Qarimayotgan Aliyeva, uchgan Abduvohidov, xasta Kamalov, ajal qarshisidagi Totlisas, 0 olgan abituriyentlar – Hafta markazida

Tahlil

Tunov kuni jamoamiz safini kengaytirish, yangi jurnalist kadrlar olish maqsadida ishga qabul e’lonini berdik. Unda ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil ishlagan, eng muhimi “jurnalistik bilimi bor xodimlar kerak”, deb alohida yozilganiga qaramay, bir sutka ichida kamida 20 dan ortiq maktab o‘qituvchilaridan talablar kelib tushdi. Nima bo‘ldi, maktablarda o‘qituvchilarga ish qolmayaptimi yo o‘z qadrini, huquqini bilgan maktabda o‘qituvchilikdan kechyaptimi? Yo bunga bu yilgi OTMlarga kirish imtihonlaridan 51 foiz abituriyentning loqal 56 ball ham to‘play olmay yiqilganimi sabab? Nima buning ortidagi sir? Hozircha bu bizga ayon emas, lekin imtihonlardagi natija ta’limimiz sifati, xatolarimizni suv yuziga chiqardi. Yuzimizga muzdek suv sepgandek bo‘ldi. Yozning so‘nggi, ammo jazirama kechgan haftasi voqealarini birgalikda tahlil qilishga tayyor bo‘lsangiz, demak boshladik.

Xayr, Abduvohidov!

Gapni bekorga ta’limdan boshlaganim yo‘q. Prezidentning ham bu sohadan ko‘ngli to‘lmayapti, imtihonlardagi natijalar uning qulog‘iga ham yetib bordi chog‘i, Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni o‘zining Yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovni ishdan oldi. U bu lavozimga 2018 yilda tayinlangandi. Uning maslahatchilik davrida Xalq ta’limi vazirligi ikki, Sog‘liq saqlash vazirligi uch, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki vazirni ko‘rdi. Ammo o‘tgan 4 yilda nima o‘zgardi? Xullas, 65 yashar Abduvohidovning o‘rnini o‘sha kunning o‘zida bir vaqtlar uning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Toshkent davlat transport universitetining rektori 44 yashar Odil Abdurahmonov egalladi.

Murat Kamalov xasta

Yuqori martabali kadrlar bilan xayrlashish shu yerda tugagani yo‘q. Men nima dedim, axir?! Hafta qaynoq kechdi demadimmi? Gap isboti bilan – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimida 2020 yilning oktyabridan beri ishlab kelayotgan Murat Kamalov ham lavozimidan ozod etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev hafta oxirida Qoraqalpog‘istonga borib, Jo‘qorg‘i Kengesning navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtirok etdi. Unda Murat Kamalov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Qayd etilishicha, Kamalov xasta. Shu bois u vakolat muddatini oldindan to‘xtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida murojaat qilgan. Murojaat ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan. Biroq, Kamolovning o‘zi bu yig‘ilishda qatnashganmi yo yo‘q, bunisi noma’lum. Majlisdan olingan video va fototasvirlarda Kamalov ko‘rinish bermagan. Va qizig‘i ham shundaki, bizda yuqori lavozimdagilar doim kasallik sabab, o‘z ixtiyori bilan ishdan ketadi, ularni bo‘shatishmaydi, ko‘chaga olib chiqib tashlashmaydi. Bu gaplar birgina Kamalovga tegishlimas. Oliy sudning sobiq raisi Kozim Komilov va Prezident Administratsiyasining sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning ham ishdan ketishiga oid ssenariy Kamalovnikiga o‘xshash. 

Bir kunda deputat, ikkinchi kunda Jo‘g‘org‘i Kengesga rais

Kamalovning o‘rnini esa shu kunning o‘zida bor-yo‘g‘i 5 oy Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va iyul oyi boshida Nukusda sodir bo‘lgan talato‘plardan keyin lavozimidan ozod etilgan Amanbay Orinbayev egalladi. U Ichki ishlar vaziri lavozimidan ozod etilib, 26 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Oradan bir oy o‘tib butun Qoraqalpog‘istonga bosh bo‘lib turibdi-ya, omadni qarang.  

Prezidentning Qoraqalpog‘istonga tashrifi, Jo‘g‘orgi Kengesning navbatdan tashqari sessiyasi va o‘zining Kengesga rais etib tayinlanishidan bir kun avval, 25 avgust kuni 56-sonli “Berdaq” saylov okrugidan deputatlikka saylangandi. Omad kelsa, qo‘shlashib kelarkan, bir kunda deputatlikka saylangan Orinbayev ertasiga Jo‘g‘org‘i Kengesga rais bo‘lib ketdi

Prezident tayinlov munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida shuncha sa’y-harakatlarga, ajratilayotgan katta-katta mablag‘larga qaramay, Qoraqalpog‘istonda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi.

"Bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar “xalqni rozi qilish” degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan", deydi Prezident.

Samarqandda bemor va donor Operatsiyadan keyin vafot etdi

Boya Abdujabbor Abduvohidovning Prezident Administratsiyasidagi 4 yillik faoliyatini sarhisob qilayotib, “Qani natija?” degan savolni o‘rtaga tashlagandim-u gapimiz chala qolgandi. Natijaga ham o‘zim to‘xtalsam. 

Samarqandda ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi va bir hafta o‘tar-o‘tmas bemor ham, donor ham vafot etdi. Jarayonda jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan og‘ir ahvoldagi 57 yoshli bemorga 35 yoshli qizi donorlik qilgan.

13 soatu 20 daqiqa davom etgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, intensiv davo muolajalari davom ettirilgan. Biroq o‘tkir yurak-qon tomirlari yetishmovchiligi tufayli vafot etgan.

Bemorga donorlik qilgan 35 yoshli qiz esa buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama zotiljam asorati kuzatilib vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yiqilgan emas, bor bo‘yi bilan tushgan abituriyentlar

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning yarmidan ortig‘i, 550 102 nafari yoki 51,2 foizi o‘tish balining eng quyi chegarasi – 56 ballni to‘play olmagan va imtihondan nafaqat yiqilgan, balki bor bo‘yi bilan tushgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan ancha, ya’ni 15 foizga ko‘p. Ular orasida birorta savolga ham to‘g‘ri javob bermaganlar ham bor. 

1 073 821 nafar abituriyent imtihonda qatnashgan bo‘lsa, shundan 48,8 foizi – 523 719 nafari eng kam balldan yuqori ball yig‘gan, xolos. 

Eng yomon ko‘rsatkich Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng yaxshisi Toshkent shahrida qayd etilgan – 45,2 foiz. Jami 9 ta hududda 50 foizdan ko‘p abituriyentlar minimum ball to‘play olmagan. 

Tadbirkorlarga yengillik berilayotganda ular o‘zini osyapti?

Joriy haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ularning 29 nafarini mukofotladi. Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi. Tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydigan, savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, endilikda yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni faqat sud bekor qilishi mumkin. Xullas yangiliklar bisyor. Biroq shunday yangilik va yengilliklar bo‘layotgan bir paytda Andijonda tadbirkor o‘z joniga qasd qildi. U Jalaquduq tumanidagi 29-sonli maktab sport zalida o‘zini osgan. 

Marhumning tanasi sud-tibbiy ekspertizasi byurosi ekspertlari ishtirokida ko‘zdan kechirilganida uning badanida bo‘ynidagi osilishdan qolgan izlardan tashqari biron-bir tan jarohatlar aniqlanmagan. Hozirda marhumning o‘z joniga qasd qilgani sabablarini aniqlash yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. 

Bu Andijondagi birinchi holat emas. Shu mavsumning o‘zida viloyatda yana ikki ko‘zga ko‘ringan tadbirkor o‘z joniga qasd qilgan. 
 
Xususan, joriy yilning 23 iyun kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida tadbirkor o‘zini daraxtga osdi, 25 iyul kuni esa Shahrixon tumanida 45 yoshli tadbirkor o‘z joniga qasd qilib, vafot etdi. O‘shanda ham shu savolni bergandim, yana takrorlayman: Andijonda tadbirkorlarga nima bo‘lyapti, qirg‘in keldimi?

Amir Olimxonmi yoki Sulton Sulaymon?

Andijondan uzoqlashmaymiz. Viloyatda hangomalar bisyor. Hafta boshida ijtimoiy tarmoq Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning Amir Olimxondek soya salqin ayvonda o‘tirib, poygakda fuqarolarni qabul qilayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Hokim yoshi bir joyga yetgan otaxon huzuriga kelganida ham joyini o‘zgartirmagan. U ayvonda savlat to‘kib o‘tirarkan, uning qabuliga kelgan boshqa fuqarolar tik oyoqda navbat kutgan. 

Holat aks etgan suratlar tarqalishi bilan tarmoq foydalanuvchilari Abdujabbor Egamberdiyevga hokim emas, xon degan ta’riflarni berib, uni “Shaytanat” serialidagi Asadbek obraziga o‘xshatdi. Andijon tumani hokimligi Matbuot xizmati mazkur bahslarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, poygakda o‘tirgandagi surati tarqalgan fuqaro qo‘shni tumandan bo‘lib, tuman hokimiga minnatdorlik bildirish uchun kelgan. Sababi, ushbu fuqaroga takroriy ekin ekish uchun Cho‘lpon massivi “Shokirjon” fermer xo‘jaligidan belgilangan tartibda ekin yeri ajratib berilgan. A prichyom tut yer, prichyom tut minnatdorlik? Biz xonlarnikidek ayvon va poygak haqidagi gapiryapmiz, axir. 

Rossiya Duginaning o‘limidan xulosa chiqaradimi?

20 avgust kuni rus faylasufi va siyosatchisi, “Putinning miyasi” deb ta’rif beriladigan Aleksandr Duginning qizi Darya Dugina portlatib yuborildi

O‘sha kuni Dugina otasi bilan birga Moskva viloyatidagi tadbirda qatnashib, u yerdan chiqqach, o‘z avtomobilida ketayotgan vaqtida mashina portlagan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Darya Duginaning o‘ldirilishini Ukraina maxsus xizmatlari tayyorlagan, ijrochi jinoyatdan keyin Estoniyaga qochib ketgan Ukraina fuqarosi Natalya Vovk ekani aytilmoqda. Biroq buni rasmiy Kiyev, jumladan Prezident Vladimir Zelenskiy rad etdi. 

Prezident Vladimir Putin Darya Duginaning oilasiga hamdardlik maktubini yo‘lladi va marhuma jurnalistni "Jasorat" ordeni bilan taqdirladi.

Duginaning vafotiga nisbatan ko‘plab xorijiy mamlakatlar qatori AQSH Davlat departamenti ham munosabat bildirdi. 

Departament vakili Ned Praysga ko‘ra, Oq uy Kiyevda, Buchada, Xarkovda, Kramatorskda, Mariupolda yoki Moskvada tinch aholiga qilingan hujumlarni so‘zsiz qoralashini, bu tamoyil butun dunyoda amal qilishini aytgan.  

U so‘zida ruslar bo‘lib o‘tgan voqeadan xulosa chiqarishiga shubha qilmasligini qistirib o‘tgan. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa rossiyalik jurnalist va jamoat arbobi Darya Duginaning o‘ldirilishi bo‘yicha barcha faktlarni aniqlashga chaqirdi. 23 avgust kuni Dugina bilan vidolashish marosimi o‘tkazildi.

Qotilliklar nafaqat urush davom etayotgan mamlakatlarda, balki tinchlik hukm surayotgan davlatlar, jumladan O‘zbekistonda ham sodir etilmoqda. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Urush avjida, bayram ham

Tugayotgan haftada, 24 avgust kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainaga bostirib kirganiga 6 oy to‘ldi. 6 oydirki, dunyo ostin-ustun va buning zarbi ta’sir qilmagan mamlakat qolmayapti. 24 avgust kuni esa Ukraina mustaqilligining 31 yilligini nishonlandi. 

Zelenskiy ushbu kun munosabati bilan xalqiga murojaat qildi va bu davr mobaynida ukrain xalqi kimning aslida kimligini, do‘stlari, birodarlari va shunchaki tanishlarining yuzini yaxshi tanib olganini aytdi. 

“Olti oy ichida biz tarixni o‘zgartirdik, dunyoni o‘zgartirdik va o‘zimizni o‘zgartirdik. Endi biz kim haqiqatan ham bizning birodarimiz va do‘stimiz ekanligini va kim oddiy tanish emasligini aniq bilamiz. Kim o‘z nomini va obro‘sini yo‘qotmadi va kim terrorchilar yuzini saqlab qolishi uchun xavotirda edi. Bizga kimga kerakmasligimiz va biz uchun qaysi eshiklar ochiqligini bildik. Biz kimning kimligini ko‘rdik. Va butun dunyo ukrainaliklar kimligini bilib oldi. Endi biz haqimizda hech kim “bu Rossiya yaqinidagi davlat”, demaydi”, deydi Zelenskiy. 

Bir kun avval Zelenskiyni yo‘qlab Polsha Prezidenti Anjey Duda kelgan bo‘lsa, 24 avgust kuni mustaqillik bayrami bilan tabriklash uchun shaxsan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga safar qildi. Polsha Prezidenti mamlakatning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishi, bosib olingan barcha hududlar qaytarilishi hamda Ukraina tiklanib, mustahkamlanishiga ishonch bildirgan. Dudaga ko‘ra, Polsha va boshqa demokratik hamkor davlatlar bu borada Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi.

Zelenskiy urush boshlangandan beri Kiyevga uchinchi bor kelayotgan Boris Jonsonni Ukrainaning “Ozodlik” ordeni bilan taqdirladi.

Zelenskiyga tabrik yo‘llagan Mirziyoyev

Ukraina mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Prezident Vladimir Zelenskiyga tabrik yo‘lladi. Biroq, tabrik matni an’naga ko‘ra O‘zbekiston Prezidenti saytiga emas, balki O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi veb-sahifasiga joylashtirildi. 

Unda Shavkat Mirziyoyev Zelenskiyni va mamlakat xalqini Ukraina milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan tabriklagan.

“Shu oyda ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixidagi muhim sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlayotganimizni ham mamnuniyat bilan qayd etaman.

Hech shubha yo‘qki, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Ukraina munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bundan keyin ham rivojlanib boraveradi”, deb yozgan Mirziyoyev o‘z tabrigida. 

Turkiya Qrimning anneksiyasini tan olmaydi. 

Ukrainadan uzoqlashmaymiz. 23 avgust kuni Qrim platformasi sammiti ish boshladi. Unda 60 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan vakil ishtirok etdi. Ularning 40 ga yaqini Prezidentlar va Bosh vazirlar darajasida bo‘ldi. Xususan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham sammitda onlayn ishtirok etib, Turkiya Qrimning anneksiyasini tan olmasligini aytdi

“Mamlakatimizning Qrim bo‘yicha pozitsiyasi nafaqat qonunga asoslanadi, balki Anqaraning ma’naviy pozitsiyalarining asosiy nanumasidir. Qrimning Ukrainaga qaytarilishi ham xalqaro huquqning talabidir. Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va siyosiy birligini saqlab qolish nafaqat mintaqa, balki global xavfsizlik va barqarorlik uchun ham juda muhim”, deydi Turkiya rahbari. 

U qrim-tatarlar o‘z tarixida bir necha bor fojiali voqealarni boshdan kechirgani va ota-bobolari zaminida tinch yashashga to‘la haqli ekanini eslatdi. Erdo‘g‘anga ko‘ra, Qrim tatarlarining huquqlari va xavfsizligini himoya qilish Turkiyaning ustuvor vazifalaridan biri.

Ukrainlarga qoyil qolayotan Bayden

AQSH Prezidenti Jo Bayden 25 avgust kuni Vladimir Zelenskiyga telefon qildi. U Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. Oq uy rahbari Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi va butun dunyoni erkinlik tamoyillariga sodiqligi bilan ilhomlantirishda davom etayotgan Ukraina xalqi va uning qurolli kuchlariga qoyil qolishini aytgan

AQSH Kiyevga qurol va aslahalar uchun 3 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ajratdi. Shu yo‘l bilan Amerika rahbariyati o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Ajratilgan mablag‘ 24 avgust kuni Kiyev hisobiga kelib tushdi.

Koloniyada saqlanayotgan shaxs qanday qilib odam o‘ldirdi?

Boya qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar O‘zbekistonda ham sodir etilayotganini aytgandim. Chala qolgan gapimni davom ettiray. Eng qizig‘i, odamlarning uyiga kirgan o‘g‘ri yoki suiqasdni rejalashtirgan shaxs bemalol o‘z o‘ljasini gumdon qilib, g‘oyib bo‘lyapti. 

Gap shundaki, Sirdaryoning Xovos tumanidagi uyga o‘g‘irlikka tushgan 25 yashar shaxs yuzini ko‘rib qolgan 14 yoshli qizni qasddan o‘ldirdi.

20 avgust kuni soat 04:00 larda noma’lum shaxs Xovos tumani, Minor ko‘chasidagi uylarning biriga yashirincha kirib, uyning barcha xonalaridan pul va qimmatbaho buyumlarni izlash jarayonida yotoqxonada yotgan 14 yoshli qiz uning yuzini ko‘rib qolganligi sababli pichoq bilan qasddan o‘ldirgan. 

So‘ng, pullarni qidirishni davom ettirib, uyning boshqa xonasida 78 yoshli ayolga pichoq bilan tahdid qilgan holda pullar qayerda ekanini so‘ragan. Ayoldan “pullar yo‘q” degan javobni olgach, hodisa joyidan yashiringan. 

Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, ushbu jinoyatni 1997 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, oxirgi marotaba 2018 yilda bosqinchilik bilan sudlanib, hozirda manzil koloniyada jazo o‘tayotgan shaxs sodir etgani aniqlangan. Qaytaraman, manzil koloniyada jazo o‘tayotgan shaxs sodir etgan! Shunda bu shaxs manzil koloniyadan qanday qilib Xovosdagi uyga kelib qoldi? Demak, u koloniyadan qochirib yuborilgan, shundaymi? Bu savollarga hali javob topganimizcha yo‘q. Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Quyi Chirchiqda er xotinini qaynotasining uyida o‘ldirdi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida esa er devor oshib qaynotasining uyiga tushib, yotoqda yotgan xotini pichoqlab o‘ldirdi

Avvaliga tarmoqda erkak bog‘chada bolalar ko‘z o‘ngida ayolini kaltaklayotgani aks etgan lavhalar tarqaldi. Keyin u xotinini o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. 

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 24 avgust kuni Quyi Chirchiq tumani "Paxtakor" mahallasida yashovchi 31 yoshli erkak oilaviy kelishmovchiliklar va rashk tufayli 24 yoshli turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, bog‘cha bolalarining ko‘z oldida turmush o‘rtog‘ini urib, haqorat qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Quyi Chirchiq tumani IIB tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.

Ertasi, ya’ni 25 avgust kuni erkak qaynotasining uyiga oshib tushib, oilaviy muammolar tufayli otasining uyida yashab kelgan turmush o‘rtog‘ining yotoqxonasiga kirib, bo‘yin sohasiga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Olgan tan jarohati oqibatida, ayol vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Quyi Chirchiq tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Putinning kayfiyatini bilib qaytgan To‘qayev Ozarbayjonga bordi

Qozog‘istonda Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bundan olindingi hafta Rossiyaga, Putinning huzuriga borgandi. O‘shanda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv tor doirada yoritilgandi. Tomonlar hech qanday hujjat imzolamagan, ko‘tarilgan aniq masalalar xususida ham gap yo‘q. Faqatgina To‘qayev Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishda qat’iy ekanini keltirilgan. 

Joriy haftada Qozog‘iston rahbari yana safarga chiqdi, bu gal qardosh o‘lka Ozarbayjonga. Bu To‘qayevning Ozarbayjonga ilk tashrifi. U Prezidenta Ilhom Aliyev bilan uchrashib, qator masalalarni, jumladan neft Baku orqali jahon bozoriga sotish yo‘llarini ham muhokama qilgani aytilmoqda. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida 10 dan ortiq hujjat imzolandi. To‘qayev Aliyevni mamlakatning oliy unvoni «Oltin burgut» ordena bilan taqdirladi. 

Darvoqe, urchashuvlardagi eng muhim jihat shuki, Prezidentlar yakkama-yakka muloqotda to‘liq qozoq va ozar tillarida subatlashdilar. Unda odatdagidek rus tilidan foydalanilmagan. 

Lochin to‘liq Baku qo‘liga o‘tdi

26 avgust kuni Qorabog‘ning Lochin shahri, Zabux va Sus qishloqlari to‘liq Baku nazoratiga o‘tdi va u yerga Ozarbayjon bayrog‘i o‘rnatildi.

2020 yil noyabr oyida Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari tomonidan imzolangan uch tomonlama bayonotga muvofiq, bu yerda Rossiya harbiylari xizmat qilayotgan edi. Yo‘l nazorati Ozarbayjon ma’muriyati topshirildi va endi Rossiya kontingenti Lochin shahrini aylanib o‘tadigan yangi yo‘lda o‘z missiyasini davom ettiradi.

Ozarbayjonning Qorabog‘ hududida yashovchi armanlar Armanistonga borib-kelish uchun yangi yo‘ldan foydalanadi. Agar u yerda armanlar qolgan bo‘lsa. Chunki rasmiy Yerevanga ko‘ra, armanlar allaqachon Lochin, Zabux va Susni tark etgan.

Shu kuni mamlakatning birinchi xonimi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva 58 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin maktub yo‘llab, uni tavallud kuni bilan tabrikladi. Maktubda Mehribon Aliyevaning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi ta’kidlangan. 

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida ikki kishi o‘ldi

21 avgust kuni Surxondaryo viloyatidagi “Payg‘ambar oroli” hududida 24 nafar Afg‘oniston fuqarosi davlat chegarasini buzib o‘tdi. Hududga yetib kelgan O‘zbekiston chegarachilariga ular qarshilik ko‘rsatgan.

Olib borilgan tezkor tadbir natijasida O‘zbekiston davlat chegarasini buzganlarning barchasi qo‘lga olingan.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, chegaradagi hodisaga O‘zbekistonning chegara zonasida ko‘p miqdorda o‘sadigan qizilmiya ildizining noqonuniy ravishda olib o‘tilishi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Hodisada Afg‘oniston tomonidan 2 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi yaralangan. Afg‘oniston va O‘zbekiston maxsus xizmatlarining vakolatli vakillari o‘rtasida Davlat chegarasida vujudga kelgan vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan. Uchrashuv davomida har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etilgan. Hozirgi paytda hodisa yuzasidan puxta tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Ukraina mustaqillik kuniga Rossiyadan sovg‘a

24 avgust kuni – Ukraina mustaqillik kunida Rossiya Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Chaplino vokzaliga raketa hujumi uyushtirdi. Oqibatda hozirgacha 22 kishi qurbon bo‘ldi. Shuningdek, 50 ga yaqin odam jarohatlangan. Qurbonlar orasida shuningdek, 6 yashar bola ham bor.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Chaplino vokzaliga hujumga munosabat bildirib, uni vahshiylik deb baholadi.

Pokistonda qariyb 1000 kishi toshqinlar qurboni bo‘ldi

Pokistonda 14 iyundan beri kuchli yomg‘ir qurbonlari soni 27 avgusta holatiga ko‘ra qariyb 1000 nafarga etdi. 1456 kishi jarohatlanganlar ro‘yxatidan joy olgan.  

Tabiy ofatlar tufayli minglab odamlar uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Iqlim o‘zgarishlari vaziri Sheri Rehman mamlakatdagi vaziyatni «gumanitarniy inqiroz», deb atadi.

Suv toshqinlari oqibatida 2,9 mingga yaqin yo‘l, 72 mingdan ortiq uy va 129 ta ko‘prik vayron bo‘lgan. 500 ming boshdan ortiq chorva mollari nobud bo‘lgan.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif aholini toshqindan jabr ko‘rgan fuqarolarga yordam berishga ​​chaqirdi. Sharifga ko‘ra, hukumatga yordam va reabilitatsiya ishlari uchun yuzlab milliard rupiy kerak.

Musson yomg‘irlari Janubiy Osiyodan iyun-sentyabr oylarida o‘tib, har yili tabiiy ofatlar va falokatlar keltirib chiqaradi.

Yog‘ingarchiklar tufayli Afg‘onistondagi vaziyat ham achinarli tus oldi. Afg‘onistonning turli viloyatlarida so‘nggi bir oy ichida 182 kishi toshqin qurboni bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

313

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing