Davron Fayziyev JCHdan nimalar kutyapti?

Intervyu

Joriy yilning 20 noyabr kuni Qatarda to‘rt yillikning eng yirik futbol musobaqasi Jahon chempionati start oldi. Oxirgi marta 32 ta jamoa qatnashadigan turnir allaqachon shiddatli to‘qnashuvlari bilan dunyo e’tiborini o‘ziga qaratib oldi. Joriy mundial sensatsiyalar, hakamlarning o‘ziga xos qarorlari, jarohatlar bilan muxlislar yodida qolishi aniq. 

2018 yilda Rossiya mezbonlik qilgan Jahon chempionating g‘olibini to‘g‘ri taxmin qila olgan taniqli sharhlovchi Davron Fayziyev Qatar mundiali haqida o‘zining qiziqarli ma’lumotlari, tahliliy fikrlari bilan o‘rtoqlashib, joriy JCHda qaysi jamoa chempion bo‘lishi mumkiniligini ham taxmin qildi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ Davron Fayziyevning O‘zbekiston milliy terma jamoasi, Eldor Shomurodovning kelajagi va “Paxtakor” stadionida rus bukmekerlik kompaniyasining reklamasi aylangani bilan bog‘liq holat haqidagi fikrlari bilan ham qiziqdi.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Quyida ushbu intervyunining matnini o‘qish imkoni mavjud. 

Shahzod Shukurov, muxbir: — 2019 yilda O‘FA matbuot va media departamenti rahbariga aylandingiz. Bu sizning jurnalistik va sharhlovchilik faoliyatingizga qay darajada ta’sir qildi?

Davron Fayziyev, futbol sharhlovchisi: —  Men terma jamoaga jurnalist sifatida qaramayman, chunki terma jamoaning matbuot kotibiman, shu jamoaning bir qismiman. Hamma joyda shu jamoaning manfaati va sharafini himoya qilaman. Shuning uchun bu savolga mening pozitsiyam ob’ektiv bo‘lishi mumkin. Ob’ektiv va jurnalistik yo‘nalishni birlashtirib javob berishga harakat qilaman. O‘ylashimcha, Srechko Katenets terma jamoaga o‘zining tushuncha va g‘oyalarini singdirishni boshladi. Dastavval, oson bo‘lgani yo‘q, shuningdek, terma jamoaga baho beradigan darajadagi o‘yinlar ham bo‘lmadi. Terma jamoaning o‘yiniga baho beradigan vaziyat nisbatan kuchi yaqinroq jamoalar bilan o‘yinlar tashkil etilganda yuzaga keladi. Kuz oylarida tashkil etilgan o‘rtoqlik o‘yinlari terma jamoani Katanets boshchiligida qanday holatda bo‘lishini ko‘rsatib berdi. O‘ylashimcha, Qozog‘istonga qarshi bahsda terma jamoamiz bir yil ichidagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi. Hamma pozitsiyalarda futbolchilar yaxshi o‘ynaydi, darvozabon super seyv ijro etdi, Shomurodov yayrab to‘p surdi, ayniqsa, menga yoqqani tayanch yarim himoyachilarimizning o‘yini bo‘ldi. Otabek Shukurov va Odil Hamrobekov maydon markazini egallashdi.

Katanets himoyadagi eksprimentlarni sekin-asta tizimga aylantirib boryapti. Agar tarkibga Masharipov ham qaytadigan bo‘lsa, terma jamoamiz Rossiyani ham yuta olarkan degan xulosaga keldim, lekin kamchiliklarimiz bor. Muammolarni Osiyo kubogiga qadar bartaraf etamiz.

Sh.Sh.: —Eldor Shomurodovning kelajagi haqida nimalar deya olasiz? Shomurodov raqobat juda ham kuchli bo‘lgan "Roma"da qolib, asosiy tarkib uchun kurashgani yaxshimi yoki birorta o‘rtamiyona jamoaga o‘tib, o‘ziga asosiy tarkibdan joy kafolatlagani ma’qulmi?

D.F.: —  Mourinoning unga munosabatidan kelib chiqib fikr bildiradigan bo‘lsak, ketishi kerak. Mourino Shomurodovga sal bo‘lsa ham imkoniyat bermayapti. Shuning uchun, Eldor boshqa variantlarni ko‘rib chiqishi kerak. Iloji boricha, A Seriyada qolgani yaxshi. 

Sh.Sh.: — O‘zbekiston - Rossiya o‘yini vaqtida “Paxtakor” stadionidagi tablolarda rus bukmekerlik kontorrasining reklamasi aylanib turdi. Bilamizki, O‘zbekistonda qimorga asoslangan o‘yinlarni reklama qilish qonunga zid. Bu holat qanday sodir bo‘ldi?

D.F.: —  Ikkita assotsiyatsiyaning o‘zaro yuridik kelishuvlari borki, ularning ma’lumoti shaxsan menga taqdim etilmaydi. Taqdim etilmagani uchun o‘zim ham bu mavzuda batafsil ma’lumotga ega emasman, lekin tushunishimcha, Rossiya terma jamoasining talab va majburiyatlaridan bir edi bu va qandaydir shartnomalarda bu holatning sodir bo‘lishiga kelishuv sabab bo‘lgan. Bu mening taxminim, mazkur holat bo‘yicha aniq ma’lumotga ega emasman. 

Sh.Sh.: — Bugungi kunda O‘zbekistonda muxlislik madaniyati qanday holatda deb o‘ylaysiz?

D.F.: —  Bizdagi muxlislik madaniyatini juda yomon holatda deb bo‘lmaydi. Biz madaniyatli xalqmiz, ammo ba’zida ishqibozlarning raqib jamoaga, rasmiylarga nisbatan hurmatsizlik va shuningdek, o‘z jamoalariga nisbatan ham e’tiroz bildirgan holatlarini ko‘ryapmiz. G‘alaba va mag‘lubiyat sportda yonma-yon yuradi. 90 daqiqa maydonda to‘p tepgan futbolchilarni so‘kib kuzatib qo‘yish noto‘g‘ri.

Sh.Sh.: — 2018 yilgi mundialda qilgan taxminlaringiz o‘zini oqlagandi, ya’ni siz aytgan jamoa Fransiya yakunda JCH g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Qatar mundialida qaysi jamoaning chempion bo‘lishini taxmin qilyapsiz?

D.F.: —  Bir qancha o‘yinlarni ko‘rishga ulgurdik va bu holat ham taxminlarga ta’sir qilishi mumkin. Angliya va Ispaniya zo‘r o‘yin ko‘rsatdi, lekin avval ham bir qancha resurslarda aytgandim: Braziliya kuchliroq ko‘rinyapti.

Sh.Sh.: — Klublar futbolida nomi chiqmayotgan qaysi futbolchilar mundialda dunyo futbol jamoatchiligiga o‘zini eslatib qo‘yishi mumkin? 

D.F.: —  Bu savolga javob berish qiyin. Hozir ularni eslashga to‘g‘ri kelyapti. Ispaniyada shunday futbolchi bo‘lishi mumkin, kecha Asensio o‘zini ko‘rsatdi. Azarni aytmasak, liderlarning hammasi klubida ham yaxshi o‘ynashadi. Masalan, Batshuai odatda klubida zaxirada o‘tirardi, lekin terma jamoada Lukakuning o‘rnini sezdirmasdan yaxshi o‘ynab berdi. 

Sh.Sh.: — Argentina ilk turda kutilmagan natija qayd etdi. Maradona vatandoshlari guruhdan chiqa oladi deb o‘ylaysizmi?

D.F.: —  Argentinani yutqazgan holatida ham baribir guruh favoriti deb o‘ylayman. Menimcha, qolgan ikkita o‘yinda yutadi va guruhdan chiqadi. 

Sh.Sh.: — JCHda qaysi qarama-qarshilikni ko‘rishni xohlayapsiz va nima uchun?

D.F.: —  Albatta, Portugaliya-Argentina to‘qnashuvi. Sababini ham hamma biladi.

Sh.Sh.: — Sizningcha, ushbu Jahon chempionatidagi Portugaliyaning natijasi Ronalduning keyingi manzilini belgilab beradimi?

D.F.: —  100 foiz. Balki, Ronaldu birorta klub bilan kelishuvga erishib qo‘ygandir. Agar, hech qaysi klub kelishib bilan qo‘ymagan bo‘lsa, JCHda zo‘r o‘ynasa, Ronalduning “MYU” haqidagi tanqidlari tasdig‘ini topadi. Mabodo teskarisi bo‘lsa, demak bo‘ldi Ronaldu yetib keldi degan xulosa kelib chiqadi.

Sh.Sh.: — JCHda hakamlar asosiy vaqtga odatdagidan ancha ko‘p vaqt qo‘shib beryapti. Bu holat futbolchilarga qay darajada ta’sir qiladi?

D.F.: —  Sharhlovchiga ortiqcha ta’sir o‘tlazmaydi, lekin futbolchilarga ta’sir qilyapti. Bu qanday prinsip ekanligini bilmadim. Mashhur hakam Kallina toza o‘yin vaqtini ko‘paytirmoqchimiz deb aytib o‘tdi. Toza o‘yin vaqtini ko‘paytirishning boshqa yo‘llari ham bor, lekin FIFA shu yo‘ldan bordi. Hakamlar o‘yinga juda ko‘p vaqt qo‘shib beryapti, bu esa futbolning tomoshabopligiga ta’sir o‘tkazadi.

Sh.Sh.: — Yaponiyaning Germaniya ustidan qozongan g‘alabasi haqida fikringiz qanday? Germaniya ketma-ket 2 ta mundialda dastlabki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Bu nimadan dalolat beradi?

D.F.: —  Chempion bo‘lgan jamoalarda sal pasayish bo‘lar ekan. Bir necha turnirlarda shunday holat kuzatildi. Germaniyaning ham futbolida pasayish bo‘ldi, deb ayta olamiz. Germaniyaning oltin avlodi bor edi, ammo u avlod futbolchilari birin-ketin termani tark etdi. Hozirgi avlod futbolchilarning ko‘pini hali klubda ham yetakchi bo‘la oldi, deya olmaymiz. Germaniyaning hozirgi muvaffaqiyatsizligiga avlodlar almashinuvi ta’sir qilyapti, deb o‘ylayman.

Sh.Sh.: — Fransiya - Avstraliya o‘yinini sharhlab bordingiz? Ko‘pgina yetakchilaridan foydalana olmayotgan Fransiyani hali ham mundial favoriti deya olamizmi? Nima deb o‘ylaysiz?

D.F.: —  Shu turishida ham Fransiya Niderlandiyadan kuchsiz emas. Hozirgi holatida ham fransuzlarning Portugaliya bilan darajasi bir xil. Shuning uchun Fransiyani e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. O‘yini chiqsa Fransiya hamon xavfli jamoa.

Sh.Sh.: — Sizningcha, Ispaniya terma jamoasida yakunda qaysi faktor kuchlilik qiladi: ishtiyoq yoki tajribasizlik?

D.F.: —  Ispaniyaning mundialdagi dastlabki o‘yiniga qadar jamoaning uzoqroqqa bora olishiga biroz shubham bor edi, ammo Enrike jamoani birlashtirib bo‘libdi. Jamaoada Alba, Buskets kabi tajribali futbolchilar ham bor. Bu jamoa uzoqqa bora oladi.

Sh.Sh.: — Birinchi bo‘limdayoq o‘yin taqdiri hal bo‘lganda telekran qarshisida auditoriyani ushlab qolish uchun nimalar qilasiz?

D.F.: —  Birinchi bo‘limdayoq o‘yini taqdiri hal bo‘lgan o‘yinlar kamayib ketyapti. Agar shunday holat yuz bersa, sharhdagi fintlarni ishga tushiramiz.

Sh.Sh.: — 8 ta jamoagina mundiallarda chempion bo‘la olgan. Bular Braziliya, Germaniya, Italiya, Argentina, Fransiya, Urugvay, Angliya va Ispaniya. Qatar mundialida yangi chempionlarni ko‘rishimiz mumkinmi va bu borada qaysi termaning imkoniyatlari ko‘proq?

D.F.: —  JCHda yangi chempion paydo bo‘lishi qiyin masala. Balki, Portugaliya bo‘lar, lekin bu ham qiyinga o‘xshaydi. Katta ehtimol, eski chempionlar yana g‘oliblikni qo‘lga kiritsa kerak.

Sh.Sh.: — “H” va “G” guruhlari jamoalarining imkoniyatlari haqida fikringiz qanday? Bilamizki, bu guruhda Braziliya, Portugaliya, Urugvay kabi jamolar bor.
D.F.: — Braziliya o‘z guruhidan muammosiz chiqsa kerak, birgina Serbiyaning qarshiligini inobatga olmasa, besh karra chempionlar bu guruhdan oson chiqadi. Portugaliyada esa vaziyat qiyinroq. Urugvayning yulduzlari Portugaliyanikidan kam emas. Janubiy Koreya esa syurpriz qilishi mumkin bo‘lgan jamoa hisoblanadi. 

Sh.Sh.: — Qaysi terma jamoa Qatar mundialida kashfiyot bo‘lishini kutyapsiz?

D.F.: —  Serbiya. Oldin normal natija qayd etmagan jamoalar orasida Serbiyayaning tarkibi juda kuchli ko‘rinishga ega. Ko‘ryapmizki, Saudiya, Yaponiya kabi davlatlar lokal sensatsiyalar ko‘rsata oladi. Uzoqroqqa borish haqida gap ketar ekan, Xorvatiyaning 2018 yilda ko‘rsatgan "hunarlari"ni faqatgina serblar qaytara olsa kerak.

Blits savollar

—Kuchlirog‘ini tanlang: Maradonaning Argentinasi yoki Messi boshchligidagi Argentina?

—JCHda g‘olib bo‘lgani uchun Maradonaning Argentinasi.

— Qaysi Osiyo jamoasi mundialda uzoqroqqa boradi deb o‘ylaysiz? Saudiya Arabistoni yoki Yaponiya?

—Saudiya Arabistoni.

—Noyer yoki Kurtua?

—Kurtua.

—Mundialda qaysi klub futbolchilari ko‘proq muvaffaqiyat qozonadi?

—“Barselona”.

—Hozirgi Ronaldu ko‘proq qaysi chempionatga mosroq tushadi APL, La Liga yoki MLS?

—MLS’ga borsa yulduz bo‘ladi, lekin APL yoki La Ligada qolgani yaxshiroq. La Liga unga mosroq.

Sh.Sh.: — Mundialdagi terma jamoalarning pozitsiyalaridan kelib chiqib, terma jamoa tuzib bering?

D.F.: — Darvoza: Belgiya Himoya: Braziliya Yarim himoya: Ispaniya-Angliya Hujum: Braziliya-spaniya-Angliya.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

92

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing