Turkiya birinchi xonimi boshchiligida turk taomlari haqida kitob yozildi
Olam
−
28 may 2022
5110Iskandar kabob, Marjimak sho‘rva, do‘lma, simit, baklava... Turkiyaga safar qilgan yoki ushbu mamlakat yeguliklarini yaxshi bilganlar uchun yuqorida tilga olingan taomlar va shirinliklar nomi yaxshi tanish. Osiyodan Yevropagacha, kun chiqar mamlakatdan to Amerikaga yetib borgan turk oshxonasi lazzatlari bugun o‘zbekistonliklar uchun ham begona emas. Xo‘sh, ular qanday tayyorlanadi? Tarixiy turk oshxonasi aynan qaysi taomlar bilan yodga olinadi? Bu savollarga javoblar, turk taomlari retsepti endi bir kitobga jamlandi.
Joriy yilning 21-27 may kunlari Turkiya Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an boshchiligida mamlakatning dunyo davlatlaridagi elchixonalarida "Turk oshxonasi haftaligi" o‘tkazildi. Kecha, 27 may kuni Turkiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasida ham Turk oshxonasi taomlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Olgan Bekar so‘zga chiqib, Emina Erdo‘g‘an boshchiligida turk oshxonasi haqida kitob nashr etilganini aytib o‘tdi.
“21-27 may kunlari dunyodagi Turkiya elchixonalarida Turkiya oshxonasining targ‘iboti o‘tkazilmoqda. Bu tadbirga Turkiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi, muhtarama Emina Erdo‘g‘an o‘zlari boshchilik qildilar. U kishining boshchiligida chiqqan kitobni ko‘rdingiz. Unda retseptlar, taomlarning qanday tayyorlanishi ta’riflangan. Turkiya oshxonasi Onado‘luning taomlaridan tashqari, 600 yil mobaynida Istanbulda joylashib, gullab-yashnagan Usmoniylar imperatorligiga ham borib taqaladi”, deydi elchi Olgan Bekar.
“Yuz yillik retseptlar bilan turk oshxonasi” kitobi Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an boshchiligida tayyorlangan. Ushbu kitobda sog‘lom va irofsiz tayyorlanish jihatlari bilan ajralib turadigan retseptdagi taomlarlar o‘rin olgan. Kitob mashhur oshpazlar, akademiklar va ko‘plab mutaxassislarning hissasi bilan tayyorlangan. Retseptlarda taomlarning sog‘lom, an’anaviy, chiqindisiz tayyorlanish xususiyatlariga e’tibor qaratilgan. Kitob turk va ingliz tillarida nashr etilgan va unda ko‘plab mashhur oshpazlar tomonidan kiritilgan 218 ta retsept mavjud. Kitob o‘zbek tilida ham chop etilishi kutilmoqda.
Tadbir davomida sog‘lom, an’anaviy, chiqindisiz va barqaror xususiyatlarga ega turk oshxonasi taomlari taqdim etildi. Turk oshxonasi haftaligida mamlakatning yetakchi oshpazlari o‘z taqdimotlari va tadbir uchun maxsus tayyorlangan taomlari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, turk oshpazlari ko‘rgazma ishtirokchilarini Turkiyaning dunyoga mashhur bo‘lgan mazali taomlar merosi bilan tanishtirib, ularning aksariyati mahsulotlarning har bir parchasi ishlatilib, isrof qilinmay tayyorlanishini urg‘uladi.
LiveBarchasi