Yozuvchilar uyushmasi atrofida “skandal”: Britaniyaliklar nimadan norozi?

Intervyu

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi joriy yilning 17-21 sentyabr kunlari mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li” adabiyot festivaliga mezbonlik qilishni rad etgani haqida xabarlar tarqaldi va uyushmaga tosh otila boshladi.

Uyushma mezbonlikni rad etgani haqida birinchi bo‘lib shoir A’zam Obidov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida xabar bergan. Buning ortidan jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik vakillari O‘zbekiston uchun bu kabi tadbirlar, adabiyot festivallari kerakligi haqida yozarkan, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda bahs-munozaralar avjiga chiqdi. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida Yozuvchilar uyushmasiga murojaat qildi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: —  Yozuvchilar uyushmasi “Ipak yo‘li” adabiyot festivaliga mezbonlikni rad etganidan so‘ng turli gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bu holatni qanday izohlaysiz?

Risolat Haydarova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi bosh mutaxassisi: — Birinchi bo‘lib festival o‘tkazilishidagi kelishuvga to‘xtalsak. O‘tgan yili O‘zbekistoning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson “Ipak yo‘li” adabiyot festivalini  o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. Biz taklifni o‘rganib, “Osiyo adabiy agentligi”dan noshirlar qatnashishi, muzokaralar yuritish va teng hamkorlik sharti bilan tashkil etishga rozi bo‘lganmiz. Ular ham rozi bo‘lishgan.

Taklifga ko‘ra, muzokaralar o‘tgan yili iyul oylarida boshlangan va dekabr oyigacha davom etgan. Ular yuborgan birinchi xatda 6-8 kishilik delegatsiya kelishi aytilgan edi. Biz ham xarajatlarni shu asosda shakllantirganmiz.

Mart oyi keldi, afsuski, ulardan festival konsepsiyasi kelmadi. Shuningdek, O‘zbekistonga keluvchilar ro‘yxati va kelishilinganidek, “Osiyo adabiy agentligi” vakillari ham kelishlari haqida so‘radik. Mart-aprel oyida ulardan javob bo‘lmadi. May oyida esa tanlov boshlanishi, sayt ishga tushishi kerak edi.

Sofi dasturning qoralama varianti borligi va u sayt ishga tushganidan so‘ng qo‘yilishini aytdi. Tabiiyki, biz dastur o‘zaro kelishib tuzilishi kerakligini aytdik. Bizga dasturning ilk qoralama varianti fevral oyida kelgandi va u juda shoshmashosharlik bilan yozilgani bilinardi.

Dasturda o‘zbek adabiyoti va o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilishga bo‘lgan bandlari bitta yoki ikkita edi. Boburning vatani haqida bitta hikoya demasa, [boshqa hech narsa] deyarli yo‘q. Keyin biz o‘z variantimizni ishladik va ularga ko‘rib chiqishga yubordik.

Aprel oyi boshlanganda ham ulardan biz yuborgan dasturga javob bo‘lmadi. Oxir-oqibat festival o‘tkazilishi rad etilgan maktub yo‘lladik. Hozir muhokama bo‘layotgan holat aslida aprel oyida bo‘lgan.

May oyida Safi Ibbitson Toshkentga keladi deyishdi, 5 mayda qabul qilishimiz so‘raldi. Qabul qildik, gaplashdik. U o‘zi bilan ingliz tilidagi qoralama dasturni va ishtirokchilar ro‘yxatini olib keldi. U 36 kishilik ro‘yxat ko‘rsatdi, 6 kishi onlayn qatnashishi aytildi. Mehmonlardan ayrimlari kimningdir yordamchisi, otasi. Ularning hamma xarajatlari uyushma tomonidan qoplanadi. Biz qayta taqdim etgan dasturlariga ham e’tiroz bildirdik. 

Eng qiziq tomoni, ular taqdim etgan dasturda “Osiyo adabiy agentligi” noshirlari bilan muzokaralarga vaqt ajratilmagan, nazarda ham tutilmagan. Biz bergan ko‘plab takliflar chiqarib tashlangan.

Boshida o‘tkazilgan muzokaralar davomida to‘satdan Sofi Ibbotson Tojikistondan Latifiy va u yerdagi nashriyotning besh-olti kishilik delegatsiyani taklif qilish kerakligini aytdi. Nima uchun bu taklif dekabrda berilmagani va aynan Latifiy chaqirilganini tushunmadik. Yozuvchilar uyushmasi xalqaro tadbir tashkil qilarkan, Tojikistondan mehmon taklif qildimi, demak Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham ekspertlar chaqirishga majbur. Bu o‘zaro hamkorlik qoidasi. Ular UNESCO’ga ariza berib, festival UNESCO shafeligida o‘tkazilishi haqida ma’lumot yuborishimizni so‘rashdi.

Biz ular aytganidek, 36 kishini kutib ham olarmiz, lekin dasturdagi ayrim chiqishlar jamoatchilik tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishi aniq edi.

Masalan: “Rus tili markaziy Osiyo xalqlari uchun adabiy til” tadbiri, “Temerlan” degan tadbir o‘tkazib, Jastin Marotsini shu nomli kitobi taqdimotini o‘tkazish shular jumlasidan edi. Lekin Amir Temur bizning milliy qahramonimiz va biz “Temerlan” deb tadbir o‘tkazolmaymiz. Xullas uzoq tortishuvlardan keyin o‘ylab ko‘ramiz deb javob berdik.

Oradan vaqt o‘tib Sofi Ibbotson Telegram guruhda “festival bo‘ladi”, deb yozdi. Biz esa Yozuvchilar uyushmasi dasturni tasdiqlamaganini bildirdik. Ular “dastur uchun festival direksiyasi javob beradi”, deb javob qilishdi. 

F.N.: — Festival direksiyasiga kimlar kiradi?

R.H.: — Festival direksiyasiga faqat Britaniyaliklar kiradi.

F.N.: — Festivalga taxminan qancha mablag‘ ажраtilган?

R.H.: — Uyushmadan taxminan 200 mln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan edi. Bu 10 kishi uchun ajratilgan pullar. Lekin, ko‘zda tutilmagan xarajatlar oshib ketgandi. Mehmonxona, Buxoroga borish-kelish chiptalari, sovg‘alar – barchasi shu mablag‘ ichida.
Bizni xafa qiladigan yana bir tomoni, Toshkentda o‘tadigan tadbirlarga ham Britaniya tomonining aralashuvi bo‘ldi. Ular “Sitorai Mohi Xosa” saroyini bir kunga turistlar uchun yopishni so‘rashdi. Afsuski, buning imkoni yo‘q. Shuningdek, Buxoroda bo‘ladigan barcha sayohatlarni Sofi Ibbotsonga tanish bo‘lgan turistik firma tashkil qilishini aytishdi. Sofi bu firma bilan gaplashib qo‘yganini aytganda, men “nima uchun”, deb savol berdim. “Men ularni yaxshi taniyman”, deb aytdi, lekin men O‘zbekistondagi tadbirlarni o‘zimizga qo‘yib berishlarini so‘radim. Shu kunga qadar boshqa tadbirlarni biz tashkil qilganmiz va bu bo‘yicha ham o‘z rejamiz bor edi.

F.N.: —  Bizda Sofi tomondan taqdim etilgan dastur bor va Uyushma bergan bayonotdan farqli o‘laroq dasturda adabiyotga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

R.H.: —   Siz ko‘rgan dasturning bir qismi ularniki, bir qismi bizniki. Ular bergan dasturga bizning e’tirozimiz bo‘lgan. Masalan, ular Nodira va Uvaysiy haqida hikoya qilishlarini aytishdi. Biz bunga rozi bo‘ldik va ma’ruzachi o‘zbekistondan bo‘lishini bildirdik. Lekin ular ma’ruzachini ham o‘zlari tanlaydigan bo‘lishdi. Jadidlar haqidagi mavzuni keyin qo‘shishdi. Birinchi dasturda adabiyotga juda kam e’tibor qaratilgandi. Ikkinchi dastur kelgan vaqtda g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan edi.

Bizda tajriba bor, bunday tadbirlarni birinchi marta tashkil qilayotganimiz yo‘q, yiliga bir necha marotaba tashkillashtirgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Hamma tomonlama o‘rganib, hal qilib, bitta dastur tuzamizda, keyin shundan og‘ishmaymiz. Britaniya tomoni bitta dastur qilib olganidan keyin ham dasturdan ko‘plab marotaba chiqish holati bo‘lyapti. Qandaydir g‘oya bo‘lyapti-da, tez shuni qilaylik deyishyapti. Ochig‘ini aytish kerak, ular tartibli ishlashmadi. Bizning eng katta e’tirozimiz mana shunda bo‘ldi. 

F.N.: —  Festival o‘tkazilmasligi haqida Britaniya tomonini TIV orqali yuborilgan xat bilan xabardor qildingizmi? 

R.H.: — Avvalo Sofi Ibbotson bizdan, mendan festival bo‘lmasligi haqidagi xabarni norasmiy ravishda eshitgan. Lekin xalqaro sheriklarga rasmiy javoblar TIV orqali yuboriladi. Qoida shunaqa.

F.N.: —  Shu vaqtgacha Turizm va madaniy meros va Madaniyat vazirliklari festival o‘tkazish va tashkiliy ishlarga ko‘maklashish masalasida aloqaga chiqishdimi?

R.H.: — Xozirgacha mana shu narsani qilib beraylik, mana shu xarajatni biz ko‘taraylik, degan taklif ulardan chiqqani yo‘q.

Yuqoridagilar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining festival tashkil qilish borasida Britaniya tomoniga nisbatan e’tirozlari edi. Albatta, QALAMPIR.UZ masalaga xolis yondashish, ikkinchi tomonning ham holat bo‘yicha versiyalarini bilish maqsadida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Turizm elchisi Sofi Ibbotson bilan bog‘landi. 

Shahzod Nusratullayev, muxbir: — “Ipak yo‘li” adabiyot festivali uchun nimaga aynan O‘zbekiston tanlandi?

Sofi Ibbotson, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Turizm elchisi: —  Dastavval aytishim mumkinki, mazkur “Ipak yo‘li” adabiyot festivali tijoratga yo‘naltirilgan adabiyot sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda ijodiy hamda texnologik jihatdan Markaziy Osiyo hududida nashriyot sohasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Buyuk Britaniya tomonidan mas’ul Vasiylar Kengashi tasdiqlab bergan ushbu festival mezbon sifatida tanlangan mamlakatdan ko‘ra kengroq ko‘lam yoki ta’sir doirasiga ega. Hududning boy adabiy salohiyati va an’analari mazkur festival g‘oyalarini qo‘shni davlatlarga ham yoya oladi. 

Mazkur tadbir O‘zbekistonning mashhur yozuvchi va noshirlarini Qozog‘iston, Gruziya, Tojikiston va Turkiya kabi davlatlar jamoatchiligi bilan bir davraga yig‘adi. Aynan bitta davlatni mazkur jarayonda mas’ul qilib tayinlash bizga turli davlatlarni bu yerda jamlash va xalqaro hamjamiyat nogohida bo‘lishga imkon beradi. Xabaringiz bor, shu yilning sentyabr oyida mazkur adabiyot festivalini O‘zbekistonda, Toshkent va Buxoro shaharlarida o‘tkazishga umid qilgandik. Festival tashkiliy qo‘mitasi o‘tgan yili iyunda O‘zbekiston hukumatiga mazkur tashabbus bilan chiqqan edi. 

Shuningdek, Qo‘mita (O‘zbekiston) Yozuvchilar uyushmasiga asosiy hamkor bo‘lish taklifini bildirgan. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi bilan ham aloqalar bo‘lgan. Shu tariqa biz mazkur loyiha borasida hamkorlik qilish yuzasidan O‘zbekiston hukumatidan yuqori darajadagi qo‘llab-quvvatlash bildirilganiga guvoh bo‘ldik.

Sh.N.: — Festival tashkil etish avvalida tomonlarning bir-biriga qo‘ygan talablari nimalardan iborat edi? Vazifalar qay tarzda taqsimlangan?

S.I.: — O‘tgan yili bu mavzuda barcha hamkorlarimiz bilan juda ko‘plab muhokamalar qilganmiz. Biz yirik tadbirlardan tortib, ularning mayda detallarigacha sinchiklab kuzatib chiqqanmiz. Chunki, bu xalqaro festival edi. Jarayonlar asnosida barcha hamkorlarning majburiyatlari va vazifalari ro‘yxatini shakllantirdik va ularga yetkazdik. 

Yozuvchilar uyushmasining vazifasi O‘zbekiston doirasida kechadigan barcha jarayonlarni rejalashtirish edi, ya’ni festival o‘tkaziladigan joylar, ma’ruzachilar va so‘zga chiquvchilar uchun turar-joy buyurtirish, transportni yo‘lga qo‘yish, shuningdek festival tarkibiga kiritilishi mumkin bo‘lgan so‘zlovchilar borasida qo‘shimcha tavsiyalar berish, tadbirlarning tasvirga olinishi va tarjima qilinishini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, jarayonlarni onlayn tarzda xalqaro miqyosda efirga uzatish. Vazifalarning asosiy qismi qo‘mitamiz zimmasida edi. 

Festival barcha jabhalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘n nafar vakil ajratilgan edi. Festival doirasida O‘zbekistonda va xalqaro miqyosda 12 ta rasmiy hamkorga ega edik.  Bular sirasiga ko‘p yillik tajribaga ega tashkilotlar, xususan britaniya elchixonasi, Osiyo ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqalar. Ular bilan birgalikda, biz dasturni muvofiqlashtirish, festivalni veb-sayt orqali yoritish, marketing, barcha nutq so‘zlovchilar bilan shartnoma belgilash masalalarida mas’ul edik.

Sh.N.: — Tashkilotchilik jarayoni bo‘yicha O‘zbekiston tomoniga qanday e’tirozlaringiz bor?

S.I.: — Aytishim mumkinki, ushbu tadbir rejasi O‘zbekiston hukumati, Madaniy ishlar bo‘yicha idoralar, yozuvchilar va shoirlar, eng diqqatga sazovor jihati, ko‘p sonli oddiy kitobsevarlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Kuzatuvchilardan tadbir to‘g‘risida nihoyatda ko‘p murojaatlar kelib tushdi. Ammo festivalga tayyorgarlik jarayonida asosiy qiyinchiliklar Yozuvchilar uyushmasi bilan sodir bo‘ldi. Dastavval, uyushma festival arafasida bajarilishi zarur bo‘lgan ko‘plab vazifalarini yakunlamadi. Muhim vazifalar qachon va kim tomonidan bajarilishi borasida so‘rov yuborib, bir necha marotaba murojaat qildik. Aytganimdek, Yozuvchilar uyushmasi tadbir joylari va ishtirokchilar uchun turar-joylarni oldindan buyurtirish kabi bir qancha muhim vazifalarga mas’ul edi. Ammo mazkur ishlar haligacha yakuniga yetkazilmagan. Ular qo‘mitaning bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berish to‘g‘risidagi talabini e’tiborsiz qoldirishdi.
Ikkinchidan, Yozuvchilar uyushmasi bilan bog‘lanish qiyin bo‘lib bordi va muloqotimiz qoniqarsiz darajada edi. Mening Yozuvchilar Uyushmasi bilan so‘ngi uchrashuvim may oyi boshlarida Toshkentda bo‘lib o‘tgan. Unda Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i barcha muammolar yechim topganini va festival rejalashtirilganidek, sentyabrda o‘tkazilishi, muammolar bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. Oradan ikki hafta o‘tib, may oyi o‘rtalarida kutilmaganda Yozuvchilar uyushmasi to‘satdan festival oldi tayyorgarlik ishlarini va biz bilan muloqotni butunlay to‘xtatdi.
    
Shu voqeadan beri, ko‘plab so‘rovlar va murojaatlar yuborishimizga qaramasdan, javob sifatida hatto, oddiy Telegram xabari ham olmadik. Tashqi ishlar vazirligi va Qo‘mita orqali qilgan sa’y-harakatlarimizga qaramay, Uyushma biz bilan aloqaga chiqmadi. Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi bizga xabar berishicha, Yozuvchilar uyushmasi may oyi o‘rtalarida festivalda ishtirokchi bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Qo‘mitaga festivalni o‘tkazish uchun munosib yangi hamkor topishga kamida 6 hafta muddat kerak. Afsuski, iyun oxiri va yoki iyul boshida mazkur jarayonlarni qayta tartibga solish uchun ancha kech. 17 iyulda olingan rasmiy xabar uyushmaning sentyabrda o‘tkaziladigan Festivalda ishtirokini butunlay to‘xtatdi.

Sh.N.: — Festivalda “Temerlan” nomi ostida tadbirlar bo‘lishi haqida ma’lumotlar bor. Millat qahramonini bunday laqab bilan atash kamsitish bo‘lib qolmaydimi?

S.I.: — Shu o‘rinda aytishim kerakki, Amir Temur G‘arbda “Temerlan” nomi bilan ko‘proq mashhur. Kristofer Marlo va Uilyam Shekspir ham uni shu nomda tilga olgan. Marlo hatto 1590 yilda, 450 yil oldin “Temurlang” nomli asar ham yozgan. Festivalda britaniyalik tarixchi va notiq, bestseller darajaga chiqqan Amir Temurning ingliz tilidagi biografiyasi muallifi Jastin Marotssi ishtiroki ham kutilgan. Umuman olganda, tadbir nomi “Temurlang”: Islom qilichi, jahon fotihi” deb nomlanadi.

Jastin Amir Temur shaxsi kecha va bugun qanday tushunilgani haqida mulohazalar beradi. Albatta, milliy qahramonlar turli hududlarda turlicha nomlarga ega. Amir Temur nomi O‘zbekiston tarixi uchun xos. Biz festival uchun mamlakat tashqarisida, xalqaro miqyosda taniqli bo‘lgan nomni asos qilib oldik. Keng omma Amir Temur shaxsini “Temurlang” (Temurlang) nomi bilan tanishadi va tan olishadi.

Sh.N.: — Yozuvchilar uyushmasi xabariga ko‘ra dasturda adabiyotga kam vaqt va o‘rin ajratilgan. Bunga sizning munosabatingiz qanday?

S.I.: — Men bu fikrga umuman qo‘shila olmayman. Festivalda 50 ta tadbir mo‘ljallangan edi. 3 tasini inobatga olmaganda, deyarli barchasi adabiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadordir. Uchta noadabiy tadbirlar esa bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taklif etilgan festivalda nutq so‘zlovchi spiker tomonidan ishlangan hujjatli film hamda ochiq osmon ostida o‘tkaziluvchi madaniy tadbirdan iborat edi. O‘ylashimcha, muammo festival qo‘mitaning Yozuvchilar uyushmasi bilan adabiyot nima ekanligi borasida turlicha fikrda ekanligida. Men uchun, yozuvchilar va ularning asarlari haqidagi munozaralar va ochiq muhokamalar, nashriyot borasidagi texnik ko‘rgazmalar, mualliflik huquqi, adabiyotshunoslik bo‘yicha vakil topish, hikoyachilik, she’rxonlik tadbirlari hamda adabiyotga yo‘naltiruvchi tadbirlar – biz oldindan rejalashtirgan adabiyot festivalida namoyon etilishi kerak bo‘lgan adabiy hodisalardir.

