Turkiyaning eng issiq shahriga sayohat
Olam
−
01 avgust 2022
12298Turkiya deganda, odatda ko‘z o‘ngimizda Yevropa va Osiyoni birlashtirgan, qadim tarixni o‘zida mujassam etgan, antik dunyo va zamonaviylikni jamlagan Istanbul shahri yoki Antaliya, Bodrum yoki Marmaris keladi. Biroq dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan ushbu diyorning biz bilmagan sirlari, qadamimiz yetmagan maskanlari bisyor. Diyorbakir aynan shunday shahar. QALAMPIR.UZ uzoq yo‘l bosib, ushbu shaharda bo‘ldi.
Turkiyaning janubi-sharqidagi shahar insoniyat tarixining eng qadimgi sivilizatsiya o‘chog‘i – Mesopotapiya joylashgan mintaqa, u Dajla daryosi bo‘yida. Suriyaga qo‘shni ushbu shaharda 1 million 800 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Shahar oddiy odamlari, qadriyatlarga sodiqligi va ularni avlodlardan-avlodlarga tashib kelayotgan keksalari bilan e’tiborga molik.
Kontinental iqlim hukmron bo‘lgan shaharda yoz juda issiq va quruq. O‘zbekistondagi issiqqa o‘rganib ketganlar uchun bu issiq hech narsamas degandik. Adashgan ekanmiz.
Shahar ozoda, tartibli. Infratuzilmani ko‘rgan odam bu yerni Turkiyaning eng chekka hududi demaydi. Shaharning yangi qismi zamonaviy ko‘p qavatli uylar bilan to‘lgan.
Markaziy ko‘chalar Diyorbakirning tarixiy qismi, eski va tor ko‘chalarga borib ulanadi. Bu yerga kelgan sayyohlar esa Ulug‘ masjidni ko‘rmay ketmaydi.
U Onadoludagi eng qadimiy masjidlardan biridir. Milodiy 639 yilda, Islom qo‘shinlari Diyorbakirni zabt etganda, Mar-Toma cherkovi masjidga aylantiriladi. Masjid Islom olamida beshinchi Haram-i sharif nomi bilan mashhur. Uning devorlarida ko‘plab sivilizatsiyalarga oid yozuvlar bor.
Masjiddan chiqishingiz bilan tarixiy bozorga ko‘zingiz tushadi. Bozor bo‘ylab Diyorbakirga xos tor mahalla ko‘chalaridan yurib borsangiz, sizni allaqachon sayyohlarga o‘rganib qolgan bolalar qarshilaydi. Yo‘laklar sizni XVII asrda qurilgan Jamil Posho saroyiga eltadi.
Saroy 1888-1902 yillar orasida Yaman hokimi, keyinroq Siirt hokimi Jamil Posho tomonidan qurilgan. Jamil Posho va uning oilasi 1927 yilgacha qasrda yashagan. Keyinchalik boshlang‘ich maktab ipakchilik va to‘quvchilik hududiga aylantirildi.
2010-2012 yillar orasida Diyorbakir shahar hokimligi va Diyorbakir viloyat maxsus boshqarmasi saroy merosxo‘rlari bilan kelishib, uni shahar muzeyiga aylantirishga qaror qildi va 2013 yilda tadqiqot, qayta tiklash jarayoni yakunlandi. Taxminan 3 yil davom etgan restavratsiya ishlaridan so‘ng, saroy 2014 yilda tarix va madaniyat muzeyi sifatida ochildi.
Diyorbakir turli millatlar va elatlar, ko‘plab din va e’tiqod vakillarining birlashgan nuqtasi. Bu yerda turklardan ham ko‘proq dunyoda kam sonli bo‘lgan oromiy millatiga mansub pravoslav nasroniylarini uchratasiz. Jumladan ularning ibodatxonalari ham talaygina. Shulardan biri Amir Temur qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan Maryam ona ibodatxonasi.
Ushbu cherkov III asrda qurilgan deb taxmin qilinadi. U bugungi kungacha ko‘p marta yondirilgan, vayron qilingan va tiklangan.
LiveBarchasi