Kattalar Putinga qarshi va uni yana “ezishmoqchi”

Tahlil

11 oktyabr kuni “Katta yettilik”guruhi davlatlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya yetakchilari kuchayib borayotgan Rossiya-Ukraina urushi, mojaro atrofidagi vaziyat va Rossiyaning Kiyeva va mamlakatning bir qator viloyatlariga qilgan qaqshatqich raketa hujumlari ortidan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.

G-7 davlatlari yig‘ilishiga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham taklif etildi. U Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirish, Ukraina o‘zini-o‘zi ximoya qilishi uchun yangi qurollar bilan ta’minlashni so‘radi.

Yig‘ilish so‘ngida "Katta yettilik" liderlari qo‘shma bayonot qabul qildi.

Katta yettilik davlatlari Rossiyaning Qrim va Sevastopoldan tashqari Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarini anneksiya qilishga noqonuniy urinishini qoralaydi va so‘zsiz rad etadi. Ular hech qachon Rossiya o‘zini oqlash uchun foydalanadigan soxta referendumlarni tan olmaydi.

Davlat rahbarlari barcha mamlakatlarni xalqaro huquq buzilishini so‘zsiz rad etishga va Rossiyadan harbiy harakatlarni to‘xtatishni hamda Ukraina hududidan barcha kuch va harbiy texnikasini zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketishni talab qilishga chaqirdi.

G7 Ukrainaning yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hududni xalqaro huquq, xususan, BMT Nizomi asosida himoya qilish va uning ustidan to‘liq nazoratni tiklash huquqini tasdiqlaydi.

“Katta yettilik” Kiyevga moliyaviy, gumanitar va harbiy yordamni keragicha davom ettirish niyatida, shuningdek, Kiyevga qishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishga tayyor.

Rahbarlarning fikricha, Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun mamlakatni qayta qurish, jumladan, Rossiya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak.

“Katta yettilik” guruhi a’zolari “urushdan keyingi hayotiy tinchlik kelishuviga erishish uchun biz tegishli davlatlar va institutlar hamda Ukraina bilan kelishuvlarga erishishga tayyormiz”, deb ishontirdi. Bu kelishuvlar barqaror xavfsizlik majburiyatlari bilan bir qatorda Ukraina o‘zini himoya qila olishi, erkin va demokratik kelajakni ta’minlay olishi hamda Rossiyaning kelajakdagi tajovuzini to‘xtata olishi kafolatlariga tegishli. 

“Katta yettilik” Rossiyani jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish zarurligini e’lon qildi. 

Ittifoqdoshlar Minskni Ukrainada maxsus operatsiya o‘tkazishda Moskvaga yordam berishni to‘xtatishga chaqirdi.

Shuningdek, liderlar, Ukrainada kimyoviy, biologik yoki atom qurollaridan foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan. 

G7 “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2” quvurlariga qasddan zarar yetkazilganidan chuqur xavotir bildirdi va ular muhim infratuzilmani ataylab yo‘q qilinishini keskin qoralashlarini va davom etayotgan tergovlarni olqishlashlarini ko‘rsatdilar. 

Bayonotda ta’kidlanishicha, mamlakatlar Rossiya tajovuzining global iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun, shu jumladan, G7 mamlakatlarida va undan tashqarida energiya xavfsizligi va arzonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish orqali yaqin muvofiqlashtirilgan holda harakat qiladi. 

G7 davlatlari MAGATEning Zaporoje AESning xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini, shuningdek, Rossiyaning ZAESdagi xatti-harakatlarini va uning xodimlariga ko‘rsatilayotgan bosimni qoralashlarini ma’lum qilishdi. Bu vaziyatning yanada mas’uliyatsiz keskinlashuvidir va davlatlar uning harakatlari oqibatida yuzaga kelgan har qanday hodisa uchun Rossiyani javobgarlikka tortish niyatida.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy vaziyatni kuzatish uchun Ukraina va Belarus chegarasiga xalqaro kuzatuvchilar missiyasini joylashtirishni taklif qildi.

“Men bir mamlakatga e’tibor qaratmoqchiman. Belarus hududi allaqachon Ukrainaga hujumlar uchun ishlatilgan. Va endi biz katta tahdidni ko‘rmoqdamiz. Rossiya biz bu davlatga qarshi zarba tayyorlayapmiz, deb provokatsiya qilib, Belarusni bevosita bu urushga tortishga harakat qilmoqda. Bilvosita, u ularni ichkariga tortdi”, deydi u. 

Prezident Zelenskiy Ukraina Belarusga qarshi harbiy choralar ko‘rmagani va rejalashtirmaganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Ukraina faqat hududiy yaxlitligini tiklashdan manfaatdor. 

“Ammo bu provokatsiyani, Lukashenkodan eshitiladigan hikoyalarni, hatto bizdan bo‘lgan har qanday tahdid haqidagi taxminlarni ham yo‘q qilish uchun biz o‘z yechimimizni taklif qilamiz. Ukraina va Belarus chegarasida vaziyatni kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilar missiyasi joylashtirilishi mumkin. Formatni diplomatlarimiz ishlab chiqishi mumkin. G7 darajasida ushbu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek u Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan muzokara olib bormasligini aytdi. 

“Biz ochiq-oydin haqiqatni tan olishimiz kerak: kelajagi yo‘q Rossiya rahbari bilan hech qanday muloqot bo‘lishi mumkin emas”, deydi Zelenskiy bugun, 11 oktyabr kuni “Yettilik” (G7) davlatlari yetakchilari bilan onlayn maslahatlashuv chog‘ida.

Zelenskiyning fikricha, hozir dunyo Rossiya tomonidan uyushtirilgan psevdoreferendumlarga demokratiyaning munosabatini kuzatmoqda. 

“Rossiya butunlay yakkalanib, siyosiy va sanksiyalar bilan jazolanishi kerak”, deydi Zelenskiy. 

Ukraina Prezidenti ta’kidlaganidek, dunyo Ukraina-Rossiya muzokaralari BMT nizomini, insonparvarlikning asosiy tamoyillarini, Ukraina hududiy yaxlitligini tan oladigan Rossiyaning boshqa rahbari bilan yoki boshqa konfiguratsiyada bo‘lishi mumkinligini tushunishi kerak.

Joriy yilning 30 sentyabr kuni Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qabul qilish marosimida nutq so‘zlagan Putin Kiyevni zudlik bilan o‘t ochishni, barcha harbiy harakatlarni, 2014 yilda boshlagan urushni to‘xtatishga va muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva muzokaralarga tayyor, biroq Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari aholisining tanlov huquqini muhokama qilmaydi va Ukraina hukumati odamlarning bu erkin irodasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, 4 oktyabr kuni Zelenskiy Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiyaning amaldagi rahbari bilan muzokara olib borish mumkin emasligi haqidagi qarorini ijro etdi. Ushbu vaziyatni sharhlar ekan, Rossiya TIV rasmiy vakili Ukraina Prezidenti farmonni G‘arbning buyrug‘i bilan imzolaganini ta’kidladi va u bu qarorning o‘zini Zelenskiyning boshi berk ko‘chada deb atadi. O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar uchun ikki tomon zarurligini, shuning uchun Rossiya Ukrainaning amaldagi yoki keyingi Prezidentining Moskva bilan muloqot bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishini kutishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing