Har kuzda shu bo‘lar takror yoxud Toshkentda ariqlarning egasi bormi?

Jamiyat

Kuz ham keldi. Yog‘ingarchilik kunlari eshik qoqib turibdi. Poytaxtda yana eski muammo avjiga chiqsa ajabmas. Har kuzda shu bo‘lar takror, har yomg‘irda shahar suvga to‘ladi. Bunga asosiy sabab esa amaldorlar va mas’ullar emas. Ularning hech aybi yo‘q. Aybdor – o‘z ishini vaqtida to‘g‘ri bajarolmayotgan ariq va drenajlar. 

Drenajlar yoki yo‘l, ko‘cha qirg‘og‘idagi ariqlar daraxtlarni sug‘orish, yoqingarchilik mavsumida esa yig‘ilgan suvni tashish, shahardan olib chiqib, o‘zidan kattaroq ariqqa, kanallarga quyishga mo‘ljallangan  irrigatsiya tarmog‘idir. Ammo Toshkent shahridagi barcha ariqlar ham bu talabga javob bermaydi. Yarmiga kelib to‘xtab qoladi, ko‘mib tashlanadi va bu haqida hech kim bosh qotirib o‘tirmaydi. Bugun aynan shunday ariqlar QALAMPIR.UZ nishonida. 

“Bunyodkor” stadioni oldida suv toshdi

Yomg‘ir yog‘ishi bilan mana shunday sarlavhali videolar  yana turli tarmoqlar orqali telefoningizga kela boshlaydi. Shu sababli  ham bizning birinchi manzilimiz aynan shu yer bo‘ldi. 

Stadion oldidagi ayrim ariqlar ko‘mib yuborilgan, hali yomg‘ir yog‘magan bo‘lsada bu yerda suv toshayotganini ko‘rib hayratga tushdik. Ammo mas’ullarning bu holatga bergan izohi bizni ko‘proq hayratlantirdi. 

“Bu ariqning o‘zi yo‘li yo‘q. Oldindan shunaqa bo‘lgan o‘zi. Suv balandligini ko‘ryapsiz, to‘g‘ri kelib, Anhorga quyiladi. 

Mana bu joyga ham avval suv kelmasdi. “Vodoprovod” quvuri o‘tganmi, teshilganmi, bilmadim. Biz endi ko‘ryapmiz buni, xabarimiz yo‘q edi. Lekin qishda suv toshmaydi endi”, deydi Chilonzor tumani irrigatsiya tizimi mutaxassisi Ixtiyor Tolipov.

Mayli, qish ham kelar, yomg‘ir ham yog‘ar. Agar toshayotgan suv shu birgina teshikchaga bog‘liq bo‘lsa yog‘ingarchilik mavsumida suv toshadi yo yo‘q, vaqti kelib ko‘rarmiz.

Hududga Obodonlashtirish mas’ullarni chaqirganimizga biro-o-oz vijdonimiz qiynaldi. Oddiy tozalovchi xodimlar – 50-60 yoshli erkaklarning ko‘z oldimizda egilib ishlashini, rahbarlar esa ularga buyruq berishdan nariga o‘tmagayotganini ko‘rib, yuragimiz achidi. 

Ular bilan suhbatimiz davomida esa Obodonlashtirish xodimlarining har kuni ishlashi, kam maosh olishi va tashkilot tomonidan qo‘shimcha hech qanday yordam ko‘rsatilmasligi aniq bo‘ldi. 

Yunusobod tumani, xususan, Bog‘ishamol ko‘chasi ham yog‘ingarchilik mavsumida muntazam ravishda suv toshuvchi nuqtalardan biridir. Oqibatda avtomobillar tirbandligi yuzaga keladi, bu yo‘lda harakatlanuvchi piyodalarga ham noqulayliklar keltirib chiqaradi. 

Qizig‘i, Vazirlar Mahkamasining 2015 yildagi “Toshkent shahri sug‘orma drenaj tizimining faoliyatini tashkillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Yunusobod tumanidagi aynan Bog‘ishamol mahallasi  va Murodov ko‘chasidagi mavjud ariqlarni obodonlashtirish maqsadida mahalliy byudjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobiga kapital ta’mirlash ishlarini olib borish uchun Toshkent shahar hokimligiga 2015 yilning oxirigacha muddat berilgan edi. 

Ammo mazkur hududda ta’mirlangan ariqlardan ko‘ra buzilgan, ko‘mib yuborilgan va yarmida to‘xtab qolgan ariqlarga ko‘proq ko‘zimiz tushdi. 

Shuningdek, Yunusobod tumanining “Malika” savdo majmuasi atrofidagi ariqlarda ham xuddi shunday vaziyat. Bir-biriga ulanmagan ariqlarni ko‘zdan kechirarkanmiz yillar davomida qarovsiz qolganini sezish qiyin bo‘lmadi. 

Biz jurnalistik reydimiz davomida Toshkent shahrining boshqa ko‘plab ko‘chalarida, hududlarida bo‘ldik. Chorsu maydoni, Labzak ko‘chasi, Taxtapul, Mustaqillik ko‘chasi kabi 20 ga yaqin manzillarni o‘rgandik. Ularning barchasida ko‘cha chekkasidagi ariqlar xuddi ko‘rgazmaga qo‘yilgan va boshqa hech qanday vazifasi yo‘qdek ta’mirsiz, tozalovsiz va qarovsiz. 

Shaharning bu ahvolga tushib qolishining sababi nima?

Amerikada aynan shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik mutaxassis Asqarali Karimov poytaxt drenaj tizimida yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida gapirdi: 

“Oxirgi 7-8 yilda Toshkent shahri shiddatli o‘sib bordi. Yer ustida tezkor qurilishlar amalga oshirildi-yu yer ostidagi irrigatsiya tizimining nima bo‘layotgani haqida hech kim o‘ylamadi. Bu ertaga biz uchun juda katta muammo bo‘ladi. Bunaqangi tabiat hodisalari, kuchli yoqingarchiliklar, sel toshishlari – hali boshlanishi. Afsuski, Toshkentdagi hozirgi tizim buni ko‘tara olmaydi. 1970-yillarda qurilgan drenaj tizimi bu darajadagi rivojlanishni hisobga olib qurilmagan edi. Shuning uchun hozirdan buni isloh qilmasak, muammolar ko‘payaveradi”.

Toshkent shahri drenaj-irrigatsiya tizimini isloh qilish ishlari aslida ancha avval boshlangan edi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 iyundagi 431-f-son qarori bilan shu masala bo‘yicha Ishchi guruh tuzilgan. 2015 yilda esa Kuchli yog‘ingarchiliklar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yomg‘irli suv oqimlarining avariyalarsiz o‘tishini ta’minlash, binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari vayron bo‘lishining, shuningdek, shahar landshaftining eroziyalanishining oldini olish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahar hokimligi zimmasiga ko‘plab vazifalar yuklangan boshqa bir  qaror qabul qiladi. Ushbu qarorga esa o‘sha davrda Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyev imzo qo‘ygan. 

Qaror bo‘yicha shahar ko‘chalarini Toshkent shahrida kuchli yog‘ingarchilik bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yomg‘irli drenajlarning avariyalarsiz o‘tishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish uchun 2015-2017-yillar oralig‘idagi belgilangan muddatlar, ajratilajak mablag‘lar aniq qilib yozib qo‘yilgan edi. Biroq bu aniqlik faqatgina hujjatligicha qolib ketdi. 

“Bugungi kunga kelib Toshkent shahrida chorrahalarda, mahalla ichlarida suv toshish muammolarini bir chekkadan hal qilib kelyapmiz. Umuman 68 ta suv toshadigan joylar ma’lum bo‘lgan. ”
(Baxtiyor Tursunov. Amalga oshirilgan ishlar) 

Toshkent shahar hokimligi hamon muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini aytib, bu bo‘yicha Asqarali Karimov bilan kelishuvlar olib bormoqda. Lekin mutaxassisning fikricha, poytaxtda izdan chiqqan drenaj tizimini modernizatsiya qilishdan avval drenajlarning egasi kimligini aniqlab olish kerak. Bu haqida Karimov shunday deydi:

“Toshkent shahar drenaj tizimini nazorat qilish bir emas, uchta tashkilotning vazifasiga kiradi. Drenaj tizimini loyihalash uchun alohida, tozalash uchun alohida va kelajakdagi rejalar uchun alohida tashkilot javobgar ekan. Shaharda drenajning aniq egasi yo‘q va shuning uchun texnik muammolarga ko‘chishdan oldin barcha drenaj tizimlarini bir tashkilot zimmasiga yuklash kerak. Ana shunda mas’uliyat bo‘ladi”.

Shuningdek, Karimov bu sohadagi chet el tajribasi bilan bo‘lishar ekan, loyihalash birinchi o‘rinda turishini aytmoqda.

“Men AQSHning Texas shtatida injenerman. Mana shu drenaj tizimlarini loyihalayman, oqova suv, ichimlik suvi tizimlari, ularni tozalash inshootlarini loyihalab, qurish bilan shug‘illanaman. Amerikada ma’lum qoida bor, ya’ni butun AQSH yomg‘irni yog‘ish ehtimolligiga qarab va qonun bo‘yicha drenajlar loyihalanadi. Birinchi o‘rinda biz relefni o‘rganib chiqamiz. Relef va kompyuter dasturlari asosida  modellashtiramiz. Keyin esa ehtimollik nazariyasini o‘rganib chiqamiz. Agar 10-15 sm lik yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, uni shahardan qanday qilib olib chiqish kerakligi haqida bosh qotiramiz. Amerika tajribasi shunday – loyihalash, modellashtirish va keyin qurish”. 

O‘zbekistondagi “Toshkentboshplanliti” DUK ham drenaj, irrigatsiya tizimini yangilash bo‘yicha loyihaviy taklif ishlab chiqqan. Unda esa ma’lumotlarga ko‘ra, irrigatsiya tizimini kapital ta’mirlashda faqatgina xom ashyoning o‘ziga 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etilishi haqida gap boradi. Ammo Amerikadagi o‘zbek muhandisi Asqarali Karimov mablag‘ haqida gapirishga hali erta ekanini aytmoqda.

Keksalarimiz qish g‘amini yozda ko‘r, deb bekorga aytishmagan. Mutaxassis xorijda turib jon kuydirmoqda. Toshkentdagi mas’ullarning gaplariga ishonadigan bo‘lsak, ishlar amalga oshirilmoqda. Ular bajarayotgan ishlarni qanchalik samara berishini esa yomg‘ir yog‘ganida ko‘raveramiz!

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing