O‘zbekning ketmonini uchirgan rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suhbat

Intervyu

O‘zbek filmlarining saviyasi haqida so‘z ochilishi bilan o‘zbek kinosi jar yoqasiga kelib qolganini aytadiganlar topiladi. Albatta, “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman”, “Yor-yor”, “Shum bola” va “Sen yetim emassan” kabi o‘zbek kino durdonalarini ko‘rib ko‘zi o‘rgangan odamlar qalbiga yangi film bilan yo‘l topish mushkul masala.

“Abdullajon”, “Bomba”, “Yaratganga shukur”, “Kichkina tabib”, “Oyijon”, “Osmondagi bolalar”, “Vatan”, “Qo‘rg‘oshin”, “Novda”, “Berlin — Oqqo‘rg‘on” kabi ko‘pchilik uchun sevimli va qadrdon bo‘lib ulgurgan filmlar  rejissyori, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni sohibi Zulfiqor Musoqov QALAMPIR.UZ’ning mehmoniga aylandi.

Ushbu maxsus videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

Ulug‘bek Xudoyberganov, muxbir: — Har bir ijodkorning o‘z ilhom manbai bo‘ladi. Zulfiqor Musoqovning ilhom manbai nima?

Zulfiqor Musoqov, rejissyor: — Hayot.

U.X.: — Filmlaringizdagi bosh qahramonlarning prototiplarini qayerdan topasiz?

Z.M.: — Prototiplarni vatandoshlarimdan olaman. Masalan, “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmida uning prototiplari ko‘plab o‘zbek merganlari. Ana shu vaqtda Mamadali Tolipovning hayotini o‘rganganman. Har xil yig‘ma obrazlar topganman.

U.X.: — O‘tkir Hoshimov “sog‘lar aytolmagan gapni, jinnilar aytadi”, degan. Sizning deyarli har bir filmingizda “dovdir” insonlar obrazi bor. U obrazlar ortida qanday ma’no yashirin? Balki aytolmagan gaplaringizni ana shu obrazlar bilan yuzaga chiqararsiz?

Z.M.: — Odamlar har xil bo‘ladi. Hattoki, besh barmoq ham bir xil bo‘lmaydi to‘g‘rimi? O.Genri aytgan ekan, “Millatning o‘z ustidan ma’yus kulish qobiliyatiga ega bo‘lishi, bu uni ruhiy sog‘ligidan darak beradi”. Shuning uchun “dovdir” degan fikrga qo‘shilmayman. To‘g‘ri sal soddaroq, o‘jarroq, betga choparroq. Bizda bunday odamlar yo‘qmi? Bor. Men hammasini hayotdan olganman. “Vatan”da o‘ynagan Gunafsha ham mening qarindoshlarim ichida bo‘lgan, shunaqa shaddod, cho‘rtkesar. Esimda bor, kelinoyimizning uzoq qarindoshini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Men asli Oqqo‘rg‘onlikman. Sakkiz yoshda edim. Bo‘lajak kuyov juda uyatchang edi. Bir kuni qizning o‘zi sovchilikka kelgan, o‘g‘lingiz menga yoqadi, tezroq to‘yni qilinglar degan. Keyin to‘qqizta bolali bo‘lishdi.

U.X.: — Agar xususiy film olganimda balki boyroq, omadliroq va yoqimliroq bo‘lardim deb o‘ylaganmisiz?

Z.M.: — O‘zi hayotimda bir marta “Suiqasd” degan xususiy filmni olganman. Yaxshi chiqqan, televizorda ham ko‘rsatishgan. O‘shanda juda ko‘p emas, hamma qatori puli to‘langan. Boyroq bo‘lib ketarmidim deb aytmayman, noshukrlik qilmayman. Mening dang‘illama hovlim, saroyim yo‘q. Men kinoga pulning orqasidan kelmaganman. Ba’zilar “kinodan pul qilish kerak”, deydi, ya’ni davlatning puliga ko‘z olaytiradi. Men sizlarda uyat bormi, deb aytaman. Davlat berganiga rahmat! Prezident Shavkat Mirziyoyev: “biznesmen bo‘lsang o‘zingga, san’atdek dargohga kirib kelma, qo‘lingni tort”, degan. Men shuni o‘z qulog‘im bilan eshitganman, bir necha marotaba yozilgan, lekin amalda shuni teskarisi bo‘lyapti. Bo‘lsa bo‘laversin, men o‘zim uchun javob beraman. Balki boyroq bo‘lardim? Yo‘q, balki ko‘proq kino suratga olardim. Boshqalar aytadi, bu 30 yil ichida eng ko‘p kinoni suratga oldi, yeb to‘ymas ekan-da deyishadi, lekin amalga oshmagan loyihalar borda. Ssenariylarni topshirib qo‘yganman, ammo ularning o‘qishga vaqti yo‘q. Bo‘lmasa “otni kallasidek” oylik olishadi, kuni bilan kabinetda o‘tirishadi. Endi u savollaringizni hammasini tepadagi boshliqlarga berasiz. Kino uchun javob beradiganlar bor.

U.X.: — “Jekson va uning nabirasi”, “Mening akam Akbar”, “Alvido, Uchquduq”, “Hotamtoy” kabi ssenariylaringiz badiiy kengashga topshirilgan. Ijodingizga e’tibor bersak, “Vatan” 3 yil, “Berlin-Oqqo‘rg‘on” 6 yil davomida badiiy kengashdan o‘tilishi kutilgan ekan. Ssenariylar bu qadar uzoq vaqt ko‘rib chiqilishi normal holatmi?

Z.M.: — Menimcha, bu normal holat emas. To‘ppa-to‘g‘ri “Vatan”ni men uch yil kutganman. “Berlin-Oqqo‘rg‘on”ni olti yil kutganman. Uni ichida 3-4 ta boshliq almashdi. Boshqalar “to‘rva xalta”ga solib, o‘n yillab bitta ssenariysini ko‘tarib yurishadi. Kunlar kelib balki o‘tar. Uchta nusxada topshirib qo‘yganman. Masalan, “Osmondagi bolalar-3” filmini bir yil kutdim. Bo‘lmasa ssenariyni “Hayrat” filmidan oldin topshirgan edim. Aytyapman-ku, menda faqat savollar bor, afsuski, javoblar yo‘q. Qumga tushgan tomchidek, ularga odat bo‘lib qolgan. Faqat tepasida turgan boshliq so‘rasa, hozirjavob bo‘lishadi. Men kimman? Oddiy odam bo‘lsam. Mendan so‘ramay, netmay “O‘zbekkino” agentligi shtatidan — butun umrim o‘tgan studiyadagi shtatdan chiqib keting, deb xat berishdi. Sizlarni Xudoga topshirdim, deb yozib berganman.

U.X.: — Osmondagi bolalarning dastlabki ikki filmi premera qilingan vaqtda yosh bo‘lgan tomoshabinlar hozir ulg‘ayishdi, ota-onaga aylanishdi. Ular hayot tashvishlari, muammolari bilan o‘ralashib qolgan bo‘lishlari mumkin. Uchinchi film dastlabki ikki film mavqeyiga ta’sir qilishi mumkinmi? Uchinchi filmda mas’uliyat qanchalik og‘ir?

Z.M.: — Menimcha, mas’uliyat oldingi ikki filmdan ham og‘irroq. Chunki “Osmondagi bolalar-2” olinganiga 20 yil bo‘ldi. Bu vaqt ichida bolalarning o‘zi bola-chaqali bo‘ldi. Timur Musoqov yaqinda 40 yoshga to‘ladi. Ular hayotda yutuqlarga erishdi. Endi gap to‘rt o‘rtoqning bolalarining taqdiri haqida. Film haqida boshqa hech narsa aytolmayman. Bo‘lmasa sirlarni ochib qo‘yaman. O‘zi uchinchi filmni suratga olish niyatim yo‘q edi. Hattoki, Facebook’dan ham chiqib ketdim, nimaga? Chunki har kuni minglab xatlar kelardi. Ertaga ularga javob yozish ham bor edi. Menda ularning videolari ham bor, xohlagan odamdan so‘rang, kutishyapti, tomoshabinlar kutyapti. Men tushunmagan sabablarga ko‘ra qog‘ozbozlik ko‘p. Bizning amaldorlarning oldiga qachon kirmagin vaqtlari yo‘q. Men yosh bolamanmi? Bir marta so‘radim, ikkinchi marta so‘radim. Men davlatdan o‘zim uchun hech narsa so‘ramaganman. Hamisha bergan oyligini olib ishlaganman. Nimadan uyalaman yoki qo‘rqaman? Buni maydakashlik, deb bilaman.

U.X.: — Umuman olganda, mantiq nuqtai nazaridan siz kabi san’at arbobi, uzoq yillik tajribaga ega kinorejissyor uchun aksincha hammasi yengil va oson bitishi kerak emasmi?

Z.M.: — Afsuski unday emas. Men borini aytyapman. Hayronman, bu narsani hamma biladi. 33 yildan beri men yaratgan filmlarni oyda bir marta berishardi, hozir kanallar ko‘payib, haftada bir yoki bir kunda ikkita filmimni ko‘rsatadi. Endi mendan so‘rangchi, men bir tiyin bo‘lsa ham ishladimmi shuni orqasidan? Yo‘q. Mualliflik huquqi oqsoq, umuman ishlamaydi. YouTube’da hamma filmlarim bor, kimdir pul qilyapti. Buni kimdan so‘rashni ham bilmayman.

U.X.: — “Abdullajon” filmining ikkinchi nomi “Stiven Spilbergga bag‘ishlov” edi. Intervyularingizdan birida Spilbergni o‘zi ham bu filmni ko‘rib, ijobiy fikr bildirgani haqida aytgansiz. Zulfiqor Musoqovga boshqalarning fikri qanchalik ahamiyatli? Atrofdagilarning fikri sizning xulosalaringizni o‘zgartirishi mumkinmi?

Z.M.: — Agar aqlli, g‘arazsiz fikr bo‘lsa men o‘ylab ko‘raman, lekin maqsad putur yetkazish, zarar yetkazish bo‘lsa, men bunaqalarni pisand qilmayman, e’tibor ham bermayman. Ochiq aytaman ginabozlik, tuhmat juda katta. Men o‘zbek kinosida oxirgi uch yilda bo‘layotgan jarayonlarga mening munosabatimni bilmoqchi bo‘lsangiz gapiraverib tilimga chechak chiqib ketdi. Ochiqdan-ochiq, birovni haqorat qilmasdan, kinoni orqasidan sochi oqarib, ozmi-ko‘pmi xizmat qilgan insonni fikri tepadagilarga afzalroqmi yoki kecha kelib, umuman kinoni tushunmaydigan odamlarning fikri qiziqroqmi? O‘zlari hal qilishsin. Men umrimda lavozimga intilmaganman.

U.X.: — Spilbergni o‘zi bilan hayotda ko‘rishganmisiz?

Z.M.: — Yo‘q, buni menga yapon hamkasblarim “Abdullajon”ning Tokioda bo‘lib o‘tgan birinchi premerasidan keyin aytishgan. Ular shovqin-suronni, dabdabani, qizil yo‘lakni juda yomon ko‘rishadi. Juda kamtarin, lekin juda shinam, 1000 kishilik zalda ziyoli kecha, premerani o‘tkazishdi. Spilberg Amerikaga ketishdan avval tasodifan NHK studiyasida mehmon bo‘libdi. Shunda yaponlar O‘zbekistonlik bir yosh yigit sizga atab film qilgan ekan, deb mening filmimni ko‘rsatishibdi. Spilberg u filmni ingliz tilida ko‘rgach, kulaverib yiqilib tushibdi. Yaponlar aytishi bo‘yicha Spilberg shu yigitga yordam beringlar, deb aytibdi. Shundan keyin “Oyijon” va “Yaratganga shukur” filmlariga buyurtma berishdi, mana shu ikki film yaponlarning puliga suratga olingan.

U.X.: — Filmlaringizdagi ma’noni tomoshabinlar tushunishadimi?

Z.M.: — Mixalkov “men tushunarli bo‘lishni xohlamayman, meni tushunishlarini xohlayman”, derdi. Bu ikkita so‘zni orasida juda katta farq bor. Shuning uchun tushunganlar — tushunar. 36 million odam ichida hamma har xil. Kimdir tushunadi, kimdir tushunmaydi. Men hech qachon kassabop film suratga olaman, deb maqsad qilmayman.
 
U.X.: — Senzura hozirgi kunda ham bormi?

Z.M.: — Senzura emas, bu ssenariyni qabul qilayotgan odamlarning madaniyati, gohida bu ularning kaltafahmligi, kinoni tushunmasligi va ginabozligi, deb hisoblayman. Gohida juda ahmoqona e’tirozlar bildiriladi. Kinoni ham, janrlarini ham bilishmaydi, kinodan ancha uzoq odamlar ssenariylarning taqdirini hal qilib o‘tiribdi. Buni oldin ham aytganman. 

“Toshkent non shahri” filmining ssenariy muallifi, buyuk rejissyor Konchalovskiy aytgan, “Xalqning taqdiri uning madaniyatiga bog‘liq”. Madaniyat qanchalik yuksak bo‘lsa, o‘sha xalq rivojlanadi. 

Mana yaqqol misol, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan Yaponiya. To‘rtta kichkinagina orolda yashashadi, tabiiy qazilmalar yo‘q, Ikkinchi jahon urushidan keyin “dabdalasi chiqqan” mamlakat edi. Ularni nima rivojlantirdi? Ichki madaniyat! Bu ularning genetikasiga o‘tib ketgan. Men qaytib kelganimdan keyin, “obbo, XXIII asrda bo‘libman-ku” deganman. Yaponiya meni ko‘p narsaga o‘rgatdi. Men hayotimdan baxtliman, nimaga? Men hayotimda ajoyib insonlar bilan uchrashdim. Bu uchrashuvlar ko‘pincha tasodifan bo‘ldi. Bu uchrashuvlar bir daqiqadan, yillarga cho‘zilgan muloqotlar. Masalan, men uchun eng daho rejissyorlardan biri Akira Kurosavaning qabriga gul olib borganman. Men bilmabmanki, u gulni qabrga qo‘yish mumkin emas ekan, keyin do‘konga borib xrizantema olib kelganman. Ularning mozorini ziyorat qilib, “menga Takeshi Kitano bilan uchrashuv qilib bering”, desam, “undan ko‘ra Yaponiya Imperatori bilan uchrashuv tashkil etishimiz osonroq-ku”, deyishgan. To‘rtinchi kuni liftga chiqqan edim, ikkinchi qavatdan tirik Takeshi Kitano chiqib qolsa bo‘ladimi? Nima deyishimni bilmay, qotib qoldim. U 17-qavatga chiqdi, lekin u qavatga chiqish mumkin emasdi, qo‘riqchilar turardi. 

Men kino san’atiga 8 sinfdaligimda “kasal bo‘lganman”. Aleksey German “Urushsiz 20 kun” degan filmini bizning qumloqda olgan. Bir kuni bolalar “tirik Nikulin keldi” deyishgan, keyin ko‘rgani borib, suratga olish maydonchasida bir hafta qolib ketganman. Mehnat qilib topgan birinchi pulim esa 6 rubl bo‘lgan. Bir ayol suratga tushishimni taklif qilgan va o‘shanda Yuriy Nikulindan 200 metr narida o‘tib ketganman. O‘sha filmning rejissyori 30 yildan keyin bizga Moskvada domlalik qildi. Borib men sizning filmingizda chiqqanman deyish men tomondan nokamtarlik bo‘lardi. Keyin uning o‘zi “sen Toshkentdanmisan? Men u yerda kino suratga olganman”, deb aytdi. Men esa siz filmni mening ko‘chamda suratga olgansiz deganimda kulib yuborgan. Men yana nimadan baxtliman? Men juda ko‘p adiblar bilan uchrashdim. Masalan, Germaniyada Chingiz Aytmatov bilan ikki soat suhbatda bo‘ldim, o‘sha paytda u Germaniyada elchi edi. Bir faktni aytsam ishonmaysiz. Biz Chingiz Aytmatov bilan ijodiy uchrashuv uchun katta saroyga borganmiz. Uning atrofida 500ga yaqin talabalar turardi, bizdan 100 markaga biletni sotishimizni so‘rashgan. Hozir meni oldimga shogird bolalar keladi. “Chingiz Aytmatov kim?” desam bilishmaydi. 
 

U.X.: — Bizning aktyorlar xorijga ko‘chib borishi yangilik bo‘lmay qoldi. Lekin ular xorijda o‘z kasbi bilan emas, boshqa kasb bilan shug‘ullanmoqda. Bu bizning kino maktabimizning kamchiligimi yoki aktyorlarning?

Z.M.: — Endi har bitta odamning taqdiri, o‘z yo‘li bor. Kimdir shaxsiy hayotini izga solish uchun, yana kimdir tirikchilik uchun boradi. Men chet elda qolib ketganlarni kamdan-kam bilaman. O‘z sohasi bilan shug‘ullanayotganlar kam. Butun dunyo o‘zini Gollivudga ursa, har yili bir million da’vogar o‘z suratini Gollivudga yuborar ekan. Ulardan o‘ntasi kinoga ilinsa katta gap. U yerda havodan pul qiladigan idoralar, bu kino agentliklari. Internetdan rasm yuboring, deydi, lekin ularning hisobiga 50 AQSH dollari yubormasangiz rasmingizni ochib qaramaydi ham. 50 dollarni siz havoga yuborasiz, ular rasmni ko‘radimi yoki yo‘q? Afsuski hayotimizda yolg‘on ko‘payib ketdi. Iqtidorsiz insonlarning g‘arazligi, birovlarga zarar yetkazish voqealari ham juda ko‘p. Tanimay-netmay bu kim bo‘libdi? Bugun u haqda yomon gapirasan, ssenariyni badnom qilasan, bu filmni yomonlaysan, degan buyruqqa qarab nima deysiz boshliq-cha deydigan laganbardorlar juda ko‘p. Odamni ko‘ngli ozib ketadi. Men ularga yo‘l ko‘rsatib, maslahat berolmayman. Umidvormanki, bu kunlar tugar.

U.X.: — So‘ngi 5-6 yilda jamiyatimizda o‘ziga xos o‘sish bo‘ldi. 5-6 yil avval odamlar siyosat haqida gapirishdan qo‘rqqan bo‘lsa, hozir muhokama qilishmoqda. Xorijiy xabarlarni kuzatish barobarida bunga o‘z munosabatlarini bildira boshlashdi. Lekin kinochilarimizning qarashlari 5-6 yil avvalgi holatda qolib ketgandek. Bugun jamiyatni o‘ylantirayotgan, muhokama qilayotgan daraxt kesayotgan hokimlar, haqiqat uchun kurashayotgan jurnalist-blogerlar, qamoqda qiynoq ko‘rgan odamlar, zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan ayollar masalasi emas, balki maishiy masalalarga e’tibor qaratayotganiga fikringiz qanday?

Z.M.: — Meni taajjublantirayotgan narsa, ana shu voqealar sodir bo‘layotgani. To‘g‘ri internetning oshkoralik yo‘lida foydasi ko‘proq. Ba’zilar internet axlatxona deyishadi. Ammo men bilamanki, shuni odamlarga foydasi tegdi, bo‘lmasa ko‘pchilik bu haqda bilmasdi. Men butun kinochilar uchun javob berolmayman, lekin menda savol tug‘iladi “mening maslahatim birovga kerakmi?” Kerak bo‘lganda ham o‘z ishini qilib ketyapti-ku, “gapirsa-gapiraversin, mening tepada panohlarim bor”, deydida. Odamlarda ishonch yo‘qolyapti, bu yomon. Adliya, prokuratura va sudlar juda kechirimli bo‘lib ketdi. Bo‘lmasa o‘zlari mana shunaqa-shunaqa jinoyat qilgan deb, bir oy-ikki oydan keyin xavfi yo‘q ekan deb qo‘yib yuborishadi yoki kulgili jarima qo‘yishadi-ki odamlar nima deyishini bilmay qoladi. Odamlarning ustidan kulish bo‘lyapti. Bu mening fuqaro sifatidagi shaxsiy fikrim. 

Umrimda hech qachon kollektiv xatga qo‘l qo‘ymaganman. Ko‘pincha siz ham qo‘l qo‘ying deyishsa men yo‘q deganman. Kerak bo‘lganda ish bo‘yicha Prezidentga xat yozdim, hech kimni haqorat qilmasdan. Natijada bosh vazir men bilan bir yarim soat gaplashdilar. Lekin amalda… Qo‘ying men kabinetlardan uzoq yuraman. O‘zimni ishimni qilyapman bo‘ldi. Bizni xalqning mentalitetiga bu narsa mansubdir, uyatchanlik, tortinchoqlik ba’zida qo‘rquvga aylanib ketyapti. Qonunni bilmasa ular nima qilsin? Sodda odamlarimizni qo‘lidan ushlab olib “qayoqqa borsang, bor” deydiganlar ko‘p. Shuning uchun aytyapmanki, har bir millatning taqdiri uning madaniyatiga bog‘liq. Madaniyatsiz odam kompyuterning oldiga qo‘lida bolg‘a bilan borishiga nima deysiz? 

U.X.: — Bugungi tezlashib ketgan zamonda odamlar bir joyda o‘tirib kino ko‘rishlari uchun xotirjamlik, vaqt va kino zavqi yetishmayotgandek ko‘rinadi. Xorij seriallari ham 80 daqiqalik standartlardan 40 daqiqalik standartlarga o‘tishdi. Kinoning ideal davomiyligi qancha vaqtni tashkil etishi kerak deb hisoblaysiz? 

Z.M.: — Men butun kino uchun javob berolmayman. Seriallarning yaxshisi ham, yomoni ham bor. Telekanallarga son kerakmi yoki sifat kerakmi? Kinolarning saviyasi haqida Prezident ham ochiqdan-ochiq gapirdi, tanqidlar bo‘ldi. Gap shundaki, Frensis Ford Koppola bizga leksiyada aytganki, muallif va rejissyorlar tomoshabindan ikki-uch qadam oldinda yurishi kerak. Bizda esa aksincha tomoshabinni orqasidan reyting borku deb quvishyapti. 
Hozir afsuski shu narsa bo‘lyaptiki, xuddi men televideniyening xo‘jayinidek, taksi haydovchilari menga gapirishadi. Nimaga aytmaysiz deyishadi, meni kim eshitadi? Meni eshitagidan bormi? Bironta kattalar bilan uchrashuvga meni chaqirishdimi? Men biror ro‘yxatda bo‘lsam, oxirgi daqiqalarda Zulfiqor aka biror narsa deb qo‘ymasin deb meni ro‘yxatdan o‘chirib qo‘yishadi. Prezident Shavkat Miromonovich bir marta ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, ikkinchi marta “O‘zbekfilm” ochilishida bo‘ldi. Biror marta meni chaqirishmagan. Bu tasodifmi? O‘ylaymanki, tasodif emas. Agar meni taklif qilishganida, janob Prezident ahvol chatoq, derdim. Davlat rahbarining o‘zi ijodkorlar bilan birinchi uchrashuvda, “kino san’ati yosh avlodni tarbiyalash, madaniyatini oshirishda mudofaa vazirligi bilan teng, ba’zida undan ham muhimroq”, degan gaplarini qulog‘imga quyib olganman. O‘zim borib meni qabul qiling deyishga odam uyaladi. Kerak bo‘lsam chaqirishar. 

U.X.: — Netflix kabi xalqaro kino platformalar faoliyat olib bormoqda. U yerda mualliflik huquqidan tortib, sifatgacha hammasi yetarli. Lekin u yerda o‘zbek filmlarini ko‘rmayapmiz.

Z.M.: — Ochiq gap men internetdan uzoqman. Uning ustasi faranglari juda ko‘p. Mening filmlarim YouTube’da 18 million marotaba ko‘rilibdi. Lekin menga hech kim bir tiyin to‘lamadi. Kimdir men yaratgan filmlarni internetda sotib olgan emish. Men internet o‘yinlaridan ancha uzoqman. Mana yaqinda o‘g‘lim “iphone” sovg‘a qildi. Ishlatolmadim, 10 yildan buyon tugmachalik telefondan foydalanaman. Men uchun eng muhimi ko‘p millatli xalq ko‘rsin. 
20 yoshimda o‘zbek tilida zo‘rg‘a gaplashardim, lekin o‘z xohishim bilan, xalqimiz bilan yaqinroq bo‘lish uchun o‘zbek tilini o‘rgandim. Hattoki o‘quv kurslarida bir shogirdim kasting qachon bo‘ladi deb so‘ragandi, kasting nima degani? Ruscha yoki o‘zbekcha gapir, ammo, ikki tilni qorishtirma dedim. 
Yoshimni yashab, oshimni oshab qo‘ygan odamman. Men filmlarni samimiy ravishda yaratganman. Mening baxtim shundaki ko‘p filmlar xalqimiz qalbidan joy olgan, bir necha marotaba qayta ko‘rishadi. Lekin men aytaman, nimaga hamma “Osmondagi bolalar”ga “yopishadi”? Boshqa filmlar qilmaganmanmi? Qanchadan-qancha filmlar yaratgan edim, baribir “Osmondagi bolalar” boshqachada deyishadi. 

Suhbatimiz oxirida bir qayg‘uli narsani aytmoqchi edim. Bu men uchun ham qarz, ham farz. Afsuski, mening tirik qolgan qahramonlarimdan, vafot etgan qahramonlarim ko‘proq. Vokzalda bitta o‘zim qolyapman. Men uchun birinchi katta zarba Hojiakbar Nurmatov bo‘ldi, keyin To‘ychi Oripov, Husan Sharipov, Po‘lat Saidqosimov, To‘ti Yusupova, Tojiboy Normatov, Rima Ahmedova, Farangiz Rejametova, Rixsivoy Muhammadjonov, “Osmondagi bolalar” musiqalarini yozgan Anvar Ergashev, doimiy rassomim Sadriddin Ziyomuhammedov ular mening hayotim edi. Fathulla Ma’sudov vafotidan keyin o‘zimga kelolmay bir hafta kasalxonada davolanib chiqdim. Meni doimiy direktorim Nasrulloxon Sagdullayev. Gohida ayolim bunaqada o‘zingizni berib qo‘yasizku deb aytadi. Men ishongan, hurmat qilgan odamlarim ketib qolyapti. “Berlin–Oqqo‘rg‘on” filmida ko‘ring, sochini olib keldi. Bo‘lmasa Milliy teatr direktori edi. Mirza Azizov, Obid Yunusov ham olamdan o‘tdi. Mana shu insonlarsiz men shuncha filmni yaratolmasdim. Men ularning farzandi edim. Ular bizning milliy boyligimiz edi. 

Bahodir Yo‘ldoshev bilan juda ko‘p suhbatlashganmiz, men ko‘p marta filmlarimda o‘ynashlarini iltimos qilganman. “Vatan”da cholni ular o‘ynashlarini reja qilgandik. Lekin mening teatrda ishlarim bor, vaqtim yo‘q, o‘g‘limni o‘ynataver dedilar. Men “Bobur Yo‘ldoshev yoshligidan mening filmlarimda rol ijro etib katta bo‘ldiku”, dedim. 

Ko‘plar “nega faqat bir xil aktyorlarni tanlaysiz?” deb so‘raydi. Men 20 dan ziyod nomlarni kashf qildim. Shaxzoda Matchonovani ko‘chada ko‘rib qolib, xotinimga “mana shu qizni chaqir” deb aytganman. Yaqinda chiqadigan “Hayrat” filmida iqtisodiyot fanlari doktori o‘ynadi. Ba’zi bir aktyorlar rashk qilib kelishadi, nimaga Bobur Yo‘ldoshev bilan Ra’no Shodiyevaga yopishib olgansiz deyishadi. Intilganga tole yor! Toza ko‘ngil, toza yurak bilan san’atga qo‘l ursangiz maqsadga erishasiz! Sizlarga tinchlik va sog‘lik tilab qolaman.

U.X.: — Bugungi suhbat uchun sizga katta rahmat!
 


Maqola muallifi

Teglar

Zulfiqor Musoqov

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing