Markaziy Osiyo Venetsiyasiga sayohat

Jamiyat

Turkiston – Qozog‘istonning janubida, Sirdaryodan uncha uzoq bo‘lmagan  shahar. 1991 yildan Turkiston Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi shahar sifatida Qozog‘iston Respublikasi tarkibiga kiradi. Ertaknamo shaharga borish yo‘llar ko‘p. Istasangiz havo kemasi yoki temir yo‘lni tanlang. QALAMPIR.UZ Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan ushbu manzilga bordi. Yo‘l bo‘yi sayyohlarga va shaharlararo qatnovchilarga yaratilgan sharoitlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida sayohatni miniavtobusda amalga oshirdik. 

QALAMPIR.UZ'ning Turkiston shahriga sayohatini yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


2018 yilda Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning ma’naviy poytaxtini tiklash tashabbusini e’lon qildi. U Turkiston viloyatini tashkil etish va viloyat markazini Turkistonga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Turkistondagi ko‘zga ko‘ringan va ko‘plab turistlar e’tiborini torta olgan, Markaziy Osiyodagi eng yirik va ko‘p funksiyali “Karvon saroy” sayyohlik majmuasining qurilishiga 2019 yilda start berilgan va 2021 yilda bitkazilgan. Joriy yilning 10 aprel kuni esa majmuaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. 

“Karvon saroy” o‘zining arxitekturasi, ko‘plab markazlarni o‘zida jamlagani bilan har qanday kishini o‘ziga mahliyo qiladi. Majmuadan mehmonxona, kinoteatr, muzey, savdo do‘konlari, kafe, restoran, sharqona bozor, butiklar, fitnes markazi va oilaviy ko‘ngilochar markazlar o‘rin olgan.


“Karvon saroy” hududida bizni hayratga solgan yana bir maskan bu – “Oltin Samruk” uchar-kinoteatri bo‘ldi. Markaziy Osiyodagi yagona, dunyo bo‘ylab 20 ta hisoblangan uchar-kinoteatrlardan biri aynan shu yerda joylashgan. 

Uchar-kinoteatr mehmonlari afsonaviy Semurg‘ qushi bilan birga vaqt va makon bo‘ylab qozoq madaniyati va tarixi bilan tanishishlari mumkin. Ushbu loyihaning g‘oyaviy asosini koinot daraxti tojiga tuxum qo‘ygan muqaddas qush Semurg‘ haqidagi qadimiy qozoq afsonasi tashkil etgan, shuning uchun majmuaning o‘zi oltin tuxumli uya shaklida qurilgan.

Kinoteatrga kirish uchun 15 dollar to‘laysiz, 20 daqiqa qozoq xalqi tarixi bilan tanishib 10 daqiqa davomida 8D formatda uchar kinoteatrda sayohat qilasiz.

Karvon saroy hududida nafaqat ko‘ngil ochar maskanlar, balki o‘zida butun tarixni jamlagan markazlar ham qad rostlagan. Ulardan biri esa "Ұli Dala Yelі" (Buyuk dasht eli/xalqi) markazi.

Buyuk dasht tarixini o‘ziga jamlagan markaz o‘zgacha dizaynda barpo etilgan. Interaktiv, animatsiya va audiovizual texnologiyalar tufayli "Ұli Dala Yelі" (Buyuk dasht eli/xalqi) markazi Qozog‘istondagi yuqori texnologiyali inshootlardan biri hisoblanadi. Markazdagi eksponatlar ilmiy asoslangan materiallar, haqiqiy arxeologik topilmalar asosida tashkil etilgan.


Turkiston hududidagi ko‘zga ko‘ringan va eng yirik majmualardan biri –  Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi. Sayohatimizning navbatdagi manzili ayna shu majmua.

XIV asrning oxirlarida Sohibqiron Amir Temurning buyrug‘i bilan Turkiston shahrida barpo etilgan Ahmad Yassaviy ziyoratgohi — o‘rta asr binokorligining yaqqol va nodir namunasi hisoblanadi.


U XII asrda ijod qilgan butun sharq dunyosiga mashhur qadimgi turkiyzabon shoir Ahmad Yassaviyga atab barpo etilgan. Turkistonga boradigan har bir sayyohning kunlik rejasiga Qozog‘istondagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ko‘rish, albatta, kiritiladi. O‘tgan yili 1 million 500 ming sayyoh aynan shu maqbaraga ziyorat uchun tashrif buyurgan.

Maqbara qurilganidan hozirga qadar restavratsiya qilib, yangilab boriladi. E’tiborlisi XIV asrda chizilgan naqshlar saqlangan devorlar ham bor. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab Yassaviy qabri ustida kichik maqbara qurilgan. Keyin Amir Temur tomonidan ulkan mahobatli maqbara majmui bunyod etilgan. Balandligi qariyb 40 metr, jami 30 ta xona va zallardan iborat bu majmuaning markaziy zali qozoq xonlari qarorgohi bo‘lgan.

Zal markazida Toyqozon o‘rnatilgan. Sig‘imi 3000 litr. Og‘irligi taxminan 2 tonna. Balandligi 1,62, diametri 2,42 metr. Qozon 7 turdagi metallar: oltin, kumush, temir, qo‘rg‘oshin, mis, rux va qalaydan yasalgan. Maqbara 2003 yili UNESCO umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, maqbara ichidagi qozon Turkiston viloyatining Qarnaq qishlog‘ida quyilgan. Qozon tuyalar yordamida Ahmad Yassaviy maqbarasiga olib borilgan.

Turkistonda e’tiborga molik va hozirgacha saqlanadigan 2 ming yillik tarixga ega Sauran qalasi ham mavjud. 

Qala XIV asrda Amir Temur qo‘rg‘oni bo‘lgan. Sauran qalasi Qozog‘iston uchun madaniy va tarixiy strategik ob’ekt hisoblanadi. Hozirgi kunda qala yaqinida tashrif markazi tashkil etilishi va sayyohlarga qulaylik yaratilishi ko‘zda tutilgan. Siz guvoh bo‘layotgan devorlar XIII-XIV asrga oid bo‘lib hozirgacha shu holatda saqlanib qolgan. Bu qalada 15 minga yaqin odam istiqomat qilgan. U Buyuk ipak yo‘lidan o‘tgan tadbirkorlar uchun ham boshpana vazifasini bajargan.

Shuningdek, sayohatimiz davomida Turkiston viloyatining Kento shahridagi Qarnaq qishlog‘ida qurilgan Qarnaq jome masjidida ham bo‘ldik. 2016 yilda kimdir pensiyasi, kimdir daromadi, yana kimdir jamg‘argan pulidan, ya’ni xalqdan yig‘ilgan pullarga qurilishi boshlangan ushbu masjid 3000 ming odamga mo‘ljallab 3 qavat qilib qurilangan.

Masjiddagi yozuvlar, eslatmalar xadislar o‘zbek tilida ekani e’tiborimizni tortdi. Aytishlaricha, 17 ming aholi istiqomat qiladigan qishloqning 99 foiz aholisi o‘zbeklar ekan. Shu sabab ham barcha yozuvlar o‘zbek tilida.

Turkistonga sayohatimizni muzey, kinoteatrlarga borib, maqbaralarni ziyorat qilish bilan tugata olmadik va Ertaknamo Karvon saroyning kechki go‘zalligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga qaror qildik.

Turkistonga sayohatimizni muzey, kinoteatrlarga borib, maqbaralarni ziyorat qilish bilan tugata olmadik va Ertaknamo Karvon saroyning kechki go‘zalligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga qaror qildik.


Qozog‘istonning go‘zal va Ertaknamo Turkiston shahriga sayohatimiz shu tariqa o‘z nihoyasiga yetdi. Sizni ham sayohatga taklif etamiz!

QALAMPIR.UZ'ning Turkiston shahriga sayohatini yuqoridagi videopleyer yoki YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing