Turkiya O‘zbekistonga sarmoya kiritgan Top-3 mamlakat qatoridan joy oldi

Jamiyat

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi hamda Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mushtarak tarix va madaniyatga asoslangan Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarining 30 yilligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yilning 29-31 mart kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga kelmoqda. Ushbu tashrifi Turkiya rahbarining so‘nggi olti yil ichida O‘zbekistonga amalga oshirayotgan uchinchi tashrifidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 2017 yilning oktyabr va 2020 yilning fevral oylarida rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-sammitida ishtirok etish uchun Turkiyada bo‘ldi. Shuningdek, davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari ham muntazamlik kasb etib kelmoqda. 

Tadbirda qayd etilishicha, Turkiya O‘zbekistonning eng yirik hamkorlari qatoridan joy olgan. 2016 yilgacha O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmi 1,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 3 milliardlik dovonni bosib o‘tdi. 2023 yilda esa ushbu miqdor 5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. 

2020 yilda O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashiga asos solingan bo‘lib, ushbu Kengashning ilk yig‘ilishi davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida 2020 yilning fevral oyida Anqarada bo‘lib o‘tdi. Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Kengashning ikkinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan (1991 yil dekabr) birinchi davlat hisoblanadi. 1992 yilning 4 mart kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. 1996 yilga kelib 8 mart kuni “O‘zbekiston respublikasi va turkiya jumhuriyati o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida” shartnoma imzolandi. 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va Turkiyaning uzoq tarixdagi kuch olib, so‘nggi 30 yilda rivojlangan aloqalari xususida so‘z bordi. 

Jumladan, konferensiya avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘z olib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi.

“O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashdi. Buni biz turli darajadagi ikki davlat tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganida, bu Parlamentlararo munosabatlar bo‘ladimi, vazirlik-idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari, oddiy fuqarolarimiz o‘rtasidagi aloqalar misolida ko‘rib turibmiz.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 12 noyabr kuni Turkiy kengashning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sammitdagi ishtiroki hamda Turkiy Kengash nomini “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartirish va mazkur tashkilotning birinchi sammitini 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega”, deydi Tulyakov. 

Qayd etilishicha, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan davlatlar uchligiga kirib, 2021 yilning o‘zida jami 1,18 mlrd dollar miqdorida sarmoya kiritgan.

Xalqaro konferensiyada Turkiya milliy telekanali siyosiy sharhlovchisi Ahmad Yashiltepa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahrom Sotiboldiyev, Qirshahar Ervan universiteti professori Nur Chetin, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Alisher Sobirovlar ma’ruza bilan ishtirok etib, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida o‘z fikr- mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, ma’ruzachilar boy tabiiy resurslar va inson kapitali, chuqur davlatchilik tajribasi va madaniy merosga ega O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini namoyish qilayotganini, O‘zbekiston mintaqadagi barqarorlik va farovonlik borasida yo‘l ko‘rsatuvchi, ilhom manbai ekanini va Turkiya porloq kelajak sari qat’iy qadamlarida O‘zbekiston bilan birdamlikda bo‘lishda davom etishini alohida e’tirof etdilar.

Jumladan, barcha sohalarda, xususan siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta’lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning chuqurlashib borayotgani nafaqat O‘zbekiston va Turkiya xalqlarining, balki qo‘shni davlatlarning ham farovonligi, tinchligi va barqarorligiga katta hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, bugungi kunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiyaning Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar fondi (SETA), Turkiyaning Strategik fikr instituti  (SDE), Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi (YTB), Anqara inqiroz va siyosat masalalari bo‘yicha tadqiqotlar markazi (ANKASAM), Istanbul tijorat universiteti, “Sohibqiron” nomidagi Strategik tadqiqotlar markazi (SASAM), “Marmara Grupp” ijtimoiy va strategik tadqiqotlar fondi, Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Turkiya Prezidendi huzuridagi Strategiya va byudjet boshqarmalari o‘rtasida faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing