AQSH bankrot qilmoqchi bo‘lgan Rossiya vaziyatdan qanday chiqishi aytildi

Olam

image

Xabaringiz bor, Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligi Rossiya tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi 9S litsenziyasini yangilamasligini bildirgan edi. Bu esa Rossiyaga tashqi qarz bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin AQSH hukumatining qaroriga munosabat bildirib, endilikda rasmiy Moskva tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlarni rublda amalga oshirishini aytib o‘tdi.

“Birinchidan, bizda to‘lovlar uchun barcha zarur mablag‘lar mavjud. Ikkinchidan, biz rublda to‘laymiz. Bu AQSHning tanlovi. Ularning o‘zlari dollarda to‘lovlarni taqiqlab qo‘ygan. Bugun rubl sezilarli darajada mustahkamlandi va bizda bozordagi vaziyat yaxshi”, deydi Volodin.

Davlat Dumasi spikerining ta’kidlashicha, rasmiy Moskva AQSH Rossiyaning tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish litsenziyasini uzaytirmaslik orqali mamlakat oldiga yangi muammolar qo‘ymoqchiligiga javoban shunday qarorga kelgan.

Rossiya Moliya vazirligi ham mamlakat tashqi davlat qarzi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etishini, AQSH G‘aznachiligi unga xizmat ko‘rsatish litsenziyasini yangilashdan bosh tortganiga qaramay, to‘lovlar rublda amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, litsenziyani uzaytirishdan bosh tortish xorijlik investorlar huquqlarini poymol qiladi va G‘arb moliyaviy infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi. 

“Hozir pul bor va to‘lashga tayyormiz. Do‘st bo‘lmagan davlat tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan bu holat rossiyaliklarning hayot sifatiga ta’sir qilmaydi”, deydi Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov.

Rossiya davlat qarzi

20 may kuni Rossiya Moliya vazirligi to‘lov muddati 2026 yilgacha bo‘lgan 71,25 million dollar va 2036 yilgacha bo‘lgan 26,5 million yevroga teng yevroobligatsiyalar bo‘yicha kupon daromadlarini to‘lashda o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganini ma’lum qildi. Aprel oyining oxirida esa vazirlik Rossiya-2022 va Rossiya-2024 yevrobondlari bo‘yicha to‘lovlarni dollarda amalga oshirganini e’lon qildi. 

Rossiya aprel oyi boshida vakillik banki dollar mablag‘larini bloklab qo‘ygani uchun to‘lovni rublda amalga oshirishga majbur bo‘lgan edi. Rossiya Banki rahbari Elvira Nabiullinaning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘z majburiyatlarini bajarish uchun barcha resurslarga ega, shuning uchun hech qanday defolt haqida gap yo‘q.

Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining tashqi davlat qarzi 57,143 milliard dollarni, shu jumladan, tashqi obligatsiyalar bo‘yicha 37,26 milliard dollarni tashkil qilgan. Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasida 2022 yildan 2047 yilgacha muddatga ega bo‘lgan 15 ta faol obligatsiyali kredit mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

701

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing