Alvido, Ortiqxo‘jayev! Endi navbat kimga? Yoxud odamlar odamdek yashashni istayapti
Tahlil
−
21 yanvar 2023
255202019 yil. Xorijda arxitektura va infratuzilma loyihalari qurishda ko‘p yil tajriba orttirgan tanishlarimdan biri bugun siz qurt yegan konfetni ham chiroyli qog‘ozga o‘ragandek, poytaxt Toshkentni ustidan bezashga harakat qilyapsiz. Lekin asl muammo Toshkent ostida payt poylab yotibdi, u bo‘y ko‘rsatganda esa ancha vaqtni boy bergan bo‘lasiz, degan edi. O‘shanda uning gaplarini jiddiy qabul qilmagan edim. Joriy haftada mamlakatning boshqa hududlari qatorida uning yuragida gaz, elektr energiyasi, suv bilan sodir bo‘lgan hodisalar aynan o‘sha tanishimning gapini yodimga soldi. Son-sanoqsiz qurilishlar, Toshkentning vertikal kengashi, 1 ta hovli o‘rniga qurilgan 20 xonadonli ko‘p qavatli uylar va uning ortidan gaz va elektr energiyasi sarfining ortishi, yuklamalar Toshkentimizni shu kunga olib keldi.
Bu va boshqa voqealar haqidagi Hafta tahlilini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Xayr Ortiqxo‘jayev yoxud Toshkent muammolari hokim bilan ketdimi?
Gapni bejiz Toshkentdagi muammolarni aytishdan boshlaganim yo‘q. O‘tgan hafta boshlanib, tugayotgan haftada ham davom etgan qaqshatqich sovuq haqiqatan ham Toshkent ostida saqlanib yotgan qator muammollarni aniq va ravshan ko‘z o‘ngimizga chiqarib berdi. Manaman degan boylar, kazo-kazolarning ham uyi gaz va “svet”siz qoldi. Toshkentning eng oldi tumanlarida ham gaz va “svet” o‘chdi. Odamlar tuman elektr tarmoqlari korxonalariga to‘planib, oddiy chilangarlarni savolga tutdi. Ularda nima ayb? Go‘yo “svet” boru ular bermay o‘tirgandek. Bunday hodisalar ortidan 16 yanvar, dushanba kuni tongda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida aholini energiya resurslari bilan ta’minlash masalasida yig‘ilish o‘tkazildi.
Prezident bunday qishga mamlakat energetika tizimi umuman tayyor emasligini tan oldi.
Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligini keskin tanqid qildi. Qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Davlat rahbari Ortiqxo‘jayevni ushbu majlisgacha, yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasining o‘zida ishdan olib bo‘lgan. Prezidentga ko‘ra, qishning ayozida Toshkentdagi 584 ta mahallladan 120 tasida sutkalab elektr energiyasi bo‘lmagan.
Xo‘sh, Ortiqxo‘jayevning xatosi nimada edi? Prezidentning qayd etishicha, poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan, buning oqibatida ruxsatsiz qurilgan ob’ektlar soni 250 dan oshib ketgan. Qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmagan.
Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga "hayfsan" berildi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “svet” yo gazning egasi Ortiqxo‘jayevmi? Hukumat qayerga qaragan? Nega yozning o‘zida Vazirlar Mahkamasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi bo‘yicha jiddiy tayyorgarlik qilinmagan, nazorat amalga oshirilmagan? Bu savol ayni vaqtda Prezidentni ham qiynayapti.
Ayni vaqtda qishdagi energetik inqirozga faqat quyi tizimdagilar aybdor qilinayotgani jamoatchilikda ham e’tirozlarni uyg‘otmoqda. Xususan bloger Saodat Abduzokirova birinchi navbatda Bosh vazir Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Hukumat bilan iste’foga chiqishi kerakligini aytdi.
Masalaning boshqa tomoni ham bor. Ortiqxo‘jayev 2018 yilning aprel oyida Toshkent shahar hokimi o‘laroq ish boshlanida Prezident Shavkat Mirziyoyev uni byurokrat bo‘lmagan kadr sifatida tanishtirib, tadbirkor bo‘lgani uchun ham tadbirkorlarning muammolarini tushunishini aytgan edi. Ortiqxo‘jayev o‘z nomi bilan tadbirkor va u shaharni ham shunga moslashtirdi. Shahar katta savdo majmuasiga aylanib qoldi. Puling bo‘lsa markazda yashaysan, bo‘lmasa, "sorry" sen chiqmasang, o‘zimiz siqib chiqaramiz, degandek qanchadan qancha Toshkentning qoq markazida yashayotgan toshkentliklar Sergeliga olib borib qo‘yilgani yolg‘onmi? Yana nima kutgandik undan? Albatta, bugun undan, qilgan ishlaridan rozilar ham talay. Biroq, davlat undan boshqa narsalarni kutgani Prezidentning aytganlaridan yaqqol ayon.
Shu kuni yig‘ilishda "Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abdurahmonov va o‘tgan yildan buyon elektr energiyasidagi uzilishlardan ogohlantirib kelayotgan, agar ochiq bozor shakliga o‘tib, investorlar jalb qilinmasa ahvol bundan ham battar bo‘lishini bir necha bor aytgan va jurnalistlar orasida to‘g‘riso‘z odam sifatida e’tirof etilgan Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ham lavozimidan ozod etildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, "O‘ztransgaz" rahbari Behzod Normatov, “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev lavozimidan ozod etilib, vaqtincha vazifasini bajarishi belgilandi va uch oy sinov muddati tayinlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga lavozimidan ozod etilganlarning faoliyatini o‘rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat’iy javobgarlikka tortish topshirildi. Biroq, Ortiqxo‘jayevni ham prokuratura va DXX tekshiradi deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Ortiqxo‘jayev hokimlikdan ketsada, o‘zida Toshkent shahar deputatligini va senatorlikni, bu orqali esa daxlsiz huquqini saqlab qolmoqda.
Darvoqe, Ortiqxo‘jayev o‘rniga Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarish uning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga yuklandi. Qiziq, Toshkentdagi muammolarga bosh-qoshlardan biri Rahmonovning o‘zi-ku. U aynan u arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari bo‘lgan. Demakki, yuqorida sanalgan muammolarning ko‘pi unga kelib taqaladi. Xo‘sh, hokim o‘rinbosari bo‘lganida Toshkentda kelib chiqqan shuncha muammoni Rahmonov hokim bo‘lgach hal qila olarmikin. Darvoqe, u ish boshlagan birinchi kunning o‘zidayoq aholiga bir haftada gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yechilishini va’da qildi. Lekin hafta oxirladi hamki, va’dasining ustidan chiqa olgani yo‘q. Aksincha, Ortiqxo‘jayevning yirik savdo majmualari ish vaqtini cheklash va soat 10:00 dan 17:00 gacha etib belgilash bo‘yicha qarorini kichik do‘konlarga ham tadbiq qildi. Shahardagi ayrim ko‘chalar butkul chiroqsiz qoldi, hatto, katta chorrahalarda ham soatlab svetofor ishlamadi.
Prezidentning qisqargan safari
Mamlakatdagi so‘nggi voqealar, poytaxt Toshkentda elektr energiyasi va gaz bilan kelib chiqqan muammolar sabab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16-18 yanvarga rejalashtirilgan Singapurga davlat tashrifi 3 kundan 1 kunga qisqartirildi.
Prezident 17 yanvar kuni Singapurga yetib bordi va Mirziyoyev Prezidentligi davridan buyon olti yilda birinchi marta Prezident Matbuot xizmati uning xorijiy safarga jo‘nab ketgani haqida xabar bermadi. Tashrif haqidagi birinchi xabar bir necha uchrashuvlar o‘tkazib bo‘lingach, e’lon qilindi.
Tashrif doirasida Prezident Mirziyoyev Singapur Prezidenti Halima Yaqub bilan uchrashuv o‘tkazdi va uni O‘zbekistonga taklif qildi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan, davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida 8 ta hujjat almashildi. Savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasi tashkil etilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Gulga “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” nomi berildi.
Prezident 18 yanvar kuni Toshkentga qaytib keldi.
Mirzayev va Hidoyatovda ham ishlar chatoq
Boya Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham tanqidlardan bebaxra qolmagani, davlat rahbari unga ogohlantirish, viloyatning Chirchiq shahri hokimi Davron Hidoyatovga esa “hayfsan” berganini aytish yodimdan chiqibdi. Ammo bu ogohlantirish va hayfsanlardan keyin viloyatda e’tirozlar tingani yo‘q. Zangiota tumani aholisi Mirzayevga videomurojaat yo‘llab, qish tugul yozda ham “svet” berilmasligini aytib, oh ursa, Chirchiq shahrida aholi elektr energiyasi yo‘qligi sabab yo‘lni to‘sib qo‘ydi.
Shahar hokimligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea joyiga hokim Davron Hidoyatov yetib kelib, aholidan uzr so‘ragan va elektr energiyasi tiklanishini hokim shaxsan nazorat qilgan. Shundan 40 daqiqa o‘tib, aholi elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Mahalladagi eski transformator ta’mirlangan, shuningdek, yangi transformator olib kelingan.
Keyingi holatda esa Chirchiq shahar elektr ta’minoti korxonasining dispetcherlik punktiga odamlar elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozilik bildirib to‘plangan. Shu vaqt 35 yoshli ayol elektr ta’minoti korxonasi montyorining ortidan kelib, uning bo‘g‘ziga pichoq tiragan va uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Xodim esa qo‘lidan hech narsa kelmasligi, muammolar unga bog‘liqmasligini aytib, bamaylixotir “so‘ysang so‘y” deb turavergan.
Mazkur holat bo‘yicha Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zaharlangan quruvchilar
Tugayotgan haftada Toshkentdagi qurilish kompaniyalarining birida 20 nafar ishchi ovqatdan zaharlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lum qildi.
Ishchilar Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya mikrobiologiya va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qabul bo‘limiga ovqatdan zaharlanish ehtimoli bilan olib kelingan. Biroq, bu qaysi qurilish kompaniyasi xodimlari ekaniga aniqlik kiritmagan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura QALAMPIR.UZ’ga Toshkentdagi Nest One turar joy majmuasini qurish ishlari bilan shug‘ullanayotgan xorijiy kompaniyaning 9 nafar xodimi o‘tkir ichak infeksiyasi bilan kasallanganini ma’lum qildi.
Quruvchilar oziq-ovqat tashkilotlaridan biri tomonidan ob’ektga yetkazib beriladigan mahsulotlarni iste’mol qilgan.
Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovoldi tekshiruvlari davomida holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atgan holatning birinchi voqealikka aloqasi bor-yo‘qligi aniq emas. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabarida 20 kishi ovqatdan zaharlangani aytilgan, prokuratura xabarida esa 9 nafar. Ikki xabarni qo‘shib hisoblasak, shu kunlarda Toshkentda qurilish kompaniyasining 29 nafar xodimi ovqatdan zaharlangan yo prokuratura bergan raqam birlamchi ma’lumotdagidan 11 taga farq qilyapti.
Operatsiya qilingan Nazarboyev va hamon osh-qatiq Putin
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘tgan hafta mamlakatda unga berilgan Elboshi rutbasi va farzandlarining daxlsizlik huquqi va o‘zining senatorlik vakolati tortib olinganini ko‘tarolmagan chog‘i bu hafta yurak xastaligi bilan shifoxonaga tushdi. 82 yashar Nazarboyevning yuragi operatsiya qilindi va jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi.
Operatsiya Milliy ilmiy kardiojarrohlik markazida mashhur kardiojarroh Yuriy Pya rahbarligida o‘tkazilgan.
Shu kunning o‘zida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Nazarboyevga tezroq sog‘ayib ketishni tilagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo Rossiya rahbari saytida hech qanday maktub yuborilgani yoki telefon suhbati haqida xabar berilgani yo‘q. Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putinning tilagi haqida jurnalistlarga axborot berganu lekin bu tilak qaysi yo‘llar bilan yetkazilganiga aniqlik kiritmagan. Bundan ko‘rinadiki, Putinning hamon Nazarboyev bilan norasmiy aloqasi davom etmoqda.
Ha bu orada Qozog‘iston haqida boshqa muhim xabarimiz ham bor. Tugayotgan haftada Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Majlis tarqatib yuborildi va yangi parlament quyi palatasiga muddatidan oldin bo‘ladigan saylov joriy yilning 19 martida o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev barcha darajadagi mahalliy vakillik organlari vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi. Markaziy saylov komissiyasiga navbatdan tashqari deputatlar saylovini tayinlash, unga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Yangi O‘zbekiston: prokuror – to‘ra, o‘qituvchilar xor – kuradi qor
O‘tgan haftadagi dasturimizda minbarlardagi aytilayotgan gaplarga qaramay, Yangi O‘zbekistonda ham hamon o‘qituvchilarga quldek ishlatilayotgani, udarga to‘ralarcha munosabat davom etayotgani haqida so‘z ochgandik. Buning isboti o‘zini uzoq kuttirmadi. Angren shahar prokurori Ulug‘bek Qobiljonov maktablardan birini ko‘zdan kechirayotib, muassasa hududi qordan tozalanmaganidan e’tiroz bildirgani tasvirlangan video tarqaldi.
Ushbu videodan so‘ng ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari maktabni tozalashga chiqarilgan. O‘tgan hafta hali ta’tilni uzaytarib, hali qisqartirilishi ortidan bildirilgan qator e’tirozlarga miq etmagan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu voqeani shunchaki o‘tkazib yubormadi. U holat yuzasidan munosabat bildirib, bu voqea Bosh prokuratura nazoratiga olinganini ma’lum qildi.
“Bosh prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va o‘rganilmoqda. Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘taman. O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi”, deydi Umarova.
Qiziq, u o‘tgan hafta ta’til bir uzaytirib, bir qisqartirilib, o‘quvchiyu o‘qituvchi sarson qilinganda, o‘qituvchilarga yarim kechasi o‘quvchilarga darsga chaqiruv xabarlarini berish topshirilganda ham shu fikrdamidi? Nega o‘sha zahotiyoq o‘z pozitsiyasini bildirish o‘rniga, butun vakolatni hokimlar qo‘liga topshirib, qo‘pol qilib aytganda, o‘qituvchilarni yana yem qilib berdi.
Xullas, Hilola Umarovaning vahimasidan keyin prokuror biror og‘irroq jazo oladi yo uchib ketadiyov deb o‘ylagandik. Ey qayerda, Toshkent viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, Angren shahar prokurori Ulug‘bek Qobiljonov faoliyatda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan. "Nu zato" maktab qordan tozalangan.
Shundan so‘ng prokuror majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilardan uzr so‘rab, videomurojaat yo‘llagan. U o‘qituvchilarni qor kurashga chaqirmaganini, aksincha, maktab ma’muriyatiga holatni bartaraf etish uchun mas’ul xodimlarni jalb qilishni so‘raganini ro‘kach qildi. (!)
Nima? Prokuror nimalar deyapti? Axir u emasmi birinchi videoda "hammayoq tozalanmagan, o‘qituvchilar yo‘q, oylik olib yotishibdi", degan. Xullas, uzrlarimiz, uzrchi hokim va prokurorlarimiz bor bo‘lsin. Ular beriladigan intozomiy jazolar esa he-ye-yech tugamasin.
Qadri ham, qiymati ham oshgan piyoz
Tugayotgan haftada O‘zbekiston bozorlarida suyakli mol go‘shti, qo‘y go‘shti, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, guruch narxlari oshdi. Ular orasida naarx oshishi keskin ta’sir qilgan mahsulot piyoz. Endi nafaqat archilgan holda, balki archilmaganida ham ko‘zingizni, hatto, yuragingizni ham achishtiradi. Bozorlarda piyoz qadri ortib, 10 ming so‘mdan sotilyapti. Agar uni ham topa olsangiz. Ayrim joylarda 12 mingga chiqqann holatlar haqida xabar topdik.
Piyoz narxining keskin ko‘tarilishi ortidan Hukumat ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish, aholining iste’mol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrotexnologiyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Ortiqov bugungi kunda hududlarda jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi tasdiqlanib, joylarda piyoz zaxirasi mavjudligi aytilgan.
Lekin mutaxassislarning tahlillari aholi iste’mol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini ko‘rsatmoqda. Ayni vaqtda mahsulotni import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
“EastFruit” tahlil markaziga ko‘ra, anomal sovuq oqibatida O‘zbekistonda piyoz narxining o‘sishi davom etadi. Qayd etilishicha, sovuq kunlarda “muzlamagan” so‘zi fermer va savdogarlar tomonidan maqtaladigan piyozning asosiy xususiyatiga aylandi. Ammo qishda O‘zbekistonda piyoz uzoq va har doim ham sifatni saqlab qolish uchun maqbul sharoitlarda saqlanmaydi. Buning uchun moslashtirilgan omborlar nafaqat barqaror havo haroratini saqlab turish uchun uskunalar bilan jihozlanmagan, balki ko‘pincha minimal issiqlik izolyatsiyasiga ham ega emas. Bundan tashqari, O‘zbekistonda piyozning bir qismi odatda yomg‘irdan himoya qilish uchun faqat shiypon ostida saqlanadi.
2023 yilning 6 yanvaridan 13 yanvarigacha O‘zbekistonda sariq piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 5000 so‘mdan 6000 so‘m/kg gacha, ya’ni 20 foizga ko‘tarilgan edi. 13 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 3 baravar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan qariyb 4 baravar yuqori bo‘lgan.
Harbiy qismdan askarning o‘ligi chiqdi
Yana Toshkent viloyatidan yomon xabar. Zangiota tumanidagi harbiy qismlardan birida xizmat o‘tayotgan 20 yoshli yigitning uyiga jasadi qaytdi.
Joriy yilning 11 yanvar kuni soat taxminan 10:15 larda Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida oddiy askar o‘ziga biriktirilgan avtomat bilan bosh qismiga o‘q uzgan va voqea joyida vafot etgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan hodisa joyida Toshkent harbiy prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini otgan askar 2003 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Xudoyzor” mahallasida yashagan. U harbiy xizmat o‘tash uchun Toshkent viloyati Zangiota tumaniga 2022 yilning may oyida ketgan.
O‘zbekistonda ilk bor siam egizaklari operatsiya orqali ajratildi
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan siam egizaklarini ajratish operatsiyasi o‘tkazildi va muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Egizaklar o‘tgan yilning 31 mayida Qirg‘izistonda dunyoga kelgan. Chaqaloqlar tug‘ilganda ularning umumiy vazni 1 600 gramm bo‘lgan va ularga Fotima va Zuhra deb ism qo‘yilgan. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.
Tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo ota-ona O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga ushbu masalada murojaat qilgan.
Operatsiya 2022 yilning 19 dekabr kuni 3 soat davomida bo‘lib o‘tgan. Ushbu murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki a’zolarga ega egizaklarni ajratish esa o‘ta murakkab va xavfli operatsiya bo‘lgan. Bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangani operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishiga sabab bo‘lgan.
Operatsiya qilishni o‘z gardaniga olgan qahramon shifokor Baxtiyor Ergashevning bugun quvonchi cheksiz. U AQSH yo Yevropa, boring ana Rossiyadagi sharoitlarsiz ham uddaladi.
Andijon ichki ishlar xodimi fuqaroni do‘pposladi
Tugayotgan haftada ham yana ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda ichki ishlar organi xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Unda Ichki ishlar xodimlari libosidagi shaxs yosh yigitning yoqasidan tutib tepayotgani, uni haqorat qilayotgani va sudrab olib ketayotgani aks etgan. Ichki ishlar vazirligi esa an’anasiga sodiq qolgan holda xodimni aybsiz deb chiqdi.
Vazirlikka ko‘ra, Asaka tumanida “EVRO METAN” avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida navbatda turgan haydovchilar navbat talashib, janjallashgan va jamoat tartibini buzgan.
Shu yerga jamoat tartibini saqlash uchun biriktirilgan Ichki ishlar boshqarmasi Patrul-post xizmati xodimi kelib, janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilmoqchi bo‘lgan. Janjal sababchilari – 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning akasi xodimga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, unga qarshilik ko‘rsatgan.
Hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, tartibbuzarlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelingan. Ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Holat yuzasidan voqea ishtirokchilarining, shu jumladan, Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi va’da qilindi. Bizningcha, katta ehtimol bilan ushbu holatda yo Ichki ishlar xodimi aybsiz bo‘lib chiqadi yo unga intizomiy jazo berish bilan cheklaniladi.
LiveBarchasi