Sh.N.: — Festival o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayon haqida so‘zlovchi maqola “TIME” jurnalida chop qilingan edi. Bu borada Yozuvchilar uyushmasi bilan qandaydir qo‘shma protokol imzolanganmidi?

S.I.: — Ochig‘ini aytsam, festival marketingi to‘laligicha qo‘mita vakolati hisoblanadi. Umuman, festival to‘g‘risida ikkita rasmiy maqola e’lon qilingan. “TIME” jurnalidagi xabar ulardan biri bo‘lib, taxminan ikki hafta oldin chop etilgan. Dastavval jurnal muxbirlaridan biri bilan ishladik. U menga hali chop etilmagan matnni tekshirib berishimni so‘radi. Festival haqida hikoya qiluvchi xabar men boshqa a’zolar tasdig‘idan o‘tgach, nashr etilgan.

Sh.N.: — Bu festivalning qoldirilishi tufayli ikki tomonlama aloqalarda nimalarni yo‘qotdik, deya olamiz?

S.I.: — Men buni ikki tomonlama emas, balki ko‘p tomonlama aloqa deb atagan bo‘lardim. Chunki, festival faqatgina O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaga aloqador hodisa emas edi. U butun hamjamiyatga aloqador jarayon va xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga nisbatan munosabati va talqinini ifoda etardi. Bu O‘zbekistonning adabiy an’analarini va ijodkorlarini namoyon etish va shunday yirik festivalga O‘zbekistonning mezbonlik qilishi va bu bilan faxrlanish uchun imkoniyat ham edi. Mazkur festival xilma-xil tadbirlarni va nihoyatda taniqli notiqlarni jamlovchi yirik hodisa ekanligidan nihoyatda iftixorda edim. Sentyabrda o‘tkaziluvchi bu tadbir bekor qilinishi meni ranjitdi. Dunyo adabiyot ixlosmandlari Markaziy Osiyo abaiyotidan bahramand bo‘lishlari uchun uyushtirgan uchrashuvimiz, afsuski, amalga oshmaslik arafasida.

O‘zbekiston ortiq kichkina davlat emas va bunday tadbirlarni tashkil etishda o‘ziga yarasha katta yo‘lni va tajribani bosib o‘tgan mamlakat. Albatta yozuvchilar uyushmasining adabiyot festivali kabi xalqaro miqyosdagi tadbirlarni tashkil etishda tajribasi yo‘qdir biroq bu millat qahramonlarini "Temerlan" deb atash yoki butun bir tarixiy obidani yopib qo‘yib tadbir o‘tkazish, degani emas. Biz bunday tadbirlar ikki tomonning manfaatlariga va eng muhimi xalqning tarixiy qadriyatlariga, kelajagiga xizmat qilgan holda o‘tkazilishi tarafdorimiz. Tomonlar o‘zaro kelishuvga kelmasdan turib "TIME" jurnalida O‘zbekistonda ana shunday yirik tadbir o‘tkazilishi haqida e’lon berilishi va bundan Yozuvchilar uyushmasi ham jurnalni o‘qib xabar topishining o‘zi ham tadbirga tayyorgarlik jarayonlari va o‘zaro kelishuvlar sust va shunchaki og‘zaki bo‘lganining namunasi. O‘ylaymizki, bu kelgusida bunday tadbirlarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratilib, har bir xohish-istak hujjatlarda o‘z aksini topishiga asos va sabab bo‘ladi. QALAMPIR.UZ xalqaro festival o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Qanday o‘tkazilishi yuqorida aytganimizdek, umummanfaatlarga xizmat qilishidan kelib chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing