Rashid Qodirov qamoqdan qanday chiqdi?

Jamiyat

4 yanvar kuni kechki soat 22:00 dan boshlab O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Na ichki ishlar vazirligi, na Jazoni ijro etish departamenti, na Oliy sud bu xabarlarga rasmiy munosabat bergani yo‘q. Bayonot berishi kerak bo‘lgan tashkilotlarning barchasi mana bir sutkaga yaqin vaqt o‘tdi hamki sukut saqlashni ma’qul ko‘rmoqda. Tarmoqlar Qodirov va uni ozodlikka chiqqani yuzasidan turli farazlar bilan to‘ldi.

Kimdir “sobiq Bosh prokuror kasalligi tufayli ozod etilgan” desa, yana kimdir “Qodirovning ozodlikka chiqishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 7 dekabr kuni imzolagan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan bog‘liq” deb aytdi.

QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va boshqa tegishli idoralar bilan bog‘lanib, holatni aniqlashga urindi. Afsuski ulardan aytari javob ololmadik.

QALAMPIR.UZ'ning ishonchli manbalariga ko‘ra Zangiota tumani 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlangan Rashid Qodirov joriy yilning 2 yanvar kuni sud qarori bilan ozodlikka chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudida Rashid Qodirovga oid ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Sudning hukmiga ko‘ra, Rashid Qodirov Jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) bilan ozodlikka chiqarilgan. Lekin ushbu moddaning qaysi bandi aynan Qodirovga nisbatan qo‘llanilgani bizga ma’lum emas.

Qodirovning ozodlikka chiqishi qanchalik qonuniy?

Advokat Abdumalik Abdullayevga ko‘ra, Rashid Qodirov pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

“Mendagi ma’lumotlar sobiq Bosh prokuror 2023 yil 2 yanvar kuni ozodlikka chiqqanini ko‘rsatmoqda. U o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargani, mehnatga halol munosabatda bo‘lgani, sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarimni haqiqatda o‘tab bo‘lgani asoslari bilan muddatidan oldin shartli ravishda jazoni o‘tashdan ozod qilingan. Ozod qilinganlik holatida Jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish), 74-moddasi (Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) bilan shartli ozodlikka chiqarilgan”, deydi advokat.

Yuqorida aytilganidek sobiq Bosh prokurorning Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismi tartibida 10 yil jazo muddatini o‘tashi belgilangan.  50-moddaning 6-qismida esa shunday deyiladi:

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Rashid Qodirov 1952 yilda tu’gilganini inobatga olsak qamalgan vaqtida u 67 yoshda bo‘lga. Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismida yozilganidek, oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Bundan ko‘rinib turibdiki sobiq Bosh Prokuror o‘sha vaqtning o‘zidayoq qachon chiqishi qisman aniqlik bilan panjara ortiga kirgan va bugun qonuniy imtiyozlaridan foydalanib ozodlikka chiqqan.  

Xo‘sh, Qodirov o‘zi nega qamalgandi.

Mamlakat Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M.Mirzayev, J.Fayziyev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, A.Musashayxov, U.Xurramov, Yu.Gaipov, A.Mirzayev, M.Mirzayeva, fuqarolar S.Kosimov, A.Ikramov va X.Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashid Qodirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Rashid Qodirovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Rashid Qodirov jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan davrda uning o‘g‘li Alisher Qodirov (tadbirkor) 2018 yilda firibgarlikda ayblanib, qidiruvga berilgan. Kuyovi Nodir To‘raqulov, Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2018 yilda poraxo‘rlikda ayblanib, 16 yilga qamalgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing