Armanistonda namoyishlar: Pashinyandan norozi 400 dan ortiq odam hibsga olindi

Olam

image

Armanistonda politsiya bugun, 17 may kuni ertalab namoyishda qatnashgan 414 kishini hibsga oldi. Namoyishchilar Bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilishgan. Bu haqda “Interfaks” politsiya matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Namoyish paytida faollar Yerevandagi ko‘chalarni, jumladan, aeroport va Mudofaa vazirligiga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.

Hibsga olinganlar orasida Armanistonning ikkinchi Prezidenti Robert Kocharyanning o‘g‘li Levon, KXSHT sobiq bosh kotibi Yuriy Xachaturovning o‘g‘li Igor ham bor. Barcha mahbuslar hibsga olingandan keyin uch soat ichida ozod qilinishi kerakligi aytilmoqda.
 
Armaniston parlamenti a’zosi Ayk Mamijanyan politsiyachi hibsga olish vaqtida 77 yoshli ayolning qo‘lini sindirganini aytib o‘tdi. Pensioner shifoxonaga yuborilgan.

Muxolifat yetakchilaridan biri, Parlament spikeri o‘rinbosari Ishxon Sagatelyan norozilik namoyishlari 17 may oqshomida yakunlanishini aytdi. 

“Biz oldimizga qo‘ygan maqsadni amalga oshirdik – Armanistonda vaziyatning xo‘jayini xalq ekanini qayd etdik”, deydi Sagatelyan.

Ma’lumot uchun, Armanistonda 17 aprel kuni ommaviy norozilik namoyishlari boshlangandi. Fuqarolarning noroziligiga Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning 14 aprel kuni “Qorabog‘ maqomi masalasida talabni pasaytirish” va Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolash zarurligi haqidagi nutqi sabab bo‘ldi.

 

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing