men ham mahalliy Kengash deputatligidan ketishga qaror qildim. Bu qaror vaqt masalasi edi. Yaxshi-yomon gaplarga rozi bo‘linglar. Bunday qaror qabul qilganimdan afsusdaman, bu oson bo‘lmadi.

Toshkent viloyati Xali deputatlari Qibray tumani Kengashi deputati Olim Sulaymanov ham holatga munosabat bildirar ekan, Kusherboyevning bu qarorga kelishiga majbur qilgan holatlar o‘rganilishi va jamoatchilikka ma’lum qilinishi kerakligini urg‘ulagan.

– Kusherboyevning ketishini jamoatchilik faollari juda og‘ir qabul qilmoqda. Biz Oliy Majlis Senati raisidan va Qonunchilik palatasi spikeridan Xalq deputatining bunday qarorga kelishiga sabab bo‘lgan barcha holatlarga aniqlik kiritilishini va o‘rtada qandaydir bosim yoki tazyiqlar bo‘lgan-bo‘lmaganligiga oydinlik kiritilishini talab qilamiz!.

Iqtisod fanlari doktori Barnogul Sanaqulova Rasul Kusherboyevning barcha chiqishlarini qo‘llab-quvvatlamasa ham uning deputatlikdan ketishi davlatning siyosiy demokratik oynasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytib o‘tgan.

— Rasul aka Kusherboyev deputatlik mandatini topshirayotganini, ortiq bunday ishlay olmasliklarini, topshirishga majbur bo‘lganliklarini o‘qib, miyam tormoz bo‘lib qoldi... Aytilgan shuncha gaplar yolg‘onmidi, til va  amal boshqamidi, qolgan zabonsiz, nimani oldiga qo‘ysa tasdiqlab beradigan deputatlarni boshiga uradimi xalq?
 
Rasul akani hamma harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasman balkim, lekin parlamentdagi faoliyatlarini doim qo‘llab-quvvatlaganman! Rasul Kusherboyevni deputatlikdan ketishlari davlatning siyosiy-demokratik oynasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, xalqni siyosiy islohotlarga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi, oxirgi payt Rasul aka piarga berilib ketgan bo‘lsa-da, lekin parlamentdan ketishi – bu juda-juda yomon, tahlikali zamonlar boshlanganidan signal deb qabul qilinadi... Endigi navbat Donyor G‘aniyev bo‘lmasa bo‘ldi ((.

Azon.uz ta’sischisi Mubashshir Ahmad Rasul Kusherboyevni bu fikridan qaytishini so‘ragan.

–  Rasul Kusherboyev deputatlik mandatini topshirish jarayonlarini boshlamagan bo‘lsa, uni fikridan qaytishga chaqiraman!

Bu maydon rasullarga muhtoj, ketishiga emas! Ular ko‘payishi kerak, kamayishi emas!

Siyosatchi Hamid Sodiqning munosabatidan 36 million xalqdan birgina Kusherboyevga ishonganiga ishorani krish mumkin.

– Rasul Kusherboyev deputatlik mandatini topshirishni e’lon qilibdi. 36 millionli xalq bittagina mandat bergandi. Uyat emasmi!?.

“Yuristkadr” Telegram-kanali asoschisi Saydali Muxtoraliyev Deputat Rasul Kusherboyevni qo‘llab quvvatlashi ammo hozir uni ketish vaqti emasligi ekanini aytgan. Shuningdek, yurist Oliy Majlis Senati raisi va Qonunchilik palatasi spikeridan holatga izoh berishini talab qilgan.

– Rasul Kusherboyev deputatlikdan ketish haqida qaror qilibdi. To‘g‘ri, qaror qabul qilish hammaning o‘z shaxsiy huquqi. Shunday qarorga kelganmi, balki shunga arzigulik jiddiy sabab bordir. Boshqa tomondan o‘tgan davr ichida Rasul Kusherboyev juda katta bosim ostida qolib ketdi. Bunday bosim va bunday xavfni ko‘tarib yurish uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmasa kerak.

Katta-katta kuchlarga qarshi turish uchun insonda nafaqat aql-idrok, balki kuchli matonat ham kerak. Ana shunday matonat va sabr bilan hammasiga chidab keldi Kusherboyev.

Lekin hozir bu ketishdan kimga zarar, kimga foyda ekani haqida o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, "qora kuchlar" bayram qilib do‘ppilarini baland-baland osmonlarga otishi aniq. Xursandchilik va bor foyda ularga. Biroq, oddiy xalq-chi? Nima bo‘lishidan qat’i nazar hozir ketish vaqti emas.

Biz Oliy Majlis Senati raisidan va Qonunchilik palatasi spikeridan:

– xalq deputatining bunday qarorga kelishiga sabab bo‘lgan barcha holatlarga aniqlik kiritilishini va o‘rtada qandaydir bosim yoki tazyiqlar bo‘lgan-bo‘lmaganligiga oydinlik kiritilishini talab qilamiz.

Yurist-bloger Bahodir Ahmedov Kusherboyevning deputatlikdan ketishiga munosabatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatovni ishdan ketishi kerakligi va Parlament tarqatib yuborilishi lozimligini qat’iy ravishda bildirgan.

– Rasul Kusherboyev deputatlikdan ketishga qaror qilibdi. Deputatning ma’lum qilishicha, deputatga 2023 yil Byudjeti loyihasi muhokamasida U. Inoyatov tomonidan so‘z ham berilmagan. Mamlakatning bir yillik taqdirini belgilaydigan bunday muhim hujjat pala-partish qabul qilinishi odamni xavotirga soladi do‘stlar.

Bizda parlament bormi o‘zi? Bular nimaga o‘tiribdi yuqorida? Nega bizning vakillarimiz degan nomni ko‘tarib yuruvchilar milliard-milliard dollarlik pullarimizni ustimizdan kulgandek qilib taqsimlashadi? Haqiqiy deputat deb biladiganlarimizga so‘z ham berishmaydi. Inoyatov ishdan ketishi, o‘zi umuman bu parlament tarqatib yuborilishi lozim, shart.

Jurnalist Aziza Qurbonovaning holatga bildirgan munosabatini o‘qib, u Rasul Kusherboyevning ketishi qarorini oqlamaganini tushunish mumkin.

– O‘zi yaxshi ko‘radigan xalq uchun, uni saylagan odamlar uchun "sistema"da turib kurashish qiyin, ammo foydali, maydonni boshqalarga qulay qilib tashlab ketish oson va bu harakatdan odamlarga foyda bo‘lishi dargumon. "Sistema"ni bukilmas shaxsiyatlar to‘g‘rilaydi.

Shuningdek holatga jurnalist Shuhrat Shokirjonov va Ilyos Safarov ham munosabat bildirgan.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist:

– Rasul Kusherboyev shu o‘lik parlamentda qolsa ham hech narsa o‘zgarmaydi, ketsa ham. Ketib to‘g‘ri qildi.

Rasul Kusherboyevni jonkuyar deputat deb biladigan bloger Shahnoza Soatova uning ketish haqidagi posti nihoyatda pessimistik ruhda yozilganini aytib, holatga oydinlik kiritilishiga umid qilgan. 

– Rasul Kusherboyev deputatlik faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qildi. Ushbu e’lon konteksti juda pessimistik bo‘lib, afsus tuydim. Garchi qaror sababi aniq aytilmagan bo‘lsa ham, “bunday ishlay olmas ekanman”, “shunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman” degan ifodalar Qonunchilik palatasida nimadir bo‘lgani va Rasul undan noroziligi anglashiladi. Shuhrat Latipov vaziyatni 2023 yil byudjet muhokamasi haqida Kusherboyev Twitter’da qoldirgan tviti bilan bog‘lamoqda.

Rasul bilan bir qancha masalalarda bahslarimiz bor. Biroq uni jonli va jonkuyar deputat deb bilaman. Umid qilamanki, vaziyat tez orada ijobiy yechim topadi.

Troll.uz (Umid G‘ofurov):

– Ba’zilar menga ham deputat bo‘lishni yozishadi. Bo‘lmayman. Bo‘lolmayman. Bu tizimda sog‘ odam ishlashi qiyin. Sog‘ni yo kasal qiladi, yo sig‘dirmaydi. Oliy Majlisda bugun bayram bo‘lsa kerak…


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing