“Tinder ovchisi” yoxud qizlarni 10 million dollarga “uxlatgan” olmos shahzodasi Saymon Levayev kim?
Bu qiziq
−
17 fevral 2022
45661Saymon Levayev. Bu nom ijtimoiy tarmoq va Google qidiruv tizimida shu kunlarda eng ko‘p axtarilayotgan, tildan tilga ko‘chayotgan ism bo‘lmoqda. Kim o‘zi Saymon Levayev? Qizlar uchun badavlat shahzoda bo‘lib ko‘ringan yoqimtoy yigit nega dunyo bo‘ylab bunchalik mashhur bo‘lib ketdi? Nega u haqda hujjatli film suratga olindi?
XXI asr – raqamlashgan davrda dunyo ichra dunyo paydo bo‘ldi. Bu olamda siz qiyofangizni, jinsingizni va hatto tabaqangizni ham o‘zgartirishingiz mumkin. Ha-ha, bunday olam bor, u odamlar orasida virtual dunyo deb ataladi. Mazkur olam yomonni yaxshi, kambag‘alni boy qilib ko‘rsatishga qodir.
Bilsangiz kerak, Tinder nomli tanishuv dasturi mavjud. Unda asosan qizlar kelajakdagi shahzodalarini, yigitlar esa malikalarini izlaydi. U O‘zbekistonga qaraganda xorijda ancha ommalashgan. Ammo bugun sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan hujjatli film qahramoni bu dastur orqali nafaqat qizlarning boshini aylantira oldi, balki bor-budini shilib, kamiga ularni qarz jariga itarib ketishning ham uddasidan chiqdi. Eng muhimi, qizlar 10 mln dollar pulni o‘z xohishi bilan yigitning hisobiga o‘tkazib bergan. Bu afsona yo ertak emas, ayni haqiqat.
Netflix’ning “Tinder o‘vchisi” hujjatli filmi aynan “olmos qirolining o‘g‘li” Saymon Levayev haqida hikoya qiladi. Film qahramoni juda “uddaburon”. U qizlarni, hatto, so‘nggi chaqasigacha berishga tayyor bo‘lishi uchun qanday qilib aldashni biladi.
Saymon Levayevning biznes sxemasi quyidagicha bo‘lgan:
Dastlab, u qizlar bilan Tinder orqali chiroyli munosabatlar quradi. Tinimsiz layklar ortidan “badavlat shahzoda”dan kelgan birinchi SMS har qanday qizni shoshirib qo‘ysa kerak. Qimmatbaho brendlar: Gucci, Versace, Louis Vuitton’ning yagona nusxada tikilgan liboslari, Rolex va Amadeus Piaget’ning narxi osmon qadar soatlari, qizil Ferrari, shaxsiy samolyot, qo‘riqchilar, dunyoning eng qimmatbaho mehmonxonalarida tunab qolish, restoranlardagi maxsus buyurtmalarni ko‘rganlar uning qopqoniga oson ilinadi.
Saymon to‘qima obraz emas. Filmda uning rolini boshqa odam ham ijro etmagan. U qizlarni hashamatli restoranlarga olib boradi, ulkan guldastalar beradi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga cheksiz boylikka egadek ko‘rinadigan rasmlar joylaydi. O‘zini esa LLD Diamonds egasi, “olmos qiroli” Lev Levayevning o‘g‘li sifatida tanishtiradi. Hatto, uning suratlarini fotoshop orqali tahrir qilib, oilaviy suratlarga o‘zini qo‘shtiradi.
Uning hiylalariga ishongan qizlar uni telbalarcha sevib qoladi. Shunda u o‘zini qiyin ahvolga tushib qolgandek ko‘rsatib, “najot farishtalari”dan yordam so‘raydi. Aql-u hushidan ayrilgan qizlar esa, bor kuchi bilan “olmos shahzodasi”ga yordam berishni istaydi, o‘zini o‘tga, cho‘g‘ga uradi. Qarabsizki, yigit oxirida haqiqatan ham millionerga aylanadi.
Mazkur hujjatli filmda bir vaqtning o‘zida Saymon bilan munosabatda bo‘lgan uch qiz qanday qilib u bilan tanishgani, hayoti dahshatli tus olgani va Saymonga yordam berish uchun qarzga botib ketgani haqida hikoya qilib beradi. Ma’lum bo‘lishicha, “millioner” qizlardan dastlab oz miqdorda qarz berib turishini so‘raydi. Yana, yana va yana... Qizlar xonavayron bo‘ladi. Hujjatli filmning asosiy qahramonlari Sesiliya Fellxoy, Pernilla Soxolm va Aylin Sharlotta.
Saymon Levayev kim?
Saymon Levayevning haqiqiy ismi Shimon Xayut. U Bney-Brakda (Tel-Avivdan sharqda joylashgan) tug‘ilgan. Otasi ravvin bo‘lib, u umuman milliarder va LLD Diamonds egasi Lev Levayev emas, olmos magnatiga esa xayoliy ismdan boshqa hech qanday aloqasi yo‘q.
Norvegiyaning “Verdens Gang” nashri jurnalistlari Saymon Levayevning 2011 yil Isroilda tanishlarining bank cheklarini soxtalashtirish bilan bog‘liq firibgarlikda ayblagan. Biroq sud jarayoni boshlanishidan oldin yigit mamlakatdan Yevropaga qochib ketgan.
Keyin ismini Saymon Levayevga o‘zgartirib, Finlyandiyaga borgan va u yerda qizlardan mo‘maygina pul olish sxemasini o‘ylab topgan. 2015 yilda Saymonga firibgarlik uchun Finlyandiyada 3 yil qamoq jazosi tayinlangan.
2017 yildan boshlab Saymon Tinder’da tanishgan qizlarini shaxsiy samolyot, hashamatli mehmonxona, kechki ovqat va sayohat qilish bilan yo‘ldan ozdirgan. Qizlar badavlat ishbilarmon odam bilan uchrashayotganiga ishonadi, lekin bilmaydi-ki, aslida uchrashuvlar, shohona dasturxonlar, alvon atirgullarning puli boshqa ayollar cho‘ntagidan sovurilmoqda. Axir benuqson ishlaydigan moliyaviy piramida rejasi shunday edi.
250 ming dollarni Saymonga tutqazgan qurbon
Norvegiyadagi kichik shaharchadan Londonga ko‘chib kelgan qiz – Sesiliya Fellxoy Tinder’dan o‘z shahzodasini topishga qaror qilgan. Ko‘plab yigitlar suratlarini ko‘rib chiqib, darhol milliarder Lev Levayevning “sirli o‘g‘li”ga e’tibor qaratadi. Dabdabali ziyofatlar, shaxsiy samolyotlar, qimmatbaho mashina-yu hashamatli moda uyi kostyumlari aks etgan fotosuratlar yigitning akkauntini bezab turardi. Eng muhimi, uning ish joyi haqidagi ustunda eng yirik olmos ishlab chiqaruvchi LLD Diamonds kompaniyasi nomi yozilgan edi.
Fellxoyga birinchi urinishdanoq omad kulib boqdi. Yigit uni ko‘p kuttirmadi, birinchi salomalashuvga darhol javob qaytardi. Tinder’dagi suhbat WhatsApp’da ham davom etdi, keyin esa uchrashishga kelishib olindi. Yigit qizga Londonda ekanini aytib, uni o‘zi qolayotgan qimmatbaho mehmonxonalardan biri – “Four seasons”ga taklif qiladi. Qiz uchun bu taklif kutilmagan va ertaknamo edi. Birinchi uchrashuvdayoq “olmos shahzodasi” qizning yuragini zabt etdi. Saymon qizga o‘zi bilan shaxsiy samolyotida Bolgariyaga ketishni taklif qildi. Boshiga baxt qushi qo‘nganidan quvongan Sesiliya bunga jon deb rozi bo‘ldi. Mehmonxona eshigida esa uni uyiga olib borib kelish uchun Rolls Royce kutib turardi.
Nihoyat ular o‘tirgan samolyot Bolgariya poytaxti Sofiyaga borib qo‘ndi. Yigit va qiz shu kecha birga tunadilar. Mehmonxonada Sesiliyaning ko‘zi Saymonning tanasidagi chandiqlarga tushdi. Yigit bu chandiqlarni do‘stlarining xiyonati sabab bir necha oy Janubiy Afrika qamoqxonasida o‘tirgani haqidagi dahshatli hikoya bilan izohladi. (Aslida o‘zining firibgarliklari uchun qamalgan) Saymon Levayevga ko‘ra, u begunoh bo‘lib, kelib chiqishi yahudiy bo‘lgani uchun doimiy qiynoqlarga duchor bo‘lgan.
Qiz Londonga qaytib keldi, Saymon esa hashatmatli biznes sayohatini davom ettirdi. Biroq, ularning munosabatlari, hatto, masofadan turib ham tez rivojlandi. Yigit sevgilisiga unda kelajakdagi rafiqasi va bolalarining onasini ko‘rganini aytib, uni yanada ruhlantirdi.
Qiz hayotida birinchi marta bunday go‘zal uchrashuvni ko‘rganini tan oldi va uning bolalikdagi buyuk sevgi haqidagi orzusi amalga oshganiga amin edi. Yoshlar London va Osloda atigi uch marta uchrashgan, lekin Sesiliya ikkilanmasdan millionerning rafiqasi bo‘lishga rozi edi.
Hammasi ana endi boshlandi! To‘satdan boy va muvaffaqiyatli yigit jiddiy muammolarga duch kelib qolsa bo‘ladimi?! Sesiliyaning aytishicha, yigit 70 million dollarlik bo‘lajak kelishuv tufayli hayoti xavf ostida qolganini aytgan. U qizga dafn gulchambarlari, o‘q va dushmanlari tomonidan yozilgan tahdidlar aks etgan xatlarning suratini ham yuborgan. Go‘yoki noma’lum shaxslar yigitning Tel-Avivdagi kvartirasiga ham bostirib kirgan.
Bir kuni yigit qizga qo‘riqchisi va o‘ziga hujum qilinganini aytadi va unga hamma qizlarga yuborishi uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan soxta mojaro suratlarini yuboradi. Unda yigitning qo‘riqchisi Pyotr uning xavfsizligini ta’minlayman deb o‘zi bir o‘limdan qolgani va qonga belangani aks etgandi. Gap orasida u qizga xavfsizlik nuqtayi nazaridan kredit kartalarini ishlatolmayotganini aytadi.
“Agar American express” kredit kartang bo‘lsa, uning hisobidan foydalanardim”, deydi Saymon.
“Unga allaqachon kredit kartam hisob raqamini bergan edim. U kartadagi barcha pullarni ishlatdi. Shuningdek, kartaga yana pul to‘ldirdi. Keyin bankdan olingan qarzlar bo‘yicha menga xabarnomalar kelishni boshladi. U bir kuni menga Amsterdamga o‘zim bilan 25 ming dollar naqd pul olib kelishimni so‘radi. Bankdan kredit oldim. Aeroportda, mamlakatdan chiqib ketishda o‘zim bilan shuncha pulni olib o‘tayotib, sezib qolishmasin deb juda qo‘rqqandim”, deydi Sesiliya.
Yigit Amsterdamda Sesiliya bilan uchrashib, undan pulni olgach, muammo chiqqanini, ayni vaqtda ketishi kerakligini aytadi va Stokgolmga jo‘naydi. Aslida esa hech qanday muammo chiqmagandi. Yigit boshqa bir o‘ljasi bilan ko‘rishish uchun Stokgolmga uchgandi. Uning navbatdagi o‘ljasi – Pernilla Soxolm edi.
Saymonning zudlik bilan Stokgolmga jo‘nab ketganidan xavotirlangan Sesiliya unga bir necha bor pul yubordi. Buning uchun u to‘qqizta bankdan 250 ming AQSH dollari kredit oldi. Pullarni olgach, yigit sekin-asta ko‘zdan g‘oyib bo‘lishni boshladi.
Vaqt o‘tdi. Banklar Sesiliyaning yolg‘onlariga ishonmay qo‘ydi. Qiz Saymondan hamon umid qilardi. Kunlardan bir kun yigit u bilan uchrashdi va olgan pullarining bir necha baravari miqdorida chek yozib berdi. Sesiliya pullari qaytganidan va banklardan olgan qarzlaridan qutulishidan boshi ko‘kka yetgandi. Ammo chek soxta bo‘lib chiqdi. Biror bank bu chekni qabul qilmadi.
Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi
Stokgollik Pernilla Soxolm ham Saymon Levayev bilan Tinder’da tanishgan. U o‘zidek, hayotda o‘rnini topgan, biror bir ishning boshini tutgan, sayohatlarni sevadigan insonni qidirayotgandi. Uning qarshisidan qimmatbaho hayoti bilan e’tiborga arzirli Saymon chiqdi.
“U meni ertangi reys bilan Stokgolmdan Amsterdamga taklif qildi. Men uning kimligini hali bilmas edim va uning ismini Google’ga yozdim. Qidiruvda uning LLD Diamonds kompaniyasining rahbari ekani haqidagi ma’lumotlar chiqdi. Taklifni qabul etdim va Amsterdamga uchib bordim. Birgalikda vaqtimizni juda chog‘ o‘tkazdik, xuddi qadrdon do‘stlardek. So‘ng men yana Stokgolmga qaytdim. U bilan tez-tez xabarlashib turardik. Har kuni tongda menga xabar yuborardi. Liboslarim, ko‘rinishimga baho berardi. Bir kuni Stokgolmga kelganini aytdi va kechroq birga qahva ichishga taklif etdi.
Men borgan joy tungi klub edi. Bu yer qizlar bilan to‘lgandi. Albatta, bu ziyofatning homiysi Saymon edi. Aslida esa ziyofat o‘zimdek boshqa bir ojizaning cho‘ntagi hisobidan uyushtirilganini keyin bilganman”, deydi Pernilla Soxolm.
Saymon Pernillani Italiyaga olib bordi va unga shohona ta’tilni sovg‘a qildi. Ular milliarderlar qoladigan mehmonxonada tunadilar, eng qimmat restoranlarda tamaddi qildilar.
Pernilla ertaklardagi ta’tildan Stokgolga qaytdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Saymon Sesiliyaga qilgan nayrangini Pernillada ham sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Qizga o‘zi va qo‘riqchisi Pyotrning og‘ir ahvoli aks etgan suratlarni yubordi. Natija yomon bo‘lmadi. Pernilla achinish tuyg‘usi bilan unga qo‘ng‘iroq qildi va qanday yordam bera olishini so‘radi. Bir necha kun o‘tgach, Saymon Pernilladan 30 ming AQSH dollari qarz so‘radi.
“Meni 30 ming dollar pulim yo‘q edi. Anchadan beri onam bilan yashayotgandim. To‘g‘ri, biroz pul to‘plaganman, lekin bu pulga o‘zimga uy olmoqchi edim. Shunda o‘ylab qoldim, qay biri ko‘proq muhim: uymi yo do‘stimning xavfsizligi? Telefonda gaplasha turib, unga istagan miqdoridagi pulni yubordim. U mendan juda minnatdor edi”, deydi Pernilla Soxolm.
Qarzga botgan sohibjamol
Bu orada esa Londonda pullaridan ajralgan Sesiliya Fellxoy ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushadi. U boshqa chorasi qolmaganini bilgach, bor gapni bank xodimlariga aytishiga to‘g‘ri keladi. Bank vakillari qizni tinglab, uni chuv tushirgan yigit dunyo bo‘yicha qidiruvga berilgan, asli isroillik Shimon Hayutligini darrov payqaydilar va uning uchiga chiqqan firibgar ekanini aytadilar. Qiz uning nomini Google’dan qidiradi va 2015 yilda e’lon qilingan maqolaga ko‘zi tushadi. Unga ko‘ra, Saymon Levayev nomini olgan isroillik Shimon Hayut 2015 yilda dunyo bo‘ylab 3 ayolni firibgarlik yo‘li bilan chuv tushirgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan va 5 oydan keyin hibsdan chiqib, yana firibgarlik faoliyatini davom ettirgan.
Ikki o‘t orasida qolgan qiz Norvegiyadagi eng yirik gazeta “Verdens Gang”ga murojaat qiladi. Jurnalistlar darhol ishning ortiga tushadilar. Biroq ularga dalillar kerak edi. Shunda Sesiliya ularga WhatsApp’dagi yozishmalar, shaxsiy suratlar va videolarni berishga majbur bo‘ladi. Yozishmalar naq 40 varaq, butun boshli “sevgi romani” edi. Jurnalistlar ular asosida ishga kirishadi va Tel-Avivdagi jurnalist hamkasblariga aloqaga chaqadilar. OAV xodimlari Saymon yoki Shimonning uyiga borishadi. Onasi Shimon 18 yoshidan buyon bu yerda yashamasligini aytadi. Mahalliy politsiya esa jurnalistlar qidirayotgan Saymon Levayev aslida Shimon Hayut ekani va 2011 yilda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, biroq mamlakatdan qochganini bildiradi.
Bu orada esa uning bir vaqtning o‘zida Shimon Hayot Yahuda, Mishel Biton, Mordechay Nisim Tapiro ismlari bilan soxta pasportlar olgani ham ma’lum bo‘ladi.
Soxta shahzodaning soxta soati
Jurnalistlar Sesiliyaning American Express kredit kartasi ma’lumotlarini o‘rgana turib, Saymon Levayev bilan birga sayohat qilgan va samolyoti chiptasi uchun Sesiliyaning American Express kredit kartasi pul yechilgan Pernilla Soxolm nomiga ko‘zlari tushdi. Ular Pernillani Facebook orqali topib, u bilan ko‘rishish istagida ekanlarini bildirishadi. Jurnalistlar ertasi kuniyoq qiz bilan uchrashish uchun Stokgolmga keladi va bor voqeani qizga aytib berishadi.
Saymonning barcha firibgarliklaridan xabar topgan Pernilla Soxolm yana pullarini so‘rab, yigitga qo‘ng‘iroq qiladi. Yigit esa undan Myunxen, Germaniyaga kelishini so‘raydi. Qiz jurnalistlar hamrohligida Myunxenga yo‘l oladi. Uni aeroportda Saymonning o‘zi kutib turgan edi. Saymon Pernillani shahardagi eng qimmatbaho mehmonxona “Mandarin Oriental”ga olib boradi. Kechki ovqat vaqtida Saymon qizga qarzini to‘lash uchun puli yo‘qligi, soatlaridan birini berishi va uni sotsa, qarzidan qutilishi taklif qiladi. Qiz rozi bo‘ladi va soatni oladi. Bu vaqtda Pernilla bilan kelgan jurnalistlarning kameralari allaqachon mehmonxona qarshisidagi binoga o‘rnatilgan edi. Ular mehmonxona tashqarisiga chiqishganda, yashirin kameralar suratga olishni boshlaydi. Saymon suratchilarni ta’qibini payqaydi va zudlik bilan mashinaga o‘tirib, qochishga urinadi.
Bo‘lib o‘tgan voqealardan sarosimaga tushgan Pernilla ertasi kuni yana Stokgolga qaytadi va soatni sotmoqchi bo‘ladi. Saymon bergan soat soxta bo‘lib chiqadi. Qiz bunday hech hayratga tushmaydi. Chunki Saymonning butun hayoti soxtakorlikdan iborat ekanini bilar edi.
U Saymonga qo‘ng‘iroq qiladi va bu safar hamma narsani bilishini, ortiq yolg‘onlariga ishonmasligini aytadi. Saymon esa qizga dag‘dag‘a qiladi bu qilmishlarining badalini to‘latishini aytib, uni qo‘rqitadi. Suhbat jurnalistlar tomonidan kameralarga yozib olinadi.
Saymonni sazoyi qilgan intervyu
Oradan ko‘p o‘tmay, Sesiliya Fellxoy va Pernilla Soxolm bergan intervyu qo‘lma qo‘l bo‘lib o‘qiladi va butun dunyoga ovoza bo‘ladi. Qizlar mashhur bo‘lib ketadi.
Ularni AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil, Germaniya va Gollandiyadagi telekanallarning ko‘rsatuvlariga taklif qilishdi. Endi dunyoning yarmi Saymon va uning firibgarligi haqida gapirayotgan edi. Buning ortidan boshqa mamlakatlar ham Saymon Levayev shaxsini aniqlashga kirishdi va uning bir qator jinoyatlari ochildi.
O‘vchining yangi o‘ljasi
Dunyo Saymon atrofida ostin-ustun bo‘layotgan bir vaqtda, yigit yana bir o‘ljasini qanday chuv tushirish ustida bosh qotirar edi. U Aylin Sharlotta edi. Qiz Chexiya poytaxti Pragadan Asmterdamga qaytarkan, aeroportda qo‘l telefoni orqali so‘nggi xabarlarni o‘qish bilan vaqt o‘tkazayotgan edi. Ko‘zi birdan “Tinder o‘vchisi” nomli xabarga tushdi va hayratdan yoqa ushladi. Chunki u bilan 14 oydan buyon munosabatda bo‘lib kelayotgan, qimmatbaho sovg‘alar jo‘natib, ko‘nglini olishga uringan Saymon ayni vaqtning o‘zida bir necha qizga shunday mehribonlik qilayotgandi.
Saymon Aylin bilan muloqot qilishni boshlagandan buyon eski nayranglarni unga ham qo‘lladi. Sesiliya va Pernillaga yuborilgan, o‘ziga va qo‘riqchisiga hujum qilingani aks etgan suratlarni Aylinga ham yo‘lladi va og‘ir vaziyatda ekanini aytib, qizni xavotirga soldi.
Saymon Aylindan ham xuddi Pernilla va Sesiliyadan so‘ragani kabi pul yuborishini iltimos qilgan. Aylin kredit kartasini Saymonga bog‘lab qo‘ydi. Undan sarflanayotgan pul esa soat sayin ortdi. Shu zayl Aylin Saymonga 140 ming dollar berdi.
Qiz yigitga internetda e’lon qilingan xabarlarni yubordi. Saymon esa bu dushmanlarining nayrangi ekanini aytish bilan vaziyatni yengishllashtirmoqchi bo‘ldi.
“Men kimga ishonishni bilmasdim: gazetadagi xabargami yoki Saymonga. Chunki men ham unga qarz bergandim”, deydi Aylin voqealarni xotirlab.
Aylin Amsterdamga qaytgach, Facebook orqali Pernillani topdi va muloqot o‘rnatdi.
Saymonga qo‘yilgan tuzoq
Bu orada Saymonning atrofida Aylindan boshqa hech kim qolmagan edi. U endi Tinder’da hech kim bilan tanisha olmasdi. Aylin esa imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, uni politsiyaga topshirish uchun xuddi hech narsa bo‘lmagandek aloqa qilishda davom etdi. Saymon esa, doimgidek dushmalaridan qochishga soxta pasportlar uchun pul kerakligini aytadi va Aylindan mashina, uyini sotib, pulini yuborishini so‘raydi.
“Men unga pulim yo‘qligini aytdim va shu vaqtda uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘ldim. U doim dizaynerlar tomonidan yagona nusxada tikilgan qimmatbaho brendlar liboslarini kiyar edi. Men unga bu kiyimlarni sotib, biroz pul yig‘ish mumkinligini aytdim. U taklifimni qabul qildi. U o‘sha vaqt Pragada edi. Shu zahotiyoq chamadonimni yig‘ib, Amsterdamdan Pragaga yo‘l oldim”, deydi Aylin.
Praganing eng chekka qismida yashayotgan Saymonning yoniga borib, undan kiyimlarni olgan Aylin, o‘zi tuzgan tuzoq rejasidan qo‘rqar edi. Saymon tuzoqqa tushayotganini farqlamadi va Aylindan bir joyga borib kelishini iltimos qildi. Ular borgan manzil plastik jarrohlik markazi edi. Dunyo bo‘ylab firibgar nomini olgan Saymon qiyofasini o‘zgartirishni istaydi. Ammo jarrohlar bu jinoyat ekanini aytib, Saymonning taklifini rad etadi.
Aylin Saymonning kiyimlarini olib, Amsterdamga qaytdi, ularni yuvib, dazmollab, sotishni boshladi. Vaqt o‘tdi. Cho‘ntagidagi chaqalarni sanashni boshlagan Saymon kiyimlarning pulini talab qildi. Jazavaga tushdi. Uning ahvoli borgan sayin og‘irlashib borardi. Qizlarning “oq otdagi millioner shahzodasi” shu qadar qashshoq odamga aylangandiki, u endi sutkasi 12 dollarlik hostellarda tunab, restoranlarda xo‘randalardan qolgan ovqatlarni yeyishga majbur edi.
Aylin kunlardan bir kun yana Saymonga SMS yozdi. Yigit xabarni o‘qimadi. Shunda Aylin, Saymonning bir necha kun avvalgi suhbatda aytgan gaplarini esladi: yigit Gretsiyaga ketmoqchi ekani haqida gapirgandi. Aylin uni tuzoqqa tushirish yanada oson bo‘lganini sezadi. Qiz o‘sha zahotiyoq politsiyaga xabar berdi va u katta ehtimol Devid Shimon ismi bilan soxta pasport orqali uchayotganini aytdi.
Hammasi Aylin taxmin qilganidek bo‘lib chiqdi. Gretsiyaga kelib qo‘ngan samolyotda Devid Shimon ismli yo‘lovchi ham bor edi. Saymon Interpol tomonidan soxta pasportni qo‘llash ayblovchi bilan aeroportda qo‘lga olindi. Xursandchiligi ichiga sig‘magan Aylin Pernillaga, Pernilla esa Saymon orqali topishgan qadrdoni Sesiliyaga xabar berdi.
“Shuncha harakatimiz besamar ketmadi. Biz natijaga erishdik. U qo‘lga olindi. Juda bo‘lmaganda o‘zimizga o‘xshagan bir ayolga yordam qildik”, deydi Pernilla.
Qo‘lga olingan Saymon Levayev (Shimon Hayut) Isroildagi jinoyatlari sabab 15 oy qamoq jazosiga hukm etildi. Besh oydan keyin ozodlikka chiqdi. U qamoqdan chiqqanidan keyin, pul evaziga ish topishga yordam beruvchi internet sayt faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Unga to‘lanishi kerak bo‘lgan bir kishilik obuna miqdori 311 AQSH dollarini tashkil etadi.
Saymon isroillik milliarder, olmos qiroli Lev Levayevga hech qanday aloqasi bo‘lmagani uchun javobgarlikka tortilmadi. U ayni vaqtda Isroilda yashamoqda va hamon badavlat. Ertaklardagi sevgiga ishongan va o‘zining shahzodasini kutgan Sesiliya, Pernilla va Aylin hozirgacha banklardan olgan qarzlarini to‘layaptilar. Saymon ularni chuv tushirgani uchun ham javobgarlikka tortilmadi.
Taxminlarga ko‘ra, Saymon Levayev qizlarni aldash ortidan 10 million dollar to‘plagan va u hamon Tinder’da faol.
Netflix ushbu filmni e’lon qilishidan avval Saymondan ruxsat so‘radi. Yigit kompaniya vakillariga ma’naviy zarar yetkazish bo‘yicha sudga murojaat qilishini aytib, dag‘dag‘a qildi.
2022 yil fevral oyining ilk haftasida “Tinder o‘vchisi” 45,8 milliondan ortiq tomosha qilindi. Kartina 92 mamlakatda eng muvaffaqiyatli 10 ta loyiha orasidan joy oldi.
Shubhasiz, “Tinder o‘vchisi” filmi ijtimoiy tarmoqlardagi chiroyli rasmga ishonmaslik kerakligini yana bir bor isbotladi.
LiveBarchasi