70 minglik somsaning hisobini kim beradi?

Tahlil

Yaqinda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining “Toshkent xalqaro investitsiyalar forumi” doirasidagi jami 15 mln dollarlik qimmatbaho taomnomasi – donasi 70 ming so‘m bo‘lgan somsa, 50 ming so‘mlik manti va porsiyasi 130 ming so‘m bo‘lgan osh mavzusi  keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Ammo bu voqeani masullar ham, jamoatchilik ham tezda unutib yubordi. QALAMPIR.UZ muxbiri esa bugun, 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga tashrif buyurgan masullardan aynan mana shu savolga javob olishga haraqat qildi. 

Ammo, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i savolimizga aniq javob bera olmadi.

“Bu savolingiz bugungi tadbirga aloqador bo‘lmagani uchun men aniq bir gap ayta olmayman. Ammo, adashmasam, vazirlik bu bo‘yicha alohida munosabat tayyorlab elon qilgan”, deydi Inomjon Abdurahmonov

Afsuski, boshqarma boshlig‘i adashdi. Chunki vazirlik xarajatlar bo‘yicha hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. Xarajatlarni elon qilish bu alohida qonuniy talab bo‘lib, ularni shunchaki elon qilish yetarli emas. 

Muxbirning bunday xarajatlar vazirlik uchun odatiy holmi, degan savoliga javoban, u bugungi sessiyani misol sifatida ko‘rsatib, ortiqcha mablag‘ sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaganini aytdi. 

Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar va ularga qo‘shimcha kelishuvlar  bazaviy hisoblash miqdori (1 iyuldan buyon 300 ming so‘m – tahr.)ning yigirma besh ming (byudjet buyurtmachilari uchun olti ming) baravari miqdoridan oshgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasida kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. 

Biroq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ushbu xarajatlari bo‘yicha hech qanday ekspertiza o‘tkazmagan. Buni esa vazirlik xodimlari sarflangan xarajatlarning qonunda belgilangan miqdordan kamligi bilan izohladi.  Ya’ni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bir kompaniya bilan tuzilgan davlat xaridi bo‘yicha shartnoma summasi 7,5 mlrddan ziyodni tashkil qilishi kerak va shundan keyingina tekshirish o‘tkazish mumkin bo‘ladi. 

Lekin, yuqorida takidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida byudjet buyurtmachilari, yani davlat organlari, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘larini oluvchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan oshiq miqdoridagi bugungi kunda 1 mlrd 800 ming so‘m miqdordagi xaridlarni amalga oshirsa, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” tomonidan ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. 

Xullas, 70 ming so‘mlik somsa mavzusi masullar tomonidan yana ochiq qoldirildi.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

328

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing