To‘shak mavzusidan uyalmay qo‘ydikmi?

Tahlil

image

“Sevish kerak, sevilish kerak, kerak bo‘lsa kun ora **ks bo‘lish kerak...” Siz o‘qiyotgan bu fikr qandaydir ayol emas, balki madaniyat, ziyo, ma’naviyat tarqatuvchi soha vakilasi – aktrisa Nilufar Hamidova tomonidan aytilgan. Uning YouTube kanallaridan biriga bergan intervyusi ayni vaqtda jamoatchilik, faollar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining elagidan o‘tmoqda. Aktrisa bu gaplarni aytayotganda nimani ko‘zlagani, aslida qanday fikrni ilgari surmoqchi bo‘lgani bizga qorong‘u. “Aytilgan gap – otilgan o‘q”, deydi xalq. Hamidova aytdi, o‘q jamiyatning nozik joyidan yaraladi, endi esa shunga yarasha dashnomga chidashi kerak. 

Deyarli har kuni televideniye orqali erkaklar va ayollarning jinsiy faolligini oshiruvchi dori vositalari haqidagi reklamalarni ko‘ramiz. Kimdir qarg‘ay-qarg‘ay boshqa kanalga oladi, kimdir bolalaridan uyalganicha ovozini pastlaydi, yana boshqa birov reklamada ko‘rsatilayotgan narsaning farqiga ham bormaydi. Har holda jamiyatimizda o‘sha vositalarning afzalliklarini oilasi va farzandlari bilan muhokama qilib o‘tiradiganlar yo‘q, nazarimizda. Shuni o‘zigagina kuyib turgan edik hamki, o‘rtadagi pardalar ancha ko‘tarilganini Hamidova o‘z intervyusida isbotladi. Aslida isbotlashning avvalida o‘sha pardani o‘zi ko‘tarib, kamiga “yirtib” tashladi.

Xo‘sh, nega bu haqda gap boshlayapmiz? Bugun o‘zbek jamiyatida ayollar, xotin-qizlarga berilgan erkinlik har qachongidan ustunlik kasb etadi. Qayerga qaramang, ayollar huquqi. “Ayollar gapirsin, ichiga yutmasin, muammolarini hal etishda o‘zi ham ishtirok etsin”, deyilyapti. Ammo gapirishga ham farosat, aql, tarbiya kerak. So‘nggi paytlarda turli (noprofessional ) psixologlar, san’atkorlar va boshqa nozik xilqat vakilalarining bildirayotgan“erkin” fikrlarini  o‘qib, eshitib bu aynan biz kutgan va erishayotgan  xurlikmikan yoki “xo‘rlik”ning boshlanishimi deb o‘yga tolasan kishi. 

Bundan 10 yillar avval efirga uzatilgan “Tutash taqdirlar” teleseriali orqali uzun sochli kelin – Nargiza obrazi bilan tanilgan Nilufar Hamidovaning YouTube kanallardan biriga bergan intervyusida ayol-erkak munosabatlari haqidagi “ochiq” suhbatni ko‘rib, ochig‘i undan ko‘zlangan maqsad nima bo‘lganligini anglab yetish biroz qiyin.

Boshqa birovning e’tiqodi, irqi, ijtimoiy kelib chiqishini muhokama qilish qanchalik ayb sanalsa, jinsiy masalalarni ham ochiq-oydin media vositalarida muhokama qilish undan kam xato emas. Har kim o‘z hayotini, jumladan shaxsiy, jinsiy hayotini ham o‘z bilganicha yashaydi. Bir odam ikkinchisiga yoki tor doirada maslahat berishi mumkindir, lekin ommaviy axborot vositasitalari orqali bu gaplarni aytish, kamiga ayol kishi tarafidan, qanchalik to‘g‘ri? Er-xotin munosabatlari, ularning hohish-istaklari, bularning barchasi ikki inson o‘rtasida sir saqlanib, keng ommaga oshkor qilinishi talab qilinmaydigan yozilmagan qonunlardan biri emasmi, aslida? 

Bu kabi intervyulardan kimlar manfaatdor?

Shu o‘rinda bu masalani muhokama qilayotganda Hamidovaning qarshisida uning gaplariga quloq tutib turgan, mavzuni yana cho‘zishga undovchi savollar bergan va intervyuni to‘liq e’lon qilgan erkakni ham nazardan qochirolmaymiz. Ommaviy axborot vositalari vakillarining barchasi  har qanday  ijod mahsulini tayyorlashdan oldin, albatta, “bu keng ommaga, xalqqa qanday foydasi tegishi mumkin?” deb o‘ziga savol beradi, agar bunga salohiyati bo‘lsa. Piar, shov-shuv, reyting ortidan quvgan ba’zi “jurnalist”larga esa bu yot holat. Mavzu qanchalik, “beparda” bo‘lishi esa ularni aslo qiziqtirmaydi. Muhimi, internetdagi auditoriya ko‘pchilikni tashkil qilsin.

Suhbati keng tarqalgan intervyu beruvchi ham “reklama” bo‘lishidan albatta manfaatdor. Zararni esa,  faqat oddiy tomoshabin to‘laydi. 

Ko‘pchilik uchun erish tuyulayotgan bu gaplar aslida boshqalar uchun ham begona o‘tdekmi? Yo Hamidovaning aytganlari, intervyu oluvchining beparda savollari faqat ba’zilarning g‘ashiga tegyaptimi? Balki ayrim san’at olami vakillari nazarida vaziyat ko‘pchilik o‘ylagan va ta’sirlantirgandan boshqacharoqdir. Shu bois Hamidovaning hamkasblariga (agar ular Hamidovani hamkasbi deb bilsa) mikrofon tutdik. 

Ra’no Yarasheva, O‘zbekiston xalq artisti: 

— Biz ijod ahlimiz. Ko‘pchilikning nazarida bo‘lamiz, bizga havas qiladigan muxlislarimiz bor. Demak, biz ular uchun namuna, ibrat bo‘lishimiz, har bir qilayotgan ishimizni, gapirayotgan gapimizni o‘ylab so‘zlashimiz shart. Bizning yelkamizda  ana shunday mas’uliyat yotadi. 
Endi yana bir muhim tomoni borki, buni e’tiborga olmaslik xato bo‘ladi. Bu intervyuni tayyorlagan jurnalist ham aybsiz emas. Sababi, o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lgan har qanday jurnalist to‘g‘ri kelgan, tahrirlanmagan media mahsulot va maqolani keng ommaga tarqatishi noto‘g‘ri. Shu bilan birga musulmonligimizni va shunga loyiq ish tutishimizni yoddan chiqarmasligimiz lozim! 

Zamira Begimqulova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Tutash taqdirlar” seriali rejissyori:

— Men shu  ayol bilan ishlaganimdan juda afsusdaman. “Tutash taqdirlar” teleserialini suratga olish ishlarini boshlaganimizda, Nargiza  roliga juda ko‘p aktrisalarni sinovdan o‘tkazganmiz. Aslida Nilufar uzun sochli bo‘lgani uchun ssenariyga kelinning sochini ham  uzun  qilib kiritgandim. U paytlar Nilufar bunaqa emas edi. Oilali, bo‘yi yetgan qizi bor ona nega bunchalar ahmoqlik qilyapti, hayronman. Kecha telefon orqali gaplashib, unga bu ishlari uyat ekanini, o‘zbek ayoliga yarashmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldim. Lekin Nilufar qilayotgan ishlaridan mutlaqo pushaymon emasligini, to‘g‘ri yo‘lda ekanini aytdi.

Jamila Shermuhammedova, Respublika Ma’rifat va ma’naviyat markazi eksperti, faylasuf, siyosatshunos, jamoatchi, olima: 

— Sharq ayollarining odob-ahloqi, ma’naviyati, ma’rifati uning ibosi va hayosidadir. Chunki aynan ana shu jihatlar dunyoga mashhur rassom, faylasuf va olimlarni o‘ziga maftun qilgan. Endi aktrisa qizimizning intervyusi haqida gapiradigan bo‘lsak, umuman olganda teran fikrlovchi, o‘z nuqtai nazariga ega shaxsligini anglash qiyin emas. Ammo shu bilan birga aktrisaning “men”i o‘ta yuqoriligi unga pand berayotganini ham sezish mumkin. “Istasangiz shu, istamasangiz o‘zingiz bilasiz” degan ruhda gapirgan. O‘zbek ayoli o‘zini bunday tutish katta xato. Chunki jamiyat, jamoat, qadriyat, milliy g‘urur  bor. Kasbi, ijtimoiy kelib chiqishi, jamiyatdagi o‘rnidan qat’iy nazar bularni har bir ayol yodda saqlashi lozim. Qayerda qanday kiyinish, qanday gaplarni gapirish kerakligini elga tanilgan inson yaxshi bilishi kerak. Chunki u nafaqat oilasining, balki millatining ham g‘ururidir. Qaysidir ma’noda taniqli insonlarga qarab o‘sha mamlakatga baho beriladi. Shuningdek, “sotsium”ga bo‘ysunishi kerak. Ularning g‘ashiga tegadigan turli xil gaplar gapirish, noo‘rin harakatlar qilishga haqqi yo‘q. Chunki biz shu jamiyatda yashayapmizmi, uning a’zosimiz, demak uning qadriyatlari va urf-odatlariga amal qilishimiz shart.

“Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”

To‘shak mavzusi, er-xotin orasidagi “nozik” muammolarni soha mutaxassisi emas, balki madaniyat xodimi, ya’ni aktrisa muhokama qilishi qanchalik to‘g‘ri? Bugungi kunda internetning asosiy auditoriyasi balog‘atga yetmagan o‘smirlar. Shundog‘am televideniye va internet tarmoqlari  orqali turli  serial va kliplarni ko‘raverib,  yosh avlodning beti qotib bo‘lgan. Yetmaganiga endi, tushak mavzusi olib chiqilib, uning inson hayotidagi roli nechog‘lik muhimligini muhokama qilish, o‘zbek millatiga yarasharmikan?  

Hulosa qilib aytganda...

Ijtimoiy tarmoqda “kimdir fikr bildirib tarqatsa tarqatibdi-da, buning ustiga bu uning shaxsiy fikri. Shunga shunchami?” deydiganlar ham topiladi. Hatto, oramizda uni olqishlayotgan, “yasha”, “barakalla” deb bundanda beparda gaplarga undayotganlar talaygina. Ammo...

Dunyo aholisining qariyb 4 milliardi allaqachon internetdan muttasil foydalanadi. Bu ko‘rsatgich O‘zbekistonda esa 31 milliondan oshiqni tashkil qilmoqda. Mavjud mobil abonentlar soni esa, 29,5 milliondan ibratligi haqida ma’lumot mavjud.  Internetdan foydalanuvchilar yoshi kundan kunga “yosharib” borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, muammo ancha jiddiy. Hamidovaning aytganlari to‘rt devor orasida qolib ketayottgani yo‘q. Va jamiyatda katta bo‘linishni hosil qilyapti. Oqibat nimaligini bilmoqchimisiz? Oqibat endigina ayollar huquqlari, ularning ham insonligi, fikr bildirish, gapirish huquqi borligi, ayollardan ham kuchli g‘oyalar, asrga tatigulik fikrlar chiqishiga ayrim erkaklarni, ayniqsa, jamiyatda ayolni faqat uy-ro‘zg‘or va kir-chirga o‘ralashtirib qo‘yadigan erkaklarni edigina, bazo‘r va birma-bir ishontirishga harakat qilinayotgan bugungi davrda Hamidova yana oraga kirdiyu “mana, xotinlarga gapirish huquqini berganlar qani endi” degan tirnab o‘tadigan savollarga yo‘l ochdi. Xullas, xalq ko‘p aytgan, xo‘p aytgan: “o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”. Toki sen aytgan gaplar badalini qaysidir endigina jamiyatga qo‘shilishni boshlagan ayol yana to‘rt devor orasiga mahkum qilinish bilan to‘lamasin. 

Dilfuza Baymirova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

2607

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing