Mirziyoyev 2021 yilda qancha yo‘l bosdi?

Jamiyat

image

COVID-19 sababli 2020 yil xalqaro munosabatlar tarixida “yopiq davlatlar yili” nomi bilan yodda qoldi. 2021 yilda dunyo hamjamiyati “sog‘lom hayotga qaytish” boshlandi. Davlatlar o‘z chegaralarini ochdi, mamlakatlararo muloqotlar tiklandi, mamlakat rahbarlari tashriflari ko‘paydi.

Tugab borayotgan yil O‘zbekiston uchun sarhisobda ancha qiyin yil bo‘ldi. Boisi, ma’lumot ko‘p, qabul qilingan hujjatlar bisyor. Bular orasiga Prezident tashriflarini ham kiritish mumkin.

Yakuniga yetayotgan 2021 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun xorijiy tashriflarga boy yil bo‘ldi. QALAMPIR.UZ Shavkat Mirziyoyev yakunlanayotgan yilda xorijiy tashriflar uchun taxminan qancha yo‘l bosgani va erishilgan natijalar haqida hikoya qiladi.

Davlat rahbari joriy yilda xorijiy mamlakatlarga 10 ta tashrifni amalga oshirdi. Shundan, 5 tasi rasmiy tashrif –Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya. 5 tasi esa amaliy tashrif – ko‘p tomonlama tadbirlarda ishtirok yetish uchun amalga oshirildi. QALAMPIR.UZ hisobiga ko‘ra, 10 tashrifga borib-kelish uchun Shavkat Mirziyoyev 38 946 km yo‘l bosdi. Tashriflar doirasida iqtisodiy, siyosiy va ma’daniy sohalarga oid 100 ortiq ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi. Ma’lumotlarga batafsilroq to‘xtalamiz.

29 aprel. Turkmaniston – Amaliy tashrif (2002 km):

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda dastlabki xalqaro tashrifni Turkmaniston Respublikasiga amalga oshirdi.

So‘ngi yillarda ikki davlat munosabatlari har tomonlama rivojlanib bormoqda. Misol uchun, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayriboshlash so‘nggi 10 yilda uch barobar oshib, 2020 yilda 527 million dollarga yetdi. 2021 yilning 9 oyida esa 490,7 million dollarni tashkil etdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi “Ashxobod” bitimini bundan buyon ham birgalikda ilgari surish, shuningdek, Xitoy – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Turkiya multimodal marshrutining samarali ishlatilishini ta’minlash va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikkala xalq o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarining navbatdagi yorqin ramzi sifatida Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Hamkorlikni kengaytirish va yangi o‘sish nuqtalarini izlash maqsadida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga qaror qilindi.

10-11 iyun. Tojikiston – Rasmiy tashrif (608 km):

Dushanbe xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi.

Prezidentlar muzokaralar davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston sherikligining keng ko‘lamli kun tartibini ko‘rib chiqadilar hamda xalqaro va mintaqaviy darajadagi aloqalar yuzasidan fikr almashdilar.

Safar davomida davlat rahbarlari huzurida imzolangan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida, Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida, yuklar tranziti to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini o‘zaro taqdim etish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish, fuqarolar o‘zaro qatnovlar to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” to‘g‘risidagi shartnomalarni alohida ta’kidlash joiz.

Umuman, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolandi.

5-6 avgust. Turkmaniston – Turkmanboshi shahri yaqinidagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari uchinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun amaliy tashrif (2746 km):

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bunday yig‘ilishlarning birinchisi 2018 yil mart oyida Astanada (Hozirgi Nur-Sulton), ikkinchisi – 2019 yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston rahbari sammit doirasida:

  • savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim imzolash;
  • Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish uchun mintaqa mamlakatlarining umumiy strategiyasini ishlab chiqish;
  • sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini to‘liq tiklash;
  • mamlakatlarning iqlim o‘zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” mintaqaviy dasturini joriy qilish;
  • Markaziy Osiyo mamlakatlarining elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashni faollashtirish;
  • pandemiyaga qarshi kurashishda yaqindan muvofiqlashuv va o‘zaro yordam;
  • Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish zaruriyati;
  • O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish;
  • turizm mahsulotlarining barcha sohasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amalga oshirish;
  • Toshkent shahrida mintaqaviy parlament forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflarni ilgari surdi.

16-17 sentyabr. Tojikiston – Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisida ishtirok etish uchun amaliy tashrif (608 km):

Sammit doirasida SHHTning 20 yilligi bo‘yicha “Dushanbe deklaratsiyasi” qabul qilindi, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 ta hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, SHHT Bosh kotibi lavozimiga Chjan Min va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktorligiga Ruslan Mirzayev nomzodlari tasdiqlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Prezident uchrashuv ishtirokchilarini 2022 yil sentyabr oyida O‘zbekistonda o‘tadigan SHHTning navbatdagi sammitiga taklif etdi.

11-12 noyabr. Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok uchun amaliy tashrif (6686 km):

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi. Sammit doirasida Qirg‘iziston Prezident Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Istanbul shahrida Turkiy kengash kotibiyatining yangi binosi oldida bayroq ko‘tarish marosimida qatnashdi.

Sammitda savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Uning natijalari bo‘yicha 10 dan ortiq hujjat imzolandi.

Yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

19 noyabr. Rossiya – rasmiy tashrif (5582 km):

Moskvadagi “Vnukovo-2” aeroportida davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Maksim Oreshkin va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Moskva shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlarining uchrashuvida O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirishning dolzarb masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

28 noyabr. Turkmaniston – Ashxobod shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammit ishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif (2002 km):

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ham ishtirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko‘p tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” energetika va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi.

Sammit yakunida harakatlar uchun “Ashxobod konsensusi” imzolandi. Ushbu hujjatda tashkilotga a’zo davlatlarni iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlik yangi darajaga olib chiqish uchun yo‘nalishlar belgilab olindi.

5-6 dekabr. Qozog‘iston – Davlat tashrifi (2198 km):

Ikkinchi muddatga Prezident lavozimiga saylangan Shavkat Mirziyoyev birinchi davlat tashrifini Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirdi. Tashrif davomida O‘zbekiston rahbari va Prezident Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida “ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risi”dagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. O‘zbekiston bunga qadar faqat Rossiya Federatsiyasi bilan 2005 yil 14 noyabrda “ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risi”dagi shartnomani imzolagan edi.

Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi. Tashrif doirasida imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha “Amaliy harakatlar rejasi” bo‘ldi.

16-18 dekabr. Janubiy Koreya – Davlat tashrifi (9786 km):

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya davlatiga uch kunlik safari davomida O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi” qo‘shma bayonot qabul qilindi. O‘zbekiston bunga qadar faqat Qozog‘iston va Rossiya davlatlari bilan shunday shartnoma imzolagan edi.

Shuningdek, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va kuchli ijtimoiy siyosat sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Uchrashuvlar doirasida:

  • sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim;
  • Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • energetika sohasida o‘zaro muloqot o‘rnatish;
  • "aqlli shahar"larni rivojlantirish;
  • Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi orqali moliyalashtirish;
  • nodir metallar, mis va ularning qotishmalariga oid memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston rahbari Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 40 ta yangi loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.Prezident Koreya kompaniyalari rahbarlarini O‘zbekistonga kelish va yirik loyihalar amalga oshirishga taklif etdi.

28 dekabr. Rossiya – Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif (6728):

“Pulkovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Vladimir Putin tashabbusi bilan o‘tkazilgan MDHning norasmiy sammitida Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston yetakchilari ham qatnashdi.

Joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqa va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashriflar qay turda bo‘ladi?

Davlat tashrifi – davlat rahbarlarining eng yuqori darajadagi tashrifi. Tadbirlar protokoli va kutib olish marosimlari soni jihatidan eng to‘liq tashrif turi. Delegatsiya tarkibi odatda cheklanmaydi. Xavfsizlik, joylashuv, ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va mehmonlarni kuzatib boruvchilar oldindan kelishiladi. Tantanali kutib olish marosimlariga katta e’tibor qaratiladi. Bunday marosimlar orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar qay darajada ekaniga urg‘u beriladi.

Protokolda uchrashuvlarning vaqti va joyi, qatnashuvchilar qat’iy belgilab qo‘yiladi. Mehmon yoki uning turmush o‘rtog‘i istagiga ko‘ra, diqqatga sazovor joylarga sayohat ham uyushtirilishi mumkin.

Davlat tashrifini faqat davlat rahbarlari amalga oshiradi.

Rasmiy tashrif – bu mamlakat Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyalarning tashriflari. Prezident (monarx) u yoki bu davlatga ikkinchi marta tashrif buyursa, davlat rahbarining tashrifi ham rasmiy hisoblanadi.

Rasmiy tashrifda davlat tashrifidagi kabi tadbirlar o‘tkaziladi, biroq tantanalar va kutib olish-kuzatish bilan bog‘liq marosimlar nisbatan kamtarroq bo‘ladi.

Amaliy tashrif – davlat arbobi yoki delegatsiyaning muhokama, maslahatlashuv, xalqaro anjumanlarda va milliy ko‘rgazmalarda qatnashish, xalqaro shartnomalarni imzolash uchun qiladigan tashrifi.

Amaliy tashrifda uchrashuv joyida davlat bayroqlari ko‘tariladi, lekin faxriy qorovul saf tortmaydi. Mehmonlar sharafiga nonushta yoki tushlik tashkillashtiriladi. Odatda bunday tashrif 1,–1,5 kun davom etadi.

 

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing