Dunyoning ertasi qanday? Samarqandda nimaga kelishildi?
Jamiyat
−
17 Sentabr 2022
15131Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘z ishini boshladi. 15 sentyabr kuni Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi jami 14 ta davlat va hukumat rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitda ishtirok etish uchun Samarqandda jamlandi.
Mehmonlar O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va hukumat rahbarlarini qabul qilgani, Prezidentlar muzokara o‘tkazib turli hujjatlar imzolagani haqida kecha 15 sentyabr kuni e’lon qilingan videoda to‘liq m’lumot bergan edik.
Bugun esa Prezidentlarning kecha tunda daraxt ekkanidan tortib ularning kechki ovqati va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining tor doiradagi va kengaytirilgan majlisi haqida ma’lumot beramiz.
Kecha oxirgi bo‘lib Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga keldi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va hukumat rahbarlari bilan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida daraxt ekdi. Aynan shu yerda Prezidentlarning norasmiy uchrashuvlari boshlandi.
Yetakchilar birgalikda ekkan daraxtlar SHHT mamlakatlarining do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzi bo‘lib xizmat qilishi aytildi.
So‘ng davlat rahbarlari Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasiga borishdi. Majmuada qadimiy shaharlar qiyofasi, milliy an’analari bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks etgan.
Shu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining tashrifi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.
Mehmonlar majmuani aylanib suratga tushdilar, SHHTning Samarqand sammiti boshlangani munosabati bilan ular sharfiga mushaklar otildi. Tarmoqlarda Prezidentlarning dasturxon atrofida o‘tirgani aks etgan suratlari tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqning ziyrak kuzatuvchilari 11 ta davlatlar rahbarlari ishtirokidagi kechki ovqatda XXR raisi Si Szinpin ko‘rinmaganini muxokama qilishni boshladi.
“Reuters” agentligining O‘zbekiston hukumatidagi manbaga tayanib xabar berishicha, Xitoy delegatsiyasi Si Szinpin koronavirus bilan bog‘liq ehtiyot choralari sabab kechki ovqatda qatnashmaganini bildirgan.
16 sentyabr kunini erta tongdan Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHT davlat rahbarlari kengashi sammitida qatnashish uchun kelgan mehmonlarni Kongress xollda shaxsan o‘zi qarshi oldi. Bir joyga yig‘ilgan rahbarlar birinchi ishni jamoviy suratga tushishdan boshlashdi.
Keyin esa Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi majlisi boshlandi. Majlis kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari SHHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
Samarqand sammitida imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda SHHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
Yig‘ilishda shuningdek, Qog‘oziston Prezidenti To‘qayev, Hindiston Bosh vaziri Modi, XXR raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Prezidenti Japarov, Pokiston Bosh vaziri Sharif, Rossiya Prezidenti Putin va Tojikiston Prezidenti Rahmon so‘zga chiqdi.
Birozdan so‘ng, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kengaytirilgan majlisi boshlandi. Unda Belarus fuqarosi Lukashenko, Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an, Eron Prezidenti Raisiy, Ozarbayjon Prezidenti Aliyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Xurelsux ham ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tartibdagi majlisida dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchayganini aytib o‘tdi.
Uning fikricha, iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamona muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Shuningdek, SHHTning kengaytirilgan tartibdagi majlisida so‘z olgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukrainadagi inqiroz ta’minot zanjirida jiddiy uzilishlarga sabab bo‘lganiga to‘xtaldi.
“Ukrainadagi inqiroz ta’minot zanjirlarida jiddiy uzilishlarga olib keldi va butun dunyoni misli ko‘rilmagan darajada energiya va oziq-ovqat inqiroziga duchor qildi”, deydi janob Modi.
U SHHT mintaqada ishonchli va xilma-xil ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga harakat qilishi kerakligini, buning uchun mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash zarurligini qayd etdi.
Sammitda Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti nomidan dunyo hamjamiyatini Pokistondagi tabiiy ofatning keng ko‘lamli salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun ushbu mamlakatga imkon boricha gumanitar yordam berishga chaqirdi.
SHHT Sammitida so‘z olgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatlarni o‘z siyosatlarida “iqtisodiy xudbinlik” va noqonuniy sanksiyalardan foydalanishni to‘xtatishga chaqirib, dunyoning yetakchi iqtisodiyotlarining tizimli xatolariga ishora qildi.
Putin Rossiya siyosatda har qanday “xudbinlik”dan xoli ekanligini ta’kidlagan. Bunday siyosatning yorqin namunasi sifatida u Yevropa komissiyasining Rossiya o‘g‘itlariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi qarorini keltirdi.
“Oziq-ovqat muammosini hal qilishda o‘g‘itlar qanchalik muhimligini bilamiz. Biz, albatta, sanksiyalarni bekor qilish qarorini olqishlaymiz, biroq ma’lum bo‘lishicha, bu sanksiyalar Yevropa komissiyasining joriy yil 10 sentyabrdagi tushuntirishiga ko‘ra, faqat Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun bekor qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, bizning o‘g‘itlarimizni faqat ular sotib olishlari mumkin! Ammo rivojlanayotganlar haqida nima deyish mumkin? Dunyoning eng qashshoq davlatlari?”, dedi Rossiya raxbari.
Shuningdek u, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga Yevropa Ittifoqining dengiz portlarida 300 ming tonna Rossiya o‘g‘itlari to‘planganini, Rossiya ularni rivojlanayotgan mamlakatlarga tekinga berishga tayyorligini aytib o‘tdi.
SHHT sammitida so‘z olgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Afg‘onistondagi narkotik moddalar kontrabandasi tufayli tashkilotning giyohvandlikka qarshi tuzilmasini yaratish g‘oyasini amalga oshirish haqida o‘ylashni taklif qildi.
“SHHTning giyohvandlikka qarshi alohida tuzilmasini yaratish g‘oyasini amalga oshirish vaqti keldi”, deydi u.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davlatlar rahbarlari qarshisida Anqara SHHT bilan hamkorlikni, asosan, xavfsizlik sohasida kengaytirishni niyatida ekanini aytdi.
“SHHT – bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalari ilgari suriladigan juda hurmatli va ishonchli platforma. Turkiya Anqara va SHHT o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi davom etishiga chin dildan ishonadi. Biz SHHT bilan hamkorlikni, asosan, xavfsizlikni ta’minlash sohasida kengaytirishni kutamiz”, deydi u.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif davlat rahbarlari e’tiborini Afg‘onistonga qaratib, mamlakat terrorizm qurboni bo‘lganini ochiqcha aytdi.
“Terrorizmga qarshi kurashish va xavfsizlikni ta’minlash borasida Afg‘onistonni mustahkamlash nafaqat bu mamlakat, balki butun dunyo uchun ijobiy burilish bo‘ladi”, dedi Pokiston Bosh vaziri.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi keskinlashuv uchun barcha javobgarlik Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatiga yuklanishini aytdi.
“Afsuski, joriy yilning 13 sentyabr kuni Armaniston Ozarbayjon bilan davlat chegarasi hududida keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazdi. Armanistonning provokatsiyasi munosabatlarni normallashtirish jarayoniga zarba bo‘lmoqda. Buning uchun barcha javobgarlik Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatiga yuklatiladi”, dedi Aliyev.
Shanxay hamkorlik tashkilotining davlat rahbarlari kengashi majlisida qatnishish uchun Samarqandda bo‘lib turgan Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari chegaradagi vaziyat yuzasidan yuzma-yuz muzokara o‘tkazib, kelishib olishdi.
Ikki davlat rahbarlari tegishli tuzilmalarga o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shin va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib oldilar.
Shuningdek, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlararo komissiyasi ishini jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tartibdagi majlisi yakuniga yetdi. Ishtirokchilar Samarqand deklaratsiyasini qabul qilishdi. Jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir.
Tashkilotning navbatdagi sammiti ilk bor Hindistonda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Hujjatdagi asosiy qoidalar:
• Mamlakatlar SHHT boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilgan emasligini tasdiqladilar, shuningdek, o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda hamkorlik uchun ochiqlikni qayd etdilar;
• Mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, terroristik va ekstremistik tashkilotlarning yagona ro‘yxatini tuzish niyatida ekanliklarini bildirdilar, shuningdek, “Tinchlik missiyasi” qo‘shma aksilterror qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi;
• Alohida davlatlar bir tomonlama global raketaga qarshi mudofaa tizimining takomillashtirayotgani tanqid qilindi. Bu, ularning fikricha, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
• Davlatlar axborot kommunikatsiya texnologiyalarini harbiylashtirishga qarshi chiqishdi va BMT shafeligida AKTdan jinoiy maqsadlarda foydalanishga qarshi kurash uchun xalqaro konvensiya ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlashdi;
• Kimyoviy qurollarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, to‘plash va ulardan foydalanishni taqiqlash hamda ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga (KQTK) rioya qilishga chaqirildi;
• Kosmosni qurolsiz saqlash tarafdori va koinotda qurollanish poygasining oldini olishga kafolat beradigan xalqaro huquqiy hujjat tuzish zarurligi ta’kidlandi;
• Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha harakatlar rejasini amalga oshirish va Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalariga qat’iy rioya qilish muhim deb e’tirof etildi;
• Afg‘onistonda barcha etnik, diniy va siyosiy guruhlar vakillari ishtirokidagi inklyuziv hukumat zarurligi ta’kidlandi;
• Startaplar va innovatsiyalar bo‘yicha maxsus guruh, shuningdek, qashshoqlikni bartaraf etish va xalq tabobati bo‘yicha guruh tuzishga kelishib olindi;
• “SHHTning yaxshi niyat elchisi” unvoni tasdiqlandi;
• 2023 yil Turizm yili deb e’lon qilindi. Umuman olganda, a’zo davlatlar 40 ga yaqin hujjat, jumladan, uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishning kompleks rejasini imzoladi.
LiveBarchasi