Uydagi gap ko‘chaga chiqmasin. Yoxud zamon zo‘ravonlarnikimi?

Tahlil

image

Har soniya dunyoning qaysidir burchagida ayol zo‘ravonlikka uchraydi. Har daqiqa qaysidir ayol yaqinlari yoki begona erkaklar tomonidan tahqirlanadi. Har kuni yuzlab ayollar musht yeydi, o‘nlab ayollar o‘ldiriladi. Bu O‘zbekiston uchun ham yot bo‘lmagan, quloqqa tanish holatlar. 

Chida, sabr qil, chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari, odamlar nima deydi... Ba’zan taskin, tasalli va yupatish o‘rnidagi mahkumiyat qarorlarimizning cheki yo‘q.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har uch ayoldan biri psixologik, jinsiy va jismoniy zo‘ravonliklarga duch keladi. Achinarlisi, ko‘pincha bu holatlar ular o‘zlari ishonadigan va sevadigan odam tomonidan sodir etiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi jismoniy tazyiq o‘tkazadi. Ayollar o‘limining 38 foizi esa ularning turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning faqat 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik nafaqat oilada, balki ishda, o‘qishda, jamiyatning turli jabhalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Ayollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy ma’lumotli yoki ma’lumoti yo‘q, yevropalik yo osiyolik, deb ajratib bo‘lmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo e’tiqodi mavjud emas.

Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qiladi. Aksariyat holatlarda zo‘ravonlik qurboni sharmandali holat va turli gap-so‘zlardan qo‘rqib, jim yurishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda qolgan ayollarning indamasligiga bir necha sabab bor: kimdir moliyaviy yordamsiz qolishdan qo‘rqsa, boshqasi farzandlari va o‘z hayoti uchun xavfsiraydi. Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol har tomonlama qiyin holatda qolishini unutmaslik kerak. Ayniqsa, hatto eng yaqin insonlari ham bu muammoni hal qilishdan o‘zini olib qochsa, oxir-oqibat bu doimiy qo‘rquv, depressiya, o‘z joniga qasd qilish kabi noxush holatlar bilan tugaydi.

Afsuski, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatda maishiy yoki “uy zo‘ravonligi”ga ko‘pincha bir oila muammosi sifatida qaraladi va “uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish” ayol kishi uchun isnod ekanligi uning bolaligidan uqtirib kelinadi. Shu tufayli ayollar o‘ziga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlikka “sabr qilish” orqali barham berishga urinadi. Biroq bunday ayanchli holatga faqatgina uy bekasi bo‘lgan yoki o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan ayollar emas, jamiyatda munosib mavqega ega bo‘lgan opa-singillar ham uchrashi mumkin.

Xo‘sh, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikda qadriyatlarga amal qilib yashash ham sabab bo‘ladimi? Ayollarga ayollar tomonidan tazyiqlar kuchayib ketayotganiga sabab nimada? Yolg‘iz ayollar, turmushga chiqmagan qizlar yoki yaqinini yo‘qotgan go‘zal jins vakillariga nisbatan zo‘ravonlik qay holatlarda ko‘proq kuzatiladi? Ushbu savollar bilan QALAMPIR.UZ jamiyatda o‘z o‘rniga, mavqeiga ega bo‘lgan ayollarga mikrofon tutdi.

“Biz o‘zimizni “latta” qilib beramizda, xafa qilishsa, yig‘lab o‘tiramiz”

Nozima Vohidova, jurnalist

— Erkaklarning ayoliga zo‘ravonligi hozirda o‘ta kuchaygan, masalan, minnat tarzida. Olib kelgan luqmasini ta’na qilib berish ham aslida zo‘ravonlik. Psixologik nuqtai nazardan masxara qilish holatlari ham juda-juda ko‘p.

O‘zim bilgan bir misolni aytsam. Oliygohni qizil diplom bilan tugatgan, chiroyli qizga sovchi keladi. Yigit ham ishlaydigan, sportchi edi. To‘ydan avval unchalik surishtirilmagan. Keyin bilsak yigitning xotini va bolasi bo‘lgan ekan. Quda taraf “Uylantirsak ana shu xotinini unutadi” degan egoistik qarash bilan to‘y qilgan. “O‘zimning ham qizim bor, ertaga shu narsa mening ham boshimga tushishi mumkin” deb o‘ylamagan. Birovning taqdirini mana shunday oson hal qilib qo‘ygan. 

Biroq yigit birinchi xotini bilan ajrashmagan. Oqibatda u birinchi ayolidan ikki, yangi kelindan esa uchta farzand ko‘rgan. Buni ayoli bilib qolganidan keyin uni tepib, qo‘lini uchta joyidan sindirgan. Oqibatda u qizning bitta qo‘li nogiron bo‘lib qoldi, hozirgacha qo‘lida temir bilan yuradi. 

“Odamlar nima deydi?”, degan andisha bilan ular haligacha birga yashamoqda. Hozir ham ana shu zulm bor, ana shu ruhda bolalar o‘syapti. Bu faqatgina ayolning emas, bolalarning ham hayotiga nuqta. Ular qo‘rqadi, hayotida zavq bo‘lmaydi, erkaklarga alamzadalik bilan ulg‘ayadi.

Biz oilaviy tarbiya, sharqona mentalitet sabab odamlar nima deyishini o‘ylab, maishiylashib ketgan xalqmiz. Rivojlanish uchun emas, odamlarning gapi uchun yashaymiz. Umuman olganda ajrim bu iqtisodiy ahvol bilan bog‘liq jarayon. Ayollar nima uchun bunday hayotda yashaydi? Bolalarini boqish uchun! 

Bizdagi oilalarda qizlarga so‘z aytish o‘rgatilmaydi. Nima bo‘lsa ham borgan joyingda “palahmon toshidek qot, odamlar eshitmasin, chida, sabr qil" deyishadi. Tabiiyki, sabr qilish kerak, ammo bunda ham me’yor bo‘lishi lozim.

Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, oilada eng yomoni bu psixologik zulm. Bu odamni ichidan ado qiladi. Onkologik kasalxonalar hech qachon bu qadar to‘la bo‘lmagan. O‘zim shu holatlarni o‘rganganman, ayollar ichidagini aytolmasa, tomoqdan bo‘g‘iladi, uzoqni ko‘rishni istamasa ko‘zidan nuri ketadi. Aslida biz ayollar o‘zimiz, eng avval, o‘zimizni qurbon qilamiz. “Latta”ga aylantirishlariga qo‘yib beramizda, xafa qilishsa, yig‘lab o‘tiramiz. Demak, ayollar ustidan qilinayotgan zo‘ravonliklarga ularning o‘zlari ham sababchi.

“Qadriyatlarga amal qilishda ham balansni ushlash kerak”

Nilufar Abduvaliyeva, “Mursak” modalar uyi rahbari

— Bilasizmi, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikda ba’zi holatlarda qadriyatlar ham sababchi bo‘lishi mumkin. Bu, albatta, har doim ham emas. Masalan, qadimda buvilarimiz “uydagi gapni ko‘chaga olib chiqma”, deb o‘rgatgan. Bu aslida to‘g‘ri, chunki uydagi vaziyatlarni boshqalarga yetkazganidan er yoki qaynona xabardor bo‘lsa, bu ularning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin. Va shu holat uydagi ziddiyatni yanada kuchayib ketishiga turtki bo‘ladi.

Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Agarda uydagi holat zo‘ravonlik darajasida bo‘lsa, ayolga eri va qarindoshlari tomonidan muntazam tazyiqlar o‘tkazib kelinsa, bunday holatda ayolning “jim o‘tirishi” to‘g‘ri emas. Erkak ayolga bir marta qo‘l ko‘tardimi, bu doimiy davom etishi mumkin. Agar bu kabi murakkab vaziyatning oldi vaqtida olinmasa, ayolning salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi hech gap emas. Hatto, hayotiga ham xavf solishi mumkin. Ayol – bu ona. Farzandlarni esa hech kim onadan yaxshi parvarish qila olmaydi. Shu tufayli oilada zo‘ravonlik avj olgan vaziyatda tegishli joylarga murojaat qilish shart. Kattalarni chaqirib, maslahat qilish lozim.

Umuman olganda, bu hayotiy tajriba. Hamma bu holatga o‘zidan kelib chiqib, individual yondashishi kerak. Men ayol “uydagi gap”ni qachon olib chiqishi kerak, qachon yo‘q – buni (individual) aniq bilishi shart, deb hisoblayman. Qadriyatlarga amal qilishda ham balansni to‘g‘ri ushlay bilish kerak. 

“Ayol o‘zini shaxs sifatida namoyon etishi kerak”

Zarina Shirinova (Zara), boshlovchi

— Ayollarga bo‘lgan zo‘ravonlik juda uzoq tarixga ega. Zo‘ravonlik hodisalari, ularning intensivligi o‘zgarib borgan. Bugungi kunda ham jamiyatlar orasida farqlanadi. Siz aytayotgan zo‘ravonlik ko‘pincha o‘ziga bo‘ysundirish mexanizmi sifatida qaraladi, ya’ni jamiyatdagi munosabatlarda ayollarni bo‘ysundirish.

Ayol, menimcha, birinchi o‘rinda, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlasa, hech qanday zo‘ravonlikni qabul qilolmaydi. Masalan, o‘zimda ham hayotda yaqinlarini yo‘qotgan, “qanoti singan” odam sifatida shunday narsa boshimdan o‘tgan. Har bir inson uchun oilada, hayotda eng katta poydevor ota-ona hisoblanarkan. Onamning vafotidan keyin mening “bir qanotim singan”. Xayol qilishni ham, orzu qilishni ham, ishlashni ham bilmaganman o‘shanda. Umuman rejasiz inson sifatida yashaganman. Oyimning o‘limidan so‘ng bizda moliyaviy yetishmovchilik kelib chiqdi. Xohlagan narsamni sotib ololmasdim, xohlagan joyimga borolmasdim. Tanlagan kasbim vaqt o‘tishi bilan o‘z mevasini berishni boshladi. 

Ayol zo‘ravonlikka qarshi javob bera olishi uchun o‘zini shaxs sifatida namoyon etishi kerak. Agar o‘zingizni shaxs sifatida qo‘ygan bo‘lsangiz, atrofdagi odamlarning munosabati ham o‘zgaradi. Hurmati boshqacha bo‘ladi. Men moliyaviy taraflama aytmayapman. Agar o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni boshqalarga isbotlab bera olsangiz, atrofdagilar ham sizga javob reaksiyasini qaytaradi.

Jamiyatimizdagi ayollar, ishsizligi, daromadsizligi, nochorligi sababli zo‘ravonlikka va jabr-zulmga chidab yashaydi. Shuning uchun ham ayollarga ishlashini, daromadli bo‘lishini maslahat beraman.

“Ayol qachon iqtisodiy erkin bo‘lsa, shunda ijtimoiy erkin bo‘la oladi”

Jamila Shermuhammedova, Respublika Ma’rifat va ma’naviyat markazi eksperti, faylasuf, siyosatshunos, jamoatchi, olima:

— Fikrimcha, bunday vaziyatlarning barchasi ma’naviy ozuqaga borib taqaladi. Oiladan kelib chiqadi: jaholat ham, zo‘ravonlik ham. Agar ota-ona oilada farzandlariga ibrat bo‘lsa, ularga to‘g‘ri tarbiya bera olsa, bunday hodisa bo‘lmaydi.

Menimcha, o‘g‘il bolalarimizni tarbiyalashga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak. Hozir biz faqat qiz bolaga urg‘u beryapmiz. Qiz bola sarishta bo‘lishi kerak, odobli bo‘lishi kerak. Iya, o‘g‘il bola odobli bo‘lishi kerakmasmi? Oilasiga, ayoliga hurmat ko‘rsatishi kerakmasmi? Shuning uchun ham ta’lim bilan tarbiyani uyg‘unlikda bog‘lab, farzandlarimizni o‘g‘il bola, qiz bola deb ajratmasdan, jamiyatning teng huquqli a’zosi, kelajak bunyodkori sifatida voyaga yetkazishimiz kerak.  

Erkaklarning mehnatsiz daromadi, mashaqqatsiz topilgan puli, boqimandaligi ham zo‘ravonlikka olib keladi. O‘z o‘rnida qizlarimizni ham qo‘shimcha daromadga o‘rgatishimiz kerak. Ayol qachonki iqtisodiy erkin bo‘lsa, shunda ijtimoiy erkin bo‘la oladi. Shundagina unga qarshi zo‘ravonlik bo‘lmaydi.

Yana shuni ta’kidlash kerakki, zo‘ravonlik faqat oilada emas, ish joylarida ham bo‘lmoqda. Bular bilan ham jiddiy kurashish shart. Mana yaqinda Prezidentimiz tomonidan rahbar xodimlarning etik normasi qabul qilindi. Unda rahbarlar ish jarayonini qanday tashkil qilishi, xodimlar bilan munosabatlari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Endi shu rahbarlar mazkur normalarni o‘qib, ularga amal qilishi talab etiladi.

Ayolning muvaffaqiyati uning bosh dushmanimi?

Sabina (Elmira) Bekmurodova, jurnalist:

Menimcha, har bir ayol, nafaqat go‘zal, balki bilimli, muvaffaqiyatli va iqtidorli ayollar ham tazyiqlarga duch kelgan. Bu jamiyatda tabiiy hodisadir. Buning sababi, birinchi navbatda, rivojlanishni to‘xtatib, turg‘un bo‘lib qolgan va natijada jamiyatda o‘z o‘rnini yo‘qotish, iste’dodli odamlar soyasida qolish qo‘rquvi tufayli yuzaga keladi. Ammo iste’dodli, bilimli va muvaffaqiyatli ayollarning jamoaga qo‘shilishi, ikki tomon uchun ham o‘z qobiliyatlarini yanada ko‘proq namoyon etishga va natijada, butun jamoaning samaradorligini ortishiga  turtki bo‘lishi mumkin.

Asosan bunday tazyiqlar anchadan beri shakllangan jamoalarda kuzatiladi. Agar jamoa yaqinda shakllangan bo‘lsa, bunday holatlar kam uchraydi. Shaxsan o‘zim jamoamda bunday holatlarga duch kelmaganman. Ammo ba’zan jamiyatda buni o‘zimga nisbatan his qilaman, lekin menga bu hech qanday salbiy ta’sirini ko‘rsatmaydi.

“Ayollar bunday vaziyatda kanday chora ko‘rishi kerak?” degan savolga javob beradigan bo‘lsam, men faqat o‘z ishingizni qilishni maslahat beraman. O‘z ustingizda va bilimingiz ustida ishlashda davom eting, malakangizni oshiring. Bu sizni boshqalarga zulm qiladigan odam qiyofasida bo‘lmasligingizga imkon beradi.

“Kelin kasal bo‘lsa, onasinikiga jo‘natadigan qaynonalar bor

Lola Abdusamadova, oliy toifali genekolog, tibbiyot fanlari nomzodi 

— Xoh erkak bo‘lsin, xoh  ayol muntazam asabiylashish organizmda stress gormonlarini ishlab chiqarishga sabab bo‘ladi. Bu esa organizmda kechayotgan normal bioximik reaksiyalarni o‘zgartirib yuboradi. Oqibatda organizmda saraton kasalligi rivojlanadi. Asabiylashish, bir-birini xafa qilish ayniqsa, erkaklarning so‘kib gapirishi oqibatida, yaxshi so‘z eshitmagan ayollarda har doim stress gormoni o‘ynab turadi. Stress gormoni nafaqat saraton, balki birinchi o‘rinda bo‘qoq kasalligiga olib keladi. 80% ayollarda bo‘qoq kasalligi bor. Eri bilan, qaynonasi bilan urishsa, uyda sog‘lom muhit bo‘lmasa, shu ayollarda bo‘qoq kasalligi rivojlanadi.

Kelin va qaynonaning oilada statusi teng bo‘lishi kerak. Kelin yangi oilaga keldimi, o‘sha oilaning a’zosi hisoblanadi. U ham ayol sifatida qabul qilinshi kerak, xizmatkor emas. 

Albatta, barcha qaynonalar ham baravar emas. Qabulimga kelinlarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib kelib, dori-darmonlarini olib beradigan qaynonalarni ham ko‘p uchrataman. Biroq, afsuski, kelin kasal bo‘lsa, onasinikiga jo‘natadigan qaynonalar ham uchraydi. Uni davolatish onasiga yuklanadi. Bu, albatta, noto‘g‘ri. Bunday qaynonalarning o‘zini tarbiyalash ishlarini olib borish kerak. Axir, bu qaytar dunyo!

Ayollarning kelin olish vaqti asosan “klimaks” davriga to‘g‘ri keladi. Ana shu davrda yuz beradigan asab buzilishi bilan bog‘liq holatlarning alamini kelinidan oladi. Biroq bunday vaqtda aksincha psixologlar va mutaxassislar bilan birgalikda qaynona asabini davolatishi kerak. Shunda kelin bilan bog‘liq ziddiyatlar vujudga kelmaydi.

“Turmushdan qaytgan ayolni akasi urar ekan

Shoira Mirsodiqova, jurnalist

— Zo‘ravonlik turli insonlar o‘rtasida kuzatiladi. Masalan, ona va bola, qaynona-kelin, er-xotin, ota va qiz, turmushdan qaytgan qizlarga ota-ona, aka-uka tomonidan zo‘ravonlik va boshqalar.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali menga ko‘p murojaat qilishadi. Onalarning o‘z farzandlariga nisbatan tazyiqlari haqida gapirishadi. 

Qaynona-kelin o‘rtasidagi zo‘ravonlikka esa, afsuski so‘nggi paytlarda tabiiy holdek qarashga o‘rganib qolindi. Aslida bu juda chuqur mavzu. Men bunda faqatgina qaynona yoki kelinni ayblamayman. Har ikkala tomon ham o‘z o‘rnida bu vaziyatga javobgar bo‘ladi.

Er-xotin o‘rtasidagi zo‘ravonlik esa asosan oilada ayol ko‘proq pul topishi natijasida namoyon bo‘ladi, deb hisoblayman. Hattoki, hozirda farzandlarning to‘ylarini qilishni ham ayollarga yuklab qo‘ygan holatlarni ko‘ramiz. Bu holatda erkaklar “indamasdan zo‘ravonlik qilyapti” deyish mumkin.

Otaning qizga nisbatan zo‘ravonligi asosan ularni o‘qishi va ishlashiga qarshi chiqishi oqibatida kuzatiladi. Ayollar o‘zini moddiy ta’minlay olmagani tufayli zo‘ravonlikka chidashga majbur bo‘ladi. Men shuning uchun har doim qarindoshlar orasida qizlarning o‘qishi uchun kurashib kelganman. Hech bo‘lmasa hunar o‘rgansin deyman.

Ayniqsa, turmushidan qaytgan qizga ota uy olib bera olmaydi va u jigarlari tomonidan zug‘mlarga duch keladi. Bugun ham ayni shu bo‘yicha bir voqeani aytib berishdi. Turmushdan qaytgan ayolni akasi urar ekan. Agar u o‘zini ta’minlay olsa, akasiga qaram bo‘lmas edi va bunday zug‘mlarga chidamagan bo‘lardi.

“Sabr qilish va chidash o‘rtasida farq bor”

Gavharxonim Madrahimova, psixolog

— Doim aytiladiki, sabr bilan chidash orasida farq bor. Sabr qilish bu kelajakda yaxshi narsaga umid qilish, sabrining hosilini olishga ishonishdir. Chidash esa hamma g‘azablarni, xo‘rliklarni ichiga yutishdir. Birinchi navbatda, ayollar chidayaptimi yoki sabr qilyaptimi, shuni aniqlab olishi kerak. Agar ayol sabr qilayotgan bo‘lsa, bu vaziyatni o‘nglasa bo‘ladi. Mutaxassislar, diniy ulamolar, oilaning kattalari yordamida to‘g‘ri tushuntirish ishlarini olib borish kerak bo‘ladi.

Agar ayol chidayotganini anglasa, unda nima qilishi kerak? Chidayotganini anglagandan keyin, yana savol beriladi: o‘zimni aldab nimaga chidayapman, menga bu qiyinchiliklarga, xo‘rliklarga chidash nimaga kerak, bundan nima manfaat olaman?

Kimdir “bolam uchun chidayman” deydi, yana boshqasi “bolam uchun chidashim shartmi” deydi. Farzandim bunday notinch oilada katta bo‘lishi qanchalik to‘g‘ri, deb savol beradi.

Agar ayol chidayotgan bo‘lsa, uning yechimi faqat ajrimmi?

Yo‘q, ajrim yagona yechim emas. Ba’zida to‘g‘ri yechim ham emas. Baxt qidirib topilmaydi, u yaratiladi, deyishadi. Bu juda ham to‘g‘ri gap. Oilasini barbod qilgan taqdirda ham, yolg‘iz ayol, ajrashgan ayol sifatida o‘zini baxtli his qila olmaydi. Ayol hamisha o‘z jufti bilan baxtli bo‘ladi. Shuning uchun ham ayol baxtini yaratish uchun kurashishi kerak. Hammada vaziyat har xil. 

Biroq juda og‘ir holatlarda psixologlar etikasiga to‘g‘ri kelmasa ham ajrashishni va hayotni yangidan boshlashni maslahat beramiz.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

167

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing