Toshkent ko‘z yoshlarga ishonmaydi yoxud poytaxtga sig‘mayotgan talabalar

Tahlil

Uyingiz atrofidagi yoki shahar markazidagi oliy ta’lim muassasalarida ko‘rpa-to‘shak qo‘ltiqlagan yigit-qizlarga ko‘zingiz tushyaptimi? Bular kim, deb hayrat bilan savolga tutayotgandirsiz o‘zingizni. Javob tayin. Ular talaba. O‘zbekiston talabasi. Poytaxt Toshkent talabasi. Azim Shoshga kelajak izlab kelgan, birinchi kundan sarsongarchilikka yo‘liqqan yoshlar. Ular Toshkentda yashash uchun joy topa olmayapti.

QALAMPIR.UZ talabalarning ijara uylarini topish bilan bog‘liq qanday muammolarga uchrayotganini bilish uchun talabalar shaharchasida bo‘ldi va boshpana topolmayotgan talabalarga mikrofon tutdi.

“Ijara uylari qimmat. Shuningdek, juda ko‘p uy egalari shartnoma orqali talabalarni olmayapti. Chunki buning ham yugur-yuguri ko‘p. Ijarachining o‘zi ham hujjatlar to‘g‘irlashi kerak. Shunda ijara haqining yarmini universitet to‘lab beradi. Lekin negadir bunga ijarachilar ko‘nmayapti”, deydi ijaraga uy izlab yurgan talaba qizlardan biri.

Yana bir jihat bor, bu ham bo‘lsa ijarachilar talabalarni tanlashda ularning jinsiga qaraydi. Ya’ni so‘rovnomada qatnashgan o‘g‘il bola talabalarning ko‘pchiligi uy egalari ularni qabul qilishni xohlamayotganidan shikoyat qildi.

“O‘g‘il bolalarning kvartira topishi ancha qiyin. Chunki bor kvartirani ham so‘rasangiz faqat qizlarga deyishadi. O‘g‘il bolalarni esa olishmayapti. Sababini o‘zim ham tushunmayman”, deydi talaba.

Boshqa bir talaba esa buni izohlashga harakat qildi:

“Ko‘p uy egalari yigitlarni uyni toza tutmaslikda ayblaydi. Rostdan ham bunday holat uchraydi. Lekin, hamma yigitlar ham birday emas”.

Kechagina viloyatdan Toshkentga kelgan yana bir toifa talabalar esa shaharni bilmasliklarini, ijaraga uy topolmayotganlarini, ular davlat granti asosida o‘qishga kirgani uchun OTM yotoqxonadan joy ajratmayotganini aytishmoqda.

Ijara uylarida yashashning eng katta muammosi esa bu uning narxi qimmatligidir. Talabalarning aytishicha, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ijara to‘lovlari ham qimmatlab ketgan.

“O‘rtacha kvartira uchun ijara narxini bir oyga 750 ming deyishyapti. Bundan tashqari oziq-ovqatimiz bor, yo‘l haqimiz bor. Bu turishda sharoitimiz ko‘tarmasa kerak, deb o‘ylayman”, deydi talabalardan biri.

Agar talabalar o‘zlari biron xonadonni ijaraga olmoqchi bo‘lsa, uning narxi 300-400 dollar atrofida bo‘lishini, natijada esa ular kam xarajat qilish uchun bitta xonada 4-5 tagacha talaba yashashga majbur bo‘lishini aytmoqda.

“Viloyatlarda katta hovlili uyni ijaraga olish oson, unda esa 10 kishi, 20 kishi ham yashasa bo‘ladi. Toshkentda esa bitta odam 500-600 ming so‘m evaziga katakka tiqilganday bir xonada yashaydi. Buning ustiga sharoit ham yaxshi emas”, deydi yana bir talaba.

Ayni kunlarda talabalar o‘qishning boshlanganidan quvonish o‘rniga mana shunday muammolar bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning ma’lum qilishicha, kunduzgi ta’lim shaklida talabalar turar joylari mavjud OTMda bugun jami 477 ming 388 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 83 ming 672 nafarini TTJga joylashtirish belgilangan. Lekin, hozirgi kunda respublika bo‘yicha atigi 26 009 nafar talaba yotoqxonaga joylashtirilgan. Bu jami TTJga joylashtirilishi rejalashtirilgan talabalarning 31 foizini tashkil etmoqda. Respublika bo‘yicha 48 ming 309 nafar  talabalar ijara xonadonlariga joylashgan. Bunda Toshkent shahrida ta’lim oluvchi talabalarning ko‘rsatkichi 16 779 nafarga to‘g‘ri keladi. 
Bu esa jami ijaraga ehtiyoji bor talabalarning 41 foizini, Toshkent shahri bo‘yicha 37 foizni tashkil etmoqda. Demak, Toshkent shahridagi ko‘pchilik talabalarning yotoqxona yoki ijaraga joylasha olmayotgani bilan bog‘liq muammolar yuqori.

Chunki agar butun respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining soni 177 ta bo‘lsa, shulardan 113 tasi davlat OTM lari. 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 72 ta OTM bor va qolgani boshqa viloyatlarda joylashgan.

Toshkentdagi talabalarni turar joy bilan bog‘liq tashvishdan xalos qilishning yagona yo‘li esa oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joylarini ko‘paytirishdir.

2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylarining soni 256 ta bo‘lib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoniyati mavjud. Bu esa yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojning atigi 41 foizi ta’minlaydi va yana 132 ming o‘rinli talabalar turar joylariga talab mavjud.

Mazkur muammoga ijobiy yechim topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-son qaroriga muvofiq 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 85 ta oliy ta’lim muassasalarida jami 91,2 ming o‘rinli 228 ta talabalar turar joylari barpo etish belgilandi. 2022 yilda qurilishi rejalashtirilgan yotoqxonalar soni esa 47 tani tashkil qiladi.

Hukumat belgilagan reja 100 foiz bajarilsa, 2025 yilda talabalar turar-joy muammosidan g‘am chekmasa ham bo‘ladimi? Aftidan unday emas. Negaki, bu vaqtga kelib respublikadagi OTMlar soni ham, talabalar soni ham bugungidan ancha ortgan bo‘ladi. O‘z-o‘zidan esa yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham oshadi. Agar 2025 yilgacha quriladigan yotoqxonalar faqatgina bugungi yohtiyojni qondirishga qaratilgan bo‘lsa, undan keyingi yillarda ham talabalar yana turar joy bilan bog‘liq muammolarga to‘qnash kelishini oldindan prognoz qilish mumkin. Shunday ekan 2025 yilni kutmasdan, talabalar ortishini inobatga olib, reja qilish kerakmasmi? Mutasaddilar talabalar sarson bo‘layotgani yuzasidan hozircha sukut saqlamoqda. Na vazirlik, na OTMlar bu masalaga izoh bermayapti.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

303

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing