Afg‘oniston va Pokiston katta urush ostonasidami?

Tahlil

image

Bugun Afg‘oniston va Pokiston mavzusi hatto siyosat bilan umuman qiziqmaydiganlarning ham tilidan tushmayapti. Chegaradagi voqealar yakuniy bosqichga – “ochiq urush” formatiga o‘tdi. 26 fevral kuni Kobul keng ko‘lamli quruqlikdagi hujumni boshlaganidan so‘ng, Islomobod zudlik bilan javob qaytardi: 27 fevralga o‘tar kechasi Pokiston aviatsiyasi zarbalari ostida Afg‘onistonning strategik markazlari qoldi. Qandahor va Paktiya viloyatlari hujumga uchradi, mamlakatning qoq markazi – Qobulda yangragan portlashlar esa amalda ikki davlat o‘rtasida to‘laqonli urush boshlanganini qayd etdi.

Ayni damdagi eskalatsiya o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q – qo‘shnilar o‘rtasidagi keskinlik yillar davomida kuchayib borayotgan edi.

2023 yilda Pokiston jangarilar faolligini bostirish maqsadida Afg‘oniston hududiga nuqtali aviazarbalar bergandi.

Butun 2024 yil chegaraoldi hududlardagi qurolli to‘qnashuvlar soyasida o‘tdi, muntazam otishmalar va artilleriya duellari kundalik voqelikka aylandi.

2025 yil oktyabriga kelib vaziyat eng yuqori nuqtasiga yetdi – to‘qnashuvlar tezlashdi, diplomatik ritorika esa haddan tashqari keskin tus oldi.

Biroq ilgari bular shunchaki mahalliy nizolar edi. Mintaqa hali bugungidek keng ko‘lamli harbiy kampaniyalarni ko‘rmagan.

Vaziyatning paradoksal tomoni shundaki, Pokiston o‘z vaqtida “Tolibon” rejimi bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan va ko‘p jihatdan uning hokimiyatga kelishiga yordam bergan. Xo‘sh, nima xato ketdi? Nima uchun kechagi ittifoqchilar bugun bir-biriga og‘ir qurollardan o‘q uzmoqda? Va haqiqatan ham katta urush endi muqarrarmi? Ushbu murakkab jarayonlarni tushunish uchun Afg‘oniston-Pokiston munosabatlarining tarixiy tajribasiga nazar tashlash lozim.

Kechagi sheriklar qanday qilib dushmanga aylandi?

Tarixda davlatlar raqibni zaiflashtirish yoki “bufer zona” yaratish maqsadida qo‘shni mamlakatlardagi isyonchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashiga oid misollar talaygina. Pokiston o‘n yillar davomida aynan shu mantiqqa amal qilib, “Tolibon”ni o‘zining asosiy strategik aktivi deb bilgan. Islomobod Qobuldagi sodiq rejim shimoliy chegaralarda tinchlikni ta’minlaydi va tashqi ta’sirlarga qarshi to‘siq bo‘ladi, deb hisoblardi.

Biroq bunday ittifoqlar kamdan-kam hollarda barqaror bo‘ladi. Siyosatshunoslikda bu “homiy qopqoni” deb ataladi.

Nazorat illyuziyasi: Kechagi isyonchilar hokimiyat tepasiga kelishi bilan, sobiq kuratorlarining buyruqlarini bajarishni to‘xtatadilar.

Manfaatlar to‘qnashuvi: oyoqqa turgan Qobulning yangi ma’muriyati o‘z siyosatini boshladi va bu siyosat Pokiston milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid kelib qoldi.

Dastlab “xavfsizlik” maqsadida rejalashtirilgan loyiha xavf manbaiga aylandi. Manfaatlar to‘qnashgach, yillar davomida to‘planib qolgan eski keskinlik yuzaga chiqdi. Natijada o‘n yillar davomida qurilgan sheriklik atigi bir necha kun ichida barbod bo‘lib, keng ko‘lamli urushning ochiq frontiga aylandi.

Ikki davlat, bitta xalq

Pokiston Islom Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi Janubiy va Markaziy Osiyoda yonma-yon joylashgan. Ikki qo‘shnidan yirikroq va aholisi zichrog‘i bo‘lgan Pokiston – 230 millionga yaqin aholiga ega yadroviy davlat bo‘lib, fuqarolar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallaydi. Undan shimoli-g‘arbda esa Afg‘oniston joylashgan. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan bu tog‘li mamlakatda taxminan 40 million kishi istiqomat qiladi. Har ikki davlat aholisi asosan musulmon-sunniylardan iborat bo‘lsa-da, ular etnik jihatdan xilma-xildir.

Biroq ularni ham birlashtiradigan, ham ajratib turadigan asosiy kuch – pushtunlardir. Ular umumiy chegara bo‘ylab joylashgan bo‘lib, Afg‘oniston aholisining qariyb yarmini, Pokiston aholisining esa 15 foizini tashkil qiladi. Pushtunlar chegaraning har ikki tomonida mustahkam qabilaviy, madaniy va oilaviy rishtalarni saqlab kelishmoqda. Ular uchun davlat chegarasi shunchaki qog‘ozda chizilgan rasmiyatchilik, xolos – ularning ongida bunday to‘siq mavjud emas.

Aynan pushtunlar har ikki davlat siyosati va milliy o‘zligida markaziy o‘rin tutadi. Eng muhimi, ular bir asrdan ko‘proq vaqt davomida ikki davlat munosabatlarini shakllantirib kelayotgan va bugungi voqealarning asosi bo‘lgan uzoq yillik chegara nizosining markazida turibdi. Bugungi Qobul va Paktiyaga berilgan zarbalarga sabab bo‘lgan qarama-qarshilik ildizlari uzoq o‘tmishga – XIX asrga, mash’um “Dyurand chizig‘i” paydo bo‘lgan davrga borib taqaladi.

Dyurand chizig‘i: Britaniya qoldirgan muammo

Bugungi nizoning shiddatini tushunish uchun 1893 yilga qaytish kerak. Aynan o‘sha paytda Britaniya diplomati ser Mortimer Dyurand xaritada Britaniya Hindistoni va Afg‘onistonning ta’sir doiralarini ajratib turishi kerak bo‘lgan 2640 kilometrlik chiziqni chizgan edi.

“Dyurand chizig‘i” sifatida mashhur bo‘lgan bu chegara etnik va madaniy voqeliklarni hisobga olmasdan o‘tkazilgan. Qalamning bir harakati bilan yagona pushtun xalqi ikki davlat o‘rtasida bo‘linib qoldi.

Kobul pozitsiyasi: monarxlardan tortib bugungi toliblargacha bo‘lgan hech bir Afg‘oniston hukumati “Dyurand chizig‘i”ni rasmiy chegara sifatida tan olmagan. Afg‘oniston uchun bu shunchaki mustamlakachilar tomonidan majburan o‘rnatilgan vaqtinchalik “demarkatsiya chizig‘i” xolos. Kobul hozirgacha zamonaviy Pokistonning katta hududlarini o‘z tarixiy yerlari deb biladi.

Islomobod pozitsiyasi: 1947 yilda tashkil topgan Pokiston uchun bu chegara muqaddas va daxlsizdir. Uni shubha ostiga qo‘yishga bo‘lgan har qanday urinish mamlakat hududiy yaxlitligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb qabul qilinadi.

Nima uchun bu aynan hozir portladi?

O‘n yillar davomida chegara shaffof bo‘lib kelgan, biroq “Tolibon” bo‘lingan pushtun millati haqida ochiq bayonotlar bera boshlagach, Pokiston chegara bo‘ylab keng ko‘lamli to‘siqlar qurish va tikanli simlar o‘rnatishni boshladi. Bu esa Qobulning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

To‘siqning har ikki tomonidagi pushtunlar uchun bu milliy fojiaga aylandi: bo‘linib qolgan oilalar, vayron bo‘lgan savdo yo‘llari va odatiy turmush tarzining yakuni. 2021 yilda hokimiyatga kelgan toliblar nafaqat o‘z xalqining noroziligini qo‘llab-quvvatladilar, balki Pokiston o‘rnatgan to‘siqlarni faol ravishda buza boshladilar.

Islomobod “kontrabanda va terrorizmga qarshi kurash” deb atayotgan jarayonni Qobul “pushtunlar uchun qamoqxona” deb ta’riflamoqda. Aynan mana shu tikanli simlar atrofidagi nizolar 2026 yilgi aviazarbalar va Afg‘oniston armiyasining keng ko‘lamli hujumi uchun detonator vazifasini o‘tadi.

TTP loyihasi

Bugungi kunda ikki davlat munosabatlaridagi asosiy kelishmovchilik – bu “Texrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP) guruhining faoliyatidir. Ular Afg‘oniston toliblari bilan bir xil mafkuraga ega bo‘lsa-da, maqsadlari tubdan farq qiladi: ular Islomoboddagi hukumatni ag‘darish va Pokistonning o‘zida shariat qonunlarini joriy etishni istaydilar.

2021 yilda toliblar Qobulga zafar bilan qaytganida, Pokistonda bu voqea geosiyosiy g‘alaba sifatida bayram qilingan edi. Islomobod “birodar” “Tolibon” harakati Pokiston TTP jangarilarini jilovlashga yordam beradi deb umid qilgandi. Ammo reallik butunlay teskari bo‘lib chiqdi.

Afg‘onistonda toliblar hokimiyatga kelgach, TTP jangarilari amalda erkin harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular Afg‘oniston hududidan kuch to‘plash va Pokistonda terrorchilik xurujlarini amalga oshirish uchun baza sifatida foydalanmoqdalar.

Pokiston so‘nggi yillardagi eng dahshatli hujumlarni, jumladan, shu yilning 6 fevral kuni Islomobod masjididagi portlashni aynan TTP zimmasiga yuklaydi.

Qobul Pokistonning azaliy va eng ashaddiy raqibi – Hindiston bilan faol hamkorlikni boshlaganida vaziyat haqiqatan ham portlash darajasiga yetdi.

Islomobod uchun toliblarning Dehli bilan muloqot o‘rnatishga bo‘lgan urinishlari “qizil chiziq” bo‘ldi. Bu Pokistonning “strategik chuqurlik” haqidagi umidlarini chippakka chiqardi va Afg‘oniston Pokistonga qarshi kuchlar uchun platsdarmga aylanayotgani haqidagi gumonlarni uyg‘otdi.

Afg‘on toliblari uchun TTP – bu terrorchilar emas, balki mafkuraviy ittifoqchilar va “Dyurand chizig‘i” bo‘yicha bahsda Islomobodga bosim o‘tkazish vositasidir. Shu sabab ular o‘z “quroldosh birodarlarini” Pokistonga topshirishdan bosh tortmoqda.  Qolaversa, TTPga hujum qilishda o‘z hududlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini rasman bildiradilar. 

Urushni to‘xtatishning iloji bormi?

Bugungi eskalatsiya – bu shunchaki chegaraoldi nizosi emas, balki ko‘p yillik geosiyosiy strategiyaning barbod bo‘lishidir. Afg‘onistonda o‘ziga sodiq kuchni yetishtirishga o‘n yillar davomida uringan Pokiston oxir-oqibat “homiy qopqoni”ga tushib qoldi. Islomobod itoatkor ittifoqchi o‘rniga, mustamlakachilik davri chegaralarini tan olmaydigan va Pokiston davlatining mafkuraviy dushmanlariga boshpana beradigan ambitsiyali qo‘shniga duch keldi. Ayni damda vaziyat keng ko‘lamli mintaqaviy falokat yoqasida turibdi.

Bir tomonda – havoda mutlaq ustunlikka va yadroviy maqomga ega bo‘lgan, TTP bazalarini zudlik bilan yo‘q qilishni talab qilayotgan Pokiston armiyasi.
Ikkinchi tomonda – o‘n yillik partizan urushlarida toblangan, “Dyurand chizig‘i” bo‘yicha yon berish yoki quroldoshlarini topshirishni o‘z xalqi oldida obro‘sizlanish va legitimlikni yo‘qotish deb biladigan “Tolibon”.

27 fevral voqealari – Pokiston raketalari Qobulgacha yetib borgani va afg‘on kuchlari chegaraoldi postlarini egallab olgani eski o‘yin qoidalari endi ishlamasligini ko‘rsatdi. O‘qlar gapirganda, diplomatiya sukut saqlamoqda.

Afg‘on-Pokiston munosabatlari tarixi keskin va qonli burilish yasadi. Kechagina umumiy e’tiqod va madaniyat bilan bog‘langan sheriklar bugun bir-biriga tanklar nishoni orqali qaramoqda. Front chizig‘i bevosita pushtun oilalari va qabilalari orqali o‘tayotgan ushbu urushda hech kim g‘olib bo‘lmasligi mumkin. Fevraldagi voqealar uzoq va toliqtiruvchi urushning boshlanishi bo‘ladimi yoki tomonlar jar yoqasidan chekinish uchun o‘zlarida kuch topa oladilarmi? Bu savol hozircha ochiq qoladi.

Azizbek Soliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing