Kecha cho‘qqida bugun esa... Gulnora Karimovaning hayot yo‘li

Tahlil

image

Bugun, 8 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 50 yoshni qarshilamoqda. Ammo ushbu shodiyonani Karimova biror hashamatli restoran yoki dengiz bo‘yida emas, balki qamoqxonada nishonlaydi. Hozirda hibsda bo‘lgan Gulnora Karimova nafaqat Prezidentning to‘ng‘ich qizi balki siyosatshunos, iqtisodchi, elchi, shoira, dizayner, zargar, xonanda, sportchi, madaniyat va san’at homiysi deya e’tirof etilgan. Quyida Gulnora Karimovaning hayot yo‘liga razm solishga harakat qilib ko‘ramiz.

Shaxsiy hayot

1991 yilda Gulnora afg‘onistonlik etnik o‘zbek Mansur Maqsudiyga turmushga chiqadi. Ushbu nikohdan bir yil o‘tib, 1993 yilda ularning Islom ismli o‘g‘li dunyoga keladi, 1999 yil esa qizi – Imon tug‘iladi. 2001 yili Gulnora va Mansurning munosabatlariga darz ketib, oila ajraladi.

Keyingi yillarda esa u “Dado” guruhi a’zosi Rustam Madumarov bilan tanishadi.  Rustam Madumarov bilan ishqiy munosabatlarini Gulnora rad etmagandek, doim u bilan birga namoyon bo‘ladi. Rustam Madumarov Gulnoraning jinoiy sherigi sifatida 2014 yilda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va millionlab dollarlarni o‘zlashtirishda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Gulnora Karimova hibslangach, uning o‘g‘li va qizi Londonga ko‘chib o‘tadi. Bu orada Imon bir necha bor O‘zbekistonga keldi. O‘g‘li Islom esa O‘zbekistonga qaytmadi va Londonda uylandi. Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov 2021 yilda o‘g‘il farzandli bo‘ldi. 

2016 yilda Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov onasi va xolasining munosabatlari haqida so‘z yuritar ekan, ular o‘rtasida butun umr o‘zaro raqobat bo‘lgani, nafrat va adovat hozir hayotlarida aks etayotgani, ular ancha yillardan buyon gaplashmasligi haqida so‘z yuritgan.
Joriy yilning yanvar oyida Gulnora Karimovaning jiyani Maryam Tillyayeva, Gulnora Karimovaning qizi Imon bilan oradan 8 yil o‘tib uchrashganini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.

“Biz bobomnikiga kelganda birga vaqt o‘tkazardik. Biz onalarimiz gaplashishni to‘xtatmaguncha yaxshi do‘st bo‘lganmiz. Ular gaplashishni to‘xtatgach, bizga, menga taqiqlashdi. Imonga ham tushuntirishdi. Ammo bu menga alam qildi, chunki opam bor, lekin u haqda hech narsa bilmayman”, degan edi Maryam Tillyayeva. 

Ma’lumoti

1988 yil u Toshkentda yosh matematiklar akademiyasini tugatgan, 1994 yili Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining xalqaro iqtisodiyot bo‘limini bakalavr darajasi bilan tamomladi. 1992 yili shu bilan birga Nyu-York shtati universiteti qoshidagi Moda texnologiyalari institutida tahsil oldi. 1996 yili Karimova O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutining magistraturasini bitirdi, 2000 yili Garvard universitetida san’at magistri darajasiga ega bo‘ldi. 2001 yili u Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida siyosiy fanlar doktori bo‘ldi. 2009 yili esa o‘sha yerning o‘zida professor ilmiy darajasini oldi. 2006 yili Gulnora Karimova Toshkent axborot texnologiyalari universitetida telekommunikatsiyalar sohasida bakalavr darajasiga erishdi.

Siyosiy faoliyati

1995 yil iyul oyida Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida vazir maslahatchisi lavozimida o‘z faoliyatini boshlaydi. 2003 yil sentyabridan boshlab, to 2005 yil apreligacha u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi bo‘lib faoliyat yuritdi. Bunga qadar Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi maslahatchisi edi. 2008 yil fevral oyida u O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziriga Madaniy-ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi. 2008 yil sentyabr oyida Karimova BMT qoshidagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili etib tayinlandi. 2010 yil yanvar oyida Karimova O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi bo‘ldi va u yerda 2012 yil iyul oyigacha ishladi. 

Ijtimoiy faoliyat

Gulnora Karimova O‘zbekistonda va xorijda bir yarim mingdan ortiq loyihalarni tashkil etgan va o‘tkazgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasining asoschisi va Vasiylik kengashi raisi edi. Fond O‘zbekistonning jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida o‘rnak sifatida YUNESKOning rasmiy hamkorlari safiga kirgan. 

O‘sha yillari Gulnoraning jamg‘armasi shu qadar gullab-yashnaydiki, go‘yo mamlakatdagi boshqa har qaysi tashkilotlar aynan Fondning tadbirlari mazmunli va “opa”ning darajasiga mos tarzda o‘tishi uchun parda ortida xizmat qilayotgandek edi. Aslida ham shunday bo‘lgan. 

Fond bir nechta mamlakatda rasmiy vakolatxonalarini ochdi. Gulnora Karimova Fransiyada vakolatxona ochilishi munosabati bilan Luvrda o‘zbek dizaynerlari defilesini o‘tkazadi, Glazgoda esa o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasini tashkil etadi.

Fond forum tashkil etgan yirik tadbirlar orasida – 35 mingdan ziyod bolalar ishtirokidagi “Yangi avlod” bolalar festivali, 84 mingdan ortiq yoshlarni birlashtirgan “Kelajak ovozi” respublika yoshlar tanlovi, mamlakatning turli hududlaridan 30 mingdan ko‘proq ayollar qatnashadigan “Yil ayoli” respublika tanlovi, yuzlab usta-hunarmandlar va sulolalar ishtirokidagi “Bazar-Art” ko‘rgazma-yarmarkasi, “M&TVA” milliy mukofoti, “Mehr nuri” jamg‘armasi hamda Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi (ITQQF) grant dasturlari, shuningdek, “Hayot uchun” xayriya marafonlari bor edi. 

Gulnora Karimova boshchiligidagi loyihalarning aksarini madaniyat va san’at sohasidagi ishlar tashkil etgan. U “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali, “Art week style.uz” moda haftaligi, Teatr.uz, “Oltin gepard” festivaliga bosh-qosh bo‘lib kelgan.
Karimovaning faoliyatida oxirgi yillarda eng katta shuhrat qozongan loyihasi esa “1000 to‘y” bo‘lgan. Ushbu loyihada Karimova respublika bo‘ylab og‘ir sharoitlardagi oilalarning to‘ylarini o‘tkazib berishga boshchilik qilgan. Biroq ushbu loyiha tadbirkorlarning cho‘ntagiga o‘g‘rincha qo‘l solish, ularni majburlash orqali o‘tkazilgani haqida iddaolar bor. 

Musiqa

Gulnora Karimova shaxsiy telekanali va radiolariga asos solganidan keyin, Googoosha taxallusi bilan qo‘shiq kuylashni boshlaydi. Uning ilk qo‘shig‘i – “Unutma meni” taronasi 2004 yillarda efir yuzini ko‘radi. Gulnora professional darajada vokal (metso-soprano) bilan shug‘ullandi, Xulio Iglesias, Monserrat Kabale va Jerar Deparde kabi taniqli qo‘shiqchilar bilan duetlar ijro etadi. 2012 yilning iyun oyida Googoosha AQSHda, shuningdek iTunes, Amazon va boshqa internet-do‘konlar orqali xalqaro savdoda birinchi ingliz tilidagi albomini taqdim etdi. Albom rossiyalik prodyuser va musiqachi Maks Fadeyev bilan hamkorlikda yaratildi. 

Albom 12 kompozitsiyani o‘z ichiga olgan. Ular orasida amerikalik DJ White Shadow’dan “Round Run” singliga ishlangan remiksdan tashkil topgan qo‘shiq ham bor. Mazkur qo‘shiqqa gollivudlik rejissyorlar tomonidan Buxoroda qimmatbaho klip suratga olinadi. 

Gulnora Karimova ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqargan qo‘shig‘ini 2012 yilda kuylagan. “Sochim mayda o‘ring, ota” taronasi Gulnora Karimovaning mualliflik qo‘shig‘i emas. U bu qo‘shiqni “Oltin gepard” tanloviga kelib tushgan filmlardan birida eshitib qolgan va kuylashga qaror qilgan. Karimova qo‘shiqni 2012 yil M&TVA taqdimot marosimida kuylab chiqqandi.

Zargarlik va moda

Gulnora Karimova o‘zi tomonidan tashkillashtiriladigan “Art week style.uz” moda haftaligida bir necha bor qimmatbaho shaxsiy kolleksiyalarini taqdim etgan. Ayniqsa, uning 2012 yildagi kolleksiyasi mamlakatda juda keng targ‘ib qilingan. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovadan tortib xonandalar Shahzoda, Nilufar Usmonova, Rayhon kabi taniqli san’atkorlar Karimovaga mansub qimmatbaho liboslarni xarid qilib, ushbu liboslarda chiqish qilishni boshlaganlar.

Gulnora Karimova o‘sha davrlarda zargarlik va attorlik mollarini ishlab chiqarishga ham qo‘l urdi va Guli brendiga asos soldi. Shahar markazidagi kurant soati binosida mazkur attorlik mollari va taqinchoqlarning ilk taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

Burilish nuqtasi

Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U 2015 yilning avgustida, ya’ni birinchi Prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. O‘zbekistonda unga nisbatan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va o‘g‘rilik bo‘yicha ikkita jinoiy ish ochilgan. Ushbu ikki holatda davlat va fuqarolarning manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy hajmi 1 trillion 270 milliard 200 million so‘m, 1 milliard 651,8 million AQSH dollari, 26,1 million yevro ekani aytilgan. 2015 yilda Karimova besh yilga, 2017 yilda 10 yilga qamalgan. 2018 yilda ikkinchi holatda qamoq muddati besh yil ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan.

2018 yilning dekabr oyida Karimova reydlar bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblanib, unga yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida yetkazilgan zarar 165 million dollar va 85 milliard so‘mdan (qariyb 9 million dollar) tashkil etgan.

Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yil 18 martda yopiq tartibda o‘tgan sud majlisida Gulnora Karimovaga sud hukmi bilan 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1754

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